Halim Saidov. Jadidchilik – yangicha harakat

Turkiston ozodligi uchun qurbon bo‘lgan mashhur jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning publitsistik faoliyati bo‘yicha dissertatsiya yoqlanayotgan edi. Ushbu ilmiy ish, jumladan, Behbudiy shaxsi haqida alloma Izzat Sulton fikr bildirar ekan, jadidchilik harakati namoyandalarining hayoti va ijodi tadqiq qilinayotganidan mamnunligini izhor etib, jadidshunos tadqiqotchilar oldida turgan navbatdagi vazifalarni aytdi:
— Jadidlarni oqlab oldik. Lekin sovet zamonida Behbudiy, Munavvar qori va yana bir necha jadidlarga qo‘yilgan «panislomist», «anglizparast» degan afsonalarni ham chilparchin qilib tashlash vaqti keldi.

Atoqli olim Izzat Sulton bugun oramizda yo‘q. Uning so‘zlari esa vasiyat bo‘lib qoldi.

«Oxranka» yozishmalari «KGB»ga asos bo‘lgan

Shu paytgacha Behbudiyning muftiligi, Munavvar qorining Qur’onni yoddan bilishi, ya’ni dindorliklari ularning yurt miqyosidagi e’tiroflariga to‘sqinlik qilayotgan bo‘lsa kerak, degan fikrda edim. Negaki, Behbudiy Samarqand jadidlariga karvonboshi bo‘lsa, Munavvar qori Toshkentda jadidlarga yo‘lboshchi edi. O‘z vaqtida «Haq olinur, berilmas» kabi da’vatlarni ayta olgan insonlar ham ular edilar. Qolaversa, bu insonlar ko‘plab safdoshlarni atroflariga jamlagandilar. Fitrat, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Sadriddin Ayniy kabi yurt fidoyilari fikrimiz dalilidir.
Shu bois sovet davri siyosatiga oid ko‘plab kitoblarni tahlil etganimizda, Behbudiy va Munavvar qorining faqat “anglizparast”ligi emas, balki panislomizm va panturkizmning Turkistondagi vakillari sifatida ayblanganligiga guvoh bo‘ldik.
Bu tamg‘aning tarixi Rossiya oxrankasining o‘tgan asr boshidagi xulosalariga asoslangan. G‘oyaviy jihatdan «o‘zgacha» bo‘lgan sovetlar bu xulosalarni hukm sifatida qabul qilib, tuzum yiqilgunga qadar faol qo‘lladilar. Hatto, mustaqillikka erishgan bo‘lsak-da, ularning nomlarini ehtiyot bo‘lib ishlatadigan olimlarimiz hanuz yo‘q emas.
Buning sababi, fikrimizcha, jadidlarning asl maqsadlarini turlicha tushunish va talqin etishda. Masalan, sarlavhadagi savolga diqqatingizni tortamiz: ko‘pchiligimiz «Buni kim bilmaydi, albatta, eskilik tarafdorlari «qadim»chilar, ular tutgan yo‘riqqa nisbatan yangidir», deymiz. Boshqamiz Dukchi Eshon qo‘zg‘olonini ko‘z oldimizga keltirib, jadidchilik shu kurash tarziga nisbatan yangi harakat, degan xulosa chiqaramiz. Negaki, o‘sha davr, xususan, jadidchilik haqida tadqiqotchilarning juda ko‘p maqolalari e’lon qilindi, dissertatsiyalar yoqlandi. Biroq bu qarashlar tadqiqotchilarning bir (mustabid) jamiyatdan ikkinchi (mustaqil) jamiyatga o‘tish davridagi turlicha fikrlarga, ya’ni jadidchilikka munosabatning har xil ekanligiga asoslangandir.
