Ma’suma Ahmedova. Bizga notanish Xeminguey

Adib shu mavzuda yaxshigina hazillasha bilardi. Ernest Xeminguey 1935 yilda “Eskvayr” jurnalida “Ki Uest­dan jo‘natilgan maktub” asarida, sayyohlar uning uyini o‘rab olishayotganini yozadi: “Bu muxbiringiz ruhiyatiga juda mos tushadi, lekin ishni haddan tashqari qiyinlashtirib qo‘yadi”. Garchand Xeminguey vafotiga salkam qirq yil bo‘lsa-da, hamon yozuvchi ilgarigiday kitobxonlar diqqatini o‘ziga jalb etib kelmoqda.

Omma hanuzgacha adibning shaxsiy hayoti bilan qiziqishda davom etmoqda. Xuddi avvalgiday minglab ijodkorlar hozir ham Xemingueyga taqlid qilmoqdalar. Bu taqlidchilar orasida jiddiylari ham, o‘rtamiyonalari ham bor. AQShning ko‘pgina taniqli adabiyotshunoslari o‘zlarida hamon Xeminguey ijodi ta’sirini sezadilar.

Yozuvchining yangi kitoblari xuddi oldingiday shiddat bilan nashr etilib turibdi. 1999 yilning 21 iyuliga kelib, yozuvchi tavalludining 100 yillik sanasiga bag‘ishlanib, uning so‘nggi, tugallanmagan, yirik romanlaridan biri chop etildi. Asar Xemingueyning o‘rtancha o‘g‘li Patrik tomonidan nashrga tayyorlandi. Ushbu roman 1953 yilda yozuvchining Afrikaga safari haqidagi to‘qima asari edi.

Roman “True of First Light” degan sarlavha ostida chiqadi. Uni taxminan uchdan bir qismga qisqartirgan Patrik romanni shunday nomladi. Asarda sher ovi hamda Ernest Xeminguey degan yozuvchi, xotini Meri va vakamba qabilasidan chiqqan yoshgina, yengiltak Debba ismli ayol o‘rtasidagi muhabbat uchburchagi haqida hikoya qilinadi. Sher haqiqatan ham bo‘lgan, uni yozuvchining xotini otib tashlagan edi. Hozirda ana shu sher terisini Bostondagi Kennedi kutubxonasida ko‘rish mumkin. Agarda hayvon terisiga qarab, xulosa chiqaradigan bo‘lsak, ushbu tulum Xeminguey tasvirlagan – “bahaybat qora boshli” va “og‘ir, ulkan gavdali” maxluqqa uncha o‘xshamasdi. Debba ham haqiqatan hayotda bo‘lgan edi. Lekin uning yozuvchi bilan ishq-muhabbati, aftidan, to‘qib chiqarilgan bo‘lsa kerak.

Safarda uzoq yillar gidlik qilgan Patrik shunday deydi: “Uning (Xemingueyning) Afrika bilimdoni sifatida qozongan nufuzi biroz bo‘rttirilgan. Bu narsa otamning asarlariga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi. Lekin bu qiziqish ovga taalluqli». Ana, xolos!

Xeminguey bu romanni 1955-56 yillarda yozgan edi. So‘ngra yozuvchi “Chol va dengiz” qissasini suratga olish ishlari bilan band bo‘lib, bu asarini chetga surib qo‘yadi. “Sport illyustreyted” jurnali o‘tgan asrning yetmishinchi yillari 800 sahifali asarning to‘rtdan bir qismini nashr etadi. Biroq bu nashr uncha shov-shuv bo‘lmaydi. Shunga qaramay, 1999 yilda bu romanning nashr etilishi muhim adabiy voqeaga aylanadiganga o‘xshab turibdi. O‘quvchi kitobdan faqat zavq olibgina qolmaydi. Roman o‘quvchini yozuvchining hali tugallanmagan asar ustida ishlashi va uning “ijod okeani olami”ga ko‘z tashlashiga, muallifning asar yaratish yo‘lida chekkan behad zahmat-mashaqqatlarini ko‘rishga imkon beradi. Yozuvchi asarda oq va qora, erkak va ayol, haqqoniyat va xayolot o‘rtasidagi chegaralarni mohirona tadqiq qilib beradi.

