Jovli Xushboq. Axloq — bu haqiqatdir (Vasiliy Shukshin hayotidan lavhalar)

Ulug‘ iste’dodlar sodda bo‘ladi. Vasiliy Shukshinning qizi Mariyaning otasi haqidagi xotiralarini eslang: “Dadam men bilan Olgadan jonini ham ayamasdi. Men kasalmandroq edim. Otam karovatimda soatlab o‘tirardi. Qulog‘im og‘riganida tezroq sog‘ayishimni tilab iltijo qilgani esimda. Dadam uyda bo‘lganlarida oyimdan bolalarni o‘zlari uxlatgani yotqizishni so‘rardilar. Faqat dadamgina bizga kechalari ertak aytar, voqealarni yo‘l-yo‘lakay to‘qib ketaverardilar. U eng yaxshi enaga edi. Otam xonasida cheka boshlasa, men sigaretasini olib, yashirib qo‘yardim.

Menga “Mashenka, sigareta ber”, deb orqamdan yurib yalinishi yoqardi. Men u kishini sog‘inardim, yonimda bo‘lishlarini istardim, chunki dadam ko‘p vaqt safarda bo‘lardi”.
Bor-yo‘g‘i qirq besh yil umr ko‘rib, uning asosiy qismini oddiy odamlar orasida o‘tkazgan Shukshin qanchalar oddiy inson bo‘lganiga bundan ortiq dalilning hojati bo‘lmasa kerak.
O‘tkir Hoshimov va Xayriddin Sultonov tarjimasida nashr qilingan “Chol, qiz va oftob” nomli hikoyalar to‘plamini bir o‘qib ko‘ring. “Qishloqilar” hikoyasida Malanya buvining Moskvaga kelishni taklif qilgan o‘g‘lining xatini o‘qib, qanchalik sarosimaga tushib qolgani kulgingizni qistaydi. Unga achinishni ham, ustidan kulishni ham bilmaysiz. Buvining nevarasi Shurkaga maslahat solib, o‘g‘limnikiga borsammi-bormasammi, deya ikkilanishlari sodda qishloq ayolining xarakterini ochib beradi.
Atigi o‘n olti yilgina qalam tebratgan adib ba’zi ijodkorlar ellik yilda ham uddalay olmagan sermahsul ijod xirmonini yaratib ketdi. Yarim mingta hikoya yaratishning o‘zi bo‘ladimi? “Erk bergali keldim qoshingga” hamda “Lyubavinlar” romanlari va yana uchta qissasi ham bor. “Xo‘roz uch qichqirguncha” (Sulaymon Rahmon tarjimasi)ni esa qayta-qayta o‘qiging kelaveradi.
Asar nuqul dialoglar asosiga qurilgan. Dialoglar orqali qahramonlar xarakteri shunday qoyilmaqom tasvirlanganki, hatto o‘sha obrazga prototip bo‘lib chiqadigan kishi: “Yopirim-ey, menga xuddi quyib qo‘ygandek o‘xshar ekan”, deya hayratlanishi turgan gap.
O‘quvchini bu darajada asir qilish, sehrlay olish har qanday adibning ham qo‘lidan kelavermaydi. Adabiyotshunoslar Yuriy Kazakovni Buninga, Valentin Rasputinni Dostoyevskiyga o‘xshatishadi, qiyoslashadi. Vasiliy Shukshinni esa “zamonaviy Gorkiy” deya ta’riflashadi.
Voqealarni tasvir etish uslubiga ko‘ra ular bir-birlariga o‘xshashi mumkin. Biroq ulug‘ adibning o‘z ijodi haqida nimalar deganini ham bir o‘qib ko‘ring: “Hikoyada hamma narsa tushunarli, hatto undan ham ziyod bo‘lishini istayman”.
“Adabiyotda hamma vaqt qandaydir sport musobaqasiga o‘xshagan holat bor. Qani kim ixchamroq yozadi? Kim murakkabroq! Kim jur’atliroq! Holbuki, adabiyot — haqiqatdir. Kashfiyotdir. Unda kim dadilu kim murakkabu, kim epikroq — buning hech ahamiyati yo‘q. Haqiqat borki, adabiyot bor”.
Yozuvchi yaratgan barcha asarlarida, beshta badiiy filmida bunga og‘ishmay amal qildi, rostgo‘ylikni, haqiqatni o‘z ijodi uchun shior qilib oldi.