Mashhur adabiyotshunos, O‘zbekiston Qahramoni O.Sharafiddinov professor B.Qosimovning «Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik» kitobiga yozgan so‘zboshida shunday asosli fikr bitilgan: «Jadidchilik to‘g‘risida o‘zimizda va xorijda ko‘p asarlar yozilgan, albatta. Lekin, birinchidan, ularning hammasida ham jadidchilik to‘g‘ri talqin qilinavermaydi. Aksariyatida u birtomonlama — madaniy-ma’rifiy harakat sifatidagina baholangan. Ikkinchidan, shu paytga qadar jadidizm haqidagi tasavvurlarimizni bir joyga yig‘adigan, yutuqlarimiz, kamchiliklarimizni umumlashtiradigan kitob yo‘q hisobida edi. Shu jihatdan, B.Qosimovning mazkur tadqiqoti bugungi kunda, ayniqsa, milliy istiqlol mafkurasini shakllantirayotgan bir paytimizda juda katta ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi».
Darhaqiqat, ustoz olim B.Qosimov ushbu tadqiqotida juda katta axborotni bir joyga jamlab, masalaning tarixi, «jadid» so‘zining istilohi, yo‘nalishi, namoyandalari ijodi va faoliyatini bir butun sistemaga solib, kitob tayyorlagan. Bu jadidshunoslikda voqea bo‘ldi.
Bugungi bahsimizni ana shu kitobga tayangan holda olib borsak ayni muddao bo‘lur edi. Avvalo, B.Qosimovning jadidchilik xarakteri–yo‘nalishi haqidagi o‘rinli fikriga e’tiborni qaratsak: «Jadidchilik oqim emas, harakat. Ijtimoiy, siyosiy, ma’rifiy harakat. Yaqingacha ham u faqat ma’rifatchilik harakati deb kelindi. Bu ataylab qilingan edi. Maqsad — jadidchilikning doirasini toraytirish, sotsialistik-kommunistik mafkuradan boshqasi keng xalq ongini qamrab olishi, egallashi mumkin emas, degan soxta tushunchalarning asorati edi. Aslida esa, jadidchilik:
1) jamiyatning barcha qatlamlarini jalb eta oldi. Uyg‘onish mafkurasi bo‘lib xizmat qildi;
2) mustaqillik uchun kurash olib bordi. Uning g‘ayrat va tashabbusi bilan dunyo ko‘rgan Turkiston Muxtoriyati bu yo‘ldagi amaliy harakatning dastlabki natijasi edi;
3) maorif va madaniyatni, matbuotni ijtimoiy-siyosiy maqsadlarga moslab chiqdi».
Iqtibosdan o‘zimizga kerakli xulosa chiqaradigan bo‘lsak, demak, jadidchilik — ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy harakat bo‘lib, uning asosiy maqsadi mustaqillikka erishish bo‘lgan.

