Nazar Eshonqul. Federiko Garsia Lorka

Ispan shoiri va dramaturgi. 1898 yil 5 iyunda Granada yaqinidagi qishloqda tug‘ildi. Maktabdan so‘ng 1914 yili Granada universitetiga kirdi. 1917 yili dastlabki essesi, 1918 yili birinchi kitobi, 1921 yili birinchi she’rlar to‘plami chop etildi. 1936 yil 19 avgust kuni Granada yaqinida fashistlar tomonidan otib tashlandi.

Lorka ijodi – Andalusiya orqali kirib borgan Sharq she’riyati va G‘arb she’riyatini o‘zida mujassam etgan, XX asrda o‘ziga xos shakl topgan, ohang va obrazlariga ko‘ra G‘arb she’riyatidan ajralib turadigan, boshqacha aytganda, G‘arb libosini kiygan Sharq poeziyasining badiiy namunalaridan biri. Uning she’r­lari, ohanglari, ramzlari, o‘xshatish, timsollarida Sharq she’riyati ta’siri yaqqol seziladi. Hali o‘ttiz yoshga kirmasdan dunyo miqyosida katta shoir sifatida tan olingan ijodkorlardan biri edi: uning she’rlari gitara kabi jarangladi, gitara kabi faryod va isyon qildi. Gitara torlari kabi bevaqt uzildi.

Boshlanyapti
gitar nolasi.
Sinayapti
tong piyolasi.
Boshlanyapti
gitar nolasi.
O, kutmagin undan
sukutni!
So‘ramagin undan
sukutni!
Tinim bilmay yig‘lar gitara,
yig‘laganday daryolarda suv,
yig‘laganday dengizda shamol,
sukut so‘rab yalinma endi!
Shunday yig‘lar tongni qo‘msab shom,
shunday yig‘lar nishonsiz o‘qlar,
shunday yig‘lar lovillagan qum
tarovatli gullarni yo‘qlab.
Ilon nishin tahlikasida
qushlar shunday o‘lar jonsarak.
O, gitara, sho‘rlik gitara,
beshta xanjar sanchilgan yurak!

Lorka she’riyati shakldagi va ma’nodagi favqulodda xulosalari bilan asr boshida adabiyotda, tas­viriy san’atda, musiqada yuzaga kelgan, o‘z oldiga san’atni yangi bosqichga ko‘tarish, unga yangi shakl, yangi mazmun baxsh etishdek maqsadni qo‘ygan Pablo Pikasso, Pol Elyuar, Andre Breton, Giyom Apolliner, Salvodor Dali va boshqa ijodkorlar asarlari bilan bir safda turadi. Nafaqat asarlari, bu odamlarning taqdiri, maslagi, hayot tarzi ham o‘xshash. Mazkur ijodkorlar san’atga yangi ruh, yangi tasavvur bag‘ishladilar: san’atni ko‘rish, eshitish, o‘qish emas, his etish va anglash birinchi o‘ringa chiqdi. Lorka she’riyatidagi izlanishlar, shakl, mazmun – hammasi ana shu yo‘ldagi urinishlardir. Lorka she’riyati – botiniy va zohiriy dunyo uyg‘unlashgan, g‘alayon va isyon omixtalashgan she’riyat.

Ijodkor hayotlik paytida o‘n bitta she’riy va romanslar kitobi, drama va pesalari chop etilgan. Shulardan «Lo‘lilar romansi» to‘plami shoir nomini Lotin Amerikasi hamda AQShda bir necha oy ichida mashhur qilib yubordi va Lorka Yevropaning eng taniqli shoirlari safidan joy oldi.

Jandarmlar izg‘iydi och
tunga tag‘in ekib olov,
gulxan ichra yonar o‘smir
va yalang‘och go‘zal xayol.

O, lo‘lilar shahristoni!
Jandarmlar ketar sang‘ib
sukunatning shum g‘oridan,
qamrab oldi seni yong‘in.
O, lo‘lilar shahristoni!
Ko‘rib seni unutar kim?
Yuzlarimdan izlasinlar
oy ham sahro jilvasini.