* * *

Vasiliy Shukshinda Olloh tomonidan berilgan buyuk iste’doddan tashqari hayotiy tajriba ham mo‘l bo‘lganini bilasizmi? Murakkab, buning ustiga og‘irdan-og‘ir hayot yo‘lini qadamma-qadam bosib o‘tishga to‘g‘ri kelganini eshitganmisiz?
Avvalo, Shukshinning onasi Mariya Sergeevna haqida. “Mening onam… ikki bor turmush qurdi… Ikki bora ham beva qoldi, — deb yozadi adib. — Birinchi marta yigirma ikki yoshida, ikkinchi marta o‘ttiz bir yoshida tul xotinga aylandi. Farzandlari kamoli uchun juda ko‘p kuch-g‘ayrat, nafsilambrini aytganda, butun hayotini bag‘ishladi. Endi u o‘g‘lim odam soniga kirib qoldi, shaharning kattakon amaldoriga aylangan, deb o‘ylaydi. Mayli, o‘ylasa, o‘ylay qolsin. Hikoya yozishni men onamdan o‘rganganman”.
Otasi-chi? Otasi Makar Leontevich xalq dushmani deya qoralanib, otib tashlangan. Uchta xolasining hammasi beva bo‘lib qolganini aytmaysizmi? Hattoki singlisi Natalya ham beva edi.
Vasiliy Shukshin Stalin vafotidan bir yil keyin — 1954 yili Oltoy o‘lkasidagi Srostkini qishlog‘ini tark etdi. Moskvada o‘qidi. O‘shanda ham jigarlarini, birinchi navbatda jondan aziz onasini yo‘qlab turdi, unga ketma-ket xatlar yozdi. Adibning Sherali Sokin tarjimasida e’lon qilingan xatlaridan biriga ko‘z yugurtiraylik:
“Mehribonim, onam!
Men sog‘-salomatman, ishlarim joyida. Sog‘ligim ham chakki emas. Mana, kartinada ko‘rarsiz, hatto semirganman. Hammasi ko‘ngildagiday, qadrdonginam.
Onajon, agar malham biroz behuzur qilsa, u holda dorini tunda, uyqu oldidan iching. Muhimi, u kishini uyquga moyil qiladi. Dorini ichish jarayonini iloji boricha uzoqroq davom ettirish kerak. Odamlar yillab ichishadi: o‘rganib ketishadi, hatto yoshi bir joyga borib qolganlar ham ichishadi. Nima bo‘lganda ham mazkur doridan Sizga hech qanday ziyon-zahmat yetmaydi.
Qizaloqlarim xudoga shukur, chopqillab yurishipti. Yaqinda Moskvada uch kun bo‘lib, Masha bilan u o‘qiydigan maktabda bo‘ldim… Ham kulasan, ham kuyasan. Uni maktab o‘quvchisi degani ham til bormaydi. Uzzu kun Olga va quyon bilan (kvartiramizda quyon asraganmiz) o‘ynab, uy vazifalarini unutadi.
Mana shunday ikir-chikirlarni hisobga olmaganda, xotirjammiz. Yuborilgan posilkangiz haqida xabar keldi. Ammo yakshanba kuni edi. Lida hozir Bolgariyada (10 kunga, birinchi oktyabrga qadar), bolalarimga qaynonam qarab turibdi. Ehtimol, posilkani qaynonamga berishar, yo‘q deyishsa, Lida keladi”.
Vasiliy Shukshin onasini shunchalar yaxshi ko‘rar ediki…
Axir, onasi ne-ne azob-uqubatlarini boshidan kechirmadi. Eri xalq dushmani sifatida otilib ketganidan keyin yana turmush qurdi. Pavel Nikolayevich Kuksin bilan bir yostiqqa bosh qo‘ydi. Vasiliy Shukshin ana shu kishining tarbiyasini oldi. Lekin, o‘gay otasi ham urushda qazo qildi. 14 yoshli Vasiliy urush ayni qizigan pallada Biysk avtomobil texnikumida o‘qir edi. Otasining o‘limi sabab moddiy jihatdan yana nochor ahvolga tushib qolishdi, o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘ldi. U hatto harbiy bilim yurtidan ham o‘qimay ketib qolgandi.
Buyuk adib behudaga “Qishloqilar”, “Ona qalbi” hikoyalarini yaratmagan, ularga bosh qahramon qilib onani tanlamagan ko‘rinadi. Buning asosiy sabablaridan biri munis va mehribon onasiga bo‘lgan mehri edi.
“ — Aylanay, bolajonlarim! — yig‘lab yubordi u. — Ichganda har narsa bo‘lishi mumkin-ku, axir?! Mast bo‘lgandan keyin urishgandir… Rahm qilinglar unga!..
Onaning bu ahvoliga chidab turish oson emas edi. Uning nolasida shuncha g‘am, alam, tashvish to‘lib-toshgan ediki, bu yerdagilarning hammasi noqulay sezardi o‘zini. Kim teskari o‘girilib oldi, kim esa sigaret yoqib chekishni boshladi…
— Yolg‘iz o‘g‘lim. Menga qaraydigan ham, boqadigan ham shu. Yaqinda u uylanmoqchi edi. Agar uni qamab qo‘yishsa nima bo‘ladi-a? Qiz esa yaxshigina edi. Durust oilaning farzandi edi, essiz…”

