Nazar Eshonqul. Alber Kamyu

Frantsuz adibi, dramaturgi, fay­lasufi. 1913 yili Jazoirda tug‘ilgan. XX asr ada­biyotining zabardast vakili. «Adabiyotga qo‘shgan ulkan xizmati va inson qalbini yorqin tasvirlagani uchun» 1957 yili Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan. 1960 yili vafot etgan.

«Har bir san’atkor o‘z uslubi yordamida – garchi bu kamdan-kam daholarga nasib etsa-da – o‘z badiiy dunyosini va uning qonunlarini yaratadi. «Shoirlar, – degandi Shelli, – dunyoning tan olinmagan qonun yaratuvchilaridir».

Alber Kamyu, «Isyonkor odam» essesidan

Evropa adabiyotida o‘z qonunlarini yarata olgan Joys, Kafkadan so‘ng Marsel Prust bilan o‘rin talashib keladigan Alber Kamyuning bolalik hayoti uch zamondoshidan keskin farq qiladi. Kafka va Prust boy xonadonda tug‘ilishgan, ular bolalik davrida moddiy qiyinchilik nimaligini bilmay ulg‘ayishgan. Garchi qashshoq yashashgan bo‘lsa ham, Joysning ota-onasi hayot edi va ular o‘zlarini qurbon qilib bo‘lsa ham farzand­larining ertasi uchun qismatga va yo‘qchilikka qarshi dadil kurashishgandi. Kamyu esa taqdirning beshafqat izmiga tashlab qo‘yilgan oilada dunyoga keldi.

Aslini olganda, Kamyuni hayotning o‘zi ham faylasuf, ham adib bo‘lishga majbur qildi. Bir yoshga yetmay otasidan yetim qoldi. Og‘ir judolikka chidolmagan onasining quloqlari kar bo‘lib qoldi. Ularning hayotida qashshoqlik, bir burda nonga zor davr boshlandi. Otasi uchun beriladigan bir yillik nafaqa akasi va Kamyuga bir juftdan poyabzal olishga zo‘rg‘a yetardi. Buvisinikiga ko‘chib o‘tishgach ham hayotlari o‘nglanmadi. Buvisi qattiqqo‘l va qahrli ayol edi, nabiralarini erkalashni yoqtirmas, ustiga-ustak, ularning dardisar bo‘lganini bot-bot ta’kidlab turardi. Qashshoqlar mahallasida yashayotgani uchun ham sinfdoshlari unga ayricha, kamsituvchi munosabatda bo‘lishardi. Kamyu aqlini taniy boshlaganda atrofida o‘zi kabi minglab taqdir quliga aylangan oilalarni ko‘rdi. Buvisi qazo qilgach, oila deyarli parokandalikka yuz tutdi, tog‘asi alohida yashash uchun chiqib ketdi. Shu ko‘rgilik ustiga Kamyuning sil yuqtirib olgani aniqlandi va unga alohida parvarish zarur bo‘lgani uchun, nihoyat, xolasi o‘zi bilan olib ketdi. Bu paytda onasi deyarli nogiron bo‘lib qolgandi. Ana shularning hammasi Kamyuga ta’sir qildi. U oila peshonasiga bitilgan taqdirga qarshi kurashish va ana shu fojialar ichida o‘ziga yo‘l topish, hayot yo‘lini o‘zi belgilashi uchun o‘quvchilik yillaridayoq falsafa va adabiyot tomon intildi. Unga faqat adbiyotgina taqdir mahkumligini yengib o‘tish, o‘zini isbotlay olish imkonini berishi mumkinday tuyuldi.

U o‘z maqsadini amalga oshirishga jiddiy kirishdi. Shu paytdan boshlab orzulariyu hayoti ham falsafiy tus oldi.

Kamyuning adabiy va falsafiy qarashlari shakllanishida falsafa o‘qituvchisi, yozuvchi Jan Grenening ta’siri katta bo‘ldi. Aynan shu ustozining undovi va yordami bilan avval litseyda, keyin universitetda S.Kerkegor, L.Shestov, M.Xaydegger, K.Yaspers, A.Malro asarlari va g‘oyalari bilan yaqindan tanishdi, ular haqida dastlab talabalar davrasi, keyin adabiy jurnallar uchun esselar yozdi. Aynan shu yillardan Alber Kamyu unga xo‘rlik va haqorat ichida yashashni ravo ko‘rgan Jazoirga, keyin butun dunyoga o‘zining mavjudligini isbotlashga kirishdi.