Lorka she’rlarini birinchi bor jiddiy to‘plamda o‘zbek o‘quvchisiga tanitgan Sh.Rahmon edi. Hassos shoir dastlab rus tilidan Lorka saylanmasini tarjima qildi. So‘ng ispan tilidan «Eng qayg‘uli shodlik» she’riy kitobini o‘girdi, Lorka ijodiga bo‘lgan muhabbati tufayli atayin ispan tilini o‘rgandi. «Lorka ijodida tabiatniing har bir unsuri hayot va mamot oralig‘ida titrab turgan dardchil yurakka hamdardlik qiladi, ruhiyatiga moslashadi. Inson iztirobining bu qadar yuksaltirilishi shoir dunyoqarashida odamiylikning nechog‘ligidan dalolat», – deydi Shavkat Rahmon kitob so‘zboshisida. Shoir bu zaminda bor-yo‘g‘i dardu alamlarga munosabatini bildiruvchi yarador yurak sohibidir. Mana shu fikrda, Sh.Rahmon e’tirof etgan nuqtada, o‘zbek va ispan shoirlarining qarashlari so‘zga, adabiyotga munosabatlari o‘zaro mushtaraklik kasb etadi.

Jimlik

Bu jimlikni eshit, bolam.
To‘lqinlangan bu jimlik,
sirg‘alib cho‘kadi aks sadolar,
yuzlarini bosar egilib
hatto osmon ham.

Lorka garchi 1936 yilgacha, ya’ni o‘limigacha dunyoda yetuk shoir sifatida tanilgan bo‘lsa-da, o‘limi va uning atrofidagi munozara, tadqiqot, oqlash va qoralashlarga qorishiq afsonalardan so‘ng tirikligida she’rlari yetib bormagan mamlakatlar ham uning kitobini qayta-qayta nashr qildilar. Dunyo miqyosida Lorka shaxsiga va ijodiga qiziqish uning o‘limidan so‘ng yanada avj oldi.

Toki 1975 yilgacha ispan fashistlari shoirni otib tashlashganini inkor qilib kelishdi. Uni tasodifan o‘lgan deb hujjat to‘g‘rilashdi. Biroq yillar o‘tgan sa­yin Lorkani fashistlar otib o‘ldirgani haqida tobora ko‘proq dalillar e’lon qilina boshlandi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Lorkaning o‘sha fashistlar qiynog‘iga mahkum etilgan o‘n to‘qqiz kunlik hayotiga bog‘liq tadqiqotlar butun umri va ijodi haqida qilingan tadqiqotlardan o‘n-o‘n besh marta ko‘proq. Ularning aksariyati shoirning qanday qilib o‘ldirilganiga bag‘ish­langan. 1975 yilga kelib frankochilar shoirni xalq tomonida turib o‘zlariga qarshi kurashishidan qo‘rqib otib tashlashganini rasman tan olishdi.

Federiko Garsia Lorka o‘lim oldidan ham she’r o‘qimoqda

Zulm shoirdan, shoirning rost so‘zidan qo‘rqdi. Rost, tirik so‘z bor joyda zulm yasholmaydi. Zulm shoirning nomini tarix sahnasidan abadiy o‘chirib tashlash uchun qariyb qirq yil uydirma to‘qidi. Biroq shoirni yengolmadi. O‘limidan so‘ng bo‘lsa ham u zulm ustidan g‘alaba qildi.

Xurshid Davronning ushbu she’ri Lorka haqida yozilgan she’rlar ichida eng yaxshisi.

Lorka o‘limi

Uni tongga tirab otdilar…
U yiqildi,
So‘ng yana turdi
Va yoshgina,
Bukri bir askar
Qo‘ndoq bilan boshiga urdi.
U jon berdi…
Askarlar esa
Shosha-pisha ortga qaytdilar,
Sharob ichib mungli qo‘shiqni
Tun sukutin buzib aytdilar.
Bu qo‘shiqda bulutni yorgan
Hilol cho‘qqi uzra porlardi,
Bu qo‘shiq qor ostida yotgan
Chechaklarni bo‘zlab chorlardi.
Bu qo‘shiqda qora kiyingan
Tul kampirlar ertak to‘qirdi,
Ularning oldida ko‘zi ko‘r bola
Zulmat aro kitob o‘qirdi.
Qo‘shiq kuylab,
Tuyib alamni,
Yosh askarlar sarmast edilar,
Shu qo‘shiqni yozgan odamni
Otganlarin bilmas edilar…

Nazar Eshonqul