Botirxon Akramov. “So‘zum martabasi…” (Navoiy ijodxonasi haqida suhbatlar…)

Alisher Navoiy

Har kimsaki so‘z demak shiorida durur,
 Ma’ni guli nutqining bahorida durur…
Alisher Navoiy.

Alisher Navoiy munojotlari ­ mohiyati e’tibori-la muqaddas “oyati karima”lar bilan mushtarak ma’no va ohangda bo‘lib, uning janr (Navoiyda “sinf”) xususiyati ham Kalomi Majid ruhini ­ xos pafosini eslatib turadi…

“Munojot”larning ilohiy-falsafiy, huquqiy-sha’riy, axloqiy-ma’naviy jihatlari ­ maxsus tadqiqotlarni taqozo etuvchi katta va jiddiy mavzulardan. Biz “ilmi bade’”, “ilmi balog‘a”, “ilmi sanoye’” ­ mumtoz badiiyat qonunlari majmui ­ milliy she’riyatimiz poetikasi nuqtai nazaridan Navoiyning So‘z dahosini uning “munojot”lari mezoni ­ me’yori doirasida, qay tarzda, qaysi tartibda zuhur etishi, qanday jihatlari bilan ulug‘ murabbiy shoir ijodxonasi haqida muayyan darajada tasavvur beradi, degan umidda, shartli ravishda yetti band (bo‘lim)dan iborat “suhbat”lar shaklini tanladik.

SUHBATIMIZ IBTIDOSI

Mavzuimiz unvoni ­ sarlavhasi xususida. Men shaxsan buni Navoiy dunyosi uchun eng maqbul va matlub istiloh deb hisoblayman. Bu da’voning mo‘tabar dalolati, mantiqiy asosi shuki, janobi Muhammad Rasulilloh(s.a.v.)ning muborak hayot va faoliyatlarida “ashob”, “musohib”, “sahobiy” kabi mukarram kalomlar zamirida ilohiy mazmun, falsafiy ma’no ­ o‘zgacha hikmat zuhur etib turadi: jamiki “ahli zohir” va “ahli botin” ­ fazlu kamol egalari (hazrat Navoiyda “ahli ma’ni”)… bir-birlarini habibu anis ­ yaqin suhbatdosh, matlab-maslakdosh deb bilganlar: bu ko‘ngilning tabiiy holati ­ ruhoniy ehtiyojiga, umrning xayrli, g‘animat damlari mezoniga, yana-da aniqroq va oddiyrog‘i, kundalik hayot tarziga, muloqotlar me’yoriga aylangan. Buning mo‘tabar dalolati, bevosita jonli shahodatini Navoiy tazkiralaridan “Majolisun-nafois”da (uning sarlavhasi beixtiyor o‘ziga tortadi) yoki “Nasoimul-muhabbat”da; so‘ngra, “Xamsatul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” yodnomalarida, deyarli har bir fasl-bob va tabarruk sahifada kuzatishimiz mumkin. Chunonchi: “Faqir aning birla hamisha musohib erdim”; “…ul ashobi jovidoniy bila suhbat tutubtur”; “ashobidin so‘rdilarki”; “Debturlarki, birov bila suhbat tutmangizki, siz – Haq degaysiz, ul o‘zga nima degay”; “ko‘ngil mayli aning suhbatig‘a ko‘p bo‘ldi…”; “…aning suhbatida g‘aroyib nimalar mushohada bo‘lur erdi…”. Va xususan, Bahouddin Naqshbandda: ”Bizning tariqimiz – suhbatdur… Hayriyat – jamiyatda, jamiyat-suhbatda… Bir-biri bila suhbat tutsalar, anda – ko‘p xayru barakot…” Shuningdek, xoh “Nasoimul muhabbat” tazkirasida, xoh “Xamsatul mutahayyirin” yodnomasida bo‘lsin: “degan ermishlar…”; “so‘rdi…”, “dedi…” “dedim”, “debturki, bu so‘rmoq aning fani (kasbi)dur ­ bilur va so‘rar…” “Ko‘rdi va so‘rdi…”, “suhbat ittifoqi…” singari savol-javob zaminiga qurilgan suhbatlar, davomli, qizg‘in muloqotu unutilmas xotirot lavhalarida zikr etilgan orifona ­ hikmatli hikoyatlar goho: “ashob hozir erdilar…”, goho: “har nav’ so‘z o‘tadur erdi…” tarzidagi vobasta iboralarda ifodalanadi…

Nihoyat, bu ulug‘, chindan-da ma’rifiy va badiiy manbalari hadsiz-hisobsiz, ijodxonaga bevosita yo bilvosita aloqador she’riy (masnaviy) satrlar, asosan terma baytlar yo ruboiy bandlar ila muzayyan nasriy lavhalar, dastavval, lirik kulliyot “Debocha”larida, so‘ngra, buyuk masnaviyot ­ dostonlar muqaddimotida, boblar tarkibidagi lirik chekinish, lirik ibtido va lirik xotimalarda; nasriy asarlardan: “Muhokamatul-lug‘atayn”, “Mahbubul-qulub”, “Tarixi muluki Ajam”, “Mezonul-avzon”, “Munshaot” boblarida, ayrim sahifalarida afsonaviy-tarixiy va hayotiy tamsil-dalillar yo hikmatli baytlar tarzida o‘rin olgandirki, ularni ma’lum tartib-tizim, izchil-davomli robita asosida o‘rganish, hech shak-shubhasiz, ilmiy qimmatga egadir.

Shunchalar katta miqyos, ko‘pqirrali ko‘lamdorlik, ayniqsa, falsafiy mohiyat teranligi, badiiy ranginlik, betakror timsollar e’tibori-la Navoiy ijodxonasini ­ uning So‘z dahosini faqat badiiyat qonunlari doirasiga sig‘dirib bo‘lmasa kerak. Zotan, bu sirli-mo‘jiz, tom ma’noda ilohiy Qalam ­ “kilki Sun’” qudrati-la inkishof etilgan “so‘z guhari”ning butun joziba sirri, avvalo, ruhiy-ilohiy tahqiq, falsafiy talqinni taqozo etadi. Shu ma’noda bu qutlug‘ va ulug‘, poyonsizu bardavom mavzuni birmuncha chegaralash, kuzatilgan aniq maqsadga monand va matlub tamsillar e’tibori-la, masalan, ulug‘ ustozi Jomiy vafotiga bitgan ta’rixida abadiy munaqqash etilgan quyidagi: “guhari koni Haqiqat, durri bahri Ma’rifat, koshifi sirri Iloh” so‘z-timsollarni, hech mubolag‘asiz, Navoiyning o‘ziga, dunyoda tengi yo‘q Shaxsiyatiga nisbat berishimiz mumkin va vojibdur…