Adibning birinchi jiddiy asari «Siyrat va surat» («Botin va zohir») esselar to‘plami bo‘ldi. Bu kitobda Kamyu o‘zining falsafiy-axloqiy qarashlarini bayon qildi.

Alber Kamyu mavjudligini isbotladi: dunyo adabiyoti va falsafasini «Begona», «Tanazzul», «O‘lat», «Baxtli o‘lim», «Birinchi odam» romanlari, «Kaligula», «Qamal holati», «Mavhumlik» kabi pesalari, «Siyrat va surat», «Sizif haqida asotir», «Nikoh», «Nemis do‘stga maktub», «Isyonkor odam», «Ta’qib va saltanat», «Ijod va erkinlik» kabi esselar kitobi bilan boyitdi.

Adib uchun «mavjudlikni isbotlash» masalasi adabiy va falsafiy asarlarining bosh kontseptsiyasi hi­sob­lanadi. «Mavjudlik» kriteriyasi uning barcha asarlarida bo‘rtib, ularni birlashtirib turadi.

Sil bilan og‘rigan ikki buyuk adibning dunyo, adabiyot haqidagi qarashlari ham yaqin bo‘lsa-da, Kamyuning adabiy kontseptsiyasi ham, ijodiy uslubi, hayotga qarashi ham Kafkadan keskin farqlanadi. Kamyu adabiyot vositasida tushkunlik va imkonsizlikni emas, undan xalos bo‘lish yo‘llarini tahlil qildi. Ijodini absurd ijod deb atashsa-da, absurd mavzusini ijodining bosh mavzusi sifatida tanlagan bo‘lsa-da, Kamyu asarlari va falsafiy kredosi bilan oxir-oqibat absurdni yengib o‘tishni, uni ijod va san’at zavqiga aylantirishni, insonni o‘z taqdirining sohibi bo‘lishga rag‘batlantirishni bosh mavzu sifatida tanladi.

