Abdulla Ulug‘ov. Inson ibratga intiladi

Inson hayoti, uning orzu-umidlari, maqsadi yo‘lida intilishlari, bu yo‘lda duch kelgan to‘siqlar, tortgan mashaqqat, uqubatlari, ruhiy iztirob-alamlari, quvonch, shodliklari, taqdir-qismati to‘g‘risidagi o‘y-kechinmalari, kishilararo munosabatlar murakkabligi kabilar azal-azaldan adabiyot asarlarining asosiy mavzusi bo‘lib keladi. Bu masalalar adabiyot asarlari uchun abadiy muammo sanaladi. Bu muammolarni yechish, hal qilish hech kimning qo‘lidan kelmaydi. Chunki inson va uning hayoti bilan bog‘liq muammolar benihoya chigal. Ularni osongina tushunib, jo‘ngina qilib tushuntirib bo‘lmaydi. Inson hayoti muammolarini anglaganing sari u chigallashib boradi. Bu murakkablikning chek-chegarasi yo‘q. Uning poyoniga yetish hech kimga nasib qilmagan. Oddiy odamlarni azoblagan hayotning mashaqqatli muammolari payg‘ambarlar, avliyo zotlarni ham iztirobga solgan. Barcha odamlar azal-azaldan dunyoda yashash, tiriklik tashvishlarini tortish zahmatiga duch kelgan. Odamlarning ong, saviyasi o‘sgani, yashash tarzi yaxshilangani sari ularning turmush tashvishlari ortgan. Bu tashvishlar avvalo har bir kishining talab, ehtiyoji, istak-xohishi kuchayib borishidan kelib chiqqan. Ular o‘z-o‘zidan odamlararo munosabatlarning tobora murakkablashib borishiga asos yaratgan. Kishilararo munosabatlar murakkabligi har bir odamning kayfiyati, fe’l-atvori, dunyoqarashiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Chunki odamlar, istasa-istamasa, bir-biri bilan bog‘lanib aloqa, munosabatda bo‘lib yashaydi. Busiz yashash, tirikchilik o‘tkazishning iloji yo‘q. Jamoa bo‘lib yashash barcha mavjudotlarga, jumladan, odamlarga ham xos xususiyat, zaruriyat sanaladi. Ammo odam yakka bitta o‘zi bir amallab tirikchiligini o‘tkazib, boshqalardan uzoqda, alohida yashaganda ham hayot tashvishlaridan, muammolaridan xalos bo‘lolmaydi. Hech narsani o‘ylamasdan, beg‘am, betashvish, xursand bo‘lib yurolmaydi. Aksincha, u alohida — bitta o‘zi yakka yashaganida haddan tashqari ko‘p qiynaladi, azob chekadi. U — avvalo — o‘zining eng zarur birlamchi tabiiy ehtiyojlarini qanoatlantirolmaydi. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, issiq-sovuq muammosi har qanday irodali kishining, agar u yakka o‘zi bitta orolda yashaydigan bo‘lsa, ahvolini tang qilib qo‘yadi. Aniqrog‘i, toliqtirib abgor, xarob qiladi. Yozuvchi Daniel Defoning qahramoni Robinzon Kruzo tushgan kema dengizda falokatga uchraydi. Tasodif tufayli, kemaning singan bir taxtasini ushlab qolgan Robinzon dengizdagi kichik bir orol qirg‘og‘iga chiqib qoladi. Yozuvchi Robinzonning tirik qolish, yashash uchun tortgan uqubatlarini ko‘rsatadi. Yolg‘izlik insonni ochlik, kasallik, issiq-sovuqdan ko‘ra ko‘proq azoblashini Robinzonning oroldagi har bir kechirgan kunni tasvirlash asosida gavdalantiradi. Daniel Defoning ushbu asari g‘aroyib taqdirga ega qahramoni bilan millionlab kitobxonlar e’tiborini qozongan. Yozuvchining asari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr qilingan. Robinzon — kitobxonlar uchun qiziqarli qahramon. Ammo hech bir o‘quvchi Robinzon kabi yashashga intilmaydi. Chunki amalda xuddi Robinzonday bo‘lib yashashning imkoni yo‘q. Robinzon ilojsizligidan yakka-yolg‘iz, bir o‘zi bir orolda kun kechirishga majbur. Lekin u doim odamlarga intilib yashaydi. Kecha-kunduz shu haqda o‘ylaydi. O‘z yurtiga — odamlar oldiga borish uchun ne mashaqqatlar bilan daraxt kesib, qayiq yasaydi… Daniel Defo yaratgan Robinzon obrazi — inson hech qachon yakka-yolg‘iz, jamiyatdan butkul ajralgan holda yasholmasligining adabiy-badiiy dalolati, o‘ziga xos ramzi bo‘lib ko‘rinadi.

