Burobiya Rajabova. Navoiy yashagan uy

Hirot shahrida hazrat Alisher Navoiy yashagan uyga tarixiy manbalarda, jumladan, “Boburnoma”da ham “Unsiya” (“unsiya” arabcha so‘z bo‘lib, ulfat, chin do‘st degan ma’noni bildiradi — B.R.) deb nom berilgani zikr etiladi. Ya’ni bu qutlug‘ dargoh do‘stlar, ijod ahli, ustoz va shogirdlar suhbat quradigan ezgulik, xayru ehson hamda ilm-ma’rifat maskani hisoblangan. Ulug‘ shoir o‘zining “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” nomli hasbi hol xarakteridagi asarida “ota masobasidagi” ustozi Sayyid Hasan Ardasherning o‘n to‘rt yoshdagi yolg‘iz farzandi Sayyid Muhammad vafotidan keyin ancha ruhiy tushkun kayfiyatga tushganda unga ma’naviy farzand maqomida har doimgidan ham ko‘proq e’tibor qaratib, o‘z hovlisi — Unsiyasidan alohida turar joy qilib bergani haqida shunday qimmatli ma’lumotni yozib qoldirgan: “…iltifoti zotiysi bu faqir bila bor erdi va farzand, deb erdilarkim, o‘z havlim go‘shasida alar uchun bir muxtasar maskane alohida tartib qilib erdim, gohiki mufrit riyozatlardin ta’blarig‘a kalole (xastalik, zaiflik, charchoq ma’nosida — B.R.) voqe’ bo‘lsa erdi, xotirlari tashxizi uchun ul maskan­g‘a kelib bir kun-ikki kun turub, yana xonaqohg‘a o‘z xilvatlarig‘a borurlar erdi”. Bir tomondan, bu betakror e’tirof tufayli Navoiyning ustoziga ko‘rsatgan himmatidan “Unsiya” misolida xabardor bo‘lsak, ikkinchi tomondan esa, ushbu lirik chekinish bilan ulug‘ shoir o‘zining “Jahondin, ko‘rki, kimlar kom (bahra) olibdur, Bu eski dayr kimlardin qolibdur”, degan hikmatga yo‘g‘rilgan baytini bizga eslatadiki, bu da’vat faqat kasbu korimizdagina emas, balki o‘z uyimizda ham bag‘rikenglik bo‘lishi lozimligini uqtiradi.

Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” nomli tazkirasining xotima qismida fozil va amirlardan olti kishining zikri keltiriladi, jumladan, amir Alisher Navoiy haqidagi zikrda u yozgan oliy dargoh haqidagi ma’lumotu tasvir bilan tanishar ekanmiz, bu “Unsiya” haqidagi ishonchli tasvir va xabar ekanligiga amin bo‘lamiz. Chunonchi: “Shu kunlarda bu ulug‘ amir dinu davlat homiysi, shariat va millat pushti panohidir. Zamon podshosi (Sulton Husayn mirzo — B.A.) uning foydali nasihatlaridan bahra olmoqda. Munosib do‘stlari, (baland) martabali arboblar uning yoqimli suhbatidan minnatdor ham rozidirlar. Uning himmatli majlislari fozillar tilagi, oliy dargohi (Unsiyasi — B.R.) fuqaroning murojaatgohi, dasturxoni hijronzadalar uchun turli nozu ne’matlarga to‘la, eshigi muhtojlarga hamma vaqt ochiqdir”.

Bobur o‘z memuarida bu qutlug‘ maskanni ikki o‘rinda hurmat bilan tilga oladi. Birinchidan, u 1506 yilda Hirotga kelganida ustozi Navoiyning “Unsiya”sida bir muddat yashaganini, faoliyati hamda ijodi bilan yaqindan tanishganini, uning o‘ziga xos ruhiy olamidan kuch-quvvat, fayzu baraka olganini faxr va cheksiz ehtirom bilan shunday xotiralaydi: “Tonglasi kelib Bog‘i Navda tushtum. Bog‘i Navda bir kecha bo‘ldum, ani munosib ko‘rmay Alisherbekning uylarini tayin qildilar, Hiridin chiqquncha Alisherbekning uylarida edim”. Ikkinchidan esa “Yigirma kunkim, Hirida erdim, har kunda ko‘rmagan yerlarni sayr qilur edim. Ajzchimiz bu sayrlarda Yusuf Ali ko‘kaldosh edi”, deb Hirot sayri va safari haqida batafsil yozadi. Shaharning oltmishdan ziyod mashhur tarixiy, madaniy obidalari, masjidu madrasa, bog‘ va bog‘chalari bilan yaqindan tanishganini birma-bir sanab, izohlaydi hamda shulardan shaxsan Alisher Navoiy barpo qilgan Alisherbek bog‘chasini, taxti Navoiyni, “Qudsiya” nomli maqbara masjidini, “Xalosiya” va “Ixlosiya” xonaqohini, “Safoiya” va “Shifoiya” nomli hamom va dorushshifosini diqqat bilan ko‘rganini yozadi va “…Alisherbekning o‘lturur uylarini “Unsiya” derlar”, deb kitobxon uchun yana bir bor alohida izoh va tushuntirish beradi. Ishonchli manbalardan, jumladan, “Boburnoma”dan ma’lumki, Bobur Mirzo ulug‘ shoir bilan maktub yozishgan: “Bu ikkinchi navbat Samarqandni olg‘onda, Alisherbek tirik edi. Bir navbat manga kitobati ham kelib edi.

Men ham bir kitobat yiborib edim, orqasida turkiy bayt aytib, bitib yiborib edim. Javob kelguncha tafriqa va g‘avg‘o bo‘ldi”.

Demak, Alisher Navoiy hayotligida bir-ikki bora maktub yozishgan Bobur uchun “Unsiya”da yashash favqulodda tarixiy, madaniy va ma’rifiy hodisa edi. Bobur bu maskanda Alisher Navoiy ijodi va faoliyati bilan yanada yaqindan tanishish baxtiga, imkoniyatiga muyassar bo‘lgan. Muhimi, u o‘z asarida kelajak avlod uchun Alisher Navoiyning hayoti, ijodi, ijtimoiy faoliyati to‘g‘risida: “Yana Alisherbek Navoiy edi, begi emas edi, balki musohibi edi…”, “Alisherbek naziri yo‘q kishi edi”, “Ahli fazl va ahli hunarg‘a Alisherbekcha murabbiy va muqavviy ma’lum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay…” kabi xulosayu xabarlarni izohlari, ­sharhlari bilan yozib qoldirdi. Demak, Boburning Alisher Navoiyning “Unsiya”si bois bitgan bunday dalilga boy tarixiy ma’lumotlarini bugun hayrat va shukronalik hissi bilan nafaqat biz, balki butun olam ahli o‘qib-o‘rganmoqda, ramziy ma’noda, uvaysiy holatda “Unsiya”ni ziyorat qilmoqda.

Burobiya Rajabova, filologiya fanlari nomzodi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 46-son