Akbar Sabirdinov. Oybek va Emil Verxarn

Emil Verxarn XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida yashagan jahon adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri bo‘lib, simvolizmning formal izlanishlari pafosiga sug‘orilgan she’riyati bilan mashhurdir. She’riy texnikani takomillashtirish, shaklini yangilash yo‘lidan borgan E.Verxarn ta’siri Oybekning “Mash’ala” (1932) to‘plamidan o‘rin olgan ayrim asarlarida sezilib turadi. Shuningdek, E.Verxarn romantizm – Gyugo an’analari ruhida ham asarlar yaratdi.

“Oybek 1928-1929 yillarda V.Bryusov va Belgiyaning atoqli shoiri Emil Verxarn poeziyasini ko‘p o‘qir edi. Bu o‘qish unga ijodiy ta’sir ko‘rsatgan. E.Verxarn poetik traditsiyasidan ijodiy foydalanish borliqning abadiyligini, nihoyasizligini tasdiqlashda, u bilan shoirning uzviy bog‘liqligini ta’kidlashda o‘z kuchini ko‘rsatdi. Ijodiy o‘rganish chegaralarining kengayishi Oybek lirikasining taraqqiyotida jiddiy ahamiyatga ega bo‘ldi”[1] deb yozadi professor H.Yoqubov.

E.Verxarnning “Havo ipaklariga…” deb boshlangan sarlavhasiz bir peyzaj she’rini tarjima qilgan Oybek 1929 yilda “Onlar” nomli ikki peyzaj she’r yaratdi. Ularga epigraf qilib “Qara, abadiyat naqadar go‘zal va sokindir” degan E.Verxarnning satrlarini iqtibos qilib keltiradi. Oybek tomonidan tarjima qilinib, ilk bor “Mash’ala” to‘plamida chop etilgan yuqoridagi she’rda aks etgan Flamendiya qishlog‘iga xos go‘zal manzaralar lirik qahramonning abadiylik, cheksizlik haqidagi kechinmalari, turfa mushohadalari talqinida muhim o‘rin tutgan. She’r “Havo ipaklariga Oltin bilan to‘qilgan, Ey nash’amiz porlamasi! Mana nozik uy va yengil shiypon. Mana bog‘cha va mevazorlar. Olma bog‘chalarning ko‘lankasida Ana supacha…”[2] tarzdagi tasvir bilan boshlanadi. So‘nggi tasvir “olma og‘ochlaridan oq bahordek to‘kilayotgan erinchak va erkalovchi gul yaproqlari”ga o‘tadi. She’rning “Ana nurli kaptarlarning javloni Porloq ko‘kda sirpangan Bir belgi kabi… Toza moviy shisha labidan Yerga tushgan bo‘salardek Ana ikki sof va sodda Zangori kulcha”[3] satrlarida borliq bilan mushtaraklik, abadiylik kasb etishi ifodalangan. So‘ng umr o‘tkinchiligi, olamning esa abadiyligi haqidagi fikr quyidagicha ifodalanadi: “Ey nash’amiz porlamasi, bizlar ham bu bog‘chada yashaymiz, O‘z xotiramiz bilan…” E.Verxarn bog‘cha timsolida abadiy, cheksiz olam va uning so‘ngsiz harakati, o‘tkinchi insonni mangulashtiruvchi xotira haqidagi kechinmalarni tasvirlaydi. To‘kilayotgan olma guli yaproqlari, borliqqa bo‘lgan ma’sum, erksiz gullar, nurli kaptarlar javloni, jimirlayotgan ikki zangori soyada ham borliqning abadiy harakati mujassamligi haqidagi fikrlar, E.Verxarn ijodiga xos bo‘lgan abadiylik va so‘ngsizlik haqidagi g‘oyalar Oybekning yuqorida “Onlar (II)” she’rida ham ko‘rinib turadi. 1929 yilning aprel, may oylarida Oybekning Yaltaga safari chog‘ida yozilgan ushbu she’rlarda Qrim tabiatining betakror manzaralari birinchi shoirda Qora dengiz bo‘yida quyosh botishi, ikkinchisida quyosh chiqishi manzarasi tasvirida namoyon bo‘ladi. Abadiyatning sokin va go‘zal, cheksizlikka tutash manzarasi qofiyalanish tizimi tertsina shaklidagi ikki band bo‘yicha a, b, v; a, b, v; g, d, ye; g, d, ye tarzidagi satrlarda ifodalangan. E.Verxarn va Oybek she’rlarida Flamendiya va Yalta tabiati tasviridagi o‘zaro yaqinlik tabiatning betakror, uyg‘un chizgilarini yuzaga keltiradi. Poyonsizlik, mangulik, sokinlik, shu sokinlikda ham harakatdagi borliqning o‘ziga xos go‘zalligi va ulug‘vorligidan tug‘ilgan hayrat E.Verxarnda bahor chog‘idagi bog‘chalar, Oybekda Qrimga oqshom tushishi hamda tong otishi chog‘idagi lahzalik manzaralar abadiyligi haqidagi o‘ylar bilan uyg‘un chizgisiga xizmat qilgan. Quyoshning botish chog‘idagi tabiatning rangin jilolari, hodisalari inson qiyofasi, uning biror a’zosi shaklida (“bir to‘plam olov soch”, “engil tabassum”, “go‘zal qiz kabi yotar”) yuz ko‘rsatadi. Quyosh nurlarining daraxtlardagi tovlanishi olov sochga aylansa, mayin moviy tumanlar qanotlarini yozib parvozga chog‘langan qushlar shakliga kiradi. So‘ngsiz, zangori osmon yengil tabassum qilayotgan qiz qiyofasida namoyon bo‘ladi.