Adabiyot asarlari inson olami to‘g‘risidagi ana shunday haqiqatlarni ta’sirchan ifodalab berish bilan e’tibor qozonadi. Homerning “Iliada” va “Odessiya”si, Firdavsiy “Shohnoma”si inson taqdiri chigalliklari, odam hech qachon yakka-yolg‘iz yasholmasligi, har bir kishining hayoti, u istasa-istamasa, boshqalar bilan chambarchas bog‘liqligi, inson hayoti benihoya murakkabligi, u kutilmagan hodisalarga to‘laligi, bu voqealar kishining istak-ixtiyoriga bog‘liq emasligi, turli-tuman to‘qnashuvlar girdobiga tushib, mashaqqat-uqubat tortish, o‘ylab-iztirob chekish asnosida har bir odam har jihatdan o‘sib ulg‘ayishi, hayotning turfa haqiqatlarini anglashini ko‘rsatish bilan necha asrlardan buyon e’tibor qozonib keladi. Bu asarlardagi Herakl, Rustam, Suhrob singari obrazlar mardligi, jasurligi, halolligi bilan dunyo xalqlarining sevim­li qahramoniga aylangan. “Alpomish”, “Manas”, “Ramayana”, “Mahobhorat”, “Igor jangnomasi” bosh qahramonlari ham o‘zining ulug‘vor inso­niy fazilatlari bilan turli millat kishilarida mehr uyg‘otadi. Ushbu asarlarning asrlar davomida adabiyotning mumtoz namunasi sifatida ardoqlanib kelishi, har bir davr odamlari irqi, millati, dini, tilidan qat’i nazar, Herakl, Rustam, Suhrob, Alpomish, Manas, Ram kabilarga xayrixohlik bilan qarashi adabiyot avvalo qahramonlari bilan jozibador, maftunkor ekanligidan dalolat beradi.

Adabiy qahramonlarning mavqei — ta’sirchanligi ularda inson ruhiy dunyosi qay darajada haqqoniy, teran gavdalantirilgani bilan belgilanadi. Bu jihatdan, ayniqsa, rus adibi Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiy asarlari alohida e’tiborni jalb etadi. Yozuvchining asalaridagi qahramonlar xuddi kitobxon qarshisida turgan odamlar kabi ko‘rinadi. “Telba” romani qahramoni knyaz Mishkin, “Xo‘rlanganlar va haqoratganlar”dagi Natasha, Nelli singari qahramonlarning qayg‘u alamlari har qanday kishini iztirobga soladi, mahzun qilib, o‘yga toldiradi. O‘zining hayoti, qilmish-qidirmishlari, birovlarni xafa qilib ranjitgani, diliga ozor yetkazgani, kimlargadir ongli ravishda yomonlik qilgani, birovning ishiga to‘sqinlik qilgani, hasadgo‘yligi, manmanligi, xudbinligi to‘g‘risida muhokama-mushohada yuritishga undaydi. Odamning ichida g‘ayritabiiy holda Taftishchi paydo bo‘ladi. Ko‘zga ko‘rinmas bu Taftishchining savol-so‘roqlari kishini azobga soladi. Ularga jo‘yali javob qaytarishning mushkulligi azoblaydi. Odam ichki iztiroblari yetkazayotgan alam-sitamdan qayerga qochib qutulishini bilmay qoladi. Ulug‘ rus yozuvchisi qahramonlari f’el-atvorini, ichki dunyosini teran tadqiq etish asnosida inson qalbi benihoya murakkab xilqat ekanini namoyon etadi. Adib qahramonlari hayot haqida falsafiy mushohada yuritadi.

