Farrux Atayev. Mushtarak ildizlar (Tilimiz haqidagi shaxsiy mulohazalar)

Borliq haqidagi hozirga qadar to‘plangan jamiki bilimlar ummon emas, aslida, ummondan tomchidir. Bu bilim ganjinalarining yaratilishida avvalo insonlarning aqli-zakosi-yu muloqot vositasi bo‘lmish til va adabiyotning o‘rni beqiyos. Shuning uchun butun bashariyatning o‘zaro hamkorligi mahsuli bo‘lgan ko‘pgina tushunchalaru qadriyatlar umumiydir. Masalan, har bir inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtini, vatanini e’zozlaydi. Bu barchaga xos xususiyat – dunyoqarash desak xato bo‘lmaydi. Shuning uchun ham, arabcha “vatan”, inglizcha “native” ([neytiv] vatan), turkiy “tug‘an-tuvan” so‘zlarining o‘zagi bir-biriga yaqin bo‘lib, turli hududlarni bildiruvchi so‘zlar ham shunday: turkiy “ovdon”, “ovul” so‘zlari inglizcha “villa” ([vile] villa, bog‘li koshona), “village” ([viledj] ovul, qishloq), turkiy “yo‘rgadi (o‘radi)” so‘zi ruscha “gorodit”, “ogorod”, “gorod” so‘zlariga mos keladi. “Ov” o‘zagiga qurilgan bir qator so‘zlar (“ovlamoq”, “ovqat”, “ovun”, “ovul”, “(h)ovli” va hokazo) yaqqol ko‘rsatib turganidek, har bir kishi tug‘ilgan zamin uning ham jismoniy, ham ma’naviy qiyofasini belgilaydi. “Ovdon” deganda faqatgina “ov qiladigan yo ovqatlanadigan joy”– “ovul” deb emas, balki kengroq ma’noda, ya’ni rizq-ro‘z, nasiba, o‘sib-unish, farovon hayot kechirish, ajdodlarning ishini davom ettirish, komil avlodni tarbiyalash kabi xayrli ishlar nazarda tutiladi. O‘ylashimcha, ko‘pgina millatlar nasabining oxiridagi “-ov”, “-ev”, “-ul” kabi qo‘shimchalar yo ana shu “ov”, “ovul” so‘zlari bilan, yo turkiy “uy”, “ev” so‘zlari bilan bog‘liq bo‘lsa, ajabmas. Zero, turkiy “hovli” so‘zi ham “ov” o‘zagidan yasalib, “oila yashaydigan uy va shu uyga qarashli yer maydoni” ma’nosini anglatadi. Ma’lumki, “h” harfi bir qator tillarda ba’zida talaffuz qilinmaydi. Masalan, “hind”ni “ind”, “ho‘kiz”ni inglizcha “ox” ([o‘ks]), “Elena”ni inglizcha “Helen” ([helen]), “Havo”ni ruscha “Eva”, inglizcha “Eve” ([iv]), “Abdulloh”ni “Abdullo” deyiladi. Qolaversa, fors-tojikcha “obod” so‘zi ham “ovbod”, “ov qilinadigan”, “ovga yaroqli”, ya’ni tinch-farovon hayot uchun qulay, fayzli maskan ma’nosidagi so‘z bo‘lgandir. Lug‘atda lotincha “oasis” ([ouesis] voha, oazis) so‘zi yunon tilidan, u esa o‘z navbatida qadimgi Misr tilidan kelib chiqqan bo‘lsa kerak, deb taxmin qilingan. Hoynahoy, bu so‘z ham “ov” o‘zagidan yasalgan.

