Boybo‘ta Do‘stqorayev. “Alpomish” matnining jilolari

O‘zbek xalqi og‘zaki ijodining durdonalaridan biri, shubhasiz, “Alpomish” dostonidir. Deyarli bir asr bo‘ldiki, doston matni baxshilardan qayta-qayta yozib olindi, xilma-xil nashrlari amalga oshirilmoqda, turli-tuman tadqiqotlar olib borilyapti. Bu nashrlarni o‘qib, bir qancha avlodlar olam-olam zavqqa to‘lmoqda, ularda o‘ziga xos estetik did sayqal topmoqda. Ushbu satrlar muallifi ham shunday baxtga musharraf bo‘lganlar sirasidan. XX asr 40-yillari oxirida, ayrim qishloqlarga hali radio kirib bormagan paytlarda uzoq qish kechalari qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar yig‘ilishar, ovozi yoqimli bir kishi dostonlarni o‘qir, boshqalar zavqqa to‘lib tinglashardi. Shunday davralarning bir chetida kamina ham bo‘lardi. Endi olti-etti yoshga kirib, badiiy so‘zning sehrini chala-chulpa anglay boshlagan vaqtlarimda dostonlarda tasvirlangan voqealarni bolalikning cheklangan xayolot doirasida o‘zimcha tasavvur etar, hodisalarni o‘z qishlog‘im sarhadlaridan uzoq bo‘lmagan makondagina bo‘lyapti, deb o‘ylardim. Shu tariqa, xalq og‘zaki ijodi, xususan, dostonlar hali jo‘n tarzda bo‘lsa-da, badiiy tafakkurimning shakllanishida o‘ziga xos zamin bo‘lgan, deya olaman. Bu tuyg‘u haligacha meni tark etgan emas. Har zamon-har zamonda yuz marta eshitilgan, o‘qilgan dostonlarni yuz birinchi marta yana qo‘lga olaman, ularga boshqacha nigoh bilan qarayman: endi undagi har bir so‘zdan, har bir atamadan tarixiy o‘tmishimiz muhri bosilgan realiylarni qidiraman, agar shundaylarni topolsam, behad quvonchga to‘laman.

Mana, “Alpomish”ning 1998 yili chop etilgan nusxasi. Satrlarga ko‘z yugurtirarkanman, yillar o‘tgan sayin uning matni ham baxshilar tomonidan zamonaga mos holda “tahrir” etilib, sayqallanib borganini, davrlar o‘tib, ma’nosini anglash qiyin bo‘lgan arxaik so‘zlar boshqasi bilan o‘zgartirilganini tushunaman. Shunday bo‘lsa-da kul orasidan chiqib qolgan cho‘g‘ misol eski, ming yillar osha kelayotgan so‘zlarga ham duch kelib qolganimda, yombi topgandek quvonaman.

