Sultonmurod Olim. Bobur: Shoir ko‘ngli va shoh siyosati

«Boburnoma»ning xohlagan sahifasini o‘qib, bugun uchun bir ajib xulosa topasiz. Bu samimiy va tiniq, aniq va puxta, qalb ehtirosi-yu aql qudrati bo‘rtib turgan o‘zbekona jumlalar zamirida buyuk bir shaxs, kuchli bir tiynat, teran bir nuqtai nazar, qat’iy bir siyrat, bugungi tushunchalar bilan aytganda, yuksak darajada tizimlashgan milliy mafkura bor.

Bobur lashkaru a’yonlari bilan birga Hindistonga yurish qilib, uni egalladi. Albatta, xalq o‘z-o‘zidan, shunchaki da’vat bilan Boburga ergashib ketavergan emas. Bobur Mirzoning odamlardan ko‘zda tutgan qat’iy maqsad va ochiq manfaati shu ediki, kemaga kirganning joni – bir: «Men o‘tqa, suvg‘a kirsam-chiqsam, betahoshiy (o‘zboshimchalik qilmasdan) bular bila (birga) kirgaylar va bila chiqqaylar. Men har sorig‘a bo‘lsam, alar mening sori bo‘lg‘aylar». Shundagina maqsad birligiga erishiladi.

Buning aksi bo‘lishi mumkin emas. Ular mening maqsadimga xilof so‘z aytmasligi, o‘zaro kengashib, maslahatlashib buyurilgan har ish va topshiriqni bajarishga kirishayotganda hali majlis tarqamasdan turiboq undan qaytish kabi hodisalar yuz bermasligi kerak, deydi Bobur.

…Bizda isinib olish uchun hammom barpo etiladi. Hindiston shunchalik issiqki, hammomni salqinlashga moslab qurishadi. Buning ustiga, boburiylar Kobuldan chiqib, Ograni egallaganlari yili haddan ziyod issiq kelgan edi. Garm­sel esib, bunga o‘rganmagan odamlarni qattiq holdan toydirdi. Boburning o‘zi yozganidek, ular «Hindistonda turmoqqa rozi emas edilar, balki ketarga yuz qo‘yub edilar».

Nima qilish kerak?

Bobur barcha beklarni kengashga yig‘adi-da, ular oldiga qat’iy talablar qo‘yib, otashin nutq so‘zlaydi:

«Saltanatu jahongirlig‘ beasbobu olot dast bermas. Podshohliqu amirliq benavkar va beviloyat mumkin ermas. Necha yil sa’ylar qilib, mashaqqatlar ko‘rub, uzoq yerlar qat’ etib (bosib o‘tib), cheriklar yurub (lashkar tortib), o‘zumuznivu cherikni harbu qitol muxotaralarig‘a (urush va o‘lim xatarlariga) solg‘aybiz. Tengri inoyati bila bu nav’ qalin yog‘ilarni (dushmanlarni) bosib, mundoq keng mamlakatlarni olg‘aybiz.

Holo (endilikda) ne zo‘r kelibturu ne zarur qilibturkim, mundoq jonlar tortib olg‘on viloyatlarni bejihat (sababsiz) solg‘aybiz (tashlab ketamiz), yana borib, Kobulg‘a tangdastlig‘ ibtilosig‘a (qo‘li kaltalik boshlanishiga) qolg‘aybiz?!

Har kim davlatxohdur, mundin so‘ng mundoq so‘zlarni aytmasun! Har kim toqat keltura olmay, ketarg‘a yuz qo‘ysa, borg‘onidin qaytmasun!..»

Vaziyat Boburdan beklariga shunday dag‘dag‘a qilishni, ular oldiga shunday qat’iy vazifayu shart qo‘yishni taqozo etar edi.

Janglarda ko‘p mardliklar ko‘rsatgan Xoja Kalon, baribir, Hindistonda qolishni istamadi. Oxiri, Bobur Mirzo uni Kobul va G‘azniga yuborilayotgan sov­g‘a-salomlarni olib boruvchilarga boshliq qilib tayinlab, qaytishga ruxsat berdi. Unga G‘azni, Gardiz va Sulton Mas’udiy hazorani inoyat qildi. Ya’ni Bobur bek norizo bo‘ladigan biror ish qilgani yo‘q.

Biroq…

Xoja Kalon Hindistondan ketayotganida o‘zi turgan uyning imorati peshtoqiga «Hindistoningni yelkamning chuquri ko‘rsin» qabilidagi «Hind yurtidan eson-omon qaytib, uni yana orzu qilar bo‘lsam, yuzim qora bo‘lsin» degan baytini bitib ketdi:
Agar baxayru salomat guzar ba Sind kunam,
Siyohro‘y shavam, gar havoyi Hind kunam.

Ana xolos!

Xo‘sh, bunga Bobur nima der ekan?

Aytarini aytdi, albatta: «Biz Hindus­tonda turub, mundoq zarofatomiz (kamsitadigan) bayt aytmoqu bitmoq besuvrattur (ma’qul emas)».

Chunki bunday she’rni aytish ham, uni uy peshtoqiga yozib qo‘yish ham boburiylarning Hindistondagi siyosati manfaatlariga zid va xalal berguvchi hodisa edi.

Bobur Mirzoning hukmi qat’iy: «Ketmakdin bir kudurat (xafachilik) bo‘lsa, bu nav’ zarofattin ikki kudurattur!»

Shoir emasmi, bu voqeadan xabar topgan Bobur o‘sha zahoti badiha (yodaki she’r aytish) yo‘li bilan bir ruboiy to‘qiydi-da, qog‘ozga bitib, orqadan Xoja Kalonga jo‘natadi:
Yuz shukr de, Boburki, karamu g‘affor,
Berdi senga Sindu Hindu mulki bisyor.
Issiqlig‘ig‘a gar sanga yo‘qtur toqat,
Sovuq yuzini ko‘ray desang, G‘azni bor.

Bu nima, manfaatlar to‘qnashuvimi? Unday bo‘lsa, biz tushungan mafkura – xuddi shu!

Bir inson begona yurt iqlimiga ko‘nikolmagan bo‘lsa, shuni she’rga solsa, nima qilibdi! Shoir Bobur buni ajabtovur tushunadi. Ammo bu shoh Boburga aslo yoqmaydi. Chunki shugina ikki qator she’r uning siyosatiga, demakki, tuzgan davlati manfaatiga qarshi edi, uning ana shu siyosatiga xalal keltirar edi, albatta.

Avvalo, yozmasin edi. Yozsa ham, jilla qursa, elga, xususan, hind xalqiga bunday oshkor qilmasin edi. Axir, Xoja Kalon ketayotgan bo‘lsa ham, biz shu yerda qolyapmiz-ku, deydi u.

«Boburnoma»da bunga o‘xshash mafkuraviy o‘rinlar son-ming. Shuning uchun ham adabiyotni mafkuradan xoli holda tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Sultonmurod Olim,
“Hurriyat” gazetasidan olindi