Burobiya Rajabova. Alisher Navoiyning huquqqa oid qarashlari xususida

http://n.ziyouz.com/images/alisher_navoiy2Ishonchli manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy yoshligida fiqh ilmidan mukammal ta’lim olgan. Samarqandda esa a’lam ulamo Xo‘ja Fazlulloh Abulays xonaqohi hujralaridan birida istiqomat qilib, fiqhdan ikki yil tahsil ko‘radi. Hirotda u o‘sha davrdagi ustozlaridan biri Mavlono Fasihiddin Nizomiydan fiqh va falsafadan dars oladi.

Demak, Navoiy fiqh ilmining jamiyatdagi va inson hayotidagi ahamiyatini tushungan. Shu bois “Farhod va Shirin” dostonida:

Quyoshliq istasang, kasbi kamol et
Kamol ar kasb etarsen, bemalol et –

deb shahzoda Shohg‘arib mirzoga murojaat etadi. Ulug‘ shoir shahzodani har narsaning mohiyatini bilish uchun fiqh, hadis, tafsir – uch ilmni qunt bilan o‘rganishga chaqiradi va “bu uch ilm sen bil” deb ustozlarcha da’vat qiladi. Yana Shohg‘arib mirzoga bu uch ilmdan tashqari tib, tarix, hikmat ilmiga mayl qilishni, ularni o‘rganishni maslahat beradi. Navoiy kelajak avlodga – yoshlarga o‘z she’rlaridan birida “Kamol et kasbkim, olam uyidin”, deya samimiy istak bildirib, komillikka intilgan yoshlarni ham uch ilmni o‘rganishga targ‘ib qiladi.

Navoiy bu uch ilmni ham bilgan, qadrlagan, ulardan naf topgan. Shuningdek, tib ilmini puxta bilgani sababli “Hayrat ul-abror”ning “Uchinchi hayrat”ida inson organizmining tuzilishi, unga xos xususiyatlarni nafaqat badiiy, balki tibbiyotga mos holda real tasvirlab ko‘rsatgan. Tarixiy asarlarni ham ijodkor, ham muarrix sifatida mukammal yoza olgan. Hikmat ilmining bilimdoni sifatida o‘zi yaratgan va o‘zlashtirgan hikmatlari bilan asarlariga badiiy zeb berib, umrboqiy ma’no-mazmun, g‘oyalarni singdira olganki, XXI asr navoiyshunosligida “Navoiy shohbaytlari” degan yangi bir yo‘nalish paydo bo‘ldi.

Navoiy asarlariga nafaqat badiiy-estetik jihatdan, balki huquqiy, axloqiy, ijtimoiy tasavvurni anglashning manbai sifatida ham qarash mumkin. O‘ttizdan ortiq asarlarida ulug‘ shoir XIV — XV asrlardagi siyosiy va huquqiy g‘oyalar — odamlarning huquqiy ong darajasi, mulkiy, axloqiy, oila-nikoh munosabatlarini tartibga soluvchi ijtimoiy normalar, jinoyat va jazo masalalari haqida keng ma’lumotlar beradi. Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal kabi mashhur axloqiy uchlik Navoiy siyosiy va huquqiy tushunchalarining asosini tashkil etadi. “Odil shoh” (“Salotinlar zikri”) hukmronligi ostidagi kuchli davlat g‘oyasini ilgari surgan Navoiy adolatli jamiyat qurish bilan bog‘liq umidlarini Husayn Boyqaro bilan bog‘lar ekan, keyinchalik “Vaqfiya” asarida shunday yozadi: “…ul Hazratning qullug‘ida necha nav’ xizmatkim, dunyo sudi andin paydo va oxirat behbudi andin huvaydo bo‘lg‘ay, o‘zumga lozim tuttum va necha nav’ ishkim, xaloyiq duosig‘a bois va Xoliq rizosig‘a sabab bo‘la olg‘ay, qoshimda muqarrar qildim. Va Tengri inoyatidin bu ishlar borcha muyassar bo‘ldi”.