Odam qalbi bilan g‘ayrishuuriy tarzda kelgusi hayoti, taqdir-qismati, ishi bevosita bog‘liq bo‘ladigan kishilarni sezadi. Ular bilan duch kelinganda ko‘ngilga allaqanday ismsiz bir hissiyot paydo bo‘ladi. Bir lahza kechadigan bu g‘alati sezimni kishi albatta payqaydi. Ammo lahzaning mingdan bir bo‘lagi namoyon bo‘lib o‘tgan qalbdagi bu qo‘zg‘alishga kishi o‘sha paytda ko‘p-da e’tibor berib ulgurolmaydi. Ana shu o‘zgarish-qo‘zg‘alish muhim bir mujda, xabar bo‘lganini odam keyinchalik anglaydi. Chunki uning hayotida sodir bo‘lgan juda ko‘p jiddiy voqealar bevosita lahzaning mingdan bir bo‘lagida namoyon bo‘lgan o‘sha ichki hissiyotga kelib tutashadi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida kishi qalbidagi ana shu jarayon bilan bog‘liq hodisalar qalamga olingan. Shu boisdagi Otabek, Kumush obrazlari maftunkor qahramonlarga aylangan. Bu qahramonlar ming-minglab o‘quvchilar qalbida hayrat va havas uyg‘otgan. Abdulla Qodiriy ushbu romanida qahramonlar ichki bir tuyg‘u orqali kelgusi taqdir-qismatlari bir-biriga bog‘langanini sezganini ko‘rsatgan: “Ziyofat samimiyat bilan chaqirilganlidan dasturxon qadrli mehmonga maxsus turlangan edi. Ziyo shohichi bilan o‘g‘li Rahmatning har zamon mehmonlarni dasturxonga qistashlari boshqalarning ishtahalarini ochishga sabab bo‘lsa ham, ammo bizning Otabekka sira ham ta’sir qilmas, xayollanib o‘tirar edi. U nima to‘g‘risida xayol surib, qaysi to‘g‘rida o‘ylar edi? Buni bilish qiyin bo‘lsa ham, biroq uning hozirgi ba’zi harakatlari diqqatni jalb etarlik edilar: xayol surar ekan, uning ko‘zlari ixtiyorsiz kabi qarshisidagi qutidorga qaraydi, qutidorning ko‘zi o‘ziga tushdi deguncha, ko‘zini undan olib, dasturxondagi ko‘ngli tilamagan narsalarga urina boshladi… Otabekning bu holini majlisdagilar sezmasalar-da, ammo Homid uni ta’qib etgandek edi.”1 Otabek, Mirzakarim qutidor, Homid — “O‘tkan kunlar” romanining asosiy qahramonlari. Asar syujeti tizimidagi voqealarda ular bir-biri bilan bog‘langan holda faol ishtirok etishadi. Otabek, Mirzakarim qutidor, Homid bir-birlariga ilk bor duch kelishganidayoq ko‘ngillarida allaqanday o‘zgarish paydo bo‘ldi. Ular bu o‘zgarishga jiddiy e’tibor berishmasa-da, ammo sezishadi.