Kamyu esselari va asarlarida xuddi Kafka kabi hayotning va dunyoning absurd hamda ma’nosiz ekanligini ta’kidlaydi, ana shu ma’nosizlik va absurdni tahlil qilishga kirishadi. Adib uchun hayotning ma’nosizligi, dunyoning absurdligi bor haqiqat. Har qanday odam mazkur haqiqatni tan olishi, anglashi kerak. Bu falsafaning birinchi masalasidir. «Ana shu masalani hal qilmay turib, – deydi adib, – falsafaning boshqa masalalarini hal qilib bo‘lmaydi». Dunyo boshidanoq absurd bo‘lgan va absurdligicha davom etyapti. Absurd sharoitda insonning mavjudligi tan olinmaydi, u mavjud hisoblanmaydi. Qismatning eng katta adolatsizligi ham ana shunda. Hayot azaldan shunday qurilgan va bundan keyin ham shunday davom etadi. Sizif tepalikka toshni dumalatib chiqishga mahkum etilgan. Bu yerda u mavjud emas, aksincha, uning peshonasiga bitilgan taqdir bitigi mavjud, xolos. Tosh yana pastga dumalab tushaveradi. Sizif yana toshni tepaga dumalatib chiqaveradi. Uning toshni dumalatib chiqishida hech qanday ma’no yo‘q. Ma’budlar uning qismatiga ana shu azaliy taqdirni abadiyat qadar bitib qo‘yishgan. Bu dumalatishdan ma’no izlashning o‘zi ma’nosizlikdir. Ammo Kamyuning fikricha, absurdni ana shu xulosa bilan to‘xtatib qo‘yilsa, bu absurd falsafasining, dunyoni anglashning notugalligini, absurdga va taqdirga qul bo‘lganlikni bildiradi. Absurdga bo‘ysunish, unga bosh egish insonning eng katta fojia­sidir. Absurdni yengish uchun unga isyon qilish, ya’ni uning mohiyatini anglash, inson o‘zining kimligini anglashi kerak bo‘ladi. Kamyu Sizif tepalikka tosh dumalatib chiqishi taqdiri ekanini bilgach va uni anglagach absurdning eng muhim bosqichi boshlanadi dey­di. Bu bosqichda Sizif aynan tepalikka tosh dumalatib chiqishga mahkumligini anglashi uning absurddagi birinchi isyoni, bu holat o‘zining mavjud ekanini isbotlashga hozirlanishdir deydi. Bu isyon odamning olam va hayotda tutgan o‘z o‘rnini anglashidir. Ana shu anglashdan so‘nggina endi toshni dumalatib chiqishdan zavq olish, uni ijodiy shavqqa va hayotiy quvvatga to‘ldirish, ya’ni qismat ma’nisizligini ma’noga, mavjudsizlikni mavjudlikka aylantirish davri boshlanadi. Sizif o‘zining mahkumligini o‘zgartirolmaydi, uning uchun boshqa yo‘l yo‘q, ammo unda o‘z taqdirini peshonasiga bitilganiga qasdma-qasd o‘z xayol va tasavvurlari, orzu-umidlari, zavq-shavqlari, mavjudligini bildirishga urinishlari bilan to‘ldirish imkoniyati bor. Sizif toshni tepaga dumalatib chiqar ekan, endi unda shu dumalatishdan o‘zini, menini anglash va bu dumalatishni o‘zining foydasiga hal qilish, Kamyu tili bilan aytganda, mahkumlikni ijodga aylantirish, ya’ni toshni tepalikka o‘zi xohlaganday, o‘zining mavjudligini bildirib, o‘zi tanlagan usul va uslubda dumalatib chiqish imkoni bor. Yashash uchun kurash o‘zi uchun yaratilgan hayotni va dunyoni o‘z aqli hamda tafakkuri bilan tartibga solish, o‘zining mavjudligini isbotlash degani, mavjudligini isbotlash esa azaliy hayot tartiblariga isyonni anglatadi. «Men o‘zimning mavjud ekanligimni isbotlash uchun isyon qilaman!» – deydi Kamyu. Chunki bu harakat bilan inson qarshisidagi abadiy ma’nisizlikni o‘ziga bo‘ysundirishga kirishadi, boshqacha aytganda, unga ma’no va mavjudlik bag‘ishlashga o‘tadi. Absurdni anglab uni o‘zgartirish, unga o‘zgacha tartiblar berish uchun qilingan har bir harakat isyondir, isyon esa ijoddir deydi adib.

Kamyu shunday degan: «Ijod – vahdat ul-vujudga intilish, shu bilan birga, mavjud olamdan qochish, uni inkor qilish hamdir. Biroq u olamni o‘zligini topolmagani, bu olam o‘zligiga mos kelmagani uchungina inkor qiladi. Bu inkor mohiyatan ibtidoga, tarix zanjirining ilk halqalariga, olam ezgulik va yovuzlikka bo‘linayotgan pallalarga qaratiladi. Isyon olam bo‘linishidan boshlangan. Shu sababli san’at isyonning mohiyatini bizga to‘la ochib bera oluvchi vosita bo‘lishi ham mumkin… Voqelikdan ustun bo‘lgan go‘zallik yaratayotgan san’at voqelikning o‘zini mutlaq go‘zallikka aylantirsagina o‘zining bosh vazifasini bajargan bo‘ladi…. Shu ma’noda isyon yangi dunyo qurishga intilishdir. … Isyon o‘z oldiga, ochiqroq aytganda, estetik talablar qo‘yadi. Barcha isyonkor fikrlar, ko‘rib chiqqanimizdek, yoki da’vatlarda, yoki yangi dunyoni ramzlashtirgan obrazlarda namoyon bo‘ladi… hammasi bir butunlikni, yagonalikni va unga bo‘lgan ishtiyoqu mayllarni ifodalaydi. Mana shu tasvir etilgan dunyoni odam tezroq anglashi mumkin: anglangan dunyo yangilanayotgan dunyodir».