Insonning muqaddas vatanidan bu vatanni yorug‘-nurafshon qilgan kunga e’tiborni qarataylik. Ko‘pgina tillarda “yorug‘ (yorqin)”, “yaraqlamoq (yarqiramoq)”, “yarta (erta)” so‘zlarining ham o‘zagi umumiy: inglizchada “ray” ([rey] nur), “radiate” ([re’dieyt] nurlanmoq), ruschada “rano”, “raduga”, “radost”, “ray”, “jar”, “goret”, “gorn”, arabcha “nur”, “anvar”, “munavvar”… Qadimgi Misrda quyosh ma’budini “Ra” deb atashgan. “Ravshan” so‘zi “rav” hamda “shan” so‘zlaridan tarkib topgan bo‘lib, “shan” so‘zi “yashnamoq (porlamoq)” so‘zining, shuningdek, inglizcha “shine” ([shayn] porlamoq, charaqlamoq) hamda “sun” ([san] quyosh) so‘zlarining o‘zagini tashkil qiladi. Shuningdek, turkiy “yalt (jalt), yult (jult), yilt (jilt)” so‘zlari ma’nodosh bo‘lib, “yulduz (yult)”, “oltin, altin (yalt)”, “tilla (yilt)” so‘zlari shu o‘zaklardan yasalgan. Qadimda “yuloq” so‘zi “chiroq, qandil” ma’nosini anglatgan. Ruscha “zoloto”, “jyoltыy”, inglizcha “gold” ([gould] oltin), “yellow” ([yellou] sariq), “glitter” ([glitter] yiltiramoq), “glow” ([glou] lovullamoq, yonmoq, yiltiramoq), “light” ([layt] yorug‘lik, shu’la), “lunar” ([luner] oy), “illuminate” ([illyumineyt] yoritmoq), “lustre” ([lastre] yaltirash, lyustra), forscha “jilo”, “jilva” so‘zlari ham shu o‘zakka qurilgan. Qolaversa, turkiy “alanga”, “olmos”, “lov(ullamoq)”, “yal-yal”, “yalov”, “yolqin”, “yalang-yalang‘och”, “yalin(moq)”, “yolvor(moq)”, “yolchi”, “yolg‘on-alda(moq)”, “yolg‘iz”, fors-tojikcha “olov”, “malla”, inglizcha “love” ([lav] sevgi, muhabbat), “lava” ([lava] lava), “hell” ([xell] do‘zax, olov), “lie” ([lay] yolg‘on), “alone” ([eloun] yolg‘iz), “lazy” ([leyzi] yalqov), “lick” ([lik] yalamoq), ruscha “lyubov”, “loj-lgat”, “golыy”, “lizat” so‘zlarining ham o‘zagi umumiydir. O‘ylashimcha, o‘zbek milliy matosi “atlas” (keyinchalik undan andoza olib yaratilgan “xarita”) ham o‘zining rang-barang, serjiloligi bilan “yalt, yaltillash, yaltillas” so‘zidan kelib chiqqan. Hind hamda Xitoyda muqaddas hisoblangan “lotos” (nilufar) guli ham yal-yal yaltiraydigan qizil rangli guldir. Turkiy (ba’zi boshqa xalqlarda ham) “alla” va “yalla” qo‘shiqlari ham “yal” o‘zagidan urchigan. “Alla”ni ona o‘z bolasiga mehri tovlanib, unga muhabbatini izhor qilib aytsa, “yalla”ni oshiq ma’shuqiga o‘z sevgisini kuylab aytadi. Har ikki holda ham qo‘shiq “yal-yal” yonib-jo‘shib kuylanadi. Bunday misollarni ko‘plab keltirsa bo‘ladi. Xalqlarning o‘ylari-yu so‘zlaridagi bunday o‘xshashliklarni ko‘rib, muqaddas kitoblarda butun insoniyatning kelib chiqishi hamda dini bir ekanligi ta’kidlanganiga ishonch hosil qiladi kishi. Muqaddas Qur’onning “Sho‘ro” surasida Nuh, Ibrohim, Muso, Iso, Muhammad (barchalariga salom bo‘lsin) payg‘ambarlarga berilgan din umumiy ekanligi, odamlar o‘z dinlarini bo‘laklab, firqalarga ajratmasliklari uqtiriladi. Binobarin, hozirgi globallashuv va integratsiyalashuv jadal kechayotgan zamonda turli xalqlarning o‘zaro til topishib, o‘xshash jihatlariga, umumbashariy qadriyatlarga diqqat-e’tibor qaratish muhim ahamiyatga egadir. Zero, barcha insonlar uchun bir-birlari bilan salomlashib hol-ahvol so‘rashish, tinchlik-omonlik tilash, yordam qo‘lini cho‘zish kabi ko‘plab qadriyatlar xos. Masalan, ham g‘arb, ham sharq xalqlarida “yaxshi” va “yomon”, “to‘g‘ri” va “egri”, “tinchlik” va “urush” tushunchalari-yu ularni anglatuvchi so‘zlar umumiy. Turkiy “yaxshi”, “jaxsi”, “yah” , “Yemo‘? – Xo‘pmi, hami”? , “iyi”, “iya”, “ha”, forscha “xush”, “xo‘sh”, “ha”, ruscha “xorosho”, “da”, “axa”, “aga”, inglizcha “yes” ([yes] yaxshi, ha), “yeah”([yea] yaxshi, ha), ibroniycha “yaxve” so‘zlari o‘zakdosh so‘zlardir. Shuningdek, turkiy “to‘g‘ri”, “tuvri”, “evat”, ing­lizcha “true” ([tru] to‘g‘ri), “correct” ([korrekt] to‘g‘ri), “direct” ([dayrekt] to‘g‘ri), “right” ([rayt] to‘g‘ri, o‘ng), forscha “durust”, “rost”, “albatta”, ruscha “pravda”, “pravыy”, “pravilno” so‘zlarining o‘zaklari birligi bejizmas. “Egri-bukri” so‘zi inglizcha “groove” ([gruuv] egrilik), “curve” ([kerv] egri, bukri), “wrong” ([urong] noto‘g‘ri, egri), ruscha “krivoy” so‘zlariga mos keladi. Turkiy “yangi”, “yana”, “tag‘in” so‘zlari bilan forscha “nav”, inglizcha “new” ([nyu] yangi”), “again” ([egeyn] yana, tag‘in), ruscha “novыy” so‘zlarining ham o‘zagi bir. Turkiy “ur(ush)”, ruscha “udar” hamda inglizcha “war” ([uor] urush) so‘zlari umumiy bo‘lsa, arabcha “salom” so‘zi bilan inglizcha “calm” ([kalm, salm] tinch) so‘zlari umumiydir. Yangi yil arafasida turli joylarda yonma-yon “Yangi yilingiz bilan!”, “S Novыm godom!”, “Happy New Year!” tilaklarga ko‘zi tushgan kishi yangi yilga bir quvonsa, ulardagi “yangi” so‘zining boshqa xalqlarning so‘zi bilan umumiyligini anglab yana bir shodlanadi! Zero, shunday xalqaro so‘zlar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi-da!