“Alpomish” go‘yo o‘zbeklarning necha ming yillik hayotining, turmush tarzining muxtasar bir qomusidek tuyuladi. Buni qarangki, dostondagi personajlarning ismlari sof turkiy bo‘lgani barobar, ajdodlarimizning ism qo‘yish tamoyilini ham ko‘rgandek bo‘laman. O‘g‘il bolalarga katta niyat bilan ulug‘, ulkan narsa yoki kuchli mavjudotlarning otlari qo‘yilgan. Yoxud yosh jonivorlarni anglatuvchi ismlarni tanlashgan. Negaki, har qanday jonzotning kichigi “shirin”, yoqimli ko‘rinadi. Dostonda Olpinbiy, Dobonbiy, Boybo‘ri, Boysari degan turkiy nomlar uchraydi. Olpinbiy asli bahodir, polvon degan ma’noni anglatuvchi “alp” va katta ma’nosini beruvchi qo‘shimcha “mon”dan tashkil topgan, “Alpmon” so‘ziga qo‘shilgan “biy” esa, turkiy qavmlarda “qozi” yoxud “oqsoqol” ma’nolarini bildirgan. Dostonda keltirilishicha, dunyodan bor-yo‘g‘i to‘qson nafargina “alp” o‘tgan, shularning biri Alpomishdir. Dobonbiy “dev” va “mon” o‘zaklaridan tarkib topgan. “Ulkan dev” degani. (“Dev” o‘zagi tovush o‘zgarishiga uchrab “dob” tarziga kelgan, “mon”ning “m” tovushi talaffuzda tushib qoldirilgan). “Ko‘kaman” so‘zida ham shunday holatni ko‘rish mumkin. “Ko‘ka” so‘zi ko‘ksdan olingan bo‘lib, ko‘krak, yurak ma’nolarini bildiradi. Ko‘kaman (ko‘kamon) “yuragi katta” degani. Alpomish so‘zini ham “alp”, “mon” va “mish” kabi o‘zak hamda qo‘shimchalarga bo‘lish mumkin. Uning asli ismi deb berilgan “Hakimbek” esa chorvador turkiy qavmlar islomni qabul qilganlaridan keyin baxshilar tomonidan “tahrir etilgan” variant. Ehtimol, dostonning qadimgi variantlarida Alpomishning ham asli nomi sof turkiycha bo‘lgandir. Qizlarga ko‘rkam, suluv parrandalarning otlarini qo‘yish odat bo‘lgan. Qarang, Boysarining qizi Barchin, Boybo‘riniki esa Qaldirg‘och. “Barchin” so‘zi “bovurchin” degan so‘z bilan bog‘liq, jigarrang, chiroyli muannas o‘rdak, degani.

Alpomish” dostonida bayon etilgan davr qabila, urug‘chilikdan davlatchilikka o‘tilayotgan payt bo‘lgan. Endigina davlatchilikning ma’lum bir unsurlari ko‘zga tashlanadi. Bu davrning asosiy xususiyati — har bir qabila, urug‘ o‘zini saqlab qolishga intilgan. Kuchli, mard va qo‘rqmas yigitlargina qabilasi, urug‘ini saqlab qola oladigan kuch sanalgan. Ta’kidlash kerakki, qabila, urug‘ning birligi, yaxlitligi ularning yashab qolish omillaridan sanalgan. Shu bois, “Alpomish”ning g‘oyaviy mazmunini urug‘ning yaxlitligi, birligini saqlab qolish, yovlarga qarshi kurashga to‘g‘ri kelganda asqotadigan tengsiz kuch, qudratni ulug‘lash tashkil qilishi tabiiy hol.

Dostonda ishlatilgan “azamat” so‘zi bu hodisani yorqin ochib beruvchi o‘ziga xos kalit, deyish mumkin. “Alpomish” dostonining 22-sahifasida “Azamat bosh berar dinning yo‘liga”, degan satr kelgan. Bu yerdagi “azamat” so‘zi turkiycha bo‘lib, muayyan mazmunni anglatuvchi atamadir. (Chorvador turkiy qavmlar islomni qabul qilgunlariga qadar bu satr boshqacha, balki “Azamat bosh berar yurtning yo‘liga” kabi variantda bo‘lgandir). Turkiy qavmlarda o‘g‘il bolalarni yoshiga qarab quyidagi turkumlarga bo‘lishgan: 10 dan 20 yoshgacha bo‘lganlarni “bo‘z bola”, deb atashgan. Yaqin-yaqinlargacha balog‘atga yetgan yigitlar uylanish oldidan “bo‘z bola”larni chaqirib, ziyofat berish hodisasi uchrardi. 20 yoshdan 30 gacha bo‘lganlarga “azamat”, deyilgan. Azamatlar urug‘-qabilani, qavmni yovdan himoya qilish uchun doimo tayyor turishi lozim bo‘lgan. Timsolli aytganda, ular zahiradagi, ammo har lahzada chaqiriqqa tayyor turuvchi askar hisoblangan. Hali-haligacha yaqin kishingizning o‘g‘li bo‘y cho‘zib, ko‘zga tashlanib qolgan bo‘lsa, “E, azamat bo‘lib qolibdi-ku!”, deymiz. O‘spiringa aytilgan bu daldaning zamirida “Xayriyat, azamatlarimiz safiga yana biri qo‘shiladigan bo‘ldi”, degan qoniqish hissi ham yotgan bo‘ladi. 30 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lganlarni “er yigit”, deyilgan. Bu guruh, asosan, oilasini parvarishlash, farzandlarini el-yurtga munosib qilib tarbiyalash bilan shug‘ullangan. 40 bilan 50 yosh orasidagilarga “qush og‘asi”, deyilgan. “Qush” so‘zi qassoblik bilan bog‘liq bo‘lgan “kush”dan batamom farq qiladi. “Qush” bir ota-onadan tarqalgan aka-uka, amakilarning oilalari majmuini bildirgan. “Qush og‘asi” mana shu kichik ijtimoiy guruhning boshlig‘i yoki obro‘li a’zosi bo‘lgan. Chorvador qavmlar keng yaylovlarda o‘tov tikib o‘rnashganlar, o‘sha joylarda o‘t-o‘lanlar kamaygach, boshqa yerlarga ko‘chib o‘tishgan. Tanishlar bir-birlarini uchratib qolishganda, “Qushxonanglar qayerda joylashgan?”, deb so‘rash odat bo‘lgan. 50 yoshdan 60gacha bo‘lganlarni “o‘tog‘asi”, deyilgan. Ular bir necha “qush”larga boshchilik, rahbarlik qilishgan. Hozir ham bu yoshdagi kishilarga “o‘tog‘asi”, deb murojaat qilish hollari Toshkent va uning atroflarida uchrab turadi. Jamiyat a’zolarining bu tarzda guruhlanishi va ularga yuklangan ijtimoiy vazifa chorvador turkiy qavmlarda qadimdayoq, sodda bo‘lsa-da, ijtimoiy tizim shakllanganini ko‘rsatadi.