Mavhum tushunchalarni moddiylashtirish xususiyati she’rning “Ko‘kda yulduzlar yonar, Abadiyat go‘zal qiz Kabi yotar tolamen…” kabi satrli she’rning 7-12-satrlari qo‘lyozmada va “Er yuzi” jurnalining 1929 yil 2-sonidagi nusxalarida “Yulduzlarning uzoqda Oltin kiprigi titrar, Osmon moviy va so‘ngsiz. Koinotda shu choqda To‘kiladi ko‘p sirlar Shoir qalbiga yolg‘iz…” tarzida ifodalangan. Oqqa ko‘chirilgan va kitob holida chop etilgan variantda ushbu tasvir jiddiy o‘zgarishga uchraydi. Moviy osmon “zangori”ga, oltin kiprigini titrayotgan yulduzlar “yonayotgan” holatga, abadiyat go‘zal qizga aylanadi. Falsafiy fikr, ifoda salmog‘i, aniqligi, tuyg‘u va ohangning izchil tasviri bandlar davomida orta boradi. S.Sveyg E.Verxarn ijodiy laboratoriyasi haqida yozarkan: “uning qo‘lyozmalari shoir qo‘li bilan o‘ldirilgan so‘zlarga to‘la jang maydonini eslatadi”[4], deya yozadi. Ushbu fikrni Oybekning she’rni mukammallashtirish borasidagi ijodiy jarayoniga ham to‘la tadbiq etish mumkin.

E.Verxarn ijodiga xos bo‘lgan tabiatning yaxlit manzarasini betakror ranglar, lahzalik holatlar bilan izchil aks ettirish uslubi uning ilk to‘plami “Flamendiya she’rlari” (1883) ga kirgan “Yakshanba tongi”, “Mevali bog‘lar”, “Dehqonlar”, shuningdek, “Yo‘l bo‘ylarida” (1882-1894) kitobidagi “Noyabr”, “Qayerdadir” she’rlarida tabiat tasvirining nozik his-tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan va chuqur falsafiy fikrlar singdirilgan holda namoyon bo‘lishini ko‘rish mumkin. Ushbu jihatlar Oybekning yuqorida tilga olingan she’riy to‘plami “Mash’ala” (1932) ga kirgan va Qrimda yaratilgan qator she’rlarining yuzaga kelishiga ijodiy turtki bergan. Ushbu o‘rinda professor I.Haqqulning “She’riyatda simvolizm oqimi tajribalarini puxta o‘rgangan va ijodiy o‘zlashtirgan Oybek borliq-olamga ajib taassurotlar nigohi bilan qaraydi, undagi narsa, voqea-hodisalar qanday his etiladi, ruh va ko‘ngilga ular qanday shavq, qanday iztirob qo‘zg‘aydi – mana shularni rangin bo‘yoqlarda tasvirlab beradi”[5], degan so‘zlari xarakterlidir.

E.Verxarnning “Noyabr” she’ridagi tabiat voqealari lirik qahramonning nozik tuyg‘u-kechinmalari bilan uyg‘unlashib betakror manzara yuzaga keladi. Olamning abadiy, so‘ngsiz harakati za’faron barglarning yomg‘irdek to‘xtovsiz to‘kilishi tasvirida aks etadi: “Yara tusli hamda qayg‘uli barglar. Men turgan zaminga qular betinim. Og‘ir va za’faron bamisoli dardlar Qulaydilar asta qalbimga manim. Laxtaklari bilan vazmin bulutlar Basir ko‘zlarini berkitib olgan. Shamol uzra kirar og‘ir nolalar Quyoshning soqqasi qartaygan, tolgan. Noyabr mening qalbimda”[6] satrlaridagi to‘kilayotgan barglar, vazmin bulutlarga to‘la osmon, qartaygan quyosh, daraxtzor uzra yangragan nolalar sirliligi bilan jumboq va mo‘jizalarga to‘la borliq haqida tasavvur uyg‘otadi.