Kishilarga mehribon, qo‘lidan kelgancha odamlarga yaxshilik qilishga intiladigan, tabiatdan zavqlanadigan, dov-daraxtlarni, gullarni yaxshi ko‘radigan, jonivorlarni asrab-avaylaydigan, qurt-qumursqaga-da ozor bermaydigan, ko‘ngli ochiq odamlarga nisbatan badfe’l, xudbin, baxil kishilar sezgir, kuzatuvchan bo‘lishadi. Chunki ular hamma narsaga gumon, shubha, xavotir bilan qarashadi. O‘zlarining manfaatiga zid keladigan allaqanday hodisa ro‘y berishidan doim xavotir olib turishadi. Ichidagi jonsaraklik bois ular boshqa odamlarga nisbatan faolroq bo‘lishadi. Ko‘nglidagi tahlika ularni doim sergak qilib turadi. Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romanida Homid ana shunday tabiatli kishilar qiyofasini ko‘rsatadi. Yozuvchi unday kimsalarga nafratini yashirmaydi. O‘quvchilarda ham ularga nisbatan nafrat uyg‘onishga harakat qiladi. Homid tashqi ko‘rinishi jihatidan ham jirkanch kimsa ekanini uning portretini: “Uzun bo‘yli, qora cho‘tir yuzli, chog‘ir ko‘zli, chuvoq soqol, o‘ttiz besh yoshlardagi bo‘lgan ko‘rimsiz bir kishi” deb tasvirlash orqali bildirib qo‘yadi. Homid xudbin, yuragi qora, kir kimsa bo‘lgani uchun Otabek o‘ziga raqib, dushman bo‘lishini ichki bir tuyg‘u bilan sezadi. Otabek ham garchi tanimasa-da, Mirzakarim qutidorning qizi to‘g‘risida so‘z ketganida qalbida g‘ayriixtiyoriy tarzda bir o‘zgarish sezadi. Romanda Otabek va Homid o‘rtasida sodir bo‘lgan ilk qarama-qarshilik quyidagicha ifodalanadi:

“Uchchovlari ham bir narsaning xayolini surgandek ko‘rinar edilar. Bir necha vaqt shu holda qolishib, Rahmat tog‘asidan so‘radi:

— Mirzakarim aka qizini erga berdimi, eshitdingizmi?

Bu savoldan nima uchundir, Homidning chehrasi buzildi va tilar-tilamas javob berdi:

— Bundan xabarim bo‘lmadi. Gumonimcha, bermagandir.

Rahmat so‘zdan chetda qoldirmaslik uchun Otabekni ham oraga oldi:

— Bizning Marg‘ilonda bir qiz bor, — dedi, — shunday ko‘hlikki, bu o‘rtada uning o‘xshashi bo‘lmas, deb o‘ylayman!

Homid, bir turli vaziyatda, yer ostidan jiyaniga qaradi. Tog‘asining holidan xabarsiz Rahmat so‘zida davom etdi:

— Shahrimizda Mirzakarimboy otliq bir savdogar kishi bor, bu shuning qizidir. Balki siz Mirzakarim akani tanirsiz. U bir necha vaqt Toshkentda qutidorlik qilib turgan ekan?

— Yo‘q… Tanimayman,

Homidning yuzidagi boyagi holat yana ham kuchlanib, go‘yo toqatsizlangandek ko‘rinar edi. Rahmat davom etdi:

— Uning hovlisi poyabzal rastasining burchagidagi imoratlar. O‘zi davlatmand bir kishi, Toshkent atroflarining ko‘plari bilan aloqador bo‘lganlikdan, balki otangiz bilan tanish chiqar!

— Ehtimol, — dedi Otabek va nima uchundir g‘ayriixtiyoriy bir tebrandi. Uning yuzida bir o‘zgarish va vujudida bir chayqalish bor edi. Undagi bu o‘zgarishdan Rahmat xabarsiz bo‘lsa ham, ammo Homid uni yer ostidan ta’qib etar edi. Bu ta’qib Otabekdagi haligi o‘zgarishni payqabmi yoki tasodifiymi edi, bu to‘g‘rida bir mulohaza aytish, albatta mumkin emas”.