Shu maqsadda biz, birinchi navbatda buyuk masnaviyot ­ “Xamsa”ni, xususan, “Hayratul-abror”, “Sab’ai sayyora”, “Saddi Iskandariy” dostonlarini Navoiy ijodxonasi uchun asosiy, “tayanch nuqta” sifatida tanladik. Bundayin komil e’tiqod va e’timodimizning eng muhim ikki omili bor: birinchidan, “dinu iymon” ­ komil musulmonlik bobida, aniqrog‘i: “nizomul-millati vad-din Alisher” (Jomiy bahosi) maqomidagi shaxsiy sifatlari ­ pokdoman xilqati; himmat-saxovat, “naf’rasonlik” bobida ­ el-ulusga, millati va Vataniga (tili va davlatiga), keng ma’noda, jahon madaniyatiga, bashariyat manfaatlariga qilgan beadad buyuk xizmatlari e’tibori-la, ikkinchidan, “falak ko‘rmagan nodir” so‘zi, qudratda tengsiz qalami bilan ­ fasohat, badiiyat, ma’rifat maktabi-la Mashriqu Mag‘ribning o‘lmas siymolari kahkashonida eng nurafshon yulduzlarning biri va balkim, yagonasi ekanligi, avvalan shu ijodxona lavhalarida o‘z aksi ­ tajallisini topganligi ayon “namudor” bo‘lib (ko‘rinib) turadiki, bu faqat an’anaviy shavqu hayrat ifodasi ­ kamoli vasf so‘zlari emas…

Shu tariqa, yuqorida qayd etib o‘tganimizday, mushohada va mulohazalarimizni goh kutilmagan ­ g‘aroyib, goh hayotiy ­ tabiiy, goho har ikki jihat mushtarak bo‘lmish “Alisheriy” (Bobur) xos suhbatlar tarzida, muayyan tartibda bayon etib, sharhlab boramiz. Dastavval, ulug‘ shoirimizga mo‘jizakor “xomai taqdir” (“kilki Sun’”) ehson etgan “alimul-azim” Yaratuvchi Haq ila majoziy qahramon (orif-mutafakkir, shoir-“qalamzan”) oralaridagi g‘oyibona-sirli suhbat guvohi bo‘lamiz. Bunda sirli-sehrli parda ortidagi fasohat mulkining ma’budi ­ Atorud yo‘llagan “munhiyi roz” ­ sirlar darakchisi, ilk ilohiy mujda ­ so‘z farishtasining nur ila yo‘g‘rilgan sharpasi, ruhoniy suvrati ­ tasviri… xayol ko‘zgusida jilvalanib turadi. Bu ­ o‘z me’yor-maromi va aniq nazargohdan xoliy miqyos ­ hududi-la g‘aroyib bir holatda voqe’ bo‘ladigan, tom ma’noda ruhiy-ilohiy suhbat… yana-da aniqrog‘i, bu ­ Navoiy qahramonining g‘ayrishuuriy tarzda, bevosita Haq taologa munojoti bo‘lib (“­ Qodiro!..”, “Rabbano!..” “Yorab!…” kalimalari, vositasi-la), uni biz tasavvur qilgan dunyoviy me’yor ­ taomil doirasiga sig‘dirishimiz imkonsiz… Soniyan (ikkinchi suhbat): o‘sha majoziy qahramon ­ mutafakkir shoir timsoli bu gal endi fazoviy (samoviy-ruhiy) holatning mujassam timsoli bo‘lmish “tole’i sa’d” (yo “kavkabi iqbol” ­ baxt yulduzi) ila o‘zaro muloqot asnosida sodir etilgan g‘aroyib suhbat shohidiga aylanamiz (ya’ni hamon o‘sha sirli parda ortidan Atorud elchisi ­ iqbol farishtasi shoir qahramoni bilan makon ­ zamon mezonlaridan xoliy, g‘oyib muloqot holatini kechiradi… Nihoyat, uchinchi suhbat jarayonida ijodxona jonli-vujudiy munosabat ­ to‘la-to‘kis insoniy salohiyat kasb etadi: bu mutafakkir shogird bilan ulug‘ pir (birinchi navbatda, Mahdumi Nuran ­ Jomiy, so‘ngra, boshqa uvays ustozlar: Rumiy, Hofiz, Nizomiy, Dehlaviylar, hatto Sayyid Hasan Ardasher, Bahouddin Naqshband kabi vali zotlar) oralarida o‘tgan yuzma-yuz muloqot tusiga kiradi, bu suhbat g‘aroyib tush fonida beriladi. To‘rtinchi-beshinchi suhbatlar bevosita ijodxona doirasida o‘tadi: bu hudud hajman kichik “Hujra” (mohiyatda “ikki jahon”ga ochilgan daricha-ko‘zgu) yo aksincha, poyonsiz kengliklar, chunonchi, safobaxsh “tog‘ etaklari”, olis yo‘lning boshqa manzillari bo‘lishi mumkin.. Va nihoyat, boy hayotiy tajriba, azaliy va nogihoniy ziddiyatlarga to‘la davr voqeligi va sanog‘i noma’lum kitobiy ma’rifat ­ tarixiy haqiqat saboqlari ­ oltinchi-ettinchi suhbatlar uchun bebaho manba ­ ma’rifiy, ma’naviy-ruhiy va badiiy zaminga aylanishi mumkin…

BIRINChI SUHBAT

Bu ­ yuqorida qayd etib o‘tganimizday, biz odatlangan aniq nazargoh ­ makon va zamon me’zonlariga sig‘dirib bo‘lmas, g‘ayrishuuriy tarzda, ruhoniy xilqatda sodir etiladigan, tom ma’noda ilohiyona-fazoviy muloqotdir. Bunday g‘aroyib jarayon, ne ajabki, ulug‘ shoir-mutafakkir timsoli mujassami (obrazi) ning kutilmagan bir vaziyatdagi, shunchalar “haqiru faqir”, g‘oyati shikasta hol-ahvoli ruhiyasi ­ birinchi qutb bo‘lsa, ikkinchi qutb, aksincha, mislsiz va adadsiz rabboniy qudrat: “alimul-azim” Zuljalol (ulug‘lar ulug‘i), imkoniyatlari nihoyasiz, daxlsiz mutlaqiyat olamini tasarruf etadiki, bu haqda o‘ylaganda “aql boshi aylanadi” (Navoiy). Bu ikki qutb muloqotini zohiran, shartli ravishda faqat mavjvar ummonu ­ najotsiz qatra yoxud sarhadlarsiz koinotu foniy-o‘tkinchi lahza (muhlat) ichida bor-yo‘qligi notayin ­ omonat zarra bilan muqoyasa qilish mumkin… Bundayin ulug‘ tafovutli suhbat-muloqot asnosida “barchani yo‘qdan bor” qilguvchi Xoliqu qodir ­ birlamchi omil ­ “tayanch nuqta” bo‘lsa, uning majoziy suhbatdoshi ­ shoir “men”i (garchand bizning sub’ektiv tasavvurimiz bo‘yicha, bu zoti kiromning ruhiy xilqatida mislsiz daholik mo‘jizasi, so‘z sehrgariga xos favqulodda salohiyat) zimdan sezilib tursa-da, na choraki, o‘z musohibi qarshisida zohiran qiyoslab bo‘lmas darajada ojizu notavondir… Shunga qaramay, hazrat Alisher o‘zini fido qilishga tayyor “ulug‘ muddao” oldida o‘rtadagi o‘zaro nisbatlab bo‘lmas tafovutni shunday muqobil timsollar orqali ifodalashga jur’at topadi:

