Halim Saidov. Asl farzand

O‘zbekiston zaminida tug‘ilib, uning tarixida unutilmas sahifalarni muhrlagan ajdodlarimizdan biri ulug‘ ma’rifatparvar, takrorlanmas salohiyat va taqdir sohibi Mahmudxo‘ja Behbudiydir. U tug‘ilgan paytda yurt chor Rossiyasi mustamlakasiga aylanib ulgurgan edi. Azaldan Samarqand madrasalarida tolibi ilmlarga tahsil berib kelgan mudarrislarning aksariyati bosqin sababli Zarafshon daryosi va uning irmoqlari hisoblangan Siyob va Dar­g‘om kanallari bo‘ylaridagi vaqf yerlarga ko‘chirilgandi. Behbudxo‘ja ham Zarafshon daryosi bo‘yidagi Baxshitepa qishlog‘iga o‘rnashadi. Shu yerda Mahmudxo‘ja dunyoga keladi, ulg‘ayadi, voyaga yetadi. Mustamlakachilik asoratida ezilayotgan xalq, yurt qayg‘usi Behbudxo‘ja qonidan farzandiga o‘tgan, ona suti bilan vujudiga singa boshlagan edi.

Mahmudxo‘janing ulg‘ayish davrini batafsil yoritish uchun ancha sahifalar sarf bo‘lishi lozimligi sababli oila(otasi) va uning atrofidagi(tog‘asi) muhit ta’sirida o‘qib, tarbiya topib ulg‘ayganini, alaloqibat, zamonasining ulug‘ ziyolisiga aylanganini aytish bilan kifoyalanish o‘rinlidir. Mahmudxo‘ja Behbudiy iqtidori tufayli o‘z davrining yuksak e’tiborli lavozimlari – qozilik va muftilik rutbalariga erishadi. Albatta, bunday lavozim sohibi o‘z faoliyati davomida xalqning barcha qatlamlari vakillari bilan muloqotda bo‘ladi, demakki, mayda masalalardan yirik muammolargacha qiyoslash, xulosa chiqarish va masalalarning yechimi nimada ekanligi to‘g‘risida fikrlash imkoniga ega edi.

Bu borada XX asr boshlarida Behbudiy amalga oshirgan ishlar katta ahamiyatga ega. Qolaversa, maqolamiz qahramoni XX asrning ilk yigirma yilini juda faol o‘tkazgani tarixiy manbalar, xotiralardan ma’lumki, uni o‘rganmoq istiqlolimizning asrab-avaylanishi va yurtning rivojlanishida muhimdir.

Xo‘sh, yurtimiz chor Rossiyasi zulmi ostida mustamlaka alamini tortayotgan pallada uni kishanlardan xalos etishga bel bog‘lab maydonga chiqqan xalqning jasoratli farzandi Mahmudxo‘ja Behbudiy qanday ishlarni amalga oshirgan?

U, avvalo, o‘z davrining ham diniy, ham dunyoviy ilmlarini puxta o‘rgandi, yurt tarixining eng yorqin sahifalarini varaqladi. Bobolarimizning dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasidan, ular qurib ketgan madrasayu minoralardan hayratlandi, boshqalarning ham ajdodlar bilan g‘ururlanishi lozimligini ta’kidladi. Behbudiyning noshirligi va muharrirligida chop etilgan «Sa­marqand» gazetasining ilk soni birinchi sahifasi Registonning viqorli surati bilan(o‘sha davrda tahririyatga qanchalik qimmatga tushmasin) bejiz bezatilmagan. Faxrlanish bilan birga, buyuk bobokalonimiz Amir Temur barpo etgan qudratli davlat nega shu ahvolga tushib qolganligining tub mohiyatini tahlil qilib chiqdi. Bu bilan cheklanmasdan tanazzuldan chiqish yo‘lini axtardi va topdi. Behbudiy va uning safdoshlari XX asr boshida tazyiqlaru xavflardan cho‘chimasdan, ma’rifat asosida ozodlikka erishish g‘oyasini maqsad bilgan jadidchilik harakatini yaratdilar. Tarixiy jarayonlar tahlili yangicha harakat (jadidchilik) G‘arb davlatlari mustamlakasiga aylangan mamlakatlarda islomchilik, turkchilik harakatlariga nisbatan o‘zgacha tarzda maydonga chiqqanini ko‘rsatdi. Demak, jadidchilik namoyandalari islom yoki turk bayrog‘i ostida birlashib kurashishni emas, balki shu yurtning o‘z xalqining birlashib, rivojlanib hurriyatga erishishini maqsad qilganligi ahamiyatlidir.