Yana o‘sha savol…

Bu yangicha harakat qanday harakat(lar)ga nisbatan yangi? Shu o‘rinda «qadimchilik»ning harakat emasligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘lib qoladi. Mustamlakachilikka qarshi ko‘tarilgan turli qo‘zg‘olonlar (masalan, Dukchi Eshon qo‘zg‘oloni) ham harakat darajasida bo‘lmay, balki stixiyali xarakterda edi.
Savolga javob esa o‘sha davrda dunyoda sodir bo‘lgan voqealar bilan bog‘liqdir. XIX asrda G‘arb davlatlari Osiyo va Afrika mamlakatlarini bosib, to‘g‘rirog‘i, bo‘lib oldilar. Bu haqda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat asarlarida va mustaqillikka erishgach ko‘pgina manbalarda, xususan, O‘zbekiston yangi tarixining sovet mustamlakachiligi davriga oid jildida, yuqorida nomi zikr etilgan kitobda ta’kidlanadi. Sharq xalqlarining ziyolilari, yurt fidoyilari mustamlaka zulmidan qutulishning chora-tadbirlarini ishlab chiqa boshladilar. Ularning eng mashhuri islom bayrog‘i ostida birlashish (mustamlakachilar unga panislomizm deb nom berdilar) g‘oyasidir. Biroz vaqt o‘tgach, bu bayroq ostida birlashish mumkin emasligi ma’lum bo‘ldi, endi turk birligi masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Bizga tanish bo‘lgan turkchilik harakati (g‘arbliklar uni panturkizm deb atadilar) ana shu asosda kelib chiqdi. Turkiston ziyolilari Sharq mamlakatlariga qilgan sayohatlari paytida u yerlardagi o‘zgarishlarni ko‘rganlari va bu ular faoliyatiga ta’sir ko‘rsatganligi, yozgan maqolalarida o‘sha ruh hukmron bo‘lganligi ham bor gap.
Fikrimizga dalil sifatida Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Ta’rix va jug‘rofiya» maqolasini («Turkiston viloyatining gazeti», 1908 yil, 30 noyabr) keltirish o‘rinlidir. Unda islom dunyosini, uning bir qismi bo‘lgan Turkistonni yevropaliklar bosib, bo‘lib olganliklari ochiq bayon qilinadi. Mazkur maqola xulosasidan bir parcha: «Xulosa, Ovruponi Janubi-G‘arbidagi mamoliki islomiya mahv va nopadid (ko‘rinmas, ta’sirsiz — H.S.) bo‘ldi. Ahli islomiyasini ba’zisi haydaldi. Ba’zan asir, ba’zan tahriq qildurildi va bu kun ulardan na nom bor va na nishon. Ovrupo vasatig‘a qarasangiz, Serb, Bulg‘or, Qirim, Kurid, Qibris, Yunon, Rum ila xittalari(o‘lka, yer yuzi — H.S.) ketdi, holo ketmakdadur. Bir karra Afriqo xaritasiga nazar qilayluk. Tanja ketdi, Taroblis, Tunis, Zanjibar, Sudan, Madagasqar islomiyalari qisman ketdi va qisman ketmakdadur…
Aziz jolisim, sizg‘a so‘ylab turibman, fahmlaysizmu? Hayhot, hayhot, umumiy Osiyo qit’asig‘a 600 miliyun qadar musulmon borki, andin o‘n miliyuni Osiyoi safro va jazirat ul-Arabg‘a sokin va Usmonli hukumatig‘a tobe’, 9 miliyun Erong‘a, 6 miliyuni Afg‘ong‘a, 2 miliyuni Buxoro, miliyuni Xiva, 1 miliyuni Bulujiston, 12 miliyuni Haydarobod degan, 1 miliyuni Ummon va miliyundan kami jumhur hukumati islomiyasig‘a tobe’ bo‘lub, baqya 50 miliyuni Xitoy va 50 miliyuni inglisg‘a va 50 miliyun qadari, yana 40 miliyuni Jazoir, Bahri Kabir musulmonlari ila barobar Inglis, Fransa, Kalandiya, Ispaniya, Rusiya va o‘zga davli (davlatlar – H.S.) nasroniyasig‘a tobe’. Biz Osiyoi vusto (o‘rta – H.S.) va shimoliy sokinlaridan Rusiya davlatig‘a to‘g‘ridan-to‘g‘ri tobe’…»
Mahmudxo‘ja Behbudiyning Rossiya hukmronligi davrida yozilgan bu maqolasi «Tanlangan asarlar»iga kiritilmaganligi uchun kattaroq iqtibos oldik. Behbudiy «Hayhot», deya hayqirib yozgan bu maqolada, e’tibor bergan bo‘lsangiz, Turkiston dardi islom dunyosi muammolari fonida ko‘tarilgan.