Bu yerda adib isyon ma’nosini keskin ajratib tahlil qilishga kirishadi. Adib nazarida, shu paytgacha odam odamga, eziluvchi ezuvchiga qarshi qilgan isyoni haqiqiy isyon emas, absurd isyon odamga qarshi qaratilmaydi, bu isyonda odam o‘ldirishga da’vat qilinmaydi. Shu sababli insoniyat boshidan kechirgan isyonlarning, bugun inqilob deb atalayotgan harakatlarning absurd isyonga aloqasi yo‘q, ular shunchaki qo‘zg‘olon yoki to‘ntarishlardir. Haqiqiy isyon insonning o‘z mohiyatini o‘zgartirish sari, o‘zgartirish yo‘lida qilgan botiniy isyonidir. Ana shu haqiqiy inqilobdir. Qolgan isyon deb atashayotganlarining hammasi xunrezlikdan boshqa narsa emas. Inson o‘z mohiyatini o‘zgartirishga, o‘z «men»ini izlab topishga, «men»ini isbotlashga, uni kamol toptirishga kirishar ekan, hayotiga va taqdiriga ma’no kirita boshlagan bo‘ladi, bu esa o‘z mavjudligini isbotlashga urinish va absurd mohiyatiga isyondir. Kamyu esselarida yashash absurdni tadqiq va tahlil qilish, unga qarshi kurashish degani deya adabiy va falsafiy kredosini qat’iylashtiradi. «Men absurdni uchta holatga – erkimga, isyonimga va zavqimga aylantiraman», – deydi Kamyu. Absurdning bosimini odam o‘z tafakkuri, harakati va ishonchi bilan yengishi mumkin. O‘zining absurd hayotidan ustun kelib, absurdni yengganlarni adib «g‘oliblar» (muzaffarlar) deb ataydi. O‘z absurdidan ustun kelganlar va uni yengganlar – g‘oliblar Kamyu uchun inson degan nomga har tomonlama munosib. «G‘oliblar» shunisi bilan tahsinga sazovorki, ular o‘z hayotining ma’nosizlikka mahkum ekanini bilishadi va buni yashirib o‘tirishmaydi, ammo ular ana shu ma’nosizlikni erkinlik hamda ijodiy shavqning manbaiga aylantira oladi. Bunday odamlar absurd hayotdan baland ko‘tarila bilgan alohida shaxslardir. «O‘zining isyonga bo‘lgan botiniy ehtiyojini qondirish uchun u talab qilayotgan birdan-bir narsa barcha zaruriy narsalar bilan birga pirovardida go‘zallikka va tenglikka olib boradigan turmush asoslarini bunyod qilishdir. Har qanday tarixni inkor qilish mumkin, biroq baribir o‘sha inkor qilingan joyda o‘zimiz yashashimizga to‘g‘ri keladi», – deydi Kamyu. Adib bu xil qarashlari bilan Sharq tasavvuf falsafasiga juda yaqinlashadi va xulosalarda juda ko‘p umumiyliklar kelib chiqadi. Kamyuning o‘z taqdiri va qismatidan g‘olib kelgan odam tushunchasi tasavvufdagi komil inson tushunchasiga ancha yaqin. To‘g‘ri, tasavvufdagi komillik – ilohiy e’tiqod bilan bog‘liq tushuncha. Kamyu esa absurdni ilohiy e’tiqod bilan emas, insonning mohiyati bilan bog‘laydi, ammo xulosada bu ikki qarash bir-biriga uyg‘un keladi. Kamyuning nazarida, absurdni yengishning, inson mavjudligini isbotlashning eng maqbul yo‘li ijoddir. Faqat ijodgina absurdning – ma’nosizlikning qiyofasi va mohiyatini o‘zgartira oladi, unga ma’no bag‘ishlay biladi. Ijodda odam mavjud absurd dunyoga qasdma-qasd tarzda o‘zining dunyosini yaratadi, unga o‘zi istaganday qonunlar kiritadi, bu dunyodagi tartiblarni o‘zi bitadi, tanlash imkoniga ega bo‘ladi, o‘z hayotiga go‘zallik va nafosat bag‘ishlay oladi. Shu sababli absurd ijod isyonlar ichidagi eng katta va mukammal isyondir. Ijod qilish dunyoni o‘zi istaganday ko‘rish va uni o‘zi istaganday bekamu ko‘st yaratishga, o‘zining mavjudligini isbotlashga urinishdir.

