Akmal Saidov. Gyote – tafakkur shoiri

http://n.ziyouz.com/images/gyote2.jpg

IJOD VA HUQUQ

Tarixdan ma’lumki, ko‘p asrlar mobaynida huquq ilmi ham she’riyat libosida bo‘lgan. Huquq kuch-qudratining manbai ham qalb to‘ridan otilib chiqadigan ehtirosli va sehrli so‘zda edi. Aflotun ta’rifi bilan aytilsa: huquq – ilohiyot tuhfasi bo‘lgan sanolar shaklida dunyoga kelgan.

Huquqda nazmiy an’analarning talaygina namunalari va yodgorliklari saqlanib qolgan. “Avesto” Tangri sanolari shaklidadir. Qur’ondagi va’z va farzlar, karomatlar, shariat va axloq-odob qoidalari, xuddi “Injil”da bo‘lganidek, sanolarda bitilgan.

“Huquqni anglab yetish kaliti”ni nafaqat huquqshunoslar, ilohiyotchilar, faylasuflar ham izlaganlar. Bu qidiruvni ko‘plar: o‘tmishning buyuk adiblari hamda xalq dostonlari, ertak va rivoyatlarning nomsiz mualliflari ham olib borganlar. Ular qatorida ruhiyat daholari Alisher Navoiy va Aligeri Dante, Erazm Rotterdamskiy va Vilyam Shekspir, Umar Xayyom va Fridrix fon Shiller, Fyodor Dostoyevskiy va Lev Tolstoy… Boshqa yana ko‘plab buyuk nomlarni keltirish mumkin.

Jahon adabiyotining ana shu namoyandalari orasida Gyote alohida mavqega ega.

Iogann Volfgang Gyote – buyuk nemis shoiri, Uyg‘onish davrining so‘nggi namoyandalaridan biri hisoblanadi. Uning adabiy va ilmiy merosi asarlar to‘plamining 143 jildini qamrab oladi. Ularda badiiy ijodning barcha namunalari – ertaklardan tortib pesa va romanlargacha bor. Adib 82 yoshida dunyoviy va ilohiy ilmlar faylasufi bo‘lish bilan birga qalb yoshligi, yashash va sevish xohishini yo‘qotmagan holda hayot mazmuni va muhabbat haqida ajoyib she’rlar bitardi.

Gyote ijodiyoti ma’naviy hayotning hamma sohalarida ifoda usuli uchun namuna hisoblanadi. Fridrix Vilgelm Yozef Shelling sharofati bilan u falsafa olamiga kirdi. Fridrix Karl fon Savine uni huquqshunoslikka yetakladi. Gyotening tabiiy fanlarni egallashida Aleksandr fon Gumboldtning, falsafada esa Vilgelm fon Gumboldtning hissalari katta..

Shu bilan birga Gyote butun umri davomida faqat badiiy ijod bilangina mashg‘ul bo‘lmagan. Uning ongli hayoti – universitetda tahsil olishidan boshlab, mukammal bilimga ega bo‘lish uchun mustaqil o‘z ustida ish olib borgunga qadar huquqshunoslik bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan.

Gyote davlat xizmatidaligida huquqshunoslik faoliyati davrida to‘plagan ancha boy tajribasini umumlashtirgan. 1776 yil 11 iyundan u 1200 taler miqdoridagi maosh bilan maxfiy huquq maslahatchisi lavozimida ishlagan. U Xufiyona kengashda ishtirok etish va ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan. Gyote 1779 yil 5 sentyabridan vazir maqomidagi xufiyona maslahatchisi, 1815 yildan bosh vazir lavozimiga tayinlangan, 1782 yilda dvoryanlik unvonini olgan.

Haqiqatan ham Gyotening Frankfurtda advokatlik amaliyoti vaqtida egallagan huquqshunoslikka oid bilimlari unga gertsog Karl Avgust xizmatida ekanida (1757-1828) juda qo‘l kelgan. Chunki Xufiyona kengashda uning zimmasiga talaygina vazifalar yuklatilgan edi: Gyote bir necha maxsus hay’atlarda ish olib borar yoki ularga rahbarlik qilardi. Masalan, u harbiy hay’at raisi bo‘lgan. Gertsog unga yo‘l qurilishi ma’muriyatiga hamda shahar mahalliy yo‘llari ma’muriyatiga rahbarlik qilishni topshirgandi. U moliya boshqarmasiga ham rahbarlik qilgan.