Jadid bobolar, boshqa mustamlakada qolgan xalqlar singari, yurtni ozod qilish yo‘lida birovlardan yordam kutganlarini ham qoralash mumkin emas. Lekin hayot shuni ko‘rsatdiki, jadidlar na islomchilik, na turkchilik bayrog‘i ostida birlashib, mustamlaka asoratidan ozod bo‘lish qiyin ekanligini anglab yetdilar.
Shu o‘rinda aytish joizki, jadidchilik harakati asoschisi, qirim-tatar ziyolisi Ismoilbek G‘aspirali birinchi bo‘lib mustamlakachining ruslashtirish siyosati va uning oqibatlarini avvaldan anglab yetib, Rossiya hududida yashaydigan musulmonlarning o‘qib, o‘rganib, shunga yarasha harakatda bo‘lishlari lozimligini ta’kidladi. Behbudiy va Munavvar qori G‘aspiralini ustoz deb bilib, uning fikrlariga tayandilar, albatta.
Biroq, «oxranka» ularning hech birini «shpion»likda yoki davlatni sotganlikda ayblay olmadi. Chunki ular sirtdan juda beozor bo‘lgan — ma’rifat orqali taraqqiy etish, boshqa millatlar (xususan, rus millati) bilan teng bo‘lib yashash g‘oyasini ilgari surdilar. Ular ozodlik so‘zi o‘rniga taraqqiy so‘zini qo‘llay boshladilar.
Yodga oling: Munavvar qorining sa’y-harakatlari bilan tashkil topgan va mustamlakachi tomonidan tezlik bilan yopilgan Turkiston jadidlari birinchi gazetasining nomi ham «Taraqqiy» edi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning ko‘plab maqolalarida ushbu atama ishlatilgan, lekin 1917 yil fevral voqealaridan keyin millat orasida noittifoqlik kelib chiqqan bir fursatda yozilgan maqolasida taraqqiy so‘zining ishlatilganligiga e’tibor bering: «Muhtaram yoshlar! Zamon siznikidur, qarilar zamoni o‘tkan. Siz kiromg‘a bobasirat bo‘lub, o‘n daf’a o‘lchab, bir daf’a kesingiz. Otashinlik va tezlik ila ish bo‘lmas. «Al-ajlu minash-shayton!» (Shoshqaloqlik shaytondandur – H.S.). Bu fikrni boshingizdan chiqaringizkim, sizning o‘z boshingizg‘a taraqqiy qilmog‘ingiz mushkuldur. Balki butun shahringiz va millatingiz ila taraqqiy qilursiz. Men ham yigirma yildan beri harakat qilarmankim, taraqqiy paydo bo‘lsun. Shuni sizlar ham bilursizki, o‘n va yigirma nafar ila taraqqiy bo‘lmaydi va bo‘lmas ekan. Binobarin, o‘rta va bu qadar imkon ko‘proq kishi mayl qilaturg‘on yo‘l ila taraqqiy etmoq kerak va unsiz boshqa chora yo‘qdur».
Endi taraqqiy so‘zi o‘rniga muxtoriyat, mustaqillik, ozodlik so‘zlarini qo‘yib ko‘ring!
Olmon olimasi Ingeborg Baldaufning «Mahmudxo‘ja Behbudiy Falastinda» maqolasida shunday fikr bor: «Behbudiy o‘quvchilarga (gap «Sayohat xotiralari» asari haqida borayapti–H.S.) Falastinda yashovchi arab musulmonlarining taqdirini namoyish etadi. Ba’zilar bu qiyoslash orqali Behbudiy panislomizm g‘oyalarini yoyishga harakat qilgan deb o‘ylashlari mumkin. Yo‘q, aksincha, Behbudiy bunga mutlaqo intilmaydi, ba’zi hollarda esa, falastinlik musulmonlarni «kir-chirga botgan arablar» deb tasvirlab, hurmat-e’tiborga ko‘proq loyiq bo‘lgan turkistonliklar bir chekkada qolib, imperiyachi kuchlar arablarning e’tiborini qozonishga urinayotganidan g‘ayirligi qo‘ziganini ham yashirmaydi. Bir dindagi kishilarning yaqinligi yasamadir, chinakam birdamlik emas; kamdan-kam hollardagina Behbudiy «barcha musulmonlarning birligi» to‘g‘risida so‘z yuritadi. Mahmudxo‘ja tushunchasidagi birdamlik faqat uning o‘z millatiga taalluqlidir. Millat esa faqat diniy emas, balki diniy va makoniy nuqtai nazardan ta’riflanishi lozim, ya’ni Behbudiy «barcha musulmonlarning birligi» deganda, fikrimizcha, birinchi navbatda, O‘rta Osiyo musulmonlarining birdamligini tushungan bo‘lsa kerak. Shu birdamlik tushunchasi Behbudiyning siyosiy nuqtai nazarini ham belgilaydi».

