Mahmadiyor Asadov. Farovon hayot sari… (Emil Zolya)

Inson uchun hayotda birdan-bir baxt – bu doimo olg‘a intilishdir. Agar siz haqiqatni yashirib, tuproqqa ko‘msangiz, u beshak unib chiqadi va shunday qudratli bir kuchga aylanadiki, kun kelib, o‘z yo‘lida uchragan jamiki narsalarni bir chetga surib tashlaydi.

Er yuziga haqiqat urug‘ini sochgan atoqli frantsuz adibi, naturalizm adabiyotining yo‘lboshchisi, dramaturg, shoir va publitsist Emil Zolya 1840 yilning 2 aprelida Parijda dunyoga keldi. Zolya otasi (asl kelib chiqishi italyan millatiga mansub quruvchi muhandis) Fransua Zolya hamda onasi farang qizi bo‘lgan Emiliya Oberlarning yolg‘iz farzandi edi. U yoshligidan adabiyotga oshno bo‘lib, Shekspir, Moler, Monten asarlari ta’sirida o‘sdi. 1859 yili bakalavrlik imtihonidan yiqilgan Zolya ilmiy darajasiz qolib, og‘ir moddiy tang­likni boshidan kechiradi. Ko‘pgina qiyinchiliklardan so‘ng noshir Lui Ashetning nashriyotida to‘rt yil davomida kotiblik qiladi. Ana shu vaqt oralig‘ida u o‘zining ilk ijod namunalari hisoblanmish “Ninon ertak­lari” hikoyalar to‘plamini, “Klodning tavbasi” va “Marsel sirlari” romanlarini nashr ettirdi. Bular romantiklarga taqlidan yozilgan asarlar edi. 1863-66 yillar ichidada Zolya turli jurnallarda o‘zining adabiy-tanqidiy maqolalari, ocherk­lari bi­lan muntazam chiqishlar qila boshladi. Bu paytda u adabiyot olamida yozuvchi sifatida tanilib bo‘lgan edi. Yosh adibda adabiyotdagi yangi yo‘nalish – naturalizmga qiziqish paydo bo‘ladi. Uning “Tereza Raken” (1867) va “Madlen Fera” (1868) romanlarini naturalistik ta’limotni o‘ziga singdirgan dastlabki asarlar deyish mumkin.

Naturalizm XIX asrning 60-yillarida Yevropa hamda Amerika adabiyoti va san’atida yuzaga kelgan va realizmdan farqi, voqelikni faqat tashqi tomondan aniq aks ettirishga ahamiyat beradigan oqimdir. Naturalizm tarafdorlari “insonning axloqiy qiyofasi uning fe’l-atvori, yurish-turishi, muomalasi bilan emas, balki atrof-muhit yuzaga keltirgan shart-sharoit tufayli qat’iy belgilanadi”, degan qarashni ilgari surgan edilar. Naturalizmda shaxsdan ko‘ra, omma, tabaqa, sulola va guruhlar hayotining badiiy tasvirlari ustuvorlik qiladi. Uni mutaxassislar, asosan, olomon psixologiyasini aks ettirishga yo‘naltirilgan tasvir usuli sifatida tadqiq etadilar.

Adib ijodiy faoliyati davomida bir nechta hikoyalar to‘plami, adabiy-tanqidiy kitoblar, publitsistik keng qamrovli maqolalar, dramatik asarlar yaratgan bo‘lsa-da, biroq u o‘zining ulkan romanlari bilan katta shuhrat qozondi. Ushbu asarlarning aksariyati “Rugon Makkarlar” (1871-1893) nomi bilan ataladigan 20 jildli turkumga kiritilgan. Zolya epopeyada Frantsiya o‘tmishidagi nihoyatda og‘ir 1850-60 yillarga murojaat etadi. Mamlakat hayotida ro‘y bergan bu jiddiy voqealar adib ijodida ham tub burilish yasaydi. Epopeyada asosan Ikkinchi imperiya davridagi siyosiy tuzum qoralangan bo‘lsa, “Rugonning ulg‘ayishi” (1871), “Tor-mor” (1893), “O‘lja” (1872), “Pul” (1891) romanlarida burjua jamiyatining kirdikorlari fosh etiladi.

Bundan tashqari Emil Zolya o‘zining “Tuzoq” (1877) va “Hamal” (1885) romanlarida oddiy mehnatkashlarning oliyjanobligi, insoniy fazilatlarini yorqin bo‘yoqlarda gavdalantiradi.

Ayniqsa, “Hamal” romanidagi badiiy tasvirlar yozuvchining yuksak mahorat egasi ekanligidan dalolat beradi.

Ijodda tinim bilmas adib o‘z asrining 90-yillarida, ya’ni imperia­listik kuchlar yanada kes­kinlashgan bir paytda, o‘zining “Uch shahar” (Lurd, Rim, Parij) trilogiyasini yaratadi. Xristian dini va Rim papasining kirdikorlarini fosh etgan bu uch roman katolik cherkovi man etgan asarlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Adibning so‘nggi “To‘rt injil” turkumidagi (“Serpushtlik” – 1899, “Mehnat” – 1901, “Haqiqat” – 1902 va “Adolat” (tugallanmay qolgan) romanlari frantsuz ishchilar harakatidagi ko‘tarilish davrida yuzaga kelgan o‘tkir syujetli asarlar sirasiga kiradi.

Zolya ijtimoiy hayotda ham juda faol edi. U XIX asr oxirlarida Frantsiyada juda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan “Dreyfus ishi” (boshqa millat vakillarining soxta ayblov bilan qamalishi) bo‘yicha Frantsiya Respublikasi Prezidentiga “Men qoralayman..!” (1898) nomli ochiq xat bilan murojaat qiladi. Buning uchun esa Respublika hukumati adibga 1898 yil 23 fevralda qamoq jazosi haqida hukm chiqaradi. Biroq adib katta jarima evaziga qamoq jazosidan qutulib qoladi va Angliyaga ketadi. Bir yildan so‘ng Zolya yana o‘z ona yurtiga, Parijga qaytadi.

1902 yilning 29 sentyabri… Zolya va uning rafiqasi Aleksadrina Medandan qaytishgach, xonalarida kamin mo‘risidan chiqqan gaz isidan zaharlanadilar. Isyonkor adib ana shu tariqa tasodifiy o‘lim topadi, rafiqasi esa omon qoladi.

Uning vafoti olamshumul motamga aylandi. Matbuotda “butun dunyoni egallagan qayg‘u” haqida tinimsiz yozib borilar, adibga butun dunyoda ehtirom ko‘rsatilardi.

Emil Zolya xalq uchun teatr yaratishni bir umr orzu qilgan edi. U o‘zining “Frantsiyaning olg‘a yurishi” turkumidagi dramasida mustabidlik harakatlariga qarshi kurashni maqsad qilgan edi. Biroq bu ulkan maqsadni amalga oshirolmadi.

Zolya romanlarida, garchi qaltis ijtimoiy ziddiyatlar tasvirlangan bo‘lsa-da, u ma’lum siyosiy tuzumga dastyorlik qilishni, maddohlikni o‘ziga or deb bilgan. U har qanday sharoitda va har qanday vaziyatda ham o‘zi tanlagan tamoyilga, ya’ni haqqoniyat tamoyiliga sodiq qolgan. Shuning uchun ham uning nomi va yozgan asarlari abadiyatga muhrlanib, kelgusi avlodlarning ruhiy-ma’naviy olamini boyitishga xizmat qilaveradi.

Mahmadiyor Asadov tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son