Inson qalbida dabdurustdan, kutilmaganda sodir bo‘ladigan g‘ayritabiiy sezimlarni ifodalagan asarlar, aniqrog‘i, ulardagi qahramonlar o‘quvchilar qalbidan joy oladi, ularga ma’naviy-ruhiy quvvat beradi. Kino san’atida ham qahramonlar ruhiy olamdagi o‘zgarishlarni, ular qalbida kechgan keskin jarayonlarni aks ettirishga alohida ahamiyat beriladi. Buning uchun turli texnika vositalaridan foydalaniladi. Rejissyorlarning izlanishlari, topilmalari, aktyorlar mahorati, operatorlar, chiroq ustalari, boshqa texnik xodimlar mehnati ayni shu nuqtai nazardan baholanadi.

Inson ruhiyati, qalb kechinmalari haqqoniy aks ettirilgan asarlar barcha millat kishilari diqqatini beixtiyor jalb etadi. G‘arblik bilan sharqlikning, yapon bilan inglizning, rus bilan frantsuzning, xitoy bilan nemisning milliy turmush tarzida, oila tartiblarida, urf-odatlarida, to‘y-marosimlarida, ijtimoiy-iqtisodiy hayot darajasida jiddiy farq-tafovut mavjud. Ammo ularning qalb kechinmasi, his-tuyg‘ularida, muhabbat quvonchi, iztiroblarini, mehr-oqibatini his qilishida, yovuzlikka munosabatda juda yaqin o‘xshashlik, uyg‘unlik bor. Bu jihatdan Yer yuzidagi barcha millat kishilari birlashib ketadi. Irqiy, diniy tafovutlar, tillarning turlichaligi, davlatlar o‘rtasidagi sim to‘siq-chegaralar kishilarning qalb kechinmalari o‘rtasidagi Xitoy devori o‘rnatolmaydi. Shuning uchun yaponlarning “Oshin” filmini o‘zbeklar ham ko‘ziga yosh olib ko‘radi. Samarqandda o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro festivalida yangragan o‘zbek, hind, eron, turk kuy-qo‘shiqlarini amerikaliklar, olmonlar, faranglar, vetnamliklar, laosliklar — hamma-hamma yuragi sel bo‘lib eshitadi.

San’at va adabiyot asarlarida umuminsoniy mushtarak jihatlar aks etadi va ular turli millat kishilariga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Rus adibining asaridan yapon kitobxoni, braziliyalik yozuvchisining romanidan o‘zbek o‘quvchisi, fors shoirining she’ridan olmon kishisining ta’sirlanishi insoniyatning ildizi birligidan dalolat beradi. Kishilar irqi, diniy e’tiqodi, tilidan qat’i nazar, bemalol bir-birini tushuna olishi, hamkor bo‘la olishini bildiradi.

Albatta, adabiyot asarlari muayyan bir tilda yaratiladi. Ularda ma’lum bir urf-udumlar, tartiblarga asoslangan milliy turmush hodisalari ko‘rsatiladi. Ammo turli tilda yozilgan asarlarning asosiy qahramoni Odam sanaladi. Yer sharining turli burchagida istiqomat qiladigan odamlar bo‘y-basti, yuz-ko‘rinishi, so‘zlashishi, kiyim-libosi va hokazo jihatdan farq qiladi. Lekin sharqliklar qalbida ham, g‘arbliklar ko‘nglida ham juda-juda o‘xshash, mushtarak hissiyotlar, tuyg‘ular turadi. Osiyolik ham, amerikalik ham sevgi-muhabbat, sog‘inch, armon, orzu-umid, nafrat-adovat kabi turfa xil hissiyotlar bilan yashaydi. G‘arb kishisining hissiyotlarini Sharq kishisi dil-dilidan his qiladi. Olmon adibi yaratgan “Yosh Verterning iztiroblari” asarini o‘zbek o‘quvchisi o‘qib, beixtiyor ko‘ziga yosh oladi. Rus shoiri Aleksandr Pushkinning “Evgeniy Onegin” romanida berilgan