Ajdodlarimizda xotin-qizlarga nisbatan erkinlik berilgani, ularning aqliga, fahmiga ishonilganidan dalolatdir. “O‘n to‘rtga kirgan qizning kimga erga tegishi o‘z ixtiyoriga beriladi”, deyiladi dostonda (64-bet). Vaqti kelganda, qalmoq polvonlariga javob berish (tegish-tegmaslik masalasida) huquqini qizi Barchinga topshirib, uning o‘tovini alohida bir qirning ustiga tiktirib bergan Boysarining harakatini tabiiy hol deb qabul qilamiz. Bu esa, yoshlarning o‘z taqdirini belgilashlarida muhim ahamiyat kasb etgan. Kezi kelganda ta’kidlash kerakki, dostonlarda yigitning qizga muhabbati har qanday bachkanaliklardan uzoq, to‘kis, iboli hodisa. Barchinning kelbati ham Alpomishnikidan qolishmaydi. Har yag‘rini o‘n to‘rt qarich. Demak, alp yigit Alpomishning Barchinday qomati raso qizga bo‘lgan sevgisi so‘zda zohiran ifodalanuvchi tuyg‘udan ko‘ra, ko‘proq botiniga singigan, sokin, ulkan muhabbatdek anglanadi.

“Alpomish”ning, afsuski, asrlar davomida aytilib kelgan variantlari yozib borilmagan. Agar shunday bo‘lganda edi, juda ko‘plab tarixiy so‘z va atamalarga duch kelgan bo‘lardik. Shu holida ham doston matnida xalqimiz tarixining taraqqiyot jarayonini aks ettirgan so‘z va atamalar anchagina. Olaylik, Yortiboy obrazini. Unda qandaydir nuqson mavjud. Shuning uchun uning ismi “yarim”, degan ma’noni bildiradi. Doston aytuvchi baxshi bu obrazga bir oz mutoyibani ham singdirib yuborgan. “Majlisli kun bo‘lsa, to‘rdan joy tegmay, piyoladan choy tegmay, bo‘sag‘aning oldida kavush bilan aralashib, it yiqilish bo‘lib, poyga betda yotar edi”, deya tavsif beriladi unga (22-bet). “It yiqilish bo‘lib” iborasi timsolli manzara yaratishi bilan birga, Yortiboy obrazining mohiyatini chuqurroq ochib beradi. Ma’lumki, itlar urushib qolganda, orqa oyoqlarida turib oldingi oyoqlari bilan bir-birining yelkasidan “ushlagandek” holga kelgach, bab-baravar, yonboshi bilan yiqiladi. Bunga teng yiqilish, deyiladi. Bu manzaradan baxshi yorqin tasavvur hosil qildirish yo‘lida foydalangan: kavushlar bilan teng holda qaralgan Yortiboy urug‘ boshlig‘i Boysari o‘tkazgan kengashda o‘zini xudbinlarcha chetga tortib, urug‘doshi boshiga ish tushganda jo‘yali maslahat berishdan qochadi. Ya’ni “yarim odam” — yortiligiga boradi. Baxshilar ta’kidlaganidek, “kovush bilan teng” kimsaning gapini aytadi.

