Erkin Usmonov. “Vern sayyorasi”ga sayohat

Agar ushbu yozuvlarimizda “Adib falon yili tug‘ilgan, falon yili vafot etgan, falon – piston asarlar yozgan”, degan so‘zlar bilangina kifoyalansak, ular anchayin jo‘n, quruq sanalaru g‘aribgina ma’lumotlardangina iborat bo‘lib qolardi. Jyul Vern singari olamshumul adiblarga – ku inchunun!

Zero, bu buyuk frantsuz yozuvchisi hali hayotligidayoq “afsona”ga aylanib ketgan insonlardan biri edi. Zamondoshlari uni “tinim bilmas sayohatchi” deb hisoblasalar, kimlardir uni “dengizchi, kema kapitani” deb o‘ylashar, yana kimlardir “ko‘chirmakash yozuvchi” deb g‘iybat qilar, boshqalar esa, “bunaqa yozuvchi yo‘q. Jyul Vern – bu geografik jamiyatning nomi. Ana shu tashkilotning a’zolari shu nom ostida kitoblar yozadilar”, deb isbotlashga urinadilar.

Aslida esa, Jyul Vern yozib charchamaydigan yozuvchi edi. U faqat ijod og‘ushidagina xordiq chiqarardi. Hatto aytishadiki, Vernning uyiga uni ko‘rgani kelgan mehmonlarni ham oilasi davrasiga o‘tqazib qo‘yib, o‘zi xonasida yozib-chizib o‘tiraverarkan. Jyul Vern umr bo‘yi ana shunday ishladi. 60 yildan ortiq davom etgan ijodiy faoliyati mobaynida tinimsiz yozdi va jami yozgan asarlari 130 jildni tashkil etdi.

Uning asarlari boshqalarnikiga o‘xshamas, go‘yo u boshqa dunyoda, o‘zga bir sayyorada yashar, aniqrog‘i, uning romanlaridagi voqea-hodisalar yerda ham, osmonda ham, suv ostida ham, kosmosda ham sodir bo‘lardi. Jyul Vern shu tariqa o‘z olamini yaratdi. Ya’ni, zamonaviy ilmiy-fantastik roman janrining asoschilaridan biri bo‘lib qoldi. Aynan uning asarlari orqali jahon adabiyotiga jasur sayyohlar, kashfiyotchilar, olimlar, muhandislar, o‘z hayotini ilm-fan va texnika taraqqiyotiga bag‘ishlagan odamlar obrazi hamda geografik, geologik, biologik, astronomik, aeronavtik va tibbiy mavzular kirib keldi. Diqqatga sazovor tomoni – insoniyat tarixida suv osti kemalari, samolyotlar, elektr yoritgichlar va telefonlar yaratilishini birinchi bo‘lib bashorat qilgan kishi ham Jyul Vern bo‘ldi. Aytishlaricha, unga ana shu yo‘lni ko‘rsatgan, fan va adabiyotni omuxta qilib asarlar yozishga da’vat etgan mashhur frantsuz yozuvchisi Aleksandr Dyuma bo‘lgan ekan. Lev Tolstoydek ulug‘ adib ham Jyul Vernning ana shu “mahorati”ga tan bergan, hatto uning “Er shari bo‘ylab 80 kun” romaniga suratlar ham chizgan. Dmitriy Mendeleevdek buyuk olim esa uni “daho” deb atagan, dengizning qudrati va suv osti to‘lqinlarining elektr quvvati haqida ixtirolar qilgan akademik Jorj Klod bo‘lsa, bu kashfiyotlariga Jyul Vernning “Kapitan Nemo” asari sabab bo‘lganini e’tirof etadi. Birinchi bo‘lib suv osti kemasini yaratgan ixtirochi Lebef va taniqli g‘orshunos olim Kasterlar ham adibni o‘z kashfiyotlarining “hammualliflari” hisoblaydilar, o‘zlarida ilmga muhabbat tug‘ilishiga aynan Jyul Vern asarlari sabab bo‘lganini faxr bilan tilga oladilar.

Adibning “Havo sharida besh hafta” nomli birinchi romaniyoq kitobxonlarda katta qiziqish uyg‘otgan. Nashriyot yosh yozuvchining kelajagiga ishonch hosil qilib, u bilan 20 yilga, har yili 3 ta roman yozib berishga shartnoma tuzgan va biz bilgan “G‘aroyib sayohatlar” nomli romanlar turkumi shu taxlit dunyoga kelgan. Ya’ni, adibning “Kapitan Grant bolalari”, “Er markaziga sayohat”, “Sirli orol”, “O‘n besh yoshli kapitan”, “Suv ostida 80000 kilometr”, “Suzib yuruvchi orol” singari mashhur romanlari ana shu sa’y-harakatining mahsuli o‘laroq yaratilgan.

Shu o‘rinda kutilmagan va g‘alati bir ma’lumotni ham keltirib o‘tmoq joiz ko‘rinadi. Hamma gap shundaki, Jyul Vern hech qachon O‘rta Osiyoda, xususan O‘zbekistonda bo‘lmagan. Ammo o‘zining “Klodius Bombarnak” nomli romanida O‘rta Osiyoning tarixi, geografik o‘rni va iqlimi, mahalliy xalqlarning urf-odatlari haqida shunday yozadiki, hayron qolasan. Jumladan, asar qahramoni tilidan Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarni tasvirlarkan, Buxoroni “Turkiston Rimi” deb ta’riflasa, Samarqandning tarixiy obidalari, ko‘cha va mahallalari, bog‘lari, odamlari to‘g‘risida nihoyatda ishonarli tarzda hikoya qiladiki, yozuvchining tasavvur olami kengligiga, quvvayi hofizasiga, taxayyuli cheksizligiga beixtiyor qoyil qoladi kishi. U o‘zining o‘nlab romanlari qatorida “Frantsiyaning bezakli geografiyasi”ni ham yozgan, 6 jildlik “Buyuk sayohatlar va sayohatchilar” entsiklopediyasini, 4 jildlik “Ilm-fan va ishlab chiqarishning dunyoni zabt etishi” singari ilmiy asarlarini ham yaratdi. Zero, u yozishdan charchamaydigan yozuvchi edi. U 81 yoshga to‘lgandagina toliqqanini his qildi, tobi qochdi, xastaliklarga chalindi, ko‘zlari ko‘rmay qoldi, ammo shunga qaramay, oxirgi romanlarini nabiralariga aytib turib yozishga harakat qildi. Frantsiyaning Amene shahridagi qabristonda uning qabriga mahobatli yodgorlik o‘rnatilgan bo‘lib, unda yodgorlikni qabrdan yelkasida ko‘targancha turgan Jyul Vern timsoli tasvirlangan va tagiga “Abadiyat va mangu yoshlik sari” degan so‘zlar yozib qo‘yilgan ekan. Yana bir ajoyib ma’lumot. XX asrda Oyning orqa tomoni kosmik raketalar tomonidan birinchi marta suratga tushirilganda yangi kashf etilgan kraterlardan biriga “Jyul Vern” nomi berilgan ekan. Demak, buyuk adibning nomi nafaqat yer yuzida, balki yuksak va olis samolarda yashayapti, deyish mumkin. Buning nomi esa bir so‘z bilan aytganda “Mangulik” deb ataladi…

     “Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son