Abdurashid Abdug‘afurov. Osmondin maqtov yog‘sin u qalamga

yoxud Muhammad Pahlavonning hazili

Avval 1479 yili tartib berilgan “Badoye’ ul-bidoya”ga, keyinchalik “Xazoyin ul-maoniy” kitobini tuzishda “G‘aroyib us-sig‘ar” devoniga kiritilgan quyidagi ishqiy g‘azalni Navoiyning o‘zi Mashhad shahrida bir sahar chog‘i qog‘ozga tushirgani haqida guvohlik beradi:

Har qayon boqsam ko‘zumg‘a ul quyoshdin nur erur,
Har sori qilsam nazar ul oy manga manzur erur.

Chun masal bo‘ldi soching zulm ichra, yoshurmoq ne sud?
“Mushk isin yoshursa bo‘lmas!”. Bu masal mashhur erur.

Telbararman to ani ko‘rmon, ajoyibdur bukim,
Ul pari devona ko‘zidin dog‘i mastur erur.

Chun mudom erning mayi qoshindadur kofir ko‘zung,
Nedin erkinkim, dame – usruk, dame maxmur erur?

Dilrabolar dog‘i jonim safhasida go‘iyo,
Dard eli ishqim uchun muhr aylagon manshur erur.

Par urub boshingg‘a tutma avjkim, har necha mo‘r
Kim, qanotlong‘oy qachon uchmoq anga maqdur erur?!

Gar Navoiy siymbarlar vaslin istab ko‘rsa ranj,
Yo‘q ajab! Nevchunkim, xom etgan tama’ ranjur erur.

Shoirning tarjimai holidan ma’lumki, Xuroson hukmdori Abulqosim Bobur 1456 yil oxirida poytaxtni Hirotdan Mashhadga ko‘chirganida, u ham Mashhadga boradi. Navoiyga homiylik qilgan bu ma’rifatparvar hukmron 1457 yili bevaqt vafot etganidan keyin Alisher asosan madrasalarda va yirik mudarrislar qo‘lida to 1463 yilga qadar bilimini oshirish, ijod bilan mashg‘ul bo‘lgan. Yuqorida matni keltirilgan g‘azalni shoir shu yillar oralig‘ida bir sahar vaqtida yaratgan. Ammo asar shu sakkiz yilning qaysi birida yozilganini aniq aytish qiyin.
Shunday bo‘lsa-da, Navoiyning “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida bu g‘azal haqida bergan ma’lumotlari asosida g‘azalning yaratilish sanasini taxmin qilish mumkin.
Avvalo, bu asarning o‘zi to‘g‘risida qisqacha to‘xtab o‘taylik. Pahlavon Muhammad uzoq yillar davomida “ko‘ragi gilam hidlamagan”, butun Movarounnahr va Xurosonda dong taratgan kurashchi polvon. U Navoiyning o‘z so‘zlari bilan aytganda, “qirq yilg‘a yaqin… musohibi joniy (jonajon do‘st, ulfat) va mahrami rozi nihoniy” (yashirin sirlardan boxabar, sirdosh) bo‘lgan. O‘z zamonasining yetuk ziyolilaridan biri, barcha bilimlardan boxabar, madaniyatli va axloqan barkamol Pahlavon Muhammad she’riyatni ham nozik fahm etuvchi va yuksak qadrlovchi bo‘lgan.
Navoiy ana shu fozil vafotidan ko‘p o‘tmay 1493 yili uning xotirasiga maxsus asar yaratib, “Holoti Pahlavon Muhammad” deb ataydi. Bu asarda u Pahlavon Muhammadning hayoti va ijtimoiy faoliyati haqida, insoniy fazilatlari va xislatlari xususida ko‘tarinkilik bilan so‘z yuritadi, o‘zining uzoq yillar davomida bu fozil bilan olib borgan do‘stona munosabatlari, uchrashuv-suhbatlarini qog‘ozga tushiradi. Pahlavon Muhammadning noyob qobiliyatlari jumlasiga nihoyatda o‘tkir zehn va favqulodda xotira quvvati sohibi bo‘lganligini alohida ta’kidlaydi. Bu fikr dalili uchun yuqorida matni keltirilgan g‘azal tarixiga doir bir qiziq voqeani bayon qiladi.
“Aning (Pahlavon Muhammadning) zehn va zakosi latofatidin va hofizasi tezligi va zarofatidin bir necha kalima xotirg‘a kelur”, – deb yozadi shoir hamda Mashhadga kelgach, “mafosil marazi tori bo‘lub” (ya’ni, bo‘g‘inlar zirqirashi kasaliga mubtalo bo‘lib), yotib qolganida Mashhadda bo‘lgan Pahlavon Muhammad “har kun qadam ranja qilib… qoidai shafqat va yorlig‘ va tariqi muhabbat va g‘amxorliq bajo” keltirishini mamnuniyat bilan yodga oladi. Tibbiyot ilmidan, xususan, uqalash bilan davolash usulidan yaxshi xabardor bo‘lgan Pahlavon Muhammad tabiblar ko‘rsatmasiga ko‘ra kunda kelib yotiqliq shoirni davolay boshlaydi. Shunday kunlarning birida…
Navoiy bunday xotirlaydi: “Qazoro (tasodifan), bir kunkim, sahare faqir bu she’rni aytib erdikim, matlai budurkim:

