Usmon Qo‘chqor. Fuzuliyning “Suv qasidasi”

Ma’lumki, Sharq mumtoz ada­biyo­tida ijodkorlar biron-bir yirik asar yaratishga kirishganlarida uni avvalo Ollohga hamd va janobi Payg‘ambar alayhissalomga na’tlar bitish bilan boshlashgan.

Buyuk ozarboyjon shoiri Muhammad Fuzuliy ham ushbu an’anadan chetda qolmagan. Uning 32 baytdan iborat, aruzning ramali musammani maqsur (foilotun foilotun foilotun foilun) vaznida yozilgan “suv” radifli qasidasi diniy-falsafiy ruhdagi asarlarning eng ajoyib namunalaridan bo‘lib, unda Muhammad rasulullohning go‘zal xislatlari, insoniyat oldidagi jahonshumul xizmatlari nihoyatda teran va yuksak badiiy mahorat bilan yoritib berilgan.

Quyida Fuzuliyning Boku shahrida 1988 yili chop etilgan “Tanlangan asarlar”idagi “Suv qasidasi”ni to‘g‘ri va to‘liq nusxa, deb e’tirof etgan holda uning o‘zbekcha tabdili va muxtasar nasriy bayoni juz’iy qisqartishlar bilan e’tiboringizga havola etilmoqda.

Sochma, ey ko‘z, ashkdan ko‘nglimdagi o‘tlora suv

Kim, buningdek o‘rlagan o‘tlora qilmas chora suv.

(Ey ko‘z, ko‘z yoshidan ko‘nglimdagi o‘tlarga suv sochmakim, o‘rlab yotgan bu o‘tlarga suv chora qilmaydi.)

Obgundir gumbazi davvor rangi, bilmazam,

Yo muhit o‘lmish ko‘zimdan gumbazi davvora suv.

(Bilmaymanki, aylanuvchi gumbaz (falak) rangi moviymikan yo ko‘zimdan falakka oqqan suvdan (shundoq) muhit paydo bo‘lganmikan.)

Zavqi tiyg‘indan ajab yo‘q o‘lsa ko‘nglim chok-chok

Kim, kecharda soladir har raxnalar devora suv.

(Tig‘ingning zavqidan ko‘nglim chok-chok bo‘lsa, buning ajabanarli joyi yo‘q, chunki kechib o‘tayotgan paytda suv ham devorga raxnalar soladi.)

Vahmdin so‘ylar dili majruh paykonin so‘zing,

Ehtiyot birlan ichar har kimda o‘lsa yora suv.

(So‘zlaring majruh dilga o‘q bo‘lib sanchilish vahmidan so‘zlaydi, zero, kimning yarasi (jarohati) bo‘lsa, u suvni ehtiyotkorlik bilan ichadi.)

Suvga bersin bog‘bon gulzori, zahmat chekmasin,

Bir gul ochilmas yuzingdek, bersa ming gulzora suv.

(Bog‘bon, zahmat chekib yurmasdan, gulzorini suvga bersin, chunki u mingta gulzorga suv bersa ham, sening yuzingdek bir gul ochilmaydi.)

O‘xshata bilmas g‘uborini muharrir xattinga,

Xomadek boqmoqdan ensa ko‘zlarina qora suv.

(Muharrir (yozuvchi, tahrir qiluvchi) qalam kabi (qog‘ozga) boqmoqdan ko‘zlariga qora suv kelsa ham, sening xattingning bir zarrasiga o‘xshata olmaydi.)

Orazing yodi-la namnok o‘lsa mujgonim netar,

Zoye o‘lmas gul tamanosi-la bermak xora suv.

(Yuzingning yodi bilan kipriklarim namlansa nima bo‘libdi, gul umidida tikanga berilgan suv zoye ketmaydi.)

G‘am kuni etma dili bemordan tiyg‘ing darig‘,

Xayrdir bermak qorong‘u kechada bemora suv.

(G‘am kunida (qiyomatda) bemor dil(im)dan tig‘ingni darig‘ tutmagil, zotan, qorong‘i kechada bemorga suv berish savobdir.)

Men labing mushtoqiman, zuhhod Kavsar tolibi,

Nechakim mastga may ichmak xush kelur, hushyora suv.

(Men labingning mushtoqiman, zohidlar esa jannat bog‘ining talabgori, zero, mastga may ichmoq xush keladi, hushyorga esa suv ichmoq.)

Ista paykonin, ko‘ngil, hajrinda shavqim sokin et,

Tashnaman, bir kez bu sahroda manim-chun ora suv.

(Ey ko‘ngil, istasang (uning) hajridagi shavqimni (uning) o‘qi bilan tinchita qol, yoxud (istasang) men tashna uchun bu sahroda kezib suv izlagin.)

Ravzayi ko‘yina har dam tinmayin aylar guzar,

Oshiq o‘lmish, g‘olibo, ul sarvi xushraftora suv.

(Uning jannatiy ko‘chasiga muttasil borishni kanda qilmaydi, aftidan, suv ham o‘sha yurishlari go‘zal sarvga oshiq bo‘lib qolganga o‘xshaydi.)

Suv yo‘lin ul ko‘ydan tuproq o‘lib tutsam kerak,

Chun raqibimdir, dag‘i ul ko‘yga qo‘ymon bora suv.