O‘sha vaqtda Gyote rasmiylashtirgan hujjatlar matni huquqshunos uslubini aks ettirsa ham, ularda Gyotega xos iboralar uchrab turardi. Shunisi qiziqarliki, Karl Avgust 1875 yilda idora tilini soddalashtirish va ayrim bayonlarni qisqartirishga uringanida, Gyote bu yangiliklarga qat’iy qarshi chiqqan. U rasmiy idora tili saqlanib qolishi tarafdori edi.

Gyotening badiiy, ijtimoiy-siyosiy va huquqiy faoliyati o‘zaro uyg‘unlikda kechgan. O‘zi Knebelga 1782 yil 21 noyabrda yozgan maktubida ifoda etganidek, ularni xuddi “bir muqaddas tugunga” bog‘lardi. Shu munosabat bilan “huquqshunos Gyote” go‘yoki “shoir Gyote” yo‘liga g‘ov bo‘lganligi, bunda nazmning lozim qofiyalari dag‘allashtirilganligi haqidagi da’volar mutlaqo asossizdir. Ha, u tom ma’noda professional huquqshunos olim emas edi. Biroq uning amaliy huquqiy tayyorgarligi jamiyatda ro‘y berayotgan voqealar – ziddiyat va nizolarni huquqshunos nigohi bilan ko‘rish imkonini berardi.

Gyote o‘zining shoh asarida Faust tili bilan huquqshunoslikni o‘rganganligi uchun emas, balki ilohiyotdan tahsil olgani uchun taassuf bildiradi.

Mefistofel Faust qiyofasiga kirib, tolibga huquq ilmini egallash yuzasidan shaytoniy maslahat beradi.

T o l i b:

Huquq uncha yoqmas ko‘nglimga.

F a u s t:

“Balli! Bo‘ling bu fandan nari
Quruq qog‘oz dasta-dastalik.
Ko‘hna qonun-qoidalari”
Bamisoli irsiy xastalik.
Besh-o‘n avlod yashar goh qonun,
O‘tib borar ammo davr esa –
Bir vaqtda qonun – kori xayr esa,
Ul kori xayr kulfatdir bu kun.
Tiriklikning qonuni o‘zga,
Ammo uni ilmaslar ko‘zga.

Mefistofel “Qonunlar ma’lum muddatga yaratiladimi yoki asrlarga?”, “Huquq din va axloq uchun kulfatmi?”, “Xoqon qonunlarga itoat etadimi?” kabi savollar bilan talabaning miyasini aynitadi.

Gyote “tabiiy huquq” to‘g‘risidagi satri bilan kitobxonlarni taajjubga solib, Tangri qonunlarining inson hayotiy muammolariga nisbatan besamara ekanligini namoyon etish bilangina cheklanib qolmaydi. U avvalo avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qonunlar va odatlarning qonuniylik nuqtai nazaridan muntazam tekshirib turish masalasini ko‘targan. Ya’ni bu qonunlarda o‘ylab topilgan jinoyatlar, masalan, afsungarlik va kufr uchun jazo belgilangan bo‘lsa, ularni almashtirib o‘tirmasdan uzil-kesil bekor qilish yoki qonunlar davr talabiga javob bermaydigan bo‘lib qolsa, yangilari bilan almashtirish kerak, deydi.

U insonlar hayotiga oid qonunlarni narigi dunyo nomidan tiqishtirayotganlar, ayniqsa, kecha qanday va’zxonlik qilgan bo‘lsalar, bugun ham shuni takrorlayotgan ruhoniylar tufayli paydo bo‘lmaydi. Spinoza g‘oyalari ta’sirida Gyote: “Tabiat abadiy, zarur va shu qadar ilohiy qonunlarga muvofiq ravishda amal qiladiki, Tangrining o‘zi ham undagi biror narsani o‘zgartira olishi mumkin emas”, deydi. Inson – tabiiy jonzotdir. Tabiiylik, onglilik, inson huquqlari tabiat ijozat etgan huquq sifatida, tabiiy huquq sifatida namoyon bo‘ladi.

Gyotening insonning tabiiy mohiyati, “tabiiy qonunlar” xususidagi she’rlari, fikrlari bebaho va mangudir. Agar Gyote lutf etayotgan inson huquqlari sinchiklab tahlil etilsa hamda uning “jozibali hurlik va mo‘tabar tenglik” to‘g‘risidagi “Sanolar sanosi” xalq ijodiyoti tiliga o‘girilsa, mohiyat jihatidan erkinlik tenglik sharti ekanligi ayonlashadi. Ammo u shunday tenglikki, mulk daxlsizligini ta’minlaydi. “Jamiyat hech ham erkinlik tushunchasida emas, balki tenglik tushunchasidan o‘zgacha holda vujudga kelmaydi”. Biroq bu tenglik jamiyat shunday tashkil etilishiga asoslanganki, unda jamiyatni “sen kimsan” degan tushuncha emas, faqat “sen nimaga egasan” tushunchasi qiziqtiradi .