Navoiydagi huquqiy qarashlar va fikrlarning hayotiyligi boisi, birinchidan, ulug‘ shoirning fiqh ilmini keng va chuqur bilishi bo‘lsa, ikkinchidan, huquq ijodkori, tashabbuskori va ijrochisi sifatida o‘ttiz yildan ortiq davlat ishlaridagi faoliyatidir. Navoiy shoh saroyida yuksak obro‘-e’tiborga — podshohga ta’sir etishdek nodir huquq va imkoniyatga ega bo‘lgan. Bu haqda Xondamir Husayn Boyqaroning Navoiyga yozgan maktubi asosida “Makorim ul-axloq”da quyidagicha ma’lumot beradi: “O‘zlari biladilarki, hech qachon o‘rtada takalluf va o‘zgalik bo‘lmay, hamma vaqt so‘z shu tariqa kechardiki, ul saltanat tayanchining xotiriga, xayrixohlik va yaxshi fikrda bo‘lish yo‘li bilan, nimaiki kelsa to‘qqiz martagacha uni aytishga ijozat berilgan edi. Bizning ham hamma vaqt xotirimizga nimaiki kelgan bo‘lsa, mehribonlik yuzasidan izhor qilardik”.

Masalan, Husayn Boyqaro Xorazm viloyatini obod qilish uchun Xurosondan uch ming xonadonni Xorazmga ko‘chirish haqida farmon chiqaradi. Amir Navoiy fuqarolarning yashash huquqini himoya qilib, davlat manfaati uchun qattiq turib, yuksak ma’naviy bir jasorat bilan xalqni Xorazmga ko‘chirish masalasi to‘g‘risida hukmdorga to‘qqiz marotaba emas, o‘n marta arz qilib, oxiri natijaga erishadi. Husayn Boyqaro uch ming xonadon o‘rniga bir qism, ya’ni ixtiyoriy boruvchilarni ko‘chirishga qaror qiladi. Bu haqda ishonchli tarixiy manbalarda asosli ma’lumotlar quyidagicha talqin etiladi: “Navoiy arz qiladi: “O‘zingiz menga bergan farmoningizga binoan, har bir ish o‘rinsiz voqe’ bo‘lsa, to‘qqiz galgacha aytishga haqlidirman. Xalqni Xorazmga ko‘chirish masalasi to‘g‘risida to‘qqiz martaba arz qildim, natija bermadi. Balki bu ahvolni yo‘qotish jihatidan o‘ninchi martaba ham sizga bosh og‘rig‘i bo‘ldim va o‘z muddaoimga muvofiq javob topolmadim. Endilikda yana bir karra o‘z iltimosimni takrorlash bilan qabul qilishlarini umid qilaman”.

Adolatli hukmdor o‘z javobida: “Men bilamanki, Siz bu borada davlat manfaati uchun qattiq turib oldingiz, biroq saltanatimiz tongi yorisha boshlashidan ilgariroq u mamlakatni obod qilishga qattiq kirishmoqni niyat qilib qo‘yganligimizdan, bu masaladan butunlay qayta olmayman. Endi Siz ma’qul ko‘rsangiz, uch ming uylikdan to‘rt dongi (oltidan to‘rt qismi, ya’ni uchdan ikkisi) qolib, ikki dongi(uchdan biri)ni yuborishga hukm qildim”, deydi.

Navoiy turkiy til va uning ravnaqini qonun bilan mustahkamlashda, davlat tili sifatidagi maqomini tiklashda “Turk nazmida chu men tortib alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam”, deya til millatning millat bo‘lishdagi omillardan biri ekanini uqtirdi. Jomiy “Haft paykar” xotimasida Navoiy o‘z ijodi bilan adabiyotning, so‘z san’atining rivojiga ulkan hissa qo‘shgani haqida yozadi: “Qalaming ochqichi bilan so‘z eshigini ochding. Ravnaqdan qolib ketgan va xorlik burchagidan o‘rin olgan “turkiy” so‘zga sen yangidan obro‘ berding. Uni ijod maydoniga olib chiqding. U sening ­ra’ying nuridan safoli bo‘ldi, lutfing ­navosidan navoli bo‘ldi”.

Bu o‘rinda shoir asarlarida berilgan “So‘z”, “Qalam” haqidagi fasllarni eslash ham o‘rinlidir. Ulug‘ shoirni mashhur yakqalam — ramziy obrazning ijodkori deyishga haqlimiz. Navoiyning yakqalami dunyo saodatining kaliti, nafaqat ijodkorni, balki el-yurtni murodu maqsadga eltuvchi kuch, qudrat, siyosat, qonun, ilhom manbai, Haq inoyati. Yakqalam shoirning ijod maydonida qozongan zafarlarini davlat va siyosat maydonidagi maqomi bilan birlashtira olgan ramziy obrazdir. Demak, Yakqalam — ilhom, mahorat hamda yaxshi bir ­siyosat — davlat tili haqidagi qonun ijrosi, “Xamsa”ning ham timsoli. “Men turkiy she’riyatda bayroq ko‘tarib, bu mamlakatni bir qalam ostida birlashtirdim”, degan dongdor shoir fikrlarini “Hayrat ul-abror” dostonining “Nizomiy madhida”:

Ganja quyoshiki, ko‘targach alam,
Ayladi so‘z mamlakatin yakqalam —

deya Ganja quyoshi, ya’ni Nizomiy bayroq ko‘tarib, so‘z mamlakatini bir hukmronlik ostida birlashtirganligini faxr bilan yozadi. Nizomiy yakqalami Navoiy talqinida ilk “Xamsa” ijodkoriga ishora hamda chuqur ehtirom ramzidir.