(Men tuproq bo‘lib suv yo‘lini o‘sha ko‘chaga borishdan to‘ssam kerak, chunki suv raqibim bo‘lib, uni tag‘in o‘sha ko‘chaga borishiga qo‘ymayman.)

Dastbo‘si orzusindan o‘larsam, do‘stlar,

Ko‘za aylang tuprog‘im, suning aning-la yora suv.

(Uning qo‘lini o‘pish (tutish) orzusida o‘lar bo‘lsam, ey do‘stlar, tuprog‘imdan ko‘za yasab, u bilan yorga suv quyib bering.)

Sarv sarkashlik qilar qumri niyozindan, magar

Domanin tutgay, ayog‘iga tushar, yolbora suv.

(Sarv qumrining yolborishlardan bosh tortadi, suv esa uning (sarvning) etagidan tutadi, oyoqlariga yiqilib yolboradi.)

Ichmak istar bulbulin qonin, magar bir rang ila,

Gul butog‘ining mizojina kirar, qurtora suv.

(Gul bulbulning qonini ichmak istaydi, suv (gul) bilan bir xil rang olish uchun gul butog‘ining mizojiga (tusiga, tabiatiga) kirib ado bo‘ladi.)

Tiynati pokini ravshan qilmish ahli olama,

Iqtido qilmish tariyqi Ahmadi Muxtora suv.

(Ahmad Muxtor (rasululloh) yo‘liga ergashgani uchun ham suv o‘z pokiza tabitini olam ahliga ravshan etdi.)

Sayyidi nav’i bashar, daryoyi durri istifo

Kim, sepibdir mo‘jizoti otashi ashrora suv…

(Ul zot inson jinsining rahnamosi, afv etish daryosining duridirkim, o‘z mo‘jizoti bilan yomonliklar otashiga suv sepgandir.)

Aylamish har qatradan ming bahri rahmat mavjxez,

Qo‘l sunib urgach vuzu uchun guli ruxsora suv.

(Ul zot yuz yuvish (tahorat) uchun qo‘l cho‘zib guldek ruxsoriga suv urar ekan, bu suvning har qatrasidan mavjlanib yotgan minglab rahmat dengizi paydo bo‘ladi.)

Xoki poyina yetam der, umrlardir muttasil,

Boshini toshdan-tosha urib kezar ovora suv.

(Ul zotning poyidagi tuproqqa yetsam deya suv bir umr muttasil toshdan-toshga bosh urgancha ovora bo‘lib kezib yuradi.)

Zarra-zarra xoki dargohina istar sola nur,

Do‘nmas ul dargohdan gar bo‘lsa pora-pora suv.

(Suv Ul zotning eshigi ostidagi tuproqqa zarra-zarra bo‘lib nur jilvasini solish istagida, garchi pora-pora bo‘lsa ham, ul dargohga borishdan aslo qaytmaydi.)

Zikri na’tin virdini darmon bilur ahli xato,

O‘ylakim, daf’i xumor uchun ichar mayxora suv.

(Go‘yo mayxo‘rlar bosh og‘rig‘ini tarqatmoq uchun suv ichgani kabi, xato qiluvchilar ahli ham Ul zotni duolar bilan madh etishni o‘zlari uchun darmon deb biladi.)

Yo habibulloh! Yo xayrul-bashar! Mushtoqingam,

O‘ylakim, labtashnalar yonib tilar hamvora suv.

(Yo Ollohning do‘sti! Yo insonlarning eng yaxshisi! Go‘yo tashnalar yonganicha yoppasiga suv tilagani kabi, men ham sening mushtoqingman.)

Sensan ul bahri karomatkim, shabi me’rojda

Shabnami fayzing yetirmish sobitu sayyora suv.

(Sen bir karmat ummonisankim, me’roj tunida fayzing shabnami barcha sobit (barqaror) va sayyor (kezib yuruvchi) yulduzlarga suv yetkazgan.)

Chashmayi xurshiddan har dam zuloli fayz enar,

Hojat o‘lsa marqading tajdid etan me’mora suv.

(Sening qabringni yangilaydigan me’morga suv kerak bo‘lsa, har lahzada quyosh chashmasidan fayzning tip-tiniq va sarin suvi quyilib turadi.)

Biymi do‘zax, nori g‘am solmish dili so‘zonima,

Bor umidim – abri ehsoning separ ul nora suv.

(Mening kuygan dilimga do‘zax vahimasi, olov g‘ami tushgan, umidim borki, sening ehson buluting bu olovga suv sepadi.)

Yumni na’tingdan guhar o‘lmish Fuzuliy so‘zlari,

Abri naysondan do‘nandek lo‘lo‘i shahvora suv.

(Bahor bulutidan suv yirik va a’lo durga aylangan kabi na’ting (seni madh etish) barakotidan Fuzuliy so‘zlari gavharga aylandi.)

Xobi g‘aflatda o‘lan bedor o‘landa ro‘zi hashr,

Ashki hasratdan to‘landa diydayi bedora suv,

(Qiyomat kuni g‘aflatda yotganlar bedor bo‘lganda, bedor ko‘zlarga hasrat ko‘z yoshlari to‘lganda.)

Ummedim uldirki, ro‘zi hashr mahrum o‘lmayam,

Chashmayi vasling berar men tashnayi diydora suv.

(Umidim uldirkim, qiyomat kuni men mahrum qolib ketmagayman, vasling chashmasi mendek diydor tashnasiga suv berajak.)

Usmon Qo‘chqor tabdili va nasriy bayoni.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 39-son