Tilsimotlarga to‘la olam va inson ko‘ngli, cheksizlik va abadiylik, umr o‘tkinchiligi va so‘ngsiz harakat haqidagi kechinmalar tasviri Oybekning “Oqshom sezgisi” (1929) she’rining ham asosini tashkil etadi. “Uchib bir gala qush allaqaylarga Yo‘qoldi ko‘zimdan nuqtalar kabi. Sukunat cho‘zildi jar va soylarga, Har yoqda kunduzning o‘chdi sho‘x dami” satrlaridagi bir qarashda tabiatning go‘zal, oniy holati aks etgandek taassurot qoldiruvchi ushbu she’rda biz mangu harakatdagi zamin va zamon hamda ana shu abadiylikning bir qismi bo‘lgan dengiz, gala qushlar, Qrim qizlari tasvirini ko‘ramiz.

“Noyabr” she’ridagi tinimsiz to‘kilayotgan yaproqlar tasviri Oybekning yuqoridagi she’ridagi allaqaylarga uchib borayotgan, nuqtalar kabi yo‘qolgan qushlar tasvirining yaratilishiga ijodiy turtki bergan. Daraxtzorda yangragan nolalarning uzoqlardagi aks-sadolari, Qrim qizlarining mungli qo‘shiqlari tasvirining yaratilishiga ta’sir o‘tkazgan. “Tog‘larda ilindi quyosh etagi, Og‘ochlar uzoqda bir to‘plam ko‘lka. Dengizda porlagan g‘urub chechagi – Suvlarning qo‘ynida qizil mash’ala… Faqat onda-sonda yuksalar sekin Qrim qizlarining mungli qo‘shig‘i. Yonarkan yulduzlar ham birin-sirin Oqadi ko‘nglingga oltin tuyg‘usi” tarzi tabiatning har bir oniy lahzalardagi manzaralari, va ularda abadiylik va cheksizlik muhrini ko‘radi. Turfa ohang va ranglar og‘ushidagi borliqning o‘ziga xos tasvirini yaratishga muvaffaq bo‘ladi. Oybek yuqoridagi she’riy kartinada istioraviy iboralar (“quyosh etagi”, “g‘urub chechagi”, “qizil mash’ala”)dan, o‘xshatish (“nuqtalar kabi”, “bir to‘plam ko‘lka”) hamda sifatlash (“qizil”, “sho‘x”, “mungli”, “oltin”)lardan mahorat bilan foydalanib, tabiatning lahzalik manzara va ranglar jilosi, holat va hodisalarini yaxlitlikda ifodalaydi. Quyosh nurlari etakka, dengizdagi tovlanish chechakka, mash’alaga, gala qushlarning uzoqlashib, ko‘kka singib ketishi nuqtalarga, yulduzlar nuri oltinga aylanadi.

Aytishlaricha, E.Verxarnda ijod jarayonida, she’r yoza boshlaganda eng avvalo, ohang yuzaga kelarkan. “Verxarn doimo aniq, o‘tkir va o‘ziga xos tarzda harakat va holatni ko‘radi: she’rlaridagi dinamizm ana shu ziyrak­lik bilan uzviy bog‘liqdir. Harakat – Verxarn poeziyasidagi tovushlar ohangdorligi, mushtarakligining asosi”[7], deya ta’kidlaydi Ya.Frid. Oybek ham Verxarn kabi doim harakatda bo‘lgan borliq, tilsimotlari to‘la olam tasvirini she’rga olib kirib, bashariyatni o‘yga to‘ldirgan azaliy muammolarga javob izlaydi.