­ Qodiro!… Ul zaifi osiymen ­
Ki, boshimdin oyoq maosiymen…
Ulki, sendek boshimda Xoliqdur,
“Men” demaklik… ne behayoliqdur!?..

Beixtiyor savol tug‘iladi: nega endi “shoirlar shoiri, mutafakkirlar mutafakkiri, valilar valisi” qilgan munojotda bu qadar mujrimona uzrxohliklar (“boshdin-oyoq maosiymen” ­ gunohlar majmuidirman), haminqadar to‘zimsiz ohu faryod, ruhiy iztirob bor?.. Ziddiyatlar shiddatini ko‘ring: “barchadin sharif” insonni yaratguvchi, alalxusus, uning azizu mukarramligi haqqi ­ mo‘jizalar mo‘jizasi ­ So‘zni kashf etguvchi (“So‘z kelib avval, jahon so‘ngra…” ­ “Hayratul-abror”dan) ul Xoliqul qudrat oldida o‘zi bunyod etgan mo‘jizotu ajoyibot olami ­ ummon qa’ridan asl “durri samin” ­ “ma’ni guhari”, “so‘z guhari”ni axtarib topishga jur’at etish, shu xayrli himmat – jasorat samari o‘laroq, dunyoda tengi, nisbati topilmas she’riy devonlar, ulug‘ masnaviyot ­ dostonlar yaratishdek komronlik murodi… ­ hammasi “malomat bulbuli”, haqiru benavo Navoiy ko‘nglida, uning “zamon va ahli zamon” jabru anduhi, vafosizligi oldida… chindan ham behuda ­ abas bir holdir, balkim?!.. Bundayin purdard ziddiyatli xayollar zamzamasini, ishtiboh-iztirob tuyg‘ulari tug‘yoni va poyonini bir qadar umumiy tarzda tasavvur qilish o‘zi oson emas. Zotan, Haq taolo bilan orif insonning g‘oyibona-ruhoniy muloqoti… faqat nabiullohu valiulloh zotlarga musharraf, noyob bir baxtdir. Ne ajabki, hazrat Navoiy kechirgan bundayin shirin iztirob ­ azobli o‘ylar bizga sirli, noma’lum ruhiy rishtalar ­ ilohiy robitalar orqali bog‘lanmaganmikin?!..

…Nafsi ammorag‘a yo bo‘ldum asir?!
Men netay, gar sendin budur taqdir…
Sen yomon aylasang, meni, ne had,
Aylamak sendin o‘lg‘on amrni rad?..

Magar oxir-oqibat, mudom o‘sha adadsiz nolavor munojotdan, zohiran najotsizday tuyulgan ruhiy iltijodan, har qalay, navmidlik tuyg‘usi ulug‘ zotlarga shoyon emas…

Yaxshilik qilki, notavoningmen,
Yamon o‘lsam, Sening yomoning ­ men.
Menga ne had demak, Sengaki: “Ne qil”,
Neki bo‘lg‘ay sanga rizo ­ oni qil!…

Bu yanglig‘, moddiy nazargoh ­ “olti jihat” chegaralarini yengib o‘tgan, g‘ayrishuuriy holatdagi suhbat-muloqot tarzidan qat’i nazar, aslida “o‘z vujudiga tafakkur aylagan” (ya’ni mustaqil inson qiyofasi ­ o‘zligi, shaxsiyatiga ega bo‘lgan) shoir qahramoni ­ orif-mutafakkir dunyosiga yo‘l topish, uning hasrat-nadomat so‘zlari mohiyati nimada ekanini idrok etishga urinib ko‘rish mumkin-ku. Masalan, shaytoni la’in dag‘dag‘asi ­ “nafsi ammora”g‘a asir bo‘lgan najotsiz navmidlik rostmikin?!. Bu ­ Navoiy qahramonining pokdoman xilqatiga, o‘zligiga, ulug‘ shaxsiyatiga mantiqan zid emasmi?.. Uning shunchalar parhezkor-valiyona hayotiga, poklar ichra pok ruhiy-botiniy dunyosiga shayton tajovuz qilishi mumkinligiga, uning shu qadar sarbaland iymon-e’tiqodi ziddiga, shu qadar sabr-qanoat, tiyiqlilik qudrati ziddiga, “notavonu” yomon otlig‘ bo‘lishi mumkinmi?.. Bunga Navoiyni bir qadar anglagan odam ishonadimi?!.. Navoiy anglab ketgan mushkildan mushkil ziddiyat, tuguni, yechimi imkonsizday tuyulgan, murakkabdan murakkab muammo bu! Jahonning ne-ne daholarini qiynoqli o‘ylarga toldirmagan deysiz?!. Xususan, Tangri bilan, mayli, uning eng raso, komil bir bandasi ­ insonning yuzma-yuz muloqoti, har qanday, xayol-tasavvurdan tashqari suhbati!.. Ovro‘po ­ mag‘rib daholari tahqiq etishga uringan favqulodda jumboqli savol: “paradoks” shu emasmikin?.. Asli qadimiy Yunon zaminida dunyo yuzini ko‘rgan va jahon miqyosida mushtarak ma’no kasb etgan bu purdon istiloh ham Navoiy anglagan haqiqat sirrini ifsho etishga ojizlik qilar, balkim?.. Ne ajab va ne hayratki, Amir Nizomiddin Navoiy bunday qiyin jumboq – savolga eng muxtasar, mantiqan eng kuchli javob ­ yechim topadi: “Men netay gar sendin budur taqdir?!..” Chindan ham bu ­ hazrat botiniy idrok etgan komil iymon, islomiy e’tiqod tasarrufidagi yana bir xayrli ne’mat ­ ulug‘ inoyatu mag‘firat in’ikosi ­ tajallisi emasmi? Ha, zohiran bir bandai g‘ofilning (aslida daho siymolardan birining!) butun gunohi azmini, bori sahvu xatolarini kechirguvchi va ehtimolki, Navoiydek benazir ulug‘ zotlar musharraf bo‘lgan jahoniy shuhrat ­ “nangu nom” faxriya mutaassirligi zo‘ridanmi ­ “men” demaklik… ne behayolikdur” (uzrxohlikning ortiq darajada mubolag‘ali ­ ifrot usulidagi “Alisheriy” ifodasi emasmi bu?..) shoh satri ruhiga singdirilgan “tavbai komil” ­ tazarru tuyg‘usini ham ilohiy mehr-shafqat, karam ila qabul etguvchi Allohning insonga ko‘rsatgan ulug‘ iltifoti emasmi bu?!. Zotan:

Karaming ganji ­ yuz jahon chog‘liq,
Bahri fazling ­ ming osmon chog‘liq…
Yorab! Oshuftamen, fig‘onima yet,
Karam aylab, xatolarim afv et!..