Kamyu shunday degan: «Ijod yagona holatda: shakl va mazmun, inkor va e’tirof muvozanatini saqlagan holatdagina taraqqiyot bilan uyg‘unlashadi. Agar bu muvozanat buzilsa, diktatura yo anarxiya, tashviqot yo safsata hukmronlik qiladi. Mohiyatan aql-idrok hurligi bo‘lmish ijod har ikkalasiga ham toqat qilolmaydi. Mabodo u faqat jimjimayu boshqotirmadan iborat puch xayolotga va shuhratparastlikka yoki qamchi zo‘rligida yaratilgan qo‘pol hamda jo‘n voqeanavislikka yon bersa, unda zamonaviy san’at, shubhasiz, mustabidlar va qullar san’atiga aylanib qoladi, ijodkor san’ati bo‘lolmaydi…

Isyonning ijodiy, jo‘shqin jihati ham asardagi uslub va maqsadning o‘zaro uyg‘unligida yaqqol ko‘zga tashlanadi. San’at – ushalmas talablar o‘rtaga tashlanadigan sahna. Dilni vayron qiluvchi faryodlar va noroziliklar qat’iy so‘z shaklini olgach, isyon o‘zining birlamchi xususiyatini yo‘qotadi va uning o‘zi yaratuvchi ijodiy kuchga aylanadi. Mohiyat-e’tiboran davrimiz san’atining jo‘shqin uslubi eng oliy ijodga da’vatni ifoda etishdir».

Kamyu tili obraz va metaforalarga boy bo‘lganligi sababli ham, uning esselaridagi fikrni birdan ilg‘ab olish anchayin murakkab. Ammo bir narsani aniq ajratib olish kerak. Kamyu nazarda tutgan isyon va mavjudlik insonning o‘z «men»ini topishi, o‘z «men»ini namoyon qilishidir. Bu isyon va mavjudlikda bugun ko‘pchilik tushunadigan ijtimoiy ma’no yo‘q. Kamyu o‘zi nazarda tutgan «isyon»ning ijtimoiy ma’nosiga emas, ma’naviy-falsafiy ma’nosiga suyanib gapiradi. Kamyu odamning o‘zini o‘zgartirishga, o‘zining inson sifatidagi qiyofasini, o‘zligini anglashga, ma’naviy kamolotini yaratishga bo‘lgan isyonini va mavjudligini tahlil qiladi. Kamyu tilidan obrazlilik, majoziy o‘xshatishlar olib tashlansa va tasavvuf tiliga aylantirilsa, adib nazarda tutgan «isyon», «mavjudlik» tushunchalari Farobiyning komil inson haqidagi qarashlariga ancha yaqin kelib qoladi. Shu sababli Kamyu qarashlari va tahlil uslubini Sharq, xususan, tasavvuf falsafasi bilan qiyoslovchi tadqiqotlar ham mavjud.

Kamyuning esselari, risolalari azal va abad, taqdir, olam, inson, insonning botini, ijod va ijodkor missiyasi, estetikaning vazifalarini anglash va tushunishda falsafa va estetika faniga ulkan ulush qo‘shdi, bu fanlarning zamona bilan, davr bilan, XX asr odami bilan hamnafas qadam tashlash, uni anglash yo‘llarini ko‘rsatib berdi.

Kamyuning badiiy asarlari ham uning falsafiy qarashlarini tasdiqlovchi va ayni mavjudlik kontseptsiyasiga qurilgan asarlar sirasiga kiradi.

Mashhur «Begona» qissasining syujeti ham, g‘oyasi ham adibning falsafiy kontseptsiyasiga bo‘ysundirilgan. Bu asarni ba’zi tadqiqotchilar «roman» deb ham atashadi.