Endi, keling, insoniyatni yedirib-ichiradigan, kiyintiradigan soha – dehqonchilik bilan hunarmandchilikka yalpi nazar tashlaylik. Turkiy “sep(moq)” (urug‘ni), ruscha “seyat”, inglizcha “sow” ([sou]) so‘zlarining umumiyligini o‘ylab qarang! Ana shu o‘zakdan inglizcha “season” ([siizn] sezon, mavsum), “semen” ([se’men] urug‘), ruscha “sezon”, “semya” so‘zlari kelib chiqqan. Yoxud inglizcha “irrigatsiya”, turkiy “sug‘orish”, ruscha “oroshat” so‘zlarining, turkiy “guruch”, ruscha “grechka”, “ris”, inglizcha “rice” ([rays]) so‘zlarining umumiyligi bejiz emas.

Lug‘atlarda o‘zbek so‘z san’ati bo‘lgan “askiya” so‘zining etimologiyasi arabcha “zakiy” so‘zi bilan bog‘lanadi. Vaholanki, xalqning fe’liga xos bo‘lgan “askiya” san’ati arablarning O‘rta Osiyoga kelishidan avval ham mavjud bo‘lgan. Farazimcha, bu so‘z ikki manbaga bog‘lanadi: 1) qozoq xalqida saqlanib qolgan “aytis (aytishuv)” san’atiga, ya’ni “aytiski, ­ayiski”; 2) inglizcha “ask” ([ask] so‘ramoq), “seek” ([siik] iska, izla) so‘ziga. Sababi “askiya” san’ati ham “so‘ra, so‘roqqa tut, iska” ma’nosidadir. Askiyada “Falonchi, rayhonmisiz, jambulmisiz, sunbulmisiz?” so‘rog‘idan boshlanib, “unday qildingiz, bunday qildingiz-a?” deya raqib so‘roqqa tutiladi. Turkiy “so‘zla, so‘yla”ni ingliz tilida “say” [sey], “chayna”ni “chew” [chyu], “jerk”ni “jerk” [jerk], “tingla”ni “listen” [lisn], “lo‘q”ni “look” [luk], “qo‘msa”ni “miss” [miss], “pufla”ni “puff” [paf], “purka”ni “pour” [por], “sepalash”ni “splash” [splesh], “supur”ni “sweep” [sviip], “totish”ni “taste” [teyst], “yuvish”ni “wash” [uosh], “otish”ni “shoot” [shuut], “siq, qis”ni “squeeze” [skuiiz], “ajrim, ayrim (hakam, yurist, ya’ni ayiruvchi)”ni “jury” [jyuri], “taq(moq)”ni “tack” [tek], “bil(moq)”ni “believe” ([biliiv] bilmoq, ishonmoq), “tiy(moq)”ni “tame” [teym] va hokazo so‘zlari ko‘rsatib turibdi-ki, turkiy til bilan ingliz tilida umumiy so‘zlar bisyor. Shuning uchun, “askiya” kabi turkiy so‘zlarning kelib chiqishini ingliz, olmon, italyan, yunon va boshqa qadimiy xalqlardan izlash mantiqan to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki Yevropa xalqlari bilan turkiy xalqlar eramizdan avvalgi Xun saltanati, hatto undan oldingi Shumer madaniyati davridan beri aloqa qilib kelgan. Bunga ko‘pgina olimlarning tadqiqotlarini, jumladan, qozoq shoiri O‘ljas Sulaymonovning “AZiYa”, rus olimi Lev Gumilevning “Qadimgi turkiylar” va boshqa shu kabi kitoblarni misol qilib keltirsa bo‘ladi.

