Bobur Nabi. Charlz Dikkensning iqrori

G‘arb adabiyoti deganda, avvalo nafosat, sarguzasht va taxayyulga boy adabiyot ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Aynan shu xususiyatlari bilan ham bu adabiyot boshqa adabiyotlaridan ajralib turadi. Qirolicha Viktoriya davrida (o‘n to‘qqizinchi asr) ilm-fan va adabiyotga juda katta e’tibor qaratilgan, qahramonimiz ana shu zamonning zabardast yozuvchisi, dovyurak adabiy tanqidchisi va jasoratli jurnalisti Charlz Dikkensdir. Mutaxassislar uning asarlari o‘ziga xosligi, yangi qahramon yaratish bo‘yicha uni Shekspirdan keyingi o‘rinda turadi deb e’tirof etadilar. Adibning 15 ta roman, 5 ta novella va yuzlab hikoyalari, maqolalaru ma’ruzalari bizgacha yetib kelgan.

Charlz Jon Haffem Dikkens 1812 yilning 7 fevral kuni Portsmut shahrining Portsi degan hududida Jon Dikkens (1785-1851) va Elizabet Dikkens (1789-1863) xonadonida dunyoga keladi. Otasi o‘sha paytlarda Nevi Pey idorasida ma’lum vaqt yuqori lavozimda ishlaydi. Charlz tug‘ilganidan keyin bu oila Blumsberidagi Norfolk ko‘chasiga ko‘chib ketadi. Charlzning bolaligi sarsonu sargardonlikda, yoshligining asosiy qismi esa sayohatlarda kechadi. Shunday bo‘lsa-da, u adabiyotdan yiroqlashib ketmaydi. U yoshligidanoq Tobias Smollet va Henri Fildingning sarguzasht romanlarini sevib mutolaa qiladi. Uning bolaligida kechgan qayg‘uli xotiralar va o‘zi sevib o‘qigan mazkur romanlar esa keyinchalik asarlaridagi qahramonlar siymosi uchun zamin yaratgan bo‘lsa ajab emas.

Charlz juda qisqa vaqt xususiy maktabda tahsil oladi. Oila moliyaviy jihatdan qiyinchiliklarga uchragach, 1822 yilda Dikkenslar Londondagi Kemden shaharchasiga ko‘chib ketishga majbur bo‘ladilar. Uzluksiz davom etgan bu moliyaviy tanglik 1824 yilda Jon Dikkensni Londondagi Marshalsi qarzdorlar qamoqxonasiga tushishgacha olib keladi.

Oradan bir necha oy o‘tib, Jon Dikkensning buvisi Elizabet Dikkens (ota tomondan) vafot etadi va unga 450 funt-sterling meros qolgani haqida xabar keladi. U bu pullar evaziga qamoqdan ozod qilinib, bir yo‘la qarzlaridan ham qutuladi. Ko‘kragiga biroz shamol tekkan, Jon oilasi bilan Marshalsini ham tark etib, Kemden shaharchasida yashovchi do‘sti Roylens xonimlarnikiga ko‘chib boradi. Charlz nochor ahvolda qolgan paytlarida poyabzal fabrikasida ishlar, otasining qamoqdan chiqqaniga qaramay, onasi uning fabrikadan ketishiga ruxsat bermasdi.

Beshafqat kechgan bolalik yillarini u “Devid Kopperfild” avtobiografik romanida nihoyatda ta’sirli qilib tasvirlaydi. “Mening na maslahatgo‘yim, na nasihatgo‘yim, na ruhlantiruvchim, na ko‘ngilga taskin beruvchim, na menga yordam beruvchi va na meni qo‘llab-quvvatlovchi odamim bo‘lgan, umuman, men hech kimdan muruvvat kutmaganman, go‘yo Arshga ketayotgandek yolg‘izlanib qolganman”.

1830 yilda 18 yoshli Dikkens birinchi muhabbatini uchratadi. Mariya Bednell ismli bu go‘zal qiz keyinchalik “Devid Kopperfild”da Dora obrazida namoyon bo‘ladi. Ularning bir-biriga bo‘lgan iliq munosabatidan voqif bo‘lgan Mariyaning ota-onasi qizini Parijdagi maktabga jo‘natib yuborishadi.

Yosh Dikkens aktyor bo‘lishni orzu qilar, biroq oiladagi og‘ir sharoit tufayli u ishlab pul topishga majbur edi. U stenografiyani o‘rganib, gazetada muxbir bo‘lib ham ishlaydi. 1833 yil dekabr oyida uning ilk “Janob Mins va uning amakivachchasi” nomli ocherki e’lon qilinadi.

Ayni kuch-quvvatga to‘lgan Charlz Dikkens 20 yoshida nafaqat jismonan, balki ijod borasida ham biroz ulg‘ayadi, yumorga moyilligi ortadi: u kelajakda kim bo‘lishini bilmasa-da, kun kelib mashhur bo‘lib ketishini ich-ichidan sezardi. U ish faoliyatini teatrdan boshlaydi-yu, lekin sharoit taqozosi tufayli u yerda ham uzoq ishlolmaydi. Oradan bir yil o‘tgach esa uning ilk “Poplar Volkdagi tushlik” deb nomlangan hikoyasi “London periodikal” oylik jurnalida chop etiladi. Shu hikoya sabab u Furnival mehmonxonasida yashay boshlaydi, negaki, Charlz endi siyosat borasida ham yetuk jurnalistga aylanib ulgurgan, parlament bahslarida qatnashib, Britaniya bo‘ylab yalpi saylov kompaniyalari haqida “Morning Xronikl” gazetasida yangiliklar berib borardi. U o‘zining qo‘lyozmalariga Boz-Boz deb imzo chekardi. Holbuki, bu taxallus avvaliga Mozes bo‘lib, keyinchalik bu ism og‘izdan-og‘izga o‘tib, Bozesga aylangan, yanada qisqarib, Bozga aylanib ketgandi.