* * *

Vasiliy Makarovich Shukshinning qizlari ham onasi kabi mehribon edilar. Uning uchta qizi bor edi.
Otasining orzulari bir dunyo bo‘lganini qizi Mariya ham e’tirof etadi: “Onamning aytishlaricha, dadam serfarzand bo‘lishni, o‘g‘il ko‘rishni orzu qilgan ekan. O‘g‘il ko‘rsa ismini Makar yoki Stepan Razinning sharafiga Stepan deb atamoqchi ekan. Agar dadam erta o‘lmaganida edi, oyim bilan ikki qizga qarab o‘tirmasdan yana farzand ko‘rishardi, deb o‘ylayman. O‘z vaqtida dadam men bilan singlimga “Agar o‘g‘il ko‘rsangizlar ismini Makar qo‘yinglar” deb tayinlangan edi. Singlim o‘g‘lining ismini otamning sharafiga Vasiliy deb qo‘ydi. Mening esa Makar degan o‘g‘lim bor. Bunday ism uchun dadamdan juda minnatdorman. Bu haqiqiy erkakcha ism”.
Ilgari “Vasiliy Shukshin ko‘p ichadigan kishi bo‘lgan, chekishni ham xush ko‘rgan. Ammo, qizlaridan biri, to‘g‘rirog‘i, Mariya sabab bo‘lib ichishni deyarli tashlab yuborgan”, degan gaplar yurardi. Mariya Shukshina “Argumentы i faktы” gazetasiga bergan intervyusida bu voqeaga oydinlik kiritadi: “Iste’dodli shaxslarning yutuq va kamchiligi ko‘p bo‘lishi tabiiy. To‘g‘ri, otam ichkilikka o‘ch bo‘lgan. Ammo, farzandlarning tug‘ilishi hammasini o‘zgartirib yubordi. Onamning aytishicha, bir necha oyligimda otam men bilan sayr qilgani chiqadi. Men yotgan aravachani ko‘chada qoldirib, qandaydir “do‘stlari” bilan pivoxonaga kiradi. Uyga yolg‘iz qaytadi. Onam eshikni ochishi bilan “Masha qani?” deb so‘raydi. Dadam peshonasiga urib, buriladi-yu, shamoldek uchadi. Onam o‘zini yo‘qotib, zinapoyada emaklab qoladi. Chunki, biz sayrga chiqqanimizdan buyon ancha vaqt o‘tgan ekan-da. Xudoga shukurki, ular meni qo‘yib ketilgan joydan topishadi. Men hammayog‘imni ho‘l qilgancha uxlab yotgan ekanman. Yaxshiyam aravachani birov haydab ketmapti. Shundan so‘ng dadam hatto bayramlarda ham bir tomchi ichmaydigan bo‘ldilar. Men yaqinda Leonid Kuravlev va rafiqasidan: “Dadam hech bo‘lmaganda yangi yilda bir qadah ichgan bo‘lishlari mumkin-ku”, deb so‘radim va “hech qachon” degan javobni eshitdim”.
Bu fikrlar shundan dalolat beradiki, Vasiliy Shukshinda kamdan-kam kishilarda bo‘ladigan iroda, farzandga mehr kuchli bo‘lgan! O‘ta og‘ir azob-uqubatlarni, qiyinchiliklarni boshidan kechirgan, mehnatda toblangan adib sabot-matonatli ham edi! Ikki o‘quv yurtini tashlab ketib, o‘n sakkiz yil chilangarlik qilishning o‘zi bo‘larkanmi? Buning uchun mehnatkashlikdan tashqari chidamlilik ham bo‘lishi shart emasmi? Hisoblab ko‘ring. Bor yo‘g‘i 45 yillik umr. Uning atigi o‘n olti yili ijodga — qalam tebratishga bag‘ishlangan.
O‘n sakkiz yil oddiy ishchilik! Buning ustiga kvartirasi bo‘lmagan va doim safarlarda kechgan aksariyat vaqtlarda yotoqxonalarda, mehmonxonalarda, shifoxonalarda ijod qilishga majbur bo‘lgan…
Shulardan ortib onasiga, xotiniga, qizlariga mehr qo‘yganini aytmaysizmi? Birinchi turmush o‘rtog‘i Viktoriya Safronovna unga qiz tug‘ib beradi. Ammo, nima uchundir buni ikkinchi oilasidan sir tutishga urinadi.
Adib 34 yoshida Viktoriya Safronovnaga uylangandi. Keyinchalik, Lidiya Nikolayevna bilan turmush qurdi. Undan ikki qiz ko‘rdi. Ularning ismi Mariya va Olga edi. Ular kinorejissyor va televideniye xodimi sifatida tanildilar.