Qadim-qadimdan allomalar olamning asosida to‘rt unsur (er, havo, suv, olov) yotishini e’tirof etishgan. Muqaddas kitoblarda ta’kidlanishicha, Tangri taolo butun olamni, so‘ng Odam Ato bilan Momo Havoni yaratgan.Jumladan, Odam Ato tuproqdan, Momo Havo esa uning qovurg‘asidan yaratilgan. Nega aynan qovurg‘asidan? Shu o‘rinda turkiy “qobirg‘a” so‘zi ruscha “rebro”, inglizcha “rib” [rib] so‘zlari bilan umumiyligini ta’kidlab o‘tish kerak. Ma’lumki, arabcha “adam” so‘zi bilan forscha “zamin”, ruscha “zemlya” so‘zlari o‘zagi bir bo‘lib, bu turkiy “er (yer)” so‘ziga mos keladi. Chamamda, “er, erkak” so‘zi asli boshda “yer” bo‘lib, Xudo “Yer”ni, so‘ng u bir o‘zi yolg‘izlanmasligi uchun uxlab yotganida jufti “Havo”ni qovurg‘asidan yaratgan. Ularning ilk maskani bo‘lgan “Bog‘i Eram” (ruschada “Edem”, ya’ni “zemlya” so‘zi bilan o‘zagi bir) ham asli “Bog‘i Yeram”dir. Mahmud Koshg‘ariyning devonida ham “er” so‘zi “odam” ma’nosida qayd qilingan. Shuning uchun ham, farazimcha, turkiy “er-xotin” iborasi asli “yer-yo‘tin” bo‘lib, havo (turkiy “yo‘tal”, “(y)o‘taka” so‘zlarining o‘zagi “yo‘t”) Yer kurrasini o‘rab – himoyalab turadi. Odam tanasidagi qovurg‘aning bosh vazifasi ham hayot uchun zarur organlar (yurak, (y)o‘pka (yo‘fka), jigar, oshqozon va hokazo)ni himoya qilishdir. Qolaversa, “o‘t” so‘zi ham fe’l (o‘tmoq), ham ot (olov, otash) bo‘lib, har ikkisi havo va suvga nisbatan qo‘llanadi. Darhaqiqat, havodagi kislorod yoki benzin, kerosin kabi suyuqliklarsiz o‘t chiqmaydi. Shuningdek, tabiatda faqat suv uch agregat holatga ega: qattiq, suyuq va gaz. “Xotin-qiz” iborasidagi “qiz” so‘zi “qizimoq” fe’lining buyruq mayli bo‘lib, bu “xotin” so‘zining ham ma’nosi “o‘t” deyishga asos bo‘ladi. Shuningdek, arabcha “ayol” so‘zi ham turkiy “yal, yol” (yolqin) so‘zi bilan, ruscha “jenщina” so‘zi turkiy “jan, yon” (yonmoq) so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lsa, ehtimol. Qolaversa, inglizcha “hot” ([xot] issiq), “hades” ([heyds] do‘zax, otash), ruscha “ad” so‘zlari turkiy “o‘t” so‘ziga, inglizcha “terra” ([terra] terra, tuproq) so‘zi turkiy “turpoq” so‘ziga o‘zakdoshdir. Shuning uchun ham, erkaklarda yer-tuproqqa xos og‘ir-vazminlik, chayirlik, dag‘allik, qattiqlik jihatlari bo‘lganidek, ayollar havo va suvga (havo va suv mohiyatan bir-biriga juda yaqin) xos yumshoqlik, havoyilik, muloyimlik sifatlariga ega. Erkak va ayollar haqidagi bir turkum ibora va maqollarda ham ana shu xususiyatlarga urg‘u beriladi. “Erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham – xotin” maqolini aslida “Yerni raso yer qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham – o‘t (olov, havo va suv)” deya tushunmoq kerak. Axir, kulol loydan buyum yasaganda uni suvda qorib, o‘tda qizdiradi yo havoda quritadi-da. Er-yigit uylanadi, ya’ni bir uyga – vatanga ega bo‘lib, o‘zining oilasini barpo qiladi. Xotin-qizlar esa erga tegadi. Bundagi “erga tegmoq” iborasi ham asli “yerga tegmoq”, ya’ni “yerli bo‘lmoq” ma’nosidadir. Ko‘pgina xalqlarda “Suv oqishi hamda o‘t yonishiga cheksiz termilish mumkin”, degan ibora bor. Darhaqiqat, suv ham, o‘t ham odamni o‘ziga maftun-mahliyo qilib qo‘yadi. “Suv balosi-yu o‘t balosidan o‘zi asrasin” degan ibora bor. Har ikki balo ham tuproq yordamida daf qilinadi. Binobarin, suv toshqinini damba qurib, o‘tni tuproq sochib, hatto qishda yo‘llarni qoplagan sirpanchiq muzlarni ham tuproq sepib bartaraf qilinadi. Turkiy “erkin (ozod)”, “erka” so‘zlari ham asli “yerkin”, “yerka”, ya’ni “yeri bor, o‘ziga to‘q, birovga qaram emas” ma’nosidagi so‘zdir. Shuning uchun ham barcha xalqlar o‘z yeriga ega bo‘lishga intilib, shundagina o‘zlarini chinakamiga erkin-mustaqil his qilishlarini anglaganlar.