To‘g‘ri, Gyote mohiyati jihatidan huquqshunoslik ustuvor bo‘lgan dunyoqarashini rivojlantirmadi, qonun bo‘yoqlari bilan jahon manzarasini yaratmadi. Ammo yuqorida qayd etilganlar Gyotening badiiy ijodiyotida huquqiy ta’limning ahamiyati va o‘rniga oid keng tarqalgan xato qarashlarni rad etish uchun yetib ortadi. “Mening adabiy ijodim hayotga bo‘ysundirilgan”, – deb yozgan edi u 1780 yil 14 mayda Kestnerga. O‘z navbatida, Gyotening badiiy ijodiyoti bo‘lajak huquqshunoslar shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Gyote she’riyati Yevropa ma’naviy dunyosini shakllantirgan. Uyg‘onish davridan e’tiboran huquqiy ong bu dunyoqarashning tarkibiy qismi hisoblangan. Bu esa, o‘z navbatida, huquqshunoslik ravnaqiga qudratli ta’sir ko‘rsatgan.

”BO‘LDIM YaNA ADOLATShUNOS…”

“Men juda qunt bilan, hatto serhafsalalik va tirishqoqlik ila advokatlik qilmoqdaman…”

Iogann Volfgang Gyote tarjimai holi bilan mufassal tanish bo‘lmaganlar uchun uning yuqoridagi e’tirofi kutilmagan bo‘lishi mumkin.

Vaholonki, Gyotening butun ongli hayoti – universitetda tahsil olish va har taraflama bilimga ega bo‘lish uchun o‘z ustida mustaqil ish olib borgan yillarigacha huquqshunoslik bilan bog‘liq bo‘lgan. U universitetda maxsus yuridik ta’lim olgan, advokat sifatida amaliy faoliyat ko‘rsatgan.

U huquqshunos kasbi bilan onasi tomonidan ham, otasi tomonidan ham (amakivachchasi huquqshunos edi, bundan tashqari o‘zining o‘g‘li ham huquq ilmini egallagan1 ) bog‘liq bo‘lib, o‘n olti yoshligida Leyptsig universiteti huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirgan, biroq kasalligi sababli uni tamomlay olmagan. Gyotening universitetga kirishi tasodifiy bo‘lmagan, sobitqadam inson bo‘lgan otasi o‘g‘lini barvaqt huquqshunoslikni o‘rganishga da’vat etgan.

Gyotening otasi Iogann Kasper (1710-1782) huquqshunoslik doktori ilmiy unvoniga ega bo‘lib, hayotidagi muvaffaqiyatlariga bevosita yuristlik kasbi tufayli erishganini e’tirof etib, yakkayu yagona o‘g‘lining yashashdan maqsadi odil sudlov tangrisi – Femidaga xizmat qilishda, deb bilishini xohlagan.

Gyote o‘z yuridik ta’limini Strasburg universitetining huquqshunoslik fakultetida nihoyasiga yetkazib, huquqshunoslik litsentsiati unvoni uchun dissertatsiya himoya qilgan.

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, Erkin Vohidovning benazir tarjimonlik iste’dodi tufayli Gyotening shoh asari – “Faust”ni o‘z ona tilida mutolaa qilishga muyassar bo‘lgan o‘zbek kitobxonalari nemis mumtoz shoirining huquqiy ta’lim haqida Faust tilidan bayon etgan quyidagi satrlari bilan tanish:

Ilohiyot ila band bo‘ldim,
Falsafada xiradmand bo‘ldim.
Bo‘ldim yana adolatshunos,
Hakim bo‘ldim – tabiatshunos.

U huquqshunos diplomi bilan Strasburgdan Frankfurtga qaytib kelgach, advokatlikka qabul qilish to‘g‘risida iltimosnoma taqdim etgan. Bir necha kundan keyinoq bu murojaati ijobiy hal qilinib, Gyote 3 sentyabrda ham shahar sudi advokati, ham Frankfurt advokati sifatida qasamyod qilgan. Yosh Gyotening advokatlik faoliyati muvaffaqiyatli boshlanishida oila a’zolari, do‘stlari, jumladan, bo‘lajak kuyovining otasi Shlosserlar oilasi yordam qo‘lini cho‘zgan.