* * *

Sevgi deganlari nahotki yolg‘on tuyg‘u bo‘lsa? Axir, Vasiliy Shukshin ham Lidiya Nikolayeevna Fedoseeva-Shukshina ham bir-birini shunchalik sevishardiki… Hatto, buni — yozuvchi o‘limidan so‘ng turmush o‘rtog‘i erga yolchimay qolishini tasavvur qilish mushkul edi.
“Argumentы i faktы” gazetasi Vasiliy Shukshinning o‘limidan so‘ng uning umr yo‘ldoshi L.N.Shukshinaning so‘zlarini e’lon qilgandi. Unda quyidagilar yozilgan: “Hozir hisoblab ko‘raman… yo‘q, to‘rt marta emas, hozir rasmiy jihatdan uchinchi erim bilan yashayapman. Birinchi marta yoshligim, axmoqligim sababli na men, na u baxtli bo‘ldik: xullas xato qildik. Har kim xato qilishi mumkin. Biz tezda ajrashib ketganmiz. Keyin Shukshinni uchratdim. Albatta, u taqdirimga bitilgan iqbol edi. To‘g‘ri, uning fe’l-atvoriga uncha-muncha odam chiday olmasdi, lekin men u paytlari ancha ko‘ngilchan, sabr-toqatli edim. Shukshindan keyin operator Mixail Agranovichni uchratdim: ajoyib inson edi. Menga bolalarimni voyaga yetkazishda yordam berdi. Biz yengiltakligimiz oqibatida ajralishib ketdik. Yanglishmasam, u ham endi pushaymon qilayotgan bo‘lsa kerak. Biz u bilan ZAGSdan o‘tmagan edik. Hozirgi erim bilan 1986 yili Polshada tanishganmiz. U yerda “Yanushka haqida ballada” filmi suratga olinayotgandi: shunaqa sakkiz seriyali polyak filmi bo‘lardi. Bu film Polshada juda mashhur bo‘lib ketgan, men bosh rolni ijro etganman. Menga “San’at” ordeni berishgan edi. O‘sha filmda Marek rassom edi”.
Vasiliy Shukshinning o‘limidan so‘ng uning umr yo‘ldoshi mana shunday ahvolga tushib qoldi. Mariya Shukshina onasining yuqoridagi kabi xatti-harakatlariga salbiy munosabat bildirmaydi. Jurnalistning “Lidiya Nikolayevna taqdirning ko‘rligiyu-bebaqoligiga tan berib, o‘ziga nafaqat yashashga, hatto sevishga ham erk berdi” degan ta’nali savoliga javoban shunday deydi: “Ha, u otam vafot etgach, kinooperator Mixail Agranovichga turmushga chiqdi. Bu odam menga sakkiz yoshimdan o‘n sakkiz yoshimgacha tarbiya berdi. Buning uchun men undan minnatdorman. Darvoqe, u meni ajoyib pishiriqlar pishirishga ham o‘rgatdi. Keyinroq o‘gay otamni onam boshqa bir erkak-polyak eri bilan almashtirdi. So‘ngra esa Bari Alibasov bilan Layliyu-Majnun bo‘lib qoldi. Men onamning bunday ishqibozliklariga xotirjamlik bilan qarayman. Shaxsiy hayotiga aralashgim kelmaydi.”