Bizgacha turkiy so‘zlarning ma’nolari-yu kelib chiqishi talqiniga doir ko‘pgina qimmatli asarlar yetib kelgan. Tabiiyki, Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Rabg‘uziy, Navoiy va boshqa allomalarimizning asarlarini qiyosiy tahlil qilishda davom etishimiz juda muhim. Shu bilan birga, boshqa manbalarga, deylik, Xitoy, Hind, Yunon, Rim, Misr va boshqa yurtlarda saqlanayotgan asarlarni o‘rganishga ham diqqatni qaratish zarur. Shu o‘rinda bir shaxsiy mulohazamni bildirsam. Koshg‘ariyning devoni o‘zbekcha izohlar bilan 3 jild holida 1963 yili O‘zbekistonda ruscha izohlar bilan 2005 yili Qozog‘istonda nashr qilingan. Ma’lumki, Koshg‘ariy o‘z devon-lug‘atini arab tiliga moslab, ikkitadan yettitagacha harflardan iborat so‘zlarni tartib bilan qayd qilib chiqqan. Ya’ni, asar avval-boshda arablar uchun moslab yozilgan. Biroq turk tili bilan arab tili tubdan farq qiladi. Sababi, arabchada undoshlar muhim bo‘lsa, turkiyda unlilar muhimroq. Masalan, arabcha uch harfdan (“h”, “k”, “m”) tuzilgan “ahkom”, “mahkam”, “mahkama”, “mahkum”, “muhokama”, “hakam”, “hakim”, “hikmat”, “hokim”, “hukm”, “hukamo”, “hukumat” va hokazo so‘zlar o‘zakdosh bo‘lib, ularning ma’nolari bir-biriga yaqin. Turkiyda esa ikki undosh harfdan (“b” va “l”) tuzilgan “bil”, “bo‘l”, “bel”, “bol” va hokazo so‘zlar butunlay boshqa ma’nolarni anglatadi. Demak, devonni tarjima qilishga ijodiy yondoshib, hozirgi lug‘atshunoslik qoidalariga moslab, turkiylar uchun alifbo tartibida, ya’ni avvalo “a”, so‘ng “b” va hokazo harflaridan boshlanadigan barcha so‘zlarni (ot, fe’l, sifat va hokazo) qayd qilinsa, samarali ish bo‘ladi. Shunda, bir o‘zakdan urchigan barcha so‘zlarni yaqqol ko‘rishga imkon tug‘iladi. Masalan, devonning 1-jildidagi “bilish” (348-bet), “bilik” (367-bet), “bilga” (403-bet), “biliklik kishi” (466-bet), 2-jildidagi “bildi (bilir, bilmak)” (30-bet), “bilishdi (bilisho‘r, bilishmak)” (120-bet), “bilindi (bilino‘r, bilinmak)” (166-bet), “bilto‘rdi (bilto‘ro‘r, bilto‘rmak)” (204-bet), “bildo‘zdi (bildo‘zo‘r, bildo‘zmak)” (235-bet), “bilsikti (bilsikar, bilsikmak)”, “bilgatti (bilgatur, bilgatmak)” (393-bet), 3-jildidagi “bilgalandi (bilgalano‘r, bilgalanmak)” (219-bet), “biligsadi (biligsar, biligsamak)” (347-bet) so‘zlari hamda asarda keltirilgan ko‘pgina maqol va she’rlardagi “bil” o‘zagiga qurilgan so‘zlar bir joyga jamlansa, o‘quvchiga yaqqol tasavvur beradi. Shu bilan birga, Koshg‘ariyning devonida “y” harfidan boshlanuvchi so‘zlar asarning eng katta qismini (3-jild to‘lig‘icha) tashkil qilib, ko‘pgina so‘zlar bizgacha “y” harfi tushib yoki orttirilib yetib kelgan. Buni chuqurroq tadqiq qilish kerak. Masalan, yuqorida aytilganidek, “oltin” so‘zi “yaltin” (yaltiroq), “yurak” – “urak”, “yuk” – “uyuk”, “oy” – “yoy”, “oyoq” – “yoyoq” (yoyov so‘zi shundan) bo‘lsa mantiqiyroq bo‘ladi. Yoki “ilon” so‘zi “yilan” bo‘lishiga sabab jonivorning o‘ziga xos terisi “yilt-yilt” qilishiga ishoramikan? “Arslon”, “sirtlon”, “qoplon” so‘zlaridagi “lon” qo‘shimchasi “yilon (yilan)” so‘zimikan yoki “qoplon” so‘zi “qoplovchi” ma’nosidagi “-la” qo‘shimchasimikan? Chamasi, ingliz tilidagi “lion” ([layn] arslon, sher), ruscha “lev”, “slon” so‘zlari ham shu o‘zakka bog‘liq. Shunisi ham borki, arabcha “lain”, “la’nat”, “mal’un” so‘zlari “yilan” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, diniy manbalarda iblisning ilon, ajdarho qiyofasida tasvirlanishining sababi shunda.