Birgina oxirgi misrada zuhur etgan: “Karam aylab, xatolarim afv et!”… munojot so‘zlarining axloqiy ibratini, birinchi navbatda, ahli tab’-fuzaloyu zurafo, ziyoli zotlar, jumladan, bugun el-yurt ardog‘idagi shoir-adib, olimu munaqqidlar “o‘z vujudlariga tafakkur aylab” ko‘rsalar edi! Qaniydi?!. Yuqoridagi band sharhiga qaytamiz: ha, piri komil Nuriddin Abdurahmon Jomiy iftixor ila ta’rif qilganiday, hazrat Alisherning islomiy e’tiqod-e’timodi shunchalar yuksak maqomda ediki, Allohning “karami ganji”, “bahri fazli” barobarida, uning marhamat va mag‘firat nuri ham hadsiz-adadsizligini bor vujudi, qalbi, ruhiyati-la anglab yetgan, idrok etgan edi… Shuning uchun ham biz So‘z dahosining ig‘roq kabi maxsus mubolag‘a usulidan samarali foydalanganidan hech ajablanmaymiz:

Yuz jahon jurmum (gunohim) o‘lsa ham ­ ne bok?
Bahri afving qoshindadur ­ xoshok.
Xasta ko‘nglum ishig‘a somon (chora) et,
Talabing dardini anga darmon et!..

Shu tariqa, Haq marhamatidan umid va najot topgan, suvratda shikasta hol, notavonu besomon, siyratda mislsiz iroda sohibi ­ ulug‘ mutafakkir ko‘nglidagi, ehtimolki, bizga zohiran ishtibohli tuyuladigan mahzunu hazin kayfiyat o‘sha ruhiy-samoviy muloqot jarayonining avvalgi holatidan asta-asta ko‘tarila, tarqala borib, yana “tengri ehsoni” bo‘lmish ­ yaratish dardi, rag‘bati samari ­ “buyuk muddao” izlanishlari uni batamom band etadi…

Manga Tengridin bo‘ldi ro‘zi kom ­
Ki, har ishgakim ayladim ehtimom (kirishmoq),
Ko‘rub Tengri lutfin falak chog‘liq,
Nechuk qilmay o‘truda tufrog‘liq?!.

Buningday qutlug‘ va ulug‘ baxt ­ “ro‘zi kom”, “har ishga” kushoyish baxsh etuvchi ilohiy Qudrat o‘zi yor, maloikayu farishtalar, ruhlar ­ uvays (o‘tgan) mudom hamnafas pirlar madadkor bo‘lgani uchun ham bamisli “kunda yuz bayti halvo” bo‘lgan, shavqu rag‘bat jo‘sh urgan ijodiy jasorat kayfiyati-la hazrat Alisher (uning majoziy qahramoni ­ mutafakkir – shoir timsoli) endi ortiq xoksorlik ­ “tufrog‘liq” holatini kechirsa ne ajab?..

…Necha shukriga sajda qilsam najand (quyi) ­
 Meni chunki, (Haq) aylar falakdin baland!..
 Ulug‘ komlardin edim baxtiyor ­
 Ki, yo‘q erdi anda manga ixtiyor!…

Va nihoyat, o‘sha behad shukrona tuyg‘ulari mantiqan izhori iftixor ­ faxriya zaminiga aylanadi, ayni chog‘da, bu yana ziyodroq ilhomiy holatga badal bo‘ladi ­ yangi ijodiy izlanishlarga undaydi. Shu tarzda asta-asta “ulug‘ muddao” ­ shoh asarlar bunyod etish istak-ishtiyoqi shoirning borlig‘ini band etadi:

Ne maydon aro sursam erdi samand,
Havosin ko‘nglum qilmas erdi pisand.
Bu andeshadin erdi ko‘nglumda shayn (g‘ashlik) ­
Ki bo‘ldi ko‘nglum moyili ­ “Xamsatayn”…

Illo, ustoz salaflarning ulug‘ “Xamsa”lari (“Xamsatayn”) faqat mazmun-ma’no va qadr-bahoda nisbati yo‘q dostonlargina emas, balki o‘zining hududiy miqyosi-la “ikki jahon” mohiyati va sababiyatidan bahs qiluvchi taqdir kitoblari, benazir badiiy solnomalar ediki, ular ko‘tarilgan ulug‘ martaba maqomidan turib, Navoiyning “Alisheriy” taxayyul va tahayyur ko‘zgusida yangi mo‘jizotu g‘aroyibot olamini, jumladan, dunyoviy ajoyibot mulkini kashf etdi:

Chu mashg‘ul o‘ldum tamoshosig‘a,
O‘tib vodi-yu tog‘u daryosig‘a…
Jahone ko‘rundi ko‘zuma nihon,
Nihon, balki, har bayti ichra ­ jahon,
Qayu go‘shakim nozir o‘ldum dame,
Nazarg‘a edi jilvagar olame…

Na xush va ne hayratki, Haq nasib aylagan o‘sha “ro‘zi kom ­ ulug‘ muddao”, ezgu murod hosil bo‘lmog‘i endi ortiq shubhaga o‘rin qoldirmaydigan nafaqat samarador, ayni ravnaq bosqichiga ko‘tarilgan, balki mavjvaru purviqor pallaga kirgan g‘aroyib damlarda ham, tabiiyki, yaratish dardiyu shavqi ­ faqat ulug‘ shoir o‘zi biladigan nurli azoblari, iztirobli sururi hazratni bir nafas tark etmagan:

Qilib bu da’voyu lofimni ham,
Sog‘inib burun der gazofim (behuda o‘ylar)ni ham,
Uyatg‘a solib bo‘yla holat meni,
Halok aylabon hijolat meni…
Gahe debki: “Yo‘q dahli imkon munga,
Tasarruf qila olmoq inson munga,
O‘zimdin ishim ya’si (navmidlik) jovid o‘lub,
Ishimdin ko‘ngul dog‘i navmid o‘lub…