* * *

Vasiliy Shukshin ijodini kinodan ayri holda o‘rganish ham, tadqiq etish ham mushkul. Chunki, u butun hayotini turli filmlarda aktyor sifatida rollar ijro etishga bag‘ishladi. Ko‘pgina filmlarga rejissyorlik qildi. Hayron qolasan kishi. Bunga qanday qilib ulgurdi ekan? O‘ntaga yaqin stsenariy yozishning, salkam o‘ttizga yaqin rol ijro etishning o‘zi bo‘ladimi? Buning uchun qanchalik ko‘p vaqt, mashaqqatli mehnat zarur emasmi? Beshta filmni yaratishga, romanlar, qissalar, yuzlab hikoyalar yozishga qanday muvaffaq bo‘ldi ekan? “Alvon bodrezak” filmi shov-shuv bo‘lganidan xabaringiz bormi?
Filmdagi Igor obrazi shunchalik mukammal ediki… Shukshinning o‘zi hatto: “Unga juda achinaman. Bu taqdir yuragimni nihoyatda achishtiradi. Sharoit boshqacha bo‘lganida u tamoman ajoyib inson bo‘lardi” deydi o‘kinch bilan.
“Alvon bodrezak” filmi kutilmaganda yuzaga keldi. Adib bir kuni voyaga yetmaganlar qamoqxonasiga borib uchrashuv o‘tkazdi. Bu voqeadan, uchrashuvdagi fikrlardan nihoyat darajada ta’sirlandi. Hatto uch kun o‘ziga kelolmay yuradi. Va nihoyat shu hodisa sabab film yaratish g‘oyasi tug‘iladi.
Vasiliy Shukshin zo‘r mahorat, katta hayajon va mehnat tufayli film stsenariysini yozib tugallaydi. Ammo… Unga qarshiliklar ko‘p bo‘ldi. Hatto suratga olish jarayonida ham nochor ahvolga tushib qoldi. Gorkiy nomidagi kinostudiya va tegishli idoralar hattoki uni plyonkadan ham qisib qo‘ydi. Bir amallab shalag‘i chiqqan asbob-uskunalar bilan kinoni nihoyasiga yetkazadi.
Lekin, Shukshinning baxtiga bir nechta filmlarga qo‘shib “Alvon bodrezak”ni ham Leonid Ilich Brejnevga ko‘rsatish uchun olib ketadilar. Tavba, kino sohasi mansabdorlariga yoqmagan badiiy film birdaniga Brejnevni qiziqtirib qo‘yadi!
Davlat kino qo‘mitasidagi amaldorlar ko‘klarga ko‘tarib maqtagan filmlar bir yoqda qolib, Leonid Ilich aynan “Alvon bodrezak”ni yaxshi ko‘rib qolganini aytmaysizmi? Hattoki uni tomosha qilib o‘tirib ko‘zlaridan shashqator yosh chiqib ketganini o‘ziyam sezmay qoladi. Tabiiyki, davlat rahbariga juda ma’qul kelgan badiiy film boshqalarni ham befarq qoldirmaydi.
Tanqidchi Vladimir Solovev “Stsenariy va film” maqolasida shunday yozgan edi: “Men Leningradda, “Kosmonavt” kinoteatrining oldida yashar edim. “Alvon bodrezak” badiiy filmiga biletni bir kun oldin bo‘lsa-da navbatga turib olishimga to‘g‘ri kelgan edi. Nega? Buning sababi nimada? Muallif bugungi davr dramatizmini asarga singdirib yubora olgan, qahramonni fojiaga — o‘limga olib kelgan hodisalar oqibatini teran tadqiq eta olgandi”.
“Ko‘l bo‘yida”, “Xaloskorlik”, “Mishka, Seryoja va men”, “Jurnalist” singari filmlar yaratilishida uning xizmati beqiyos bo‘lganligini hali-hanuz ehtirom bilan eslaydilar. Davlat kinematografiya institutining rejissyorlik fakultetini bitirgan Vasiliy Shukshin rus kino solnomasiga ulkan ulush qo‘shganlardan biri sifatida tilga olinadi. Shu boisdan ham mashhur kinorejissyor Sergey Gerasimov u haqda: “Bu yozuvchi, rejissyor va aktyor menga yaxshi tanish. Men uni kinematografiya sohasidagi tarjimai holi boshlangan yoshlik chog‘idan bilaman”, deydi.
Unga Davlat mukofoti, RSFSRda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi unvonlari bejiz berilmagan. Agar 45 yil emas, ehtimol, hech bo‘lmaganda 65 yil yashaganida, balki Nobel mukofotiga ham sazovor bo‘lishi tayin edi…