Doston matnida muayyan tarixiy qatlamga xos, shu bilan birga, tarixiy taraqqiyot jarayonida sodir bo‘lgan ijtimoiy o‘zgarishlar hisobga olingan holda so‘z va atamalarni qo‘llash ham anchagina uchraydi. Ko‘kaldosh ukasiga qarata shunday deydi: “Qorajon, sen lot va manotdan yuz o‘girib, islom diniga kirib, sehrgar-jodugar bo‘lib, baloga yo‘liqib qolibsan” (139-bet). Ma’lumki, lot va manot arablar islom dinini qabul qilishdan ilgari sig‘ingan ikki butning nomidir. Bu bilan baxshi qalmoqlarning ham majusiy bo‘lganliklarini ta’kidlagan holda, ulardan ayrimlarining musulmonlikka o‘tayotgan davri to‘g‘risida go‘yo yo‘l-yo‘lakay ma’lumot berib o‘tadi.

Baxshilar ba’zan kutilmagan o‘xshatishlar ham qo‘llashadi. “Alpomish” dostonida “obdol talaganday”, degan ibora uchraydi. “Obdol” asli “abdol” so‘zining o‘zgargani bo‘lib, “sehrgar lo‘li” ma’nosida qo‘llanilgan. Lo‘lilarning ayrimlari xotin-qizlarni shunday avrashganki, bechoralar bor-budini ularga ikki qo‘llab topshirib qo‘yganini bilmay qolishgan. Bizningcha mana shu holat o‘xshatish sifatida keltirilgan. (“Sovetskoye vostokovedeniye” majmuasining 1948 yilgi sonlaridan birida “Abdol tili”, degan maqola bosilgan. Unda dunyoga tarqalib ketgan lo‘lilarning aksariyati tushunadigan, ya’ni espirantoga o‘xshash “abdol tili”, ya’ni “lo‘li tili” to‘g‘risida ma’lumot berilgan).

Doston matnida shunday ayrim so‘z va iboralar uchraydiki, ularning ma’nosini topish oson emas. Bularning ma’nosini mutaxassislar dostonni yozib olish paytida baxshidan so‘rab olganlarida ish boshqacha kechgan bo‘lardi. Bittagina misol keltiraylik. Dostonning 160-betida “har iziga ketar ancha bahori» degan satr uchraydi. Biz bilgan “bahor” bilan bog‘liq “Bahori” degan so‘z mazkur matnga mantiqan to‘g‘ri kelmaydi. Demak, bu qandaydir bo‘lak atama yoki tovush o‘zgarishiga uchragan so‘z. O‘zbek tiliga arab tilidan kirgan ikki so‘z bor: biri, raoyo – o‘troq xalqni anglatadi, ikkinchisi, baroyo – chorvador ko‘chmanchi qavmni, ya’ni zakot to‘lovchilarni bildiradi. “Bahori” so‘zi “baroyo” so‘zining fonetik jahatdan o‘zgarishga uchragan shakli, deb taxmin qilish mumkin. Bunday xorijiy so‘z va atamalar madrasa tahsilini olgan baxshilar tomonidan kiritilgandir ehtimol. Chorvador qavmlar tog‘, qir etaklaridagi tekislik, sayxonlik joylarga o‘tov tikishganlar. Bu joylar timsolli tarzda inson bosgan izga o‘xshatilgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbek xalq dostonlarining har qaysisi bir olam. Faqat bu olamni tushunishga intilish, uning go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish kerak. Shundagina dostonlar matnidagi beqiyos jilolarni his qila bilish mumkin.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 1-sonidan olindi.