Har qayon boqsam ko‘zumg‘a ul quyoshdin nur erur,
Har sori qilsam nazar ul oy manga manzur erur.

Va bu she’r yetti bayt erdi va musavvada qilib jaybimg‘a (cho‘ntagimga) solib erdim va hanuz kishiga o‘qumaydur erdim va ko‘rsatmaydur erdim”. Saharda g‘azal bitilgan kuni ham, keyingi kunlari ham Pahlavon Muhammad kelib Navoiy badanini uqalashni davom ettirgan. Navbatdagi kelganida, odatdagidek, u adabiyotdan suhbat boshlaydi, turkiy she’riyatning buyuk namoyandalari haqida mulohazalarini aytadi. Shu asnoda u Sa yid Nasimiy she’rlarini maqtab, namuna sifatida “yuqori bitgan baytni o‘qudikim, faqir bu sahar aytib erdim, – deb yozadi Navoiy. – Chun matla’ni o‘qudi, o‘zga ab’yotin ham mutaoqib (to‘xtatmay) bayon qildi va taxallusikim, bu nav’ voqe’ bo‘lubturkim:

Gar Navoiy siymbarlar
vaslin istab ko‘rsa ranj,
Yo‘q ajab! Nevchunkim,
xom etgan tama’ ranjur erur.