Qissa ikki qismdan iborat. Birinchi qismda Merso (frantsuz tilida «merso» – «dengiz» va «quyosh» so‘zlarining qo‘shilmasi, bu yerda yozuvchi ismda taqdiri azal hukmini ramzlashtirmoqchi bo‘lgan) onasining o‘limini eshitib bu xabarni o‘ta xotirjam qabul qiladi. Onasining ta’ziyasida ham yig‘lamaydi, g‘am chekmaydi. Ta’ziyadan qaytiboq o‘zining kundalik ishlari bilan o‘ralashib ketadi. Keyin dengiz bo‘yida dam olib yotishganda do‘sti bilan aytishib qolgan arabni kiprigi qilt etmay otib tashlaydi.

Ikkinchi qismda Merso qamoqxonada yotib o‘zining kim bo‘lganini va qanday yashaganini ko‘z oldiga keltiradi. Birinchi qismdagi voqealar yana boshqatdan, endi anglangan holatda ko‘z oldidan o‘tadi. Shunda bir narsaga, birinchi qismda o‘zining nomi bilan harakat qilgan kimsa o‘ziga mutlaqo begona, yot kishi bo‘lib ko‘rinadi. Asarning xulosasi ana shu yot va begonalikni anglash bilan yakun topadi. Qahramon qatlga hukm etiladi.

Birinchi qism absurd sharoit, absurd odam haqida. Ikkinchi qism esa absurdni anglagan va anglashga, unga qarshi kurashishga intilayotgan odam to‘g‘risida. U o‘zining kimligini, hayotning bema’niligini, boshidan kechirgan voqealarning ham bema’niligini his etadi. Kamyuning bu obrazi dunyo adabiyotida o‘zining axloqiy qarashlariga ko‘ra yangi obraz edi. To‘g‘rirog‘i, Merso adabiy obrazdan ko‘ra falsafiy ramzga yaqin turadi.

«O‘lat» romanida ham Kamyu obrazlarni va voqelikni falsafiylashtirishda davom etadi. Endi bu romanda majoz birinchi o‘ringa chiqadi. Tadqiqotchilar asar o‘lat timsolida fashizmni va unga qarshi kurashni majozlashtirgan deb hisoblashadi. Roman qurilishi va fabulasida shu majoz yotganini inkor etib bo‘lmaydi, ammo mazkur asar ham Kamyuning absurd va mavjudlik kontseptsiyalariga to‘liq bo‘ysundirilgan.

Besh qismdan iborat romanning birinchi qismida Oran shahrini kalamushlardan yuqqan o‘lat bosadi. Bu fojiani aholi turlicha kutib oladi. Kimdir shaharni tashlab ketadi, kimdir aroqqa ruju qo‘yib o‘zining ajalini bosh egib kutib olishga, vaziyat bilan kelishishga, unga qul bo‘lishga kirishadi. Bu esa o‘latning avj olishini yanada tezlashtiradi. Romanning uchinchi qismida o‘lat o‘zining eng yuqori bosqichiga chiqadi: u shaharning barcha uylarini zabt etadi. O‘latga faqat doktor Riye va uning do‘stlari qat’iy choralar bilan kurasha boshlashadi. Asar yakunida ushbu romanni so‘zlab berayotgan roviy doktor Riye ekani ma’lum bo‘ladi. Beshinchi qismda, nihoyat, barcha o‘latga qarshi yakdil kurashish kerakligini anglaydi va kurash boshlanadi. Shundan so‘ng o‘lat shaharni tark eta boshlaydi. Romanning asosiy falsafiy xulosasi ana shu nuqtada o‘zini ko‘rsatadi. Absurd fojia ommaviy ravishda anglanadi va unga qarshi ommaviy kurash boshlanadi, ya’ni odamlar absurdga qarshi o‘zlarining mavjudligini isbotlashga kirishadi hamda o‘lat ustidan g‘alaba qilinadi. Asar ogohlikka undov bilan, ya’ni «o‘lat mikrobi hech qachon o‘lmaydi, hech qachon yo‘qolmaydi, o‘zining paytini poylab yotadi» degan jumla bilan yakunlanadi. Kamyuning ogohlantirishicha, hozircha shaharlik­lar mavjudliklarini isbotlashdi. Ammo, adib barcha asarlarida ta’kidlaganidek, absurddan qochib yoki uni mutlaqo yo‘q qilib bo‘lmaydi. U hamisha o‘zining paytini poylab turadi. Agar unga qarshi kurashilmasa, yana o‘ziga qul va mute qilishi tayin. Bu Kamyuning insoniyat uchun yangragan o‘ziga xos ogohlantirishi edi.

