Abdurasul Eshonboboyev. Igna bilan quduq qazib

Taniqli navoiyshunos Yoqubjon Ishoqov nafaqat Alisher Navoiy ijodiga, shuningdek, adabiyot tarixchisi va manbashunos sifatida ko‘p asrlik mumtoz adabiyotimiz tarixining chigal masalalariga oid qator maqolalar muallifi hamdir. Olimning adabiy manbalarga yondashuvi, ilmiy muammoni shakllantirish tajribasi, tadqiqot uslubini o‘rganish bugungi kunda adabiyotshunoslikka kirib kelayotgan yosh tadqiqotchilar uchun alohida saboq bo‘ladi, deb umid qilamiz.

Ma’lumki, o‘tgan asrning ­60-yillari mumtoz shoir Pahlavon Mahmud ruboiylari fors tilidan tarjima qilinib, tarjimai holiga taalluqli ayrim ma’lumotlar bilan to‘ldirilib nashr etilgandi. Mavzuni atroflicha o‘rgangan Yo.Ishokov salaflari ishlarining ijobiy tomonlarini e’tirof etib, ayni paytda, ularga tanqidiy yondashadi. Shoir haqida ma’lumot beruvchi qo‘lyozma manbalarni sinchiklab qiyoslagan olim ayrim ziddiyatli fikrlarning yuzaga kelish sabablarini ko‘rsatib yozadi: “Mazkur manbalarning qimmati masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, ularning deyarli barchasi tanqidiy munosabatda bo‘lishni taqozo etadi. Xususan, ruboiylarning maqbaraga bitilishi keyingi asrlarda amalga oshirilgan bo‘lib, ularning manbai biz uchun noma’lumdir”. U “Pahlavon Mahmud ruboiylari” nomi ostida saqlanayotgan o‘nlab qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirib, ular XIX asr­da ko‘chirilganiga diqqatni qaratdi va tarkibiga boshqa shoirlarning forsiy ruboiylari kirib qolganini aniqladi.

Bundan tashqari, ruboiylarni tahlil etib, shoir o‘sha davrda Xurosonda keng tarqalgan mafkuraviy oqimlardan biri javonmardlik yo‘nalishiga mansubligini dalillar bilan isbotlab ko‘rsatdi va o‘zbek adabiyotshunosligida birinchi bo‘lib javon­mardlikning ixcham tavsifini berdi: “Hunarmandlar guruhining ilg‘or qarashlari va intilishlarini ifodalagan bu yo‘nalish o‘sha davrdagi ilg‘or kuchlarning ma’lum qismi uchun ma’naviy zamin bo‘lgan”. Holbuki, ruboiylarni nashr etgan tadqiqotchilar shoir she’rlarining janriy xususiyatidan kelib chiqib, uni “Xorazm Xayyomi”, deb ta’riflashgan edi. Yo.Ishokov esa muallif nusxasi bizgacha yetib kelmagan asarning atributsiyasi(ishonchlilik darajasi)ga e’tibor qaratib, adabiy merosga ijodkor yashagan davri bilan aloqadorligidan kelib chiqib yondashdi. Bugungi kunda adabiy manbaga tarixiylik printsipi asosidagi yondashuv (birgina “Devoni hikmat” tevaragidagi fikr-mulohazalarni eslang) negadir chetda qolib, ta’rif-tavsif ustunlik qilmoqda. Aynan shu sababli ham Yo.Ishoqovning bu yo‘nalishdagi maqolalarini o‘qib o‘rganish foydadan xoli emas.

Olimning “Gul va Navro‘z” dos­tonining muallifi” nomli maqolasi ko‘p yillar Mavlono Lutfiyga nisbat berib kelinayotgan asarning manbashunoslik yo‘nalishidagi teran tahlili namunasidir. Qizig‘i shundaki, dostonni Lutfiy yozganligi xususida biror-bir tarixiy yoxud adabiy manbada, jumladan, shoirni ko‘rgan va bilgan Navoiy asarlarida ham ma’lumot mavjud emas. Biroq shunga karamay, doston Mavlono Lutfiy asari sifatida e’tirof etib kelindi.