“Navoiy”ni “Nasimiy”ga tag‘yir berib o‘qudi va filvoqe’ bu baytda “Navoiy” lafzidin “Nasimiy” lafzi munosibroqdur va faqir mutaajjib bo‘ldum. Ohistaroq ilgimni jaybimg‘a elttim va mulohaza qildim: o‘zum bitib jaybimg‘a solg‘on musavvada mavjud erdi – hayrat va taajjubim ortti”.
Chindan ham, har qancha hayratlanib, taajjublansa arziydigan voqea yuz berdi. Navoiy bir saharda yozib hali hechkimga ko‘rsatmagan g‘azalni o‘tgan asrlarda qalam tebratgan Nasimiyga nisbat berib Pahlavon Muhammad oqizmay-tomizmay paydarpay o‘qib bermoqda. Shubhaga borgan Navoiy bildirmay cho‘ntagiga qo‘lini solib ko‘radi: g‘azal bitilgan qoralama qog‘oz o‘z joyida turibdi.
“Va Pahlavon, – o‘qiymiz xotirada, – …ul she’rning abyotin mukarrar (qayta-qayta) o‘qur erdi. Va bu faqir betahammul bo‘lub (chidayolmay) so‘rdumkim, ul ish kayfiyatin ma’lum qilgaymen. Ul o‘zin yiroq tutti va o‘z so‘zida rusux (qat’iylik) ko‘prak zohir qildi. Faqir mubolag‘a qilg‘on soyi Pahlavon ham mubolag‘a ko‘rguzdi. Zarurat yuzidin so‘rdumkim:
–Bu she’rni qachon yod qilib tutub erding?
Dediki:
–O‘n ikki yil bo‘lg‘ayki, Bobur Mirzoning majlisida bu she’r o‘tar (o‘qilar) erdi, menga bag‘oyat xush keldi, bitib olib yod tuttum”.
Bu suhbat ertasiga ham Pahlavon Muhammad kelganida davom etadi. Navoiyning qiziqishi ortgani sari u: “Mendan bosh qalar ham bu g‘azalni yod biladilar”, deb olovni yoqaveradi: “Ul vaqtki, men bu she’rni yod tuttum, kushtigirlardin polvonlar ham nechasi bor erdilar, ular ham o‘rgandilar, – deb uch-to‘rt… kushtigirniki, aning bila kelib erdilar, tilab dediki: “O‘qung, andoqki, mening bila o‘rganib erdingiz!”. Alar dag‘i paydarpay ravon o‘qudilar. Faqirg‘a taajjub ustig‘a taajjub voqe’ bo‘ldi va Pahlavon so‘zi sidqida mubolag‘a qilur erdi. Agarchi mubolag‘a hojat emas erdi, nevchunkim, sidqi da’vosida necha tonuq (guvoh) ham o‘tkardi…”
Shu tariqa, Navoiyni ishontirib taajjub va hayratga sol gan Pahlavon Muhammad, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, hazillashgan ekan. Navoiy bu ajoyib voqea davomini shunday bayon qiladi: “Oqibat andoq ma’lum bo‘ldikim, egnimni ulaydurg‘onda (badanimni uqalayotganda) jaybimda qog‘oz ko‘rubtur, ohistalik bila ul qog‘ozni chiqorib ko‘rubtur va ma’lum qilibdurki, ushbu yaqinda aytilg‘on she’rdur. U qog‘ozni ochiq yonida qo‘yubdur va yod tutubdur va chirmab, jaybimg‘a solibdur… Oqshomki, tak’yasig‘a (yotoqxonasiga) boribdur, kushtigirlariga taklif bila o‘rgatibdur va buyuribdurki, ehtimomi tamom (intilish) bila takror qilibdurlarki, ravon o‘qur chog‘da ravon o‘qug‘aylar!”
Yuz berganidan o‘ttiz-o‘ttiz besh yil keyin butun tafsiloti bilan bayon qilingan bu quvnoq voqea aslida Pahlavon Muhammadning noyob qobiliyati, o‘tkir xotirasi hamda uning hazilga moyil tabiati madhida bo‘lsa-da, voqeaga turtki bo‘lgan g‘azal xususida ham ayrim xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Avvalo, Navoiyning o‘zi bir necha bor ta’kidlaganidek, g‘azal bir sahar vaqtida – tong ilhomi bilan yozilgan. Bu ulug‘ Navoiyning yuksak shoirlik iqtidorining, bir o‘tirishda har jihatdan mukammal she’rni yakunlay olish qobiliyatining ishonchli dalili bo‘la oladi. Ikkinchidan, Navoiy Mashhadga yetib kelganidan ko‘p o‘tmay xastalanib yotganida (“… anda (Mashhad nazarda tutiladi) yetgandin so‘ngra mafosil marazi tori bo‘lub…”) g‘azal bitilgan va u bilan bog‘liq kulgili voqea yuz bergan. Shunga ko‘ra, o‘ylash mumkinki, g‘azal 1458-59 yili yozilgan. Bu hisob qabul qilinsa, uni shoir 17-18 yoshlarida yaratgan bo‘lib chiqadi.
Endi g‘azalning g‘oyaviy-badiiy mundarijasi xususida ham qisqacha to‘xtab o‘taylik. Boshlanma baytda faqat asli arabiy bo‘lgan “manzur” so‘zini izohlash kifoya – qolgan so‘zlarning barchasi tushunarli va sharhga muhtoj emas. “Manzur” – nazarga tushish, ko‘rinish ma’nosida. Demak, lirik “men” – oshiq tilidan bitilgan misralarda ma’shuqa jozibasi, husni quyosh va oyga tenglashtiriladi, oshiq fikri-zikrini uning siymosi maftun etganligi e’tirof qilinadi.
Ma’shuqa vasfini lirik “men” kechinmalari bilan uyqash ifodalovchi bu g‘azalning ikkinchi baytida irsol ul-masal badiiy san’atining, ya’ni maqol-matallardan foydalanib, mazmunni yorqin ochishning go‘zal namunasini ko‘ramiz:

Chun masal bo‘ldi soching zulm ichra, yoshurmoq ne sud?
“Mushk isin yoshursa bo‘lmas!”. Bu masal mashhur erur.

Sharq she’riyatida timqora va o‘tkir xushbo‘y mushk – ma’shuqa sochining ramzi. Uning sochi oshiqlarga zulm – maftun, asir etishi bilan shuhrat tutgan, bu haqiqatni yashirishdan ne foyda? Axir xalqda “Mushk hidini yoshirib bo‘lmaydi!” degan maqol mashhur-ku! Bayt mazmuni ana shunday. Tajnisi tom badiiy san’ati asosiga qurilgan so‘z o‘yini ham baytga alohida fayz bag‘ishlagan. Gap shundaki, birinchi misradagi “masal” so‘zi maqol ma’nosida kelgan ikkinchi misradagi “masal”dan farqli o‘laroq, “dovrug‘ taratdi, shov-shuv qo‘zg‘adi, mashhur bo‘ldi” ma’nolarini bildiradi. G‘azalning keyingi baytida esa xalq og‘zaki ijodiyotidagi “pari” va “devona” timsollariga ishora orqali oshiqning ma’shuqadan ayru holati va kechinmalari yorqin ochiladi:

Telbararmen to ani ko‘rmon, ajoyibdur bukim,
Ul pari devona ko‘zidin dog‘i mastur erur.