Bir-biridan ayrim harakatlar

Islom bayrog‘i ostida birlashuv g‘oyasini Behbudiyning «Ulug‘ Turkiston» gazetasining 1917 yil, 12 iyun sonida chop etilgan «Bayoni haqiqat» maqolasidagi parlament xususidagi fikrlari ham inkor etadi: «Biz istaymizki, Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qo‘shilgan holda o‘z boshlarig‘a Russiyani bir parchasi hisoblanadurg‘on Turkiston hukumati ta’sis etsak, o‘zimizni majlisi mushovaratimiz «parlamentarizm» bo‘lsun».
Bolsheviklar hokimiyatni qo‘lga kiritgach, Behbudiy «Russiyani bir parchasi bo‘lish»dan voz kechdi, biroq ozod Turkistonda qonunlarni Millat majlisi chiqarishini ta’kidladi: «Muxtoriyatni Millat majlisi har bir xalqg‘a naf’ini ko‘zda tutub qonun chiqarur».
Ana shu qarashning o‘ziyoq islom yoki turk bayrog‘i ostida yagona davlat tashkil etish maqsadi yo‘qligini ko‘rsatadi. Lekin bu qarashlar islomchilik, turkchilik g‘oyalarini o‘rgangach, anglagach shakllanganligini ham inobatga olmoq joiz. Izzat Sulton aynan shu xususda, Mahmudxo‘ja Behbudiyning ulug‘ligi — uning kelajakni ko‘ra bilishidadir, masalan, uning davlatni parlament asosida tashkil etish borasidagi g‘oyasining to‘g‘riligini bugungi avlod anglab turibdi, degan edi.
Abdurauf Fitratning «Aruz haqida» risolasida shunday fikrni o‘qiymiz: «Bizda jadidizmning birinchi davri panislomizm bayrog‘i ostida yurdi… Bora-bora panislomizm, panturkizm, o‘zbek millatchiligi bir-biridan ayrim xatti-harakatlar tarzida ajraladi». Fitratning ushbu fikri ham jadidchilik panislomizm va panturkizmga nisbatan o‘zgacha harakat bo‘lganligini anglatadi.
Qanday paytda mavjud harakatlarga nisbatan yangisini tuzish ehtiyoji paydo bo‘ladi? Albatta, o‘sha harakatlar dasturidagi maqsadlar, unga erishish yo‘llari mos kelmaganda yoki inkor etilganda!
Fikrimizcha, jadidchilik harakati islomchilik (panislomizm), turkchilik(panturkizm) harakatlari kabi mustamlakachilikka qarshi kurash g‘oyasini o‘zida mujassam etgan bo‘lsa-da, lekin milliy-ozodlikka erishish yo‘li yuqoridagi harakatlarga nisbatan yangichadir. Istiqlolga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmasligini ular juda yaxshi anglar edilar. Istiqlolga erishgach esa, davlatni boshqarish va uni idora qilish, ishlab chiqarishni Yevropa davlatlaridagi darajaga ko‘tarish, dunyo mamlakatlari bilan teng munosabatlar o‘rnata olish, chet tillarni bilish lozim edi. Buning uchun esa yangi maktablar ochib, unda asosan aniq fanlarga e’tiborni kuchaytirish, tegishli darsliklar yozish, muallimlar tayyorlash, yoshlarni chet ellarga o‘qishga yuborish masalalari kun tartibiga qo‘yildi va bu ishlarning aksariyati amalga oshirildi. Ular ochgan maktablar, yozgan darsliklar, piyesalar, she’rlar, rivojlangan davlatlarda o‘qib kelgan yoshlar fikrimizga asos bo‘la oladi.

«Anglizparast» tamg‘asi qanday paydo bo‘lgan?