Faqat daho san’atkorlar o‘zlaricha kechirib yoxud nuktadon bilimdonlikda murattabu hassos tadqiqotchilar o‘zlaricha mushohada va idrok eta oladigan bundoq g‘aroyib hol: dam-ijodiy yuksakliklar sari ko‘tarilish, dam go‘yoki unumsiz-tushkun kayfiyat; goh ulug‘ zafarlarga musharraf bo‘lmoqqa komil ishonch tuyg‘usi, goh, aksincha, o‘ziga ishonchsizlik, ikkilanish ­ ishtiboh ziddiga, nafaqat milliy tafakkur javlongohining mardi maydoni, turkiy “til lashkarining pahlavoni”, balki “fasohat mulkining sohibqironi”, tinimu orom nimaligini bilmagan buyuk zahmatkashning azaliy va nogahoniy ziddiyatlardan xoliy bo‘lmagan shaxsiy hayoti va ijtimoiy faoliyatida… o‘ziga har dam, har joyda yolg‘iz Allohni yoru najotkor, Qalam ma’budi Atorudni va barcha piri komil zotlarni ruhiy madadkor bilib, mudom ijod, yaratish dardi, shavqi ­ rag‘batiga sodiq qoldi…

Mana hamishalik taomil deb bilgani ­ xolisona haqqoniylik, xalqona ziddiyatli hikmat (“yaxshi-yomon”) ila jozib, andesha va samimiyat javhari-la yo‘g‘rilgan boshqa bir band:

 … Ham yomonim lutf ila yaxshi qil,
 Bo‘ldi chu ul yaxshi ­ qabul aylagil.
 Yaxshi gar o‘lmasa, yomon ham emas,
 Yomonin kim yaxshi bo‘lsa… demas?

Iste’dod qudrati, ijodkor shaxsining ulug‘ligi shundaki, u ijodda hamisha halollikni, xolisona hukmni dasturil-amal deb biladi, sodir etiladigan xato ­ nuqsonlarni ko‘rib-bilib turguvchi oliy Hakam, eng ulug‘ munaqqid ham Allohning o‘zidir; bas, Navoiyning ijodiy e’tiqodi va e’timodi ­ Haqning inoyat va hidoyat yo‘lidir:

… “Har ne kilkim varaqqa yozdi bu kun ­
“Kilki taqdir” yozmish erdi burun…
Sen ne yozding ­ ani raqam qildim,
Shak emasdurki, sahv ham qildim…

Ayni shu xolisanlillo munosabat ­ haqiqat va samimiyat pardasida musulmoni komil (“odamiylar odamiysi”)ning, mayli, ishtibohli iqrori ­ sahv ham qilgani”… mantiqan hazrat Navoiyning hali navqiron yigitlik yillaridayoq ko‘ngliga bitgan “ulug‘ muddao” yo‘lida yangi muzaffar manzillar shukuhi, tom ma’noda yuksak mukofot ­ shoir “so‘zi”ning “ovoza”si yana-da baravj, “yuz”ining yana-da yorug‘ bo‘lishiga umidvorlik, komil ishonch omiliga aylanadi:

Ilohiy!.. Boqmag‘il ­ majnunlig‘img‘a,
Karamdin chora qil mahzunlig‘img‘a..
Inoyat aynidin xomam sari boq,
Qizil ayla yuzum, nomamni ham oq;
Yuzum lutfing suyidin toza qilg‘il,
So‘zum ko‘sin baland ovoza qilg‘il…
Mayi nutqum tarabxez ayla, yo rab,
Nayi kilkim shakarrez ayla, yo rab!

Bu ­ “munojot” shakli ­ andozasida zuhur etgan, aslida ulug‘ ijodxonaga o‘zgacha fayzu viqor, ilohiy mohiyat, chinakam ruhiy-ruhoniy salohiyat, purma’no falsafiy qimmat, Navoiyning badiiyat, san’at ­ So‘z xazinasiga birlamchi joziba ­ mantiqiy quvvat baxsh etadi.

IKKINChI SUHBAT

Ma’lumki, jahon poetikasida (chunonchi, ulug‘ olmon shoirlari Gyote va Shiller zamonidan e’tiboran) rusum bo‘lib, qaror topgan istiloh – shoirning umumlashma – universal xarakterdagi lirik qahramoni bir necha qirraga ega: shoir – so‘z san’atkorining o‘zi; orif – mutafakkir – faylasuf; oshiq – shaydoi vola; soyir – qalandar, rind voiz – nosih v.h. Aniq ta’rif – Gyotega mansub: “She’rlarim qahramoni… bu mening sub’ektiv olamim bilan “kollektiv daho”ning sintezi”. (“She’riyat va haqiqat” risolasi). Bizning suhbat-muloqotimizda asosiy qahramon: orif-mutafakkir yo shoir-san’atkor qiyofasida namoyon bo‘ladi. Demak, hazrat Navoiyda lirik qahramon timsoli (obrazi) bilan “tole’i sa’d” yo “kavkabi iqbol”– baxt yulduzi (aniqrog‘i, iqbol farishtasi)ning o‘zaro g‘oyib-sirli muloqoti orqali bevosita yo bilvosita ijodxonaga doxil alomatlar har gal “yangi nav’ ashkol” (Navoiy)da o‘zgacha badiiy usullar tamsil-tashbehlar tarzida in’ikos etadi.

Dastlab (albatta, bu tartib-sira shartlidir) shoir-mutafakkir san’atxonasi uning xos “hujra”sida, Tangri ilohiy marhamati-la Qalam va ahli qalam ma’budi – Atorud yo‘llagan elchi, g‘oyib suvrat, ruhiy siyrat sohibasi – farishta… na xushki, o‘sha mo‘jizakor ilhomiy muloqot asnosida go‘yo ataylab, yo‘q, qalb amri-la tun oromini tark etgan mislsiz zahmatkash shoir huzurida “kulib” paydo bo‘ladi:

Dedikim: “Ey, ulusda nodiri fard,
Bo‘lmasun xotiring alamparvard…
O‘zni mehnatqa solg‘on emishsan,
Bul’ajab g‘amg‘a qolg‘on emishsan…
Bu – ne andeshai xato bo‘lg‘ay?
Senu mundog‘ xato – ravo bo‘lg‘ay?