“Mastur” bu baytda yashiringan, bekingan ma’nolarini bildiradiki, xalq rivoyatlarida parilar xuddi shunday tasvirlanadi.

Chun mudom erning mayi qoshindadur kofir ko‘zung,
Nedin erkinkim, dame – usruk, dame maxmur erur?

Birinchi misrada Navoiy qadimiy sof turkiy “ern” so‘zini ishlatadi. U “lab”, demakdir. Ma’shuqaga qaratilgan baytning mazmuni: rahm-shafqatsiz ko‘zing (“kofir” shu ma’noda ishlatilgan) doimo labing mayi qoshida. Xuddi shuning uchun ham u ko‘zlar dam mastu alast, dam xumordir. Misralarda shoir qo‘llagan tanosub badiiy san’atini ham qayd etaylik. May mastlikni, ko‘z esa xumorlikni taqozo qilmoqda.

Dilrabolar dog‘i jonim safhasida go‘iyo,
Dard eli ishqim uchun muhr aylagan manshur erur –

baytidagi “muhr” va “manshur” so‘zlari o‘sha XV asr voqeligiga ishora etadi. Gap shundaki, “manshur” so‘zi “keng tarqalgan, shuhrat tutgan, yoyilgan” ma’nolaridan tashqari “davlat yorlig‘i, muhim rasmiy hujjat” mazmunida ham qo‘llaniladi. Baytda xuddi shu ikkinchi ma’noda ishlatilgan. Shu tariqa, bu misralarda oshiq: dilrabolar jonim sahifasida qoldirgan dog‘ dard ahlining mening ishqimni tasdiqlab yozgan manshuriga qo‘yilgan muhrdir, demoqchi. “Dog‘” so‘zining ikki: ham shaklan muhrga o‘xshash kuyuk joy, qora belgi va ham qayg‘u-kulfat ma’nosida qo‘llanilganini aytish o‘rinlidir.
Navbatdagi bayt mazmunan mustaqil: unda ma’shuqa ta’rifu madhini ham, oshiq iztiroblarini ham ko‘rmaymiz. Misralar zamirida o‘quvchiga odob-axloq yuzasidan, jamiyatda o‘zini tutish borasida saboq beriladi, uni hushyor torttiradi:

Par urub boshingg‘a tutma avjkim, har necha mo‘r
Kim, qanotlong‘oy – qachon uchmoq anga maqdur erur?!

G‘azalxonga qaratilgan bu misralarda ta’kid ohangi ustun. Avvalo, “par urub” birikmasiga singdirilgan mazmunni aniqlab olaylik. Unda “havolanmoq, g‘ururga berilmoq, o‘ziga, kuch va imkoniyatlariga bino qo‘ymoq” mazmuni ifodalangan. “Maqdur” esa arabiy so‘z bo‘lib “taqdirda bitilgan, oldindan belgilangan” ma’nolarini bildiradi.
Demak, baytda: sen g‘ururga berilib havolanishga intilma, axir chumoliga (“mo‘r”) qanot bitganida ham qachon yuksak parvoz qilish imkoni bo‘lgan? – deyilmoqchi. Ayni zamonda, birinchi misradagi “par” so‘zi “qanot”ni ifodalashini ham e’tibordan qochirmaslik kerak.
Nihoyat, yakunlovchi bayt:

Gar Navoiy siymbarlar vaslin istab ko‘rsa ranj,
Yo‘q ajab! Nevchunkim, xom etgan tama’ ranjur erur.

Bu bayt mohiyatida o‘quvchiga qaratilgan pand-o‘git bor: xomtama’lik g‘am-g‘ussa keltirishi aniq. Shu bois, deyiladi birinchi misrada, go‘zallar vaslini istab azob-uqubat tortish tabiiy.
Ishq-muhabbat mavzuini yuksak mahorat bilan badiiy talqin etuvchi bu g‘azal ulug‘ shoirning yigitlik yillari ijodining yetuk namunasi sifatida ham, yaratilish tarixi nisbatan aniqligi jihatidan ham e’tiborga loyiqdir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 7-sonidan olindi.