Bizni bu masalada Yo.Ishoqovning muammoga yondashuv uslubi qiziqtiradi. Olim, avvalo, mavzuga aloqador manbalarni sinchiklab o‘rganib, asarni Lutfiyga nisbat berish “Abushqa” lug‘atiga (XVI asr) borib taqalishini aniqladi: “Darvoqe, “Abushqa”da bir shoirning baytini boshqasiga nisbat berish hollari anchagina uchraydi. “Gul va Navro‘z”dan olingan baytlarning Lutfiy asari sifatida talqin etilishi ham shunday xatolardan biridir. Bu xatoning yuzaga kelishi ikki holatdan biri bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin: yo “Abushqa” avtori o‘zi foydalangan forsiy lug‘atdagi mavjud xatoni takrorlagan (masalan, Haydar Xorazmiy baytining Navoiyga nisbat berilishi kabi) yoki “Gul va Nav­ro‘z”ning Lutfiy devoni bilan birga muqovalangan nusxasidan foydalangan”. Eslatib o‘tamiz, asar matnida ham Lutfiy taxallusi uchramaydi. Xatoning yuzaga kelish sabablarini to‘g‘ri hal etgan olim oldida ikkinchi bir masala — asarning muallifi kim, degan mantiqiy savol paydo bo‘ladi. Sharq poetikasi qonun-qoidalaridan puxta xabardor olim diqqatini asar matniga va uning uslubiga qaratadi: “Vaholanki, u yoki bu asarning muallifini aniqlashda (ayniqsa, muallif nusxasi yetib kelmagan bo‘lsa — A.E.) tadqiqotchi uchun mavjud asarning uslub xususiyatlari, uning tarkibida uchraydigan va ma’lumot berishga loyiq detallar, shu asarga daxli bor shoir yo yozuvchi haqida uning zamondoshlari asarlarida yoxud boshqa tarixiy-adabiy manbalarda uchraydigan muhim ma’lumotlar majmuasi asosiy mezon bo‘lishi lozim. “Gul va Navro‘z” uslubidagi ba’zi xususiyatlar (leksika, vazn va qofiya kabi­lar)ning o‘ziyoq kitobxonda bu asarning Lutfiy qalami ostidan chiqqanligiga shubha tug‘diradi». Olim doston matnini sinchiklab kuzatib muallifning taxallusini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi:

Tavaqqu’ uldur ashobi hunardin,
Ki chun fayz olsalar bu muxtasardin
Sog‘ingaylar Muhibbi benavoni
Duo birla sevindurgaylar oni.

“Bu baytdagi Muhib shoirning taxallusi bo‘lib, mazkur so‘zning lug‘aviy ma’nosi bu yerda o‘rinsizdir. Umumiy kontekst va baytning ma’nosi ham mazkur so‘zning istilohiy funk­tsiyasini taqozo etadi: ya’ni u bilim, hunar egalari mazkur asarni o‘qib, fayz olsalar, benavo Muhibni ham esga olib, duo bilan ruhini shod etishlarini iltimos qiladi”.

Xullas, navbatdagi masala asar muallifi va doston bag‘ishlangan Sulton Iskandar bilan munosabatlarni oydinlashtirish bo‘lib, olim bunda Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasiga murojaat qiladi. Tazkirada Navoiy Sulton Iskandar haqida so‘zlab, uning saro­yidagi turkigo‘y shoirlardan biri xususida ma’lumot berib, ijodidan bir bayt namuna keltiradi: “Mavlono Haydari turkigo‘y aning modihi ekandur”. Keltirilgan bayt Mavlono Haydar Xorazmiyning “Maxzan ul-asror”idan (Nizomiy Ganjaviy asari tarjimasi) olingan bo‘lib, har ikki asar temuriyzoda Sulton Iskandarga bag‘ishlangan. Yo.Ishoqov “Gul va Navro‘z” va “Maxzan ul-asror”ni sinchiklab qiyoslab uslub jihatdan bir necha mushtarak o‘rinlarni aniqlaydi. Bu hol doston yozilish sabablari hamda muallifning kitobxonga murojaati bayon etilgan boblarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Olim Muhib va Haydar Xorazmiy bir shaxs ekanligini rad etib bo‘lmas dalillar bilan isbotlaydi: “Muhib” Haydar Xorazmiyning adabiy taxallusi yoxud taxalluslaridan biri degan xulosaga kelish uchun asos bo‘ladigan dalillardan biri “Maxzan ul-asror”ning “So‘z boshi”, degan qismida uchraydi:

….Dard kerak jondaki ko‘rgay safo,
Me’da kerak, toki singurgay balo.
Suvg‘a baliq, o‘tqa samandar kerak,
G‘amg‘a Muhib, dardg‘a Haydar kerak.