Buningday “farruhsurush” – maloiksifat hamdardu hamrozlik so‘rovlari, ayni yaratish dardiga malham, shoyon-dilxoh so‘zlari shoir qahramonining ba’zan ishtibohli – navmid, “xotiri alamparvard” kayfiyatini ko‘tarib, umidbaxshlik tuhfa etib, hatto shoir qurbiga g‘oyibdan yana quvvat berib, o‘ziga ishonchini ziyoda qiladi:

Tole’i sa’d yorliq qildi,
Qalamim – durnisorliq qildi…

Iqbol farishtasining muborak iltifoti – g‘oyibona madadi bilan ulug‘ shoir ruhiyatida shunday mo‘jiza – ilhomiy holat paydo bo‘ladiki, kutilmagan tarzda yangidan-yangi “so‘z guhari” namunalari yaratilishi go‘yo azaliy xilqatning har subhidam nisor etadigan in’omiday, oddiy hodisalarday tuyuladi:

Men necha fikr ayladim o‘zuma,
Ul javohir (noyob timsollar) ko‘runmadi ko‘zuma;
Guhari obdori – jolacha ham,
La’lu yoquti – bargi lolacha ham…

Asl she’r durdonalarining yaratilish jarayoniga daxldor bunday “tarhi toza va beandoza” (Navoiy) muqoyasa-nisbatlar – haqqoniy, samimiy iqror so‘zlarini mashriqu mag‘ribning barcha daholari she’riyatida kuzatish mumkinki, buni qonuniy iftixor tuyg‘usi yo nohaq malomatlarga javoban isyonkor qalb nidosi – mag‘rur yangraguvchi faxriyadan kam bo‘lmagan shikasta dil izhori deb anglamoq lozim bo‘ladi; mana da’vomiz dalilining nasriy bayoni: men necha bor o‘zimcha fikrlab qiyoslab ko‘rmayin, yaratgan sara, xo‘b-a’lo baytlarimning har bir “guhari obdori” (tong shabnamiday tiniq, toza durdonasi… bahor havosining ofati – jola qadarli, har bir “la’lu yoquti” (noyob konlarning asl va kamyob qizil toshlariga berguvsiz ma’ni durlari, purma’no, daqiqu nuktadon timsollari) qir-adirlarda bir muddat ochilib, bahoriy yellarga dosh berolmay, sochilib ketgan qadrsiz lola bargicha ham tuyulmadi… Mana daholarning o‘zgacha daqiq baho mezoni!!..

Navoiy kabi So‘z daholari ahyon-ahyonda tin olgan, nafas rostlagan kezlarida ham, shoir qalbi, shuuri, tafakkuri xayolot, xotirot olami, uning o‘zgacha mavjvar hissiyoti, hayratlari, chegara, muhofaza, qaror, qo‘nim bilmas – bundayin dunyoviy mezonlarga itoatsiz ruhiy xilqati… qizg‘in faoliyatda, izlanishda, ijodiy jarayonning sirli-sehrli og‘ushida bo‘ladi. Bunday g‘oyib-g‘aroyib, tom ma’noda mo‘jiz holatni hassos so‘z dahosi shunday tavsiflaydi:

…Ayladim hujra azmi tinmoq uchun,
Ko‘zlarim uyqudin… isinmoq uchun,
Jilva qildi nazar fazosinda,
Navm (uyqu)-u uyg‘oqlik arosinda!
Mutahayyirki: ne misol erkin?..
Mana bu – tushmu yo xayol erkin?..

Ha, bizlar ham, loaqal bir necha daqiqa buyuk zahmatkash shoirimiz kechirgan bundayin ruhoniy-mo‘jiz holatlarni shaxsan (vujudan) kechirolmasak-da, faqat baholi imkon – ojizona tasavvur etib ko‘rsak!.. Qalam va bori ahli qalam ma’budi – Atorud iltifot va shafqat ko‘rsatib, faqat bir necha daqiqa “tinmoq uchun… hujra azmi aylagan”, shunchalar ulug‘ligi bilan chunonam “haqiru faqir” Navoiy kechirgan ajabdan bul’ajabroq holatni aniqroq sharhlashga qalamimiz ojiz. Chunonchi, birgina: “nazar fazosinda… jilva qilgan” mo‘jizakor ruhiy holatning o‘zi… o‘sha she’r yaratish jarayoniga daxldor, ya’nikim – “so‘z guhari”, ma’ni guhari”dan noyob namunalar darakchisi emasmikin? Ne ajabu ne hayratki: “bu tushmi yo xayol” deya o‘zi “mutahayyir” holatini kechirgan purzavqu purdard shoirimiz, ehtimol, faqat zakiy tab’ munaqqidlar, yo‘q, murattab ruhshunos, murabbiy ustozlar bir qadar aniqroq izohlab, tushuntirib berishlari mumkin bo‘lgan, har qalay, rabboniy “mo‘jiz” hodisa (aniqrog‘i, bu – holat) maqomiga yetmasa-da, ma’lum ma’noda “sehr… bor”:

Til anin vasfidin erur ojiz:
Sehr xud bor, agar emas mo‘jiz…

Biz ayni shu bayt orqali ulug‘ ijodxonaning ikki muhim jihatini: “sehr” – nima-yu, “mo‘jiz” holat – nima, o‘rtadagi bor sirru sinoat, oddiy nazar, o‘zimiz ko‘nikkan, ishongan tafakkur ilg‘amas, ilg‘ay olmas ajab nozik tafovutni faqat botiniy ko‘z – basirat (“havosi xamisa” – besh ruhiy sezgining avvalgisi) nigohi yo o‘tkir-purdon fahm-farosat ajrata biladigan, fasohat va balog‘at ilmi zurafolari tasarrufidagi nozik nukta, nozik xayol ma’nosini anglay olamiz…

Atorud elchisi “munhiyi roz” (sirlar darakchisi) yo “kavkabi iqbol” (tole’ farishtasi) bilan Navoiyning majoziy qahramoni shoir-mutafakkir oralarida kechgan g‘aroyib muloqot-suhbat davom etadi:

…Men qabul aylabon, dedim: “De so‘z!” –
Ki, og‘izdin burun ochildi ko‘z…
Ko‘z ochib angladim: tush emish bu,
Ko‘z yumub, istadim – yana uyqu…