* * *

O‘zbek o‘quvchilari Shukshin asarlarini asosan Asqad Muxtor, O‘tkir Hoshimov, Xayriddin Sultonov, Erkin Mirobidov, Shodmon Otaboyevlar tarjimasida o‘qish sharafiga musharraf bo‘lganlar. Ammo, keyingi yillarda ham bu xayrli yumush bir joyda depsinib qolgani yo‘q. Yaxshi asarlardan biri “Kuyovim bir mashina o‘tin o‘g‘irladi” Sherali Sokin tarjimasida chiqdi. “Mikroskop” esa Mehmon Islomqulov tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi…
Qani endi iste’dodli tarjimonlarimiz yozuvchininggina emas, jahon adabiyotining o‘lmas badiiy mulkiga aylangan “Erk bergali keldim qoshingga” romani, “Uzoq-uzoqlarda”, “Alvon bodrezak” hamda “Meni yorqin ufqlarga chorla” singari ajoyib asarlarini o‘zbek kitobxonlari mulkiga aylantirishsa, deya orzu qilging keladi!
Yana ikki yildan so‘ng adibning tug‘ilganiga 80 yil to‘ladi. Ehtimol, ana shu yubileygacha bu asarlar o‘zbekchaga tarjima qilinar, deya umid qilamiz.