1836 yildan yosh adib “Oliver Tvist” asari ustida ish boshlaydi. 1838 yilda bu roman unga mislsiz shon-shuhrat keltiradi va Dikkensning durdona asarlaridan biri sifatida tarixga muhrlanadi.

1836 yil 2 aprelda 24 yoshli Charlz “Ivning Xronikl” gazetasi muharriri Jorj Xogartning qizi Katerin Tomson Xogartga uylanadi. Oradan biroz o‘tib ular Furnivalga qaytishadi va birinchi farzandi Charli tug‘iladi. U ukasi Frederik hamda 17 yoshli qayinsinglisi Meri bilan Blumsberi(London)ga ko‘chib keladi. Dikkens Merini tobora so‘lib borayotganidan, o‘zining qo‘lidan hech nima kelmayotganidan aziyat chekardi. Lekin 1837 yilda Meri og‘ir xastalikdan (xastalik haqida ma’lumotlar qoldirilmagan) Charlzning qo‘lida jon beradi. Merining bevaqt o‘limi uning ruhiyatiga juda qattiq ta’sir qilib, ancha paytgacha o‘ziga kelolmay yuradi. Uning siymosi Dikkensning ko‘z o‘ngidan ketmasdi. U bilan bog‘liq xotiralarni esa o‘zining “Kichkina katta” nomli asarida Rouz Meyli timsolida aks ettirishga erishadi. Hatto “Oliver Tvist” romanini davom ettirishga ham qo‘li bormaydi.

1842 yilda Charlz Dikkens oilasi bilan birinchi marta AQSh va Kanadaga safar uyushtiradilar. Safar davomida yozuvchi juda ko‘plab muammolarga duch keladi.

Yozuvchi 1844 yili qisqa vaqt Italiyada, keyin esa Shveytsariyaga (1846) safar qilgandi. Shu asno Dikkens ijodida jiddiy o‘zgarish ro‘y beradi. “Dombi va uning o‘g‘li” hamda “Devid Kopperfild” singari jiddiy mavzudagi romanlarini yozib bitiradi…

1850 yillarda Dikkens ijodi yangi bosqichga ko‘tariladi. Bu davrda u “Sovuq o‘t”, “Og‘ir damlar”, “Ikki shahar haqida qissa” romanlarini yozadi. Bu romanlarda jamiyatda yuz berayotgan muammolar badiiy, yorqin bo‘yoqlarda qalamga olinadi.

Dikkens haqida biograf Kleyr Tomalin ancha iliq gaplar yozib qoldirgan. Kleyr yozuvchini qahramon yaratish bo‘yicha Shekspirdan keyingi o‘rinda turadigan mohir adib ekanini alohida ta’kidlaydi. Uning qahramonlari, ayniqsa, original ismlar bilan topilgan obrazlar ingliz adabiyotida abadiyatga muhrlangan. Masalan, Abunazar Skruj, Yoqub Marli, Bob Kretchit, Oliver Tvist, rassom Dodjer, Devid Kopperfild, Samuel Pikvik, Uriya Hip singari qahramonlar hozirda Britaniya madaniyati namoyandalariga aylangan.

Virjiniya Vulf unga quyidagicha ta’rif beradi: “Dikkensni o‘qiganimizda ruhiy jihatdan o‘zimizni yana qayta poklagandek bo‘lamiz. U aniq va muqarrar bo‘lmagan, detallarda uchramaydigan qahramonlarni yaratdi, lekin uning yovvoyi qalami ajabtovur, o‘ziga xos obrazlarni kashf etdiki, ularni ilg‘amaslikning iloji yo‘q edi”.

1870 yilning 8 iyun kuni Dikkens kun bo‘yi qattiq ishlash jarayonida insultdan hushini yo‘qotadi va ertalabgacha o‘ziga kelmaydi. 9 iyun kuni Charlz Dikkens o‘z uyida olamdan o‘tadi. O‘zining vasiyatiga ko‘ra, uni Vestminster Ebbeydagi Shoirlar burchagiga dafn etadilar. Uning qabriga: “1870 yilning 9 iyunida 58 yoshida Kent shahridagi Rochester yaqinidagi Hayem qishlog‘ida, o‘zining qarorgohida vafot etgan Charlz Dikkens (Angliyaning eng mashhur muallifi) xotirasiga bag‘ishlanadi. U bechoralar, mazlumlar va tushkunlarning hamdardi edi, uning vafotidan so‘ng Angliyada buyuk yozuvchilar safi bittaga kamaydi…” degan satrlar bitiladi.

Oxirgi marta qizi Jorjina yozuvchidan qayerda uxlashini so‘raganda u “Erda!” deb javob bergandi… Bu uning oxirgi iqrori edi.

Hozirda ko‘plab muzeylar Charlz Dikkens nomi bilan ataladi, uning asarlari va qahramonlari aks etgan bayramlar muttasil nishonlanib kelinadi. Portsmutda Charlz Dikkens uy-muzeyi ham bor. 1891 yilda Filadelfiyaga qo‘shni hudud bo‘lmish Klark Parkdan Fransis Edvin Elvell tomonidan taroshlangan Dikkensning bronza haykali topiladi.

2012 yili esa London muzeyida yozuvchining 200 yillik yubileyi zo‘r tantana bilan nishonlandi. Bu tantana xalqning unga bo‘lgan buyuk ehtiromi va e’tirofidir.

Bobur Nabi tayyorladi.

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son