Iogann–Georg Shlosser (1739-1799) ayni vaqtda imperiya maslahatchisi, burgomistr bo‘lib, ular oilasidagi huquqshunoslar katta advokatlik amaliyotiga ega bo‘lganlar.

Gyote o‘z advokatlik idorasini otasining Grosser-Xirtgrabendagi uyida ochgan. U huquqshunoslikka oid ishlarni birovdan yordam so‘ramasdan o‘zi muvaffaqiyatli olib borgan. Otasi imperiyaning huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lganligi sababli amalda bu ishlarga qo‘li tegmasdi.

Gyotening tarjimai holini o‘rganganlar uning mijozlari mayda fermerlar ekanligi haqidagi xulosaga kelganlar. Bu mijozlar orasida qarzdorlar va sudxo‘rlar, aktsionerlar va mulk egalari, ijarachilar va merosxo‘rlar uchragan.

Gyoteni qanday qilib bo‘lsa ham huquqshunos qilishga qaror qilgan otasi uni 1772 yil may oyi o‘rtalarida Frankfurt yaqinidagi Vetslar shaharchasidagi Imperiya sud palatasiga tajriba orttiruvchi sifatida joylashtirgan. O‘sha davrda Kassatsiya palatasiga o‘xshash bu oliy maqom sud idorasi eng befoyda adliya muassasasi hisoblangan. Agar otasining Gyoteda sud faoliyatiga salbiy munosabat tug‘dirish niyati bo‘lsa, u bundan-da yaxshiroq yo‘l tutmasdi. Bu sud idorasida o‘n olti ming ish hal etilishini kutib yotardi. Ayni vaqtda bu yerda poraxo‘rlik avjiga chiqqandi1.

Gyote uch oy tajriba orttirganidan so‘ng Frankfurtga qaytib kelib, advokatlik amaliyotini davom ettirgan va bir necha sud jarayonida ishtirok etgan2. Ammo bu joyda uning butun o‘y-xayolini adabiy faoliyat qamrab olgan. Ijodida birinchi o‘rinda “Gets fon Berlixengen” turgan bo‘lsa-da “Prometey”, “Faust” asarlarining rejasi bilan ham band bo‘lgan.

Ayrim sud jarayonlari uning xotirasida, ehtimol qalbida ham chuqur iz qoldirgan. Jumladan, 1771-1772 yillarda Frankfurtda farzandini o‘ldirishda ayblangan xizmatkor ayol Syuzanna Margarita Brandtning katta shov-shuvga sabab bo‘lgan sud jarayoni guvoh bo‘lgan. Savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi bir kimsa bu xizmatkorni mast qilib, nomusiga tekkan. Baxtsiz ayol sudda “noqonuniy” (nikohsiz) farzand ko‘rib, sharmanda bo‘lish va odamlar gap-so‘zidan qutulish uchun shayton vasvasasi ta’sirida bolasi joniga qasd qilganligini” ochiq tan olgan. 24 yoshli jinoyatchi Frankfurt qamoqxonasi oldidagi maydonda odamlar ko‘z o‘ngida qatl etilgan3.

Bu sud jarayoni aks-sadosi “Faust”da o‘z ifodasini topgan:

M a r g a r i t a:

Xaloyiq yuradi qatlgoh tomon
Kattakon maydonga sig‘mas olomon.
Men uchun chalinar so‘nggi qo‘ng‘iroq,
Jallod boshim uzra sindirar tayoq.
Cho‘kaman, tegadi boshim kundaga,
Dahshat ichra boqar yig‘ilgan odam
Mendek mahkum bo‘lgan osiy bandaga.
Ko‘zlarida qo‘rquv, go‘yo xayolda
Ularning boshiga tushmoqda bolta.

F a u s t:

“Sening hukmingdaman, tangrim xoqonim”.

O‘sha vaqtda Germaniyada boshini tanadan juda qilishdan iborat o‘lim jazosi odatda o‘z farzandini o‘ldirganlar uchun (bu nikohda bo‘lmasdan o‘z farzandini tug‘ayotgan paytda yoki tuqqandan keyinoq darhol o‘ldirganlarga taalluqli edi) qo‘llanardi. Shu munosabat bilan Gyote: “… fikrimcha, ehtimol o‘lim jazosini saqlab qolish odildir”, degan xulosaga kelgan.

Bundan Gyote o‘z asari qahramonidek bechoraga achinayotgandek tuyulishi mumkin. Tag‘in kim biladi deysiz! O‘z asridan o‘zib ketgan bu inson xuddi bizlardek fikr yuritgani va his etganligiga ishonging keladi…

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 9-son.