Ma’lumki, Xitoyda “yin” va “yeng (yang)” (ruschada “in” va “yan”) dualistik falsafasi keng tarqalgan. Turkiyda “yangi” so‘zini “yengi” deb ham talaffuz qilish bor (Devon, 3-jild, 379-bet).“Yin” va “yeng” so‘zlari xitoy tilida mos ravishda “tog‘ning quyosh tushmaydigan va tushadigan tomonlari”ni anglatib, dunyoda barcha narsa juft-juft (quyosh va oy, nur va soya, erkak va ayol, aktiv va passiv) yaratilganiga ishora qiladi. Qiyos uchun, arabcha “g‘arb” va “sharq” so‘zlari “kun botishi” va “kun chiqishi”ni anglatadi. Buni qarangki, xitoycha “yin” va “yang” so‘zlari turkiy “yin” va “yan” so‘zlari bilan aynan ma’nodosh. Xuddi turkiy “ayir, ayri, ajra, ajriq (yir, jir)”, “ayiq, ayqash (yiq)”, “asra, yashir (sir)” so‘zlari kabi turkiy “ayna, ayni (yin, jin)” so‘zi “aynish, yo‘q bo‘lish, ajin tushish”ni anglatsa, turkiy “yan, jan” so‘zi “yonmoq”ni anglatadi (Devon, 3-jild, 72-bet). Ruscha “gnit” (aynimoq, chirimoq) so‘zi ham “yin” o‘zagiga bog‘liq bo‘lsa, ruscha “ogon”, hindcha “agni” (hindlarning qadimgi veda dinidagi olov ma’budi), inglizcha “ignite” ([ignayt] yondirmoq), “agony” ([e’goni] agoniya, o‘lim talvasasi) so‘zlari ham “yan” so‘zi bilan o‘zagi bir. “Yanvar” oyining nomi rimliklarning quyosh xudosi “Yanus”ga nisbatan atalgan. Inglizlar Shimoliy Amerikani zabt etganlarida, o‘zlarini “yanki (yanki)” deb atay boshlagan. Afsuski, tilshunos olimlar bu so‘zning etimologiyasiga doir biron aniq ma’lumotga ega emas. Farazimcha, buni ikki xil tushuntirish mumkin; 1) xuddi Yaponiyani “kunchiqar davlati” deganlaridek, Lotin Amerikasida hukmronlik qilgan qadimgi Ink (Inka) saltanati ham “Yink”, ya’ni “kunbotar davlati” ma’nosida bo‘lib, keyinchalik inglizlar o‘zlarini ularga qarama-qarshi qo‘yib “yanki” deb atagan; 2) bu so‘z “yangi (yangi)” so‘zidan olingan. Amerikani “Yangi dunyo” deb ta’riflaydilar. Darhaqiqat, “Nyu-York” shahri (avval “Nyu-Amsterdam” deb nomlangan) “Yangi Yo‘riq” degan turkiy so‘zlardan tuzilgan. “Yo‘riq” so‘zi “boshqaruv tizimi” ma’nosida qo‘llangan. Shu o‘rinda, “Oxiratda quyosh g‘arbdan chiqadi” degan mashhur hadisni to‘g‘ri va majoziy ma’nolarda talqin qilib, “yanki (yanki)”larga nisbat berish mumkin. Zero, yangi kun (hisob) Angliyaning poytaxti Londondan o‘tgan Grinvich meridianidan boshlanadi. Demak, Amerika qit’asi, ya’ni “yanki”lar kunning boshlanishini (quyoshning chiqishini) belgilab turibdi.