Voajab! Ulug‘ ijodxonaning biz uchun benihoya tabarruk va muborak “hujra”sida daho shoir shaxsan kechirgan va banogoh: “ko‘z ochib anglagan” yana-da sirli holatda: “ko‘z yumub istagan, g‘aroyibdan-g‘aroyib hol – tush aralash uyqu, bu – faqat daholar kechiradigan va ularning o‘zlari biladigan, o‘zlari sharhlab, tahqiq etib berishlari mumkin bo‘lgan mo‘jiz bir hol!.. (bunday uyqu istagidan ulug‘ mutafakkir-shoir nimalarni kutgan, uning qanday muborak tamanno-yu umid-armonlari bo‘lgan ekan, afsus-nadomatlar bo‘lsinki, bu haqda umumiy tarzda ham tasavvur qilolmaymiz…). Faqat o‘zimiz bilgancha, qurbimiz yetgancha bu tush aralash uyqu asnosini taxminan shunday faraz qilib, xayol ko‘zgusida tiklashga ojizona urinib ko‘ramiz: ha, So‘z dahosida o‘sha mo‘jizakor kecha qa’rida yolg‘iz hamnafas – shamchiroq ne’mati va rahmatidan fayziyob “hujra”ning zohiran mo‘jazgina dunyosi (mikromiri) hududida, mohiyatda esa “ikki jahon” xayoloti va mo‘jizotini mujassam eta olgan (bunga salgina shubha-ishtiboh bo‘lishi mumkin emas, bunga Navoiy dunyosi asos bermaydi!) bu muborak dargoh – ijodxonada hazratning ko‘ngil ummonida, qalb “Ka’basi”da pokzodlar ichra pokdoman ruhiy xilqatida nafaqat islomiy-ilohiy e’tiqod-e’timod taqozosi bo‘lgan muqaddas “ma’ni”lar hikmati, ayni chog‘da dunyoviy masalalar, mavzular: qadrdon, jafokash, balokash el-ulus, Vatan, davlat-saltanat g‘amida, qayg‘usida, zamon va ahli zamon tashvishida, bashariyat tinchligi, omonligi, avlodlar taqdiri, ma’rifat, fasohat ravnaqi yo‘lida chekkan xayrli azob-iztiroblari, nurli, “navobaxsh” riyozatlari… hayratomuz tarzda munosib o‘rin, qadr, e’tibor topganiga shubha qilib bo‘lmaydi. O, bu “umri aziz” yana bir necha muddatga vafo qilganidami, aytaylik: Sa’diy, Lutfiylar, loaqal Jomiylarning ulug‘ yoshlari… ul zoti sharifga ham ro‘zi nasib etganida bormi… eh-he, yana qancha yangi dostonlar, risolalar, yodnomalar, g‘azallaru qasidalar, balki solnomalar bitilar edi (“Vaqfiya”dan, “Munshaot”dan, “Xamsa”dan ham bunday orzu-armon satrlarini kuzatishimiz mumkin-ku…).

Yana “kavkabi iqbol” (tole’ yulduzi)ning shoir qahramoniga g‘oyibona yo‘llagan xitobiga qaytamiz:

“–Ey bulbuli zori ilhonsaro,
Vale so‘z riyozida dastonsaro!
Navo ichra ming lahnsozing qani?
Dasotini xotirnavozing qani?”…

(band sharhi avvalida ”lahnsozing” – navosozliging ekanini, ”dasotini xotirnavoz” izofali birikma: ulug‘ dostonlarga monand-munosib ko‘ngil va xayolot mulking, ruhiy-ma’naviy bisoting kabi ma’nolarni anglatishini izohlab o‘tish ehtiyoji bor…) Balkim, aytish joyizdir: Alisherning Samarqanddan Hirotga, piri buzrukvori Sayyid Hasan Ardasherga yo‘llagan mashhur maktubida zuhur etgan ulug‘ armonlar yana shoir xayolidan o‘tgan bo‘lishi mumkin. O‘sha xatda, jumladan, “Shohnoma” maqomidagi ulug‘ dostonlar yaratish istagi, umidi ayon sezilib, barq urib turardi…

O‘sha sirli-sehrli farishta – “farruxsurush” elchi mutafakkir-shoir qahramonini yana-da ziyodroq mujdalar bilan siylaydi:

“… Sanga oncha Haq lutfi voqe’durur –
Ki to turk alfozi (tili) shoye’ (sharif) durur.
Bu til bila to nazm erur xalq ishi,
Yaqin qilmamish xalq sendek – kishi…
Qayu ishqi bo‘lmish muyassar senga,
Bo‘lurmu bu andesha bovar senga?..
Ko‘nguldin tavahhum (xavotir)ni aylab adam,
Ilik ishga ur – yo‘lg‘a qo‘yg‘il qadam!
Senga turk aqolimin aylab raqam,
Azalda nasib aylamish yakqalam!”

Navoiydek benaziru benisbat So‘z dahosi ijodxonasining, avvalo, hududiy-iqlimiy (“turk aqolimi” doirasida) bepoyon Turonnning (Oltoy–Sibir yerlaridan Qrim xonligigacha, Sharqiy Turkistondan Kavkaz ortigacha – benihoya ulug‘ miqyosi, demografik ko‘lamdorlik jihatidan xalqaro-baynalmilal maqom, martabaga, jahoniy qadr-qimmat, oliy bahoga musharraf bo‘lmog‘i uchun (“… Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa, mingdur, Muayyan turk ulusi xud meningdur. Olibmen taxti farmonimg‘a oson, Cherik chekmay Xitodin to Xuroson…”) loaqal, mintaqaviy tillar, el-elatlar sarhadidan o‘tish, qancha solnomalar, tazkirayu risolalar, bayozlar jildini sinchkov nazar bilan mushohada qilish, xullasi kalom, Nizomiddin Alisher Navoiy ko‘tarilgan tafakkur cho‘qqisini zabt etmoq, teran zakovat, fasohat – badiiyat qonunlarini o‘rganmoq taqozo etiladi. Eh-he!..

Bas, Navoiy anglab yetgan Haqiqat biz, har qalay, umumiy tarzda tasavvur etganimizga nisbatan anchayin murakkab, mohiyatda esa azaliy va nogihoniy ziddiyatlardan forig‘ emas. Shuning uchun ulug‘ mutafakkir real haqiqat bilan yuzma-yuz turib, xolisanlillo mulohaza-mubohasa yuritib, ochiq-oshkor hukm chiqaradiki, bu, shubhasiz, shoir ijodxonasi haqida o‘zgacha salohiyat, sa’jiya (xarakter) favqulodda tafovutli qiyofa-alomatli manzara yaratadi:

Yo rab! Agar bo‘ldi kalomim uzun,
Mundin ham jurm (gunoh)im fuzun…
Himmat – uchub ravzai jannat sori!
Nafs – chekib chohi jahannam sori…

Va holbuki, biz hazratning muborak hayoti, tabarruk merosidan faqat zohiran boxabar bo‘la turib (shubhasiz, mohiyat bu zotning boqiy ruhiyatiga va yolg‘iz Allohga ayon!…), Navoiy anglagan o‘sha… “jannat bog‘i” tomon uchgan “himmat” qushi o‘zi nima-yu, pokdomanu parhezkor orif-shoir umri bo‘yi (ma’sum bolalik chog‘idan to “Fanoiya” xilvatgohida kechgan, o‘y-xayoli “Ansoriya” ziyoratgohini supurib–sidirib o‘tkazmoq niyatidan iborat, – faqat tanholikni qo‘msagan xizrsifat keksalikkacha) o‘zini, o‘zligini olam va muhit g‘avg‘olaridan imkon qadar mahfuz etib, nihoyat, “nafs” (shaytoni la’in vasvasasi)ning bori kirdikori, oqibat-asoratlari nimaligini biz ham bir qadar tushunib yetgan yo yetmaganimiz holda, bashariyat daholari orasida yaktosi… Navoiy xayolan kechirgan safobaxsh “tamanno”lar, tortgan alam-anduhlar poyonini, baribir, bilolmaymiz!..