E.Verxarnning “Mumdek yumshoq kecha qo‘yniga Bostirib kiradi ayoz, sukunat. Qayg‘u zarbalari bo‘lib beshafqat Abadiyatni kiritar ongga” (“Gumbazlar ostida”) satrlaridagi tovushlar uyg‘unligi tasvirdagi harakat bilan mushtaraklik kasb etadi. Falsafiy fikr salmog‘ini, ta’sirchanlikni oshiradi. Bu esa Oybekning “Oy ko‘kda beparvo tentirar yana, Kumush tun, cheksizlik quchoqlashganlar” (“Yalta kechasi-2”) tarzdagi ohangdor, alliteratsiyaga asoslangan satrlarning yaratilishi ham asos bo‘lgan. Yoki, E.Verxarndagi “Haybatli shaffof gumbaz, samarasiz va bo‘m-bo‘sh Yulduzlar to‘ngan ayoz – huvillagan cheksizlik. Insoniy nolalarni bunda mushkuldir anglash – Ko‘zgusida aks etar muzlagan abadiylik” (“Ayoz”) tarzdagi sirli va najib, Oybek she’ridagi “Faqat so‘ngsizlik har on Xayolimni qo‘zg‘aydi. Belgisiz uzoqlardan Tuyg‘ular bag‘ishlaydi” (“Ko‘klam taronalari”) satrlaridagi ifodalarda insoniy nolalarni anglash mushkul bo‘lgan cheksizlik, uning ko‘zgusida aks etgan abadiylik bilan qahramon tuyg‘ularini qo‘zg‘ovchi so‘ngsizlik va belgisiz uzoqlik uyg‘unlashadi. Jo‘ravozlik va fikriy mushtaraklikni yuzaga keltiradi.

“…E.Verxarn she’riyatida rang, nur va zulmat obrazlari ijtimoiy ma’no tashiydi va hayotni realistik ifodalashda keng imkoniyatlarga ega ekanligini ko‘rsatdi. Umuman, Sharq adabiyotida realistik simvollarga intilish kuchlidir. Ehtimol, E. Verxarn ijodining Oybek e’tiborini o‘ziga tortganligi sababi ham shundadir”[8], deya yozadi adabiyotshunos A.Rahimov.

E.Verxarnning “Ey mangulik yo‘lchisi! Ey inson! Anglab, his etdingmi, sen qaydan?” (“Shahar va dalalar”) satrlaridagi “mangulik yo‘lchisi” obrazi Oybekning “Ey cheksizlik yo‘lchisi, Ko‘zi yumuq, kuchli qiz!” (“Nur qizga”) misralaridagi “cheksizlik yo‘lchisi – ko‘zi yumuq kuchli qiz” obrazining yaratilishiga ijodiy ta’sir ko‘rsatgan. Ijodiy ta’sirning tafakkur elagida saralangan, mukammal ishlangan namunalarini yaratgan Oybek E.Verxarnning ergashuvchisi va taqlidchisi bo‘lmadi. Bu uning qator she’rlaridagi mavzular talqini, obrazlar tizimi hamda ifoda vositalaridagi o‘ziga xoslikda yaqqol sezilib turadi.

Xullas, E.Verxarn asarlaridan Oybekning ijodiy ta’sirlanishi borliqdagi narsa va hodisalarda betinimlikni, tadrijiy takomilni aks ettirishda, tabiatni mayda tafsilotlari bilan izchil tasvirlash vositasida betakror kartinalar yaratish mahoratida, tasvir va so‘z tak­rorlaridan samarali foydalanib, xushohanglikni yuzaga chiqarishida, musiqiylik satrlar zamiridagi harakat tasviri bilan uyg‘unlashib ketishida ko‘zga tashlanadi. O‘tgan asrning 20-30 yillar she’riyatida ko‘p qo‘llangan kecha, yo‘lchi, barg, dengiz, oqshom, yaproq, og‘och kabi so‘z va obrazlar Oybek she’riyatida yangicha ma’no kasb etib, cheksizlik va abadiylik haqidagi falsafiy fikrlar ifodasiga xizmat qildirishda namoyon bo‘lgan.

Akbar Sabirdinov,

filologiya fanlari doktori

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 7-son

[1] Yoqubov H. Oybek lirikasida g‘oyaviylik va mahorat. Toshkent, “Fan”, 1963. – B. 87.

[2] Oybek. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. 15-tom. Toshkent, “Fan”, 1980. – B. 432.

[3] Oybek. Mukammal asarlar to‘plami. 1-tom, Toshkent, “Fan”, 1975. –B. 198-199.

[4] Sveyg S. Izbrannoye sochineniya: V 2-x tomax. –T., 2. –M.: Goslitizdat, 1956. –S. 37.

[5] Ibrohim Haqqul. Oybek mahorati va she’riyatiga doir // O‘zbek tili va adabiyoti. – 2005. -№ 2. – B. 32.

[6] Verxarn E. Stixi. – M., L.: Xud.lit., 1961. –S. 44.

[7] Frid Ya. Emil Verxarn. Tvorcheskiy put poeta. –M.: Xud.lit., 1985. – S. 99.

[8] Safo Ochil, Azim Rahim. Zamon va zamon sadolari. –Toshkent, Adabiyot va san’at, 1985. –B. 157.