Behbudiyga qo‘yilgan «anglizparast» tamg‘asiga hech qanday asos yo‘q. Negaki, uning safdoshi Fitrat «Angliz va Turkiston» maqolasida inglizlarning josuslari ko‘payganligini, buning sababini (ularning asosiy maqsadlarini) ochib berarkan, Turkistonning inglizlar bilan ittifoq tuzishini noma’qul yo‘l deb xulosa chiqaradi:
«Shul suratda Turkistonning tole’i nimadir?
Uni turkistonliklarning o‘zlari tayin qilarlar, ammo ittifoq va ittihod etib, butun fikrlarini bir nuqtada to‘plag‘andan keyin!..»
Ushbu iqtibosda Turkiston jadidlarining asl maqsadi yaqqol e’tirof etiladi. Turkistonning taqdiri boshqa davlatlar tomonidan emas, o‘z xalqi tomonidan yaratilishi kerak.
Bu haqda Behbudiyning o‘ziga ham murojaat qilishimiz mumkin. Uning «Qozoq qarindoshlarimizg‘a ochiq xat» («Hurriyat » gazetasi, 1918 yil, 26 yanvar) maqolasida shunday da’vat bor: «… siz bilingki, haq olinur, lekin berilmas. Inchunun, muxtoriyat-da olinur, lekin berilmas. Ya’ni, muxtoriyatni Turkiston bolalarining o‘zi birlashib, g‘ayrat ila olur. Albatta, boshqalar tarafidan berilmas. Boshqalarning qo‘lidan kelsa, bermaslar».
Xo‘sh, ittifoq tuzish maqsad emas ekan, «anglizparast»lik tamg‘asi nega ularga yopishtirildi. Bu 1919 yili Behbudiy va uning hamrohlari «asrorangiz suratda» (Hoji Muin) yo‘qolganligi voqeasi bilan bog‘liqdir.
Atoqli olim Naim Karimovning aniqlashicha, Behbudiy va hamrohlari Vilson (AQSh prezidenti) bilan uchrashishi lozim bo‘lgan (xabaringiz bor, Behbudiy va hamrohlari qatl etiladi). Ikkinchi guruh haqida olim Sirojiddin Ahmad «Yo‘lboshchi» (Munavvar qori Abdurashidxonov. Tanlangan asarlar. T.: “Ma’naviyat”, 2003) maqolasida yozishicha, Orif Karimiy hamrohlari bilan «Qashqarga yo‘l oldi. U yerda Angliya va Yaponiya vakillariga Buxoro, Xorazm va Turkiston hukumatlari nomidan yozilgan xatni topshirishi tayin etiladi. Ammo Olmaotaga yaqin joyda ular qo‘lga olinadilar». Ana shu munosabat bilan Munavvar qori ham 30 martdan 1 dekabrgacha hibsda saqlangan.
Fikrimizcha, qudratli davlatlar rahbarlariga yozilgan bu xatlarning mazmuni qanday bo‘lganidan qat’i nazar, ular yurtimiz ozodligi, millat ravnaqi qayg‘usida yozilgani aniq. Qizil mustamlakachi nazdida ushbu maktublarning chetga chiqarilishi «josuslik» bo‘lishi mumkindir, biroq millat manfaati nuqtai nazaridan qaraganda, bu ozodlikka chiqishga bo‘lgan yana bir harakatdir. Shu bois jadid bobolarning har qanday sharoitda, ya’ni chor Rossiyasi bo‘ladimi, Muvaqqat hukumat yoki sovet tuzumi bo‘ladimi, yon-atrofdagi boshqa davlatlarni ham inkor qilmagan holda, imkoniyat topib, hamkorlik asosida millatni ozodlikka chiqarish g‘amida bo‘lganliklari tom ma’noda qahramonlik emasmi!

Abadiy o‘rnak va ibrat

Behbudiy, Munavvar qori va ularning safdoshlari panislomizm, panturkizm harakatlarining Turkistondagi vakillari bo‘lmaganlar. Balki, o‘zlari ularga nisbatan yangi — ma’rifat asosida ozodlikka erishish g‘oyasini maqsad bilgan jadidchilik harakatini yaratganlar, xalq orasiga yoyib, rivojlantirganlar.
Munavvar qori Abdurashidxonov Qur’onni yoddan bilgan, Maxmudxo‘ja Behbudiy muftilik qilgan, demak, ular shariat ilmining bilimdoni bo‘lganlar. Ana shu dindor bobolar o‘zlari orzu qilgan ozod yurtda parlament — Millat majlisini tashkil etish, har bir hududning o‘ziga xosligi inobatga olingan qonunlar tuzish niyatida bo‘lganlar, bu maqsad yo‘lida inson uchun eng aziz bo‘lgan jonlarini tikkanlar. Ular ko‘rsatgan o‘rnak va ibratdan chetda tayyorlangan ayrim g‘alamislarning bir-ikki «sabog‘i»ni olib, darhol «xalifalik davlati» tuzish «g‘amiga tushib», hatto bu yo‘lda o‘zlarini portlatishga ishtiyoqmand ayrim kimsalar tegishli xulosa chiqarib olsalar, ayni muddao bo‘lardi. Axir bugun jadid bobolarimiz orzusidagi mustaqil yurtda yashayapmiz, faqat maqsad rivojlantirilgan, ya’ni qo‘lga kiritilgan ozodlikni asrab-avaylash, dunyoda tenglar ichida teng bo‘lish uchun taraqqiy etishdir.
Islomga esa hech qanday monelik yo‘q. O‘tgan ulamolar Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Ahrori Valiy, Imom Moturidiy va boshqa aziz avliyolarimiz yodga olinib, ruhlari shod etilmoqda.
Ular qatorida goh muallim, gohida pedagog, dramaturg, artist, jurnalist, muharrir, mutarjim, mufti, siyosatchi, iqtisodchi, advokat, rahbar… qisqasi, ozodlik yo‘lida sharoit nimani taqozo etsa, o‘sha ishni katta-kichikligiga qaramasdan, sidqidildan bajargan jadid bobolarimiz ham ana shunday ehtiromga munosibdirlar.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 33-sonidan olindi.