Xeminguey yigirma yil ichida “Kimga jom chalinadi?” romani (1940) va o‘limi oralig‘ida faqat ikkita asarini chop ettiradi. Ulardan biri “Daryo orti daraxtlar soyasida” asari kitobxonlar hafsalasini pir qiladi. Ammo “Chol va dengiz” qissasi olamshumul shuhrat qozonadi.

Biroq shu yillar ichida Xeminguey minglab sahifalarni bitadi. Aftidan, Xeminguey bularni keragicha tartibga sololmagan yoki tugatolmagan ko‘rinadi. Yozuvchi hech bir mubolag‘asiz ancha katta asardan “Chol va dengiz”­ni “bichib” oladi (undan ko‘p parchalar 1970 yilda chop etilgan “Okeandagi orollar” romaniga kiritilgan). Xeminguey, shuningdek, viqor bilan nomlagan “androgen” oshiq-ma’shuqlar haqidagi “Bog‘i Eram” romani ustida ham ishlaydi. Ana shu 2000 sahifalik aralash-quralash parchalarning qat’iy tahrirdagi talqini 1986 yilda nashr etiladi.

Yozuvchiga nima bo‘lgan edi? Siz buni bilasiz. Uning miyasi jiddiy jarohatlangan, ko‘p ichgan, kayfiyati esa depressiya holati tufayli tez-tez o‘zgarib turgan. Patrikning fikricha, otasi “oddiy odamlarga nisbatan yanada tezroq, shiddat bilan yuradigan soatga qarab yashagan.

Mening nazarimda, – deb yozadi Patrik, – otam 1961 yilda o‘zining butun umrini yashab bo‘lgan edi. U bu vaqtda miya faoliyatining jiddiy, juda jiddiy o‘zgarishlaridan azob chekmoqda edi”.

Xeminguey hayotining zo‘r, yaxshi kechgan kunlarida o‘z asarlarini behad ajoyib mahorat bilan tahrir qila olar va qisqartira bilardi. Biroq bunday o‘ta ijodiy ishni boshqa birov, hattoki o‘z o‘g‘li bo‘lsin, uddalay olarmidi? Yana-tag‘in tugallanmagan, chala asarlarni, albatta, chop etish shartmikan?

O‘tgan yilning kuzida Xemingueyning so‘nggi romani chop etilishi e’lon qilinganida taniqli adiba Joan Didionning “Nyu-Yorker” jurnalida essesi bosiladi. Adibaning yozishicha, bunday nashr ishlari “bozor mahsulotini shunday tarzda muntazam tayyorlab borish- yozuvchi hayotligida chop etilgan asarlarning xiralashishiga olib keladi”.

Biroq Patrik va uning aka-ukalari adabiy merosxo‘rlik huquqlariga ega bo‘lganlaridan buyon, g‘olib bo‘lib kelmoqdalar. Shuning­dek, biz ham.

Xeminguey-chi? U haqda biror og‘iz so‘z aytilganicha yo‘q.

Bu vaqtga kelib, yozuvchi tavalludining 100 yilligini nishonlash tadbirlari boshlanib ketdi. Yozuvchi asarlari qo‘lyozmalari hamda maktublarining aksariyat qismi saqlanayotgan Kennedi kutubxonasida simpozium bo‘lib o‘tdi. Ushbu simpoziumda Xemingueyning uchala o‘g‘illari – Jek, Patrik va Gregori, shuningdek, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotining to‘rttala sovrindorlari ham ishtirok etdilar.

Ma’suma Ahmedova
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.