Qadimgi Shumer madaniyati (e. a. 3000 yil) yozuv (pona-yozuv), g‘ildirak kabi ko‘plab kashfiyotlar qilgan. Dunyo to‘fonini tasvirlovchi dostonlar shumerlardan ham bizgacha yetib kelgan. Shumer tilida Xudoning “Dingir” deb atalgani, o‘z navbatida turkiy “Tangri”, fors-tojikcha “Parvar-Digor”, skandinaviya xalqlarida “Tor (chaqmoq, bo‘ron va hosildorlik xudosi)”, qadimgi yunon quyosh ma’budi “Aton”, hatto qadimdan Xitoyda ilohiylashtirilgan “Drakon” (arabchasi “Ajdarho”, inglizcha “Dragon” [dregn], harflarning joyi o‘zgargan) ham shu o‘zakdan kelib chiqqani xalqlarning o‘zaro aloqalari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar beradi.

Ko‘p xalqlarda salomlashganda bir-birlariga “sog‘liq” tilab aytiladigan quyidagi so‘zlarning o‘zaklariga qarang: arabcha “salom”, turkiy “sog‘lom”, frantsuzcha “salyut”, lotincha “salut, salus”. Qolaversa, turkiy “sog‘inmoq” so‘zining “tilamoq, ko‘rishni istamoq” ma’nolari ham bor. Shuningdek, lotincha “sanitas, sanus” (sog‘liq) so‘zidan “sanitar”, “sanatoriy” so‘zlari yasalgan bo‘lib, turkiy “esonmisan (esanmisan)?” degan savol “sog‘misan?” degan ma’noni anglatadi (Devon, 1-jild, 106-bet). Buni qarangki, inglizcha “book” ([buk] bitik, kitob) hamda arabcha “kitob” so‘zlari turkiy “bitik” so‘zi bilan o‘zagi bir. Arabcha “kitob” so‘zi teskarisiga o‘qilishi kerak, zero, arabchada yozuv o‘ngdan chapga qarab yoziladi. Turkiy “xo‘ja” so‘zi turkiy “ega” so‘zi bilan o‘zagi bir bo‘lib, ruscha “xozyain”, inglizcha “hegemon” ([xegemon] gegemon, hukmron), “ego” ([igo] ego) so‘zlari ham shu o‘zakka qurilgan. Shumerchada “g‘ildirak” so‘zi qanday atalgani noma’lum, biroq turkiy “g‘ildirak”, “g‘ilay” hamda ­inglizcha “wheel” ([uil] g‘ildirak), “glide” ([glayd] g‘ildira, dumala), ruscha “val”, “koleso” so‘zlarining o‘zagi “g‘il” ekanligi bu tillarning, demakki xalqlarning yaqinligidan dalolat beradi.

Ma’lumki, qadimgi yunon va Rim mifologiyasi xalq og‘zaki ijodining yuksak namunasi hisoblanadi. Yunoncha “myth” ([mis, mif] mif, asotir, rivoyat) so‘zi turkiy “-mish” so‘zi bilan o‘zagi bir. Darhaqiqat, “undaymish, bundaymish, ko‘rganmish, eshitganmish” so‘zlaridagi “mish” qo‘shimchasi ayni afsona-rivoyatlarga xos. Qolaversa, “mistika”, “sim-sim”, “tilsim” kabi so‘zlarning o‘zagi ham “mis, mish” ekanligi tushunarli, zero, noma’lum narsa va hodisalar haqida bilib-bilmay “undaymish, bundaymish” deb “mish-mish” yoxud “misr-misr” qilinadi-da!