Bu maqsadga erishish uchun esa, yurtni mustaqil boshqaradigan, milliy qadriyatlarini asragan holda, rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqadigan avlodni tarbiyalash zarur edi. Bu yo‘lda Behbudiy o‘z davrining barcha ta’sirchan vositalaridan imkon doirasida to‘liq foydalanganligini ko‘ramiz.

Avvalo, orzudagi avlodni tarbiyalash uchun yangi maktablar ochishni rejalashtirdi. Uning tashabbusi bilan Samarqand shahri yaqinidagi Halvoyi va Rajabamin qishloqlarida yangi maktablar tashkil etiladi. Navbatdagi masala ushbu maktablar uchun darsliklar yaratish edi. Behbudiy hech ikkilanmay bu ishga ham kirishib ketadi. 1904 yili «Risolai asbobi savod», 1905 yili esa, u «Risolai jug‘rofiyai umroniy» va «Risolai jug‘rofiyai Rusiy», 1908 yili «Kitobat ul-atfol», «Amaliyoti islom» va 1909 yili «Tarixi islom» kitoblarini yozib, chop ettiradi. Mazkur kitob­lardagi o‘ziga xos yangi ma’lumot va fikrlar, ularning ahamiyati haqida ko‘p gapirish mumkin. Bu borada ilm ahli katta tadqiqotlarni amalga oshirdilar. Darsliklar Behbudiyning shaxsiy bog‘idan kelgan daromad evaziga chop etilganligini ham alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Biroq mustabid hukumat fitnalari, ular tayinlagan ba’zi chalamullalar «da’vat»lari oqibatida odamlar o‘z farzandlarini yangi jadid maktablariga berishdan voz kechishadi. Xaloyiqning e’tiborini ilmsizlik keltirib chiqargan muammolarga va ularni bartaraf etishga jalb qilish uchun teatrdan unumli foydalanadi. O‘zi birinchilardan bo‘lib «Padarkush» dramasini yozadi. Uning mazmuni bugun barchaga ayon – bir boy farzandini yaxshi tarbiya qilmagani uchun o‘z o‘g‘li uning qotiliga aylanadi. Unda ziyoli jadid tomonidan aytilgan fikr­ga e’tibor bering: «Oh, haqiqatda boyni o‘ldirgan va bu yigitlarni azobi abadiyg‘a giriftor qilgan beilmlikdur. Bizlarni xonavayron, bachagiryon va bevatan va bandi qilg‘on tarbiyasizlik va jaholatdur: bevatanlik, darbadarlik, asorat, faqru zarurat va xorliklar hammasi ilmsizlik va betarbiyalikning mevasi va natijasidur. Dunyoga taraqqiy qilgan xalq ilm vositasi ila taraqqiy qiladi. Asir va zabun bo‘lganlar-da ­beilmlikdan. Modomiki, bizlar tarbiyasiz va bolalarimizni o‘qutmaymiz, bul tariqa yomon hodisalar va badbaxtliklar oramizda doimo hukmfarmo bo‘lsa kerak. Bu ishlarni yo‘q bo‘lmog‘iga o‘qumoq va o‘qutmoqdan boshqa iloj yo‘qdur».

«Padarkush»ning xalq ongiga ta’siri katta bo‘lganligini ko‘pchilik e’tirof etgan. Uning ta’sirini ko‘rib, hatto Behbudiyning o‘zi ham teatrning ibratxona ekanligini ta’kidlaydiki, bu fikrning ahamiyati bugun ham o‘z dol­zarb­ligini yo‘qotgan emas.

Drama sahnalashtirilgach, katta muvaffaqiyatga erishadi. Xalq oqib kelib uni tomosha qiladi. Biletlar tezda sotilib ketadi, qanchasi noumid qaytmayin deb tik turib, daraxt ustiga chiqib ko‘rishga rozi. Davr matbuoti xabaridan qatra: «Xalq nihoyat ko‘p kelib, belat yetmagani va joyni yo‘qligi uchun uch-to‘rt yuz kishi qaytib ketdi»(«Oyina» jurnali, 1914 yil, 14-son).