“Hayrat ul-abror”ning “Uchinchi hayrat”ida esa yakqalam zarbini dunyo xalqlarini hamjihatlikka chorlovchi kuch-qudrat sifatida hamda o‘zaro tenglik, o‘zaro kelishuv kabi xalqaro huquq tamoyillarini hayrat bilan, ichki bir qoniqish bilan yozadi:

Mehr chu mashriq sori urdi alam,
Oldi jahon mamlakatin yakqalam.

Dunyo huquq tizimida musulmon fiqhiga xos bo‘lgan yagona huquq — vaqf huquqi haqida ko‘plab hujjatlar mavjud bo‘lsa-da, Navoiyning mohiyatan ikki qismdan iborat “Vaqfiya”si faqat tarixiy hujjat sifatidagi asar bo‘lib qolmay, balki memuar xarakterdagi syujetlar, lavhalar, badiiy tasviriy chizgilar, she’rlar ham jamlangan yagona asardir. Asarda “Naf’ing agar ­xalqqa beshakdurur, Bilki, bu naf’ o‘zingga ko‘prakdurur” kabi maqsadi, muddaosi Haq, xalq va adolat yo‘lidagi faoliyati bilan namuna bo‘lgan muallif obrazi qo‘llanganki, u Navoiy shaxsiyatidagi nurli chizgilarni namoyon qiladi. Real ijtimoiy munosabatlar bilan bog‘liq ravishda shaxsga, mulkka qarshi jinoyatlar tasnifini badiiy talqin qilgan. Vaqf huquqi va qoidalarining daxlsizligini tushuntirish ­maqsadida ­nazmdan ham o‘rinli foydalangan.

Bu qoidani kimki tuzar, bor o‘lsun,
Tengri bori holatda anga yor o‘lsun.
Kim buzsa, buzuqluqqa sazovor o‘lsun,
Haq la’natu qahrig‘a giriftor o‘lsun.

“G‘aroyib us-sig‘ar”ning 7 baytli “qaro” ­radifli g‘azalida ba’zi nopok faqihlarni fiqh tizimidagi faoliyatidagi adolatsizlikni tanqid qilib, poklikka, adolatga undab ­shunday misralarni yozgan:

G‘ayirdin qilg‘il zamiring safhasin pok, ey faqih,
Tobakay qilmoq firebu makr ila daftar qaro.

O‘z davrida “Xayrul bashar amir”, “Daryodil amir” unvonlarini olgan Navoiy asarlarida uchraydigan “adl va dod (ehson) ila tuzmoq”, “qonun-qoida qo‘ymoq”, “qoida va rusum tuzmoq”, “adolat va shafqat qonuni”, “akosira qoidasi”, “yaxshi oyinlar orog‘a kiyurmoq”, “odil hukm”, “rostlik, to‘g‘rilik siyosati”, “shar’ qonuni”, “ixroj hukmi” kabi huquqiy tushunchalar ba’zi o‘rinlarda Navoiyning ko‘rsatmalari shaklida badiiy talqin etilgan.

Yozuvchi va navoiyshunos Oybek Navoiyning “…bizning mamlakatda hukumat mavjud, hukmdor mavjud, qonun va huquq mavjud” kabi fikr­larini “Navoiy” romanining 2, 15, 23 — 36- boblarida badiiy mahorat bilan ko‘rsatgan. Adib buyuk tarixiy shaxs – Navoiyning mamlakatni obod va farovon qilish, adolatli davlat tuzumini barpo etish yo‘lidagi g‘ayratini tarixiy-badiiy jihatdan yoritib bergan.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Xondamirning “Xulosat ul-axbor” asaridagi “Hirotning ichki va tashqi qismidagi binolar, mo‘tabar joylar qaydi” fasli asosida fikrlasak, Navoiyni moddiy va ma’naviy merosni asrash haqidagi loyihalar ­tashabbuskori, xayru saxovat binokori, homiysi deyishga haqlimiz.

Burobiya Rajabova,

O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 37-sonidan olindi.