Rus ertak qahramonlarining nomlariga e’tibor bering: “Karabas-Barabas”, “Buratino”, “Kolobok”, “Ivan”, “Ruslan va Lyudmila”… Turkiy so‘z o‘zaklar mana-man deb turibdi: “Qorabosh-Bo‘ribosh”, “Burunvoy”, “G‘il(dira)-biqin”, “Yan, Jan”, “Arslon”. Lug‘atda turkiy “ertak” so‘zi qadimgi turkiy tildagi “o‘t”, “kech” ma’nosini anglatgan “ert” fe’lidan “-ak” qo‘shimchasi qo‘shib yasalgan, deb ko‘rsatilgan. Biroq, o‘ylashimcha, ruscha “skazka”, “rasskaz” so‘zlari, inglizcha “tale” ([teyl] ertak), “tell” ([tel] aytmoq), “talk” ([tok] gapirmoq) so‘zlari ko‘rsatib turganidek, “ertak” so‘zi asli “aytak” bo‘lsa kerak. Xuddi shunday, “doston” so‘zi fors-tojikcha deb ko‘rsatilgan. Menimcha, bu so‘z lotincha “dictare, dicere” ([diktare, disere] so‘zlamoq, aytmoq, bayon (diktovat) qilmoq) so‘zidan kelib chiqib, u esa o‘z navbatida turkiy “aytish (aytis-aydis)” so‘zi bilan o‘zakdosh. Darhaqiqat, “tillarda doston bo‘ldi” iborasi “tillarda aytishdi (aydisti)” ma’nosida qo‘llanadi.

Turkiy “Alpomish” dostonining yunon dostoni “Odisseya” bilan umumiy jihatlarini ko‘plab olimlar o‘z tadqiqotlarida ta’kidlaganlar. XX asrda yaratilgan ingliz yozuvchisi Jeyms Joysning “Uliss” asari esa “Odisseya” dostoni ta’sirida dunyoga kelgan. Xuddi shunday, ingliz adabiyotidagi ilk epik asar “Beowulf” ([Beovulf]) eramizning sakkizinchi asrida eski ingliz tilida yaratilgan. Inglizcha “wolf” (eski ingliz tilida “wulf” [vulf] bo‘ri) so‘zi ruschada “volk” bo‘lib, turkiy “uvla(moq), uvloq” so‘ziga mos keladi. Tabiiyki, it vovullagani kabi, bo‘rining uvullashiga ishora-da bu. O‘ylashimcha, asar nomi turkiy “Boybo‘ri” bo‘lib, “Alpomish” dostonidagi qahramonga aloqasi bor. “Alpomish”dan oldin uning otasi “Boybo‘ri”ning ham dostoni bo‘lgan.

Qadimgi hind muqaddas kitobi “Gita” pand-nasihat mavzuidagi didaktik asar bo‘lib, hozirda hind sud mahkamalarida guvohlar shu kitobga qo‘lini qo‘yib rost gapirishga qasam ichadilar. “Gita” so‘zi “pand-nasihat”, “agitatsiya” ma’nosini anglatib, bu so‘z turkiy “o‘git” (1, 1-jild, 85, 292-betlar) so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lsa kerak. Hozirda o‘zbek tilida qo‘llanayotgan “O‘r(gan, gat)” so‘zi aslida “o‘g(ran, rat)” (Devon, 1-jild, 253-bet) bo‘lib, usmonli turklar bu so‘zni asl shaklida qo‘llaydilar.

Xullas, qo‘llanayotgan ko‘plab chet el so‘zlarining o‘zagi turkiyligini tushunib, ham hayron bo‘ladi, ham chet elliklar bilan muayyan yaqinlik hissini tuyadi kishi. “Car wash” ([kar uosh] mashina yuvish), “show” ([shou] shov-shuv), “abiturient” ([abituriyent] bitiruvchi), “boss” ([bos] boshliq), “taxi” ([teksi] taksi, tashi), “textile” ([tekstayl] tekstil, tikish), “censor” ([sensor] tsenzor, sinchi, sinovchi)…

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, dunyo xalqlarining tarixi-yu qadriyatlari umumiyligi keltirilgan misollardan aniq-ravshan ko‘rinib turibdi. Ona tilimizda “tilini topish” iborasi insonning ko‘nglini topish, uning xohish-istaklarini qadrlashni anglatsa, “til biriktirish” esa, xuddi ilonning ikkilangan tiliga o‘xshab, insonga nopisandlik bilan qarash, unga qarshi ish ko‘rishni anglatadi.Til topish, til bilish, tilning o‘zak ma’nolarini teran anglab yetish Hazrati Inson uchun o‘zlikni anglash demakdir.

O‘zlikni anglashda adabiyotning o‘rni va roli beqiyosligi barchaga ma’lum. O‘zbek adabiyoti o‘zini jahon adabiyotining uzviy bir qismi sifatida his qilib, butun bashariyatga xos tutash tomirlarni aniqroq ko‘rgani-bilgani sayin tobora qudratliroq bo‘lib bormoqda. Adabiyotning asosida esa til yotadi. Binobarin, o‘zbek tilining jahon tillari bilan mushtarak jihatlarini qanchalik teran anglab yetganimiz sayin, adabiyotimiz, ma’naviyatimiz tobora boyib, ulkan kuch-qudrat va ruhiy quvvat kasb etib boraveradi.

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 5-son