Har ne alar solsa – tamanno manga,
Turfa bukim, barcha – muhayyo manga…

Ne ajabki, hazrat kechirgan shunchalar tafovut-ziddiyatli o‘y-xayollar shiddatini biz ham ozmi-ko‘pmi tasavvur etganimiz holda (mayli, “himmat” tufayli hosil bo‘lgan bori savob amallar va bil’aks, bu valizot doimiy ishtibohli-ehtiyotkor odatiga binoan “nafs” otlig‘ ofatdan sodir etilgan g‘ayriixtiyoriy gunohlarning (qaysi bir “gunoh”?!) – “barchasi muhayyo ekaniga qaramay), hamma-hammasini bilib, ko‘rib turguvchi ul Alimul-azim Haq taoloning muborak mag‘firati – “bahri afvi”dan najot topgan shoir qahramoni (orif-mutafakkir)ga umid farishtasi yana o‘sha… g‘oyib xilqatdan madadga keladi:

…She’r ham chun kishig‘adur farzand,
Ko‘ngliga qutu bag‘riga payvand.
Chun o‘g‘il aybini ato ko‘rmas,
Ko‘rsa ham, qilg‘onin – xato ko‘rmas…

Biz sharhlashda davom etib, shartli ravishda tugallamoqchi bo‘lgan ushbu “Ikkinchi suhbat”ga oid she’riy tamsillar – ulug‘ ijodxona lavhalarida avvalgi muloqot tarkibidagi ajab ziddiyatli holatni takroran kuzatishimiz mumkin: ulug‘ mutafakkir: “tengri ehsoni”, “tengri lutfi”, “Haq inoyati”, “taqdir xomasi”, “kilki Sun’” sha’niga, “ulug‘ komlardin… baxtiyor”ligi, bu borada “ulusda nodiri fard” ekanligi xususida, xoh g‘oyib suhbatdoshlarning biri – shoir qahramoni (orif-mutafakkir) nomidan, xoh Qalam va qalamzan ahlining ma’budi Atorud yo‘llagan maloika-farishta – ilohiy darakchilar (“munhiyi roz”, “tole’i sa’d”, “kavkabi iqbol”) tilidan qancha faxriya – vasf so‘zlari aytmasin, ham ulug‘lardan ulug‘, ham “haqiru faqir” shoirimizni doimo “dinu iymon”, “nangu nom” (nomus, sha’n), “hayo”, “vafo”, “andesha” hakami, komil inson timsolidagi posbon-soqchilar zimdan muhofaza etib, kuzatib turadi…

…Tengri uchun, ey ko‘ngil, insof ber!
Dindan agar nafs chiqarmas, ne der?..
Menki, bu nafs ilkida afgormen –
Muncha balolarga giriftormen…
Zohirim avqoti (vaqtlari) yomondin-yomon,
Botinim ahvoli ondin yomon!..

Ha, tengi, nisbati yo‘q ulug‘ ijodxonaning sohib-mutasarrifi kechirgan, yaqin musohib, muhibu muxlis zamondoshlar uchun go‘yo shaxsiy hayot damlari (“zohirim avqoti”), har qalay, ayon (”yomondin-yomon”) emish-da, ruhiy-botiniy ma’noda, sirli-mo‘jiz jihatlari qanchalik safobaxsh va navobaxsh, ayni chog‘da (hatto shu qutlug‘ ijodxona ham tafovutdan forig‘ emaski, bu – ”Alisheriy” ro‘yirostlik shahodati!) ”nafs ilkida afgor” vali zotning ”botiniy ahvoli”… ondin yomon”roq emish!.. (beixtiyor ravishda: ”nahotki bu iqror rost bo‘lsa?!” deb xitob qilamiz va yana o‘ylanib qolamiz: ”ehtimol, bu faqat Navoiydek nabi siyratsiymolarga musharraf bo‘ladigan aybsiz aybdorlik – Alloh oldida ”asru osiylik, mujrim maosiylik” – jurm-gunohlar majmui deb hisoblansa, bunday ”tavbai komil” – ulug‘ tazarru tuyg‘usi oldida lolu hayron bo‘lmay ilojimiz qancha… demak, biz Navoiyni teran anglashda mudom adashamiz…).

Bunday o‘ychan-ziddiyatli, suvratdan siyrat tomon tobora kuchayib, chuqurlashib boruvchi hukm-xulosa, bizning Navoiy ijodxonasi haqidagi kuzatishlarimiz nisbiy haqiqat ifodasi ekanidan dalolat bermaydimi?.. Zotan, bu ulug‘ ijodxonaga (hali judayam kam, nisbiy-mo‘jaz tamsillar zaminiga qurilgan), umuman, daho shoir-mutafakkir dunyosiga daxldor haqiqatlar, tafovutli holatlar, jarayonlar, sirli-sehrli jihatlar – “Alisheriy” haqiqatlar sabog‘ini quyidagi shohbaytdan o‘tkazib ifodalash oson bo‘lmasa kerak:

…Chu Haqdin edi ul saodat menga,
Bu dushvor ish ichra jalodat (jasorat) menga…

Mening nazarimda, bu purhikmat bayt “Ikkinchi suhbat”ni yakunlash uchun, baribir, kamlik qilayotganday tuyuldi. Illo: Alisher Navoiy hazratlari uchun har qanday mushkil vaz’iyatda ham faqat umidbaxsh ruh munosib – shoyistadir:

…Nadomat ko‘zini ashknok aylabon,
Ham ul suv bila g‘usli pok aylabon…
Solib ko‘ngluma So‘z demak niyatin,
Kiyib egnima dog‘i so‘z kisvatin,
Suxanvarlig‘ asbobini soz etib,
Durri nazm sochmog‘liq og‘oz (kirishmak) etib,
Tuzay nazm mulkida shohona bazm,
Hamul bazm sari qilay yona azm!..

Al-qissa: tanlab olingan mazkur bandning, loaqal avvalgi baytini muxtasar sharhlab o‘tish o‘zi kifoya: muborak islomiy toat-ibodat rusumini… fasohat olamining qutlug‘ dargohi – ijodxona jarayoniga bunchalar mavzunu asosli tarzda nisbat berish bobida qanchalik purdonu nuktadon ma’no-mantiq, teran ruhiy-botiniy ehtiyoj tajassumi – betakror ifodasini kuzatib, boz hayratlanamiz.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 2-son