1957 yili Kamyuga inson qalbini yorqin ifodalagani uchun Nobel mukofoti berildi. U Nobel nutqida yana bir marta ijod va ijodkor mas’uliyatiga alohida to‘xtaldi; toki zulm, tahqir, zo‘ravonlik, inson qalbiga tahdid bor ekan, ijodkor jim turmasligi va har qanday vaziyatda o‘zining, ijodning mavjudligini bildirishi shart deb ta’kidladi.

Moddiy jihatdan birmuncha erkinlashgan Kamyu 1958 yili uzlatga ketishni ixtiyor qildi va Parijdan 755 km uzoqlikda joylashgan Lurmaren shaharchasiga ko‘chib o‘tdi.

Inson manfaatini, inson «men»ini, shaxs va ijodni har qanday mafkuradan ustun deb bilgani uchun Kamyu va uning asarlarini har bir tuzum o‘zidan kelib chiqib baholadi. Kommunistlar uni kapitalistlarga yon bergani, sinfiylikni tan olmagani uchun «mayda burjua adibi» deb atadi. Kapitalistlar esa mustamlaka xalqlarning ozodlik harakatini qo‘llab-quvvatlagani bois uni «partiyasiz kommunist» sifatida baholadi. Adabiyot odamga va tizimga qarshi isyonni emas, botiniy, ma’naviy isyonni tahlil qilishi kerak, har kim o‘zini tarbiyalamay turib jamiyatni tarbiyalab bo‘lmaydi degan fikrlari uchun hatto maslakdoshi Sartr bilan ham kelishmay qolgandi.

U poytaxtdan va ijtimoiy hayotdan o‘zini chetga olib «Birinchi odam» asari ustida ish boshladi. Ammo yozuvchining o‘limidan so‘ng oilasi romanni nashr etishdan bosh tortdi, asar yashirib kelindi, shu sababli romanga nisbatan uzoq vaqt yozilmagan, Kamyu ulgurmagan degan qarash hukmronlik qildi. Uning kundaliklarida tilga olingan va «Birinchi odam» deb o‘zi tomonidan nom berilgan asar oradan 34 yil o‘tgach, 1994 yili, qizi Katrina Kamyu tomonidan nashr etildi. Asar shunisi bilan qimmatli ediki, oxirgi romani ham mavzu, ham ruh, ham roviylik, ham absurd va mavjudlik mavzusi talqiniga ko‘ra Kamyu ijodining ibtidosidagi ilk asar – «Siyrat va surat» bilan deyarli bir xil, umumiy jihatlari ko‘p edi. Yozuvchi go‘yo bu asari ijodining intihosi bo‘lishini bilib yaratganday edi.

1960 yili Parijga borish uchun yo‘lga chiqqan Kamyu avtomobil halokati tufayli 46 yoshida vafot etdi.

«Ehtimol, insoniyat umrining hududi bordir, biroq bizning vazifamiz intihoga emas, balki yangi hayot, yangi ijodiy imkoniyatdan darak beruvchi ibtidoga intilishdir. …Biz o‘zimiz yashayotgan dunyoni go‘zallik bilan yonma-yon turib tarixiy jarayonlarning ko‘pigi bo‘lgan yaroqsiz aqidalarga emas, san’atkor yaratgan ijodiy olamni o‘zida mujassam etgan, nafratimizga sazovor dunyoga yangi nom, yangi mohiyat bera oladigan IJODKORga suyangandan so‘nggina boshlanajak ulug‘ uyg‘onish kuniga zamin hozirlaymiz».

Alber Kamyu, «Isyonkor odam» kitobidan

Nazar Eshonqul