* * *

Vasiliy Shukshinning o‘limi haqida so‘z ketganda, yurak larzaga keladi. Bu achinishmi yo ulkan adibga nisbatan mehrmi — buni darrov anglab yetolmaysiz.
Yozuvchining o‘zi o‘limini oldindan sezgan, degan taxminlar ham yo‘q emas. Mana, qizi Mariyaning so‘zlari: “Otamiz vafot etganda men sakkiz yoshda edim. Eng chuqur va eng qayg‘uli xotira uning “Ular vatan uchun jang qildilar” filmiga suratga tushish uchun jo‘nab ketayotgandagi holati bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Men uni mashinagacha kuzatib bordim. Yarim yo‘lda to‘xtab, u meni o‘pib qo‘ydi. Mashinaga o‘tirgach, menga qayrilib qaradi. Uning ko‘zlari yoshli edi. Bu vidolashuv nigohi edi. Bu nigohni bir umr eslab qoldim. Otam film suratga olinayotganda vafot etgan”.
Aslida qanday bo‘lgandi? Rasmiy ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, u 1974 yilning 2 oktyabrida, tunda “Dunay” teploxodi kayutasida olamdan o‘tgan. O‘sha kunlari ularning guruhi Volgagrad yaqinidagi Melologovskiy xutorida Mixail Sholoxovning “Ular vatan uchun jang qildilar” filmini suratga olishayotgandi. Bu filmda Shukshin Lopaxin rolini qoyilmaqom qilib ijro etayotgandi.
Balki, Shukshin kasallikdan, og‘ir darddan aziyat chekkandir? U onasiga yozgan xatlaridan birida shunday deb ta’kidlaydi: “Kelaman deb va’da berib, o‘zim ham qiynalib ketdim, sizlarni ham qiynab yubordim. Etak silkib yo‘lga chiqishning ilojini qilolmayapman. Hozir esa oshqozon yarasi vajidan shifoxonada yotibman. Picha davolanay. Oldinda meni ulkan mashaqqatli ish (Stepan Razin haqida uchta film) kutib turipti. To‘rt yillar chamasi zo‘riqib ishlashim kerak. U holda davolanishga qo‘l tegarmidi?”
Yo‘q, u bu darddan tuzalib ketgandi. Ehtimol, yurak xuruji… Haqiqat uchun kurashgan, hayotiy voqealarni bo‘y-basti bilan ro‘y-rost tasvirlagan adib o‘sha davr amaldorlariga yoqmay qolganmidi? Bu haqdayam aniq fikr bildirish mushkul. Lekin, ulug‘ odamlar bashoratchi bo‘lishadi, degan taxminlar bor. Bekorga Vasiliy Shukshin o‘limidan bir kun avval motam marosimini rasmda jonlantirmagan ko‘rinadi. U nimalarnidir oldindan sezgan, o‘limi yaqin qolganini his etgan…
Ko‘plar uni yurak kasalligidan vafot etganiga ishonib-ko‘nikib qolgan bir pallada shov-shuvlar avjiga mindi. T.Ponomaryovaning “Shukshinning sirli muhabbati” to‘plami barcha muxlislarni dovdiratib qo‘ydi. T.Ponomaryova fikrlar, mulohazalar, taxminlar va ayrim kishilarning ishonch bilan aytgan so‘zlarini jamlaydi va Shukshin o‘z ajali bilan qazo qilmagan, degan kutilmagan xulosaga keladi. Kim rost aytayapti? Shifokorlarmi, hamkasblarimi yoki yaqindagina kitobi nashr qilingan muallifmi? Nahotki, adibni zaharlashgan bo‘lishi mumkin, degan so‘nggi xulosaga ishonish kerak bo‘lsa? Balki, shundaydir… Yana kim biladi, deysiz… Zamonga mos kelmagan, tuzumga qarshi fikr bildirgan necha-necha kishilar dom-daraksiz “o‘z ajali bilan” o‘lib ketganlari haqidagi ertakka o‘xshash gaplar ehtimol Vasiliy Shukshinga ham mos kelar?
Hayotda qabohatlar bolalab ketgan bir davrda umr kechirgan adib yuragi amriga qarshi borolmadi: faqat haqiqat yo‘lini tutdi. Shu bois uning so‘zlari hamon qalblarimizda ezgu shior kabi jaranglaydi: “Axloq bu haqiqatdir. Haqiqat bo‘lganda ham ulkan haqiqat. Zero, axloqli bo‘lish — bu jasorat, poklik. Bu xalq quvonchi, g‘ami, tashvishi bilan nafas olmoq, xalq o‘ylaganidek fikr yuritish, chunki xalq haqiqatni doimo bilib yashaydi.” Bunday dadil, jasorat bilan so‘zlashning o‘zi bo‘ladimi?..
Qisqa umri davomida jahon kinosi va adabiyotiga ulkan badiiy asarlar bilan ulush qo‘shgan buyuk yozuvchi va kino namoyondasi ana shunday murakkab, mashaqqatli va shonli yo‘lni bosib o‘tgan edi.

Jovli Xushboq
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 28-sonidan olindi.