Bizningcha, shoir Muhib va Haydar so‘zlarida ittifoq san’atini ishlatgan. Ya’ni, u taxallus va ism bo‘lib kelgan so‘zlarning ham lug‘aviy, ham istilohiy ma’nosidan baravar foydalangan». Demak, har ikki asarning muallifi Haydar Xorazmiy bo‘lib, ilgari surilgan mulohaza o‘zining mantiqiy isbotini topgan.

Maqolaga bir oz kengroq to‘xtalganimizning sababi olimning muammoga yondashuv uslubini ko‘rsatish edi. Ustoz ilmiy haqiqatni topish yo‘lida izchil izlanadi. Uning maqolalarini o‘qish davomida o‘quvchi beixtiyor ana shu murakkab izlanish jarayonning bevosita ishtirokchisiga aylanadi hamda tadqiqotchining dalillash mahoratidan zavq oladi.

Bayozning paydo bo‘lishi, uning adabiy jarayondagi o‘rni, bayozchilik maktablari kabi masalalar tahliliga bag‘ishlangan “Bayoz va bayozchilik tarixi” risolasida olim bayozni faqat o‘zbek adabiyoti doirasida o‘rganmaydi, balki kamrovni keng olib, dastlab arab adabiyotida yuzaga kelganiga diqqatni qaratadi. Ayrim ilmiy adabiyotlarda bayoz antologiya, deb ham atalgan. Yo.Ishoqov esa bu ikki tushunchaning farqli jihatlarni aniq ko‘rsatib o‘tadi: “Bayoz va antologiya o‘rtasidagi tafovut ularning kompozitsiyasida yaqqol ko‘zga tashlanadi: antologiyada shoirlar muayyan xronologik tartibda beriladi va bir shoir hech qachon ikkinchi marta takrorlanmaydi. Bayozlarda esa shoirning she’rlari bir necha o‘rinda berilishi mumkin. Binobarin, bayoz va antologiya mohiyat nuqtai nazaridan bir-biridan katta farq qiladi”. Manbashunos olim bayozlar tasodifan paydo bo‘lmasligi, ular adabiy muhitning hosilasi va unda davrning estetik qarashlari aks etishini ta’kidlaydi.

Olim Toshkent, Sankt-Peterburg, Dushanbe shaharlaridagi qo‘lyozma fondlarida izlanib, yuzlab qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirib, o‘zbek adabiyotiga aloqador adabiy manbalar ro‘yxatini tuzdi.

Farg‘ona, Toshkent, Buxoro, Xorazm bayozchilik maktablari qay tarzda yuzaga kelgani, ularning o‘xshash va farqli jihatlarini aniq dalillar asosida ko‘rsatib berdi. Olimning mazkur risolasi tugal tadqiqot sifatida adabiyot tarixi, adabiy jarayon va ijodkorning ushbu jarayonda tutgan mavqeini belgilashda, adabiy ta’sir qonuniyatlarini yoritishda muhim ahamiyatiga ega. Birinchi manbalarga asoslangani esa uning ilmiy qimmatini oshiradi.

Atoqli adabiyotshunos Yo.Ishoqovning ifodada ilmiy akademizmga qat’i amal qilishi, fakt­larga nisbatan xolis va tan­qidiy munosabati, keng mushohadasi, talqinda mantiqiy izchillikka rioya etishi yosh tadqiqotchilar uchun o‘ziga xos maktab, desak yanglishmaymiz. Uning uchta yirik monografiyasi (keyingi paytlarda urf bo‘lgan turli xil maqolalar to‘plamlari emas), bir yuz elliktacha ilmiy maqolalari fikrimizning dalilidir. Zero, ustozning ilmiy izlanishlari akademizmdan saboq beradi, tadqiqotning o‘ziga xos madaniyati sari yetaklaydi.

Abdurasul Eshonboboyev,

O‘zR FA Til va adabiyot instituti ilmiy xodimi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 46-son