Behbudiy o‘z maslagiga xizmat qildirish uchun matbuotdan ham unumli foydalandi. Jarida va majallalar millatni taraqqiy ettiruvchi bashariyat ixtirosidir, degan edi u. Yuqorida «Samarqand» gazetasini tilga oldik. Uni chop etish uchun muharrir va noshir besh yil sargardon bo‘ldi. Unda millat g‘ururini uyg‘otuvchi maqola va xabarlarni ko‘proq berib bordi. Bu gazeta haqida yana bir ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning «elu xalqning ko‘zini ochishga bois bo‘ldi» degan fikri o‘z davrida uning ahamiyati naqadar yuksak bo‘lganligini anglatadi. Keyinchalik Behbudiy gazeta o‘rniga «Oyina» jurnalini chiqara boshlaydi va bu nashr ham o‘ziga xos baho oladi – «bu jurnal «Oyina» chiqquncha chiqqon jurnallarning eng birinchi va yaxshisi edi»(Abdulla Avloniy). Yuqorida nomlari zikr etilgan ­nashrlarda Abdurauf Fitrat, Saidrizo Alizoda, Tavallo, Siddiqiy-Ajziy, Hoji Muin, Mahmud Tarziy, Sadriddin Ayniy singari ko‘plab ijodkorlarning fikrlari ifoda topgan, qalamlari charxlangan.

1917 yil Fevral voqealaridan keyin hurriyat nasimlarini his qilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy yangi Turkistonni boshqarish bo‘yicha kutilmagan g‘oyani ilgari suradi. Ma’lumki, u muftilik, qozilik vazifalarida ishlagan, demak, shariat ilmining bilimdoni bo‘lgan. Ana shu dindor inson o‘zi orzu qilgan ozod yurtda parlament – Millat majlisini tashkil etish, har bir hududning o‘ziga xosligi inobatga olingan qonunlar tuzish niyatini bildirgan. Ozodlikka bo‘lgan intilishi, uni kutganligini «Turkiston muxtoriyati» sarlavhali maqolasidagi birgina ko‘chirmadan bilib olishimiz mumkin: «27 noyabrda Ho‘qandda Turkiston muxtoriyati umumiy musulmon siezdida e’lon qilindi. Muborak va xayrli bo‘lsun! Kamina ham majlisda bo‘lish uchun iftixor etaman. Yashasun Turkiston muxtoriyati!»(«Hurriyat» gazetasi, 1917 yil, 19 dekabr). Muxtoriyat bolsheviklar tomonidan yakson qilingach, Behbudiy tushkun kayfiyatda qoladi. Bolsheviklar tazyiqi qanchalik zo‘raymasin, umrining so‘nggi daqiqalarigacha imkoni doirasida xalqiga xizmat etishga harakat qiladi.

Behbudiy yurt ozodligini ko‘zlab o‘z salohiyatini yuksaltirdi, buning uchun u o‘qidi, o‘rgandi, muallimlimlik qildi, gohida dramaturg, artist, zarurat tug‘ilganda noshir, jurnalist, muharrir, mutarjim, mufti, siyosatchi, iqtisodchi, rahbar… qisqasi, maqsadiga erishish yo‘lida davr nimani taqozo etsa, o‘sha ishni katta-kichikligiga qaramasdan sid­qidildan bajardi.

Uning hayot maktabidan yoshlarimiz qanday xulosalar chiqarishlari kerak? Avvalo, o‘qib-o‘rganish hech qachon kun tartibidan tushmaydi – ahamiyatini yo‘qotmaydi. Biroq bugun Behbudiy davridan farqli o‘laroq, uning orzusidagi ozodlikka erishganmiz. Yoshlarimiz jadid bobolarimiz yetti uxlab tushida ko‘rmagan zamonaviy maktab, kollej, litsey va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqdalar. Demak, bugungi avlod oldida yangi maqsad turibdi – Vatanni dunyoning har jihatdan rivojlangan yetakchi davlatlari qatoriga olib chiqish. Bugungi davrimiz yoshlardan maktabda ham, litseyda ham yaxshi o‘qish, kasb-hunar kollejlarida esa, o‘qish barobarida, bir necha hunarlarni mukammal egallash va o‘z kasbining ustasiga aylanishni talab etmoqda. Oliy o‘quv yurtida tahsil olayotganlar o‘z sohalari sirlarini chuqur o‘zlashtirgan mutaxassis bo‘lishlari va, eng asosiysi, egallagan bilimlarini ishlab chiqarishga sarflay olishlarini davr taqozo qiladi. Aks holda, Behbudiy tili bilan aytganda, «dunyoda turmoq uchun ­dunyoviy fan va ilm lozimdur, ilm va fandan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur».

“Ma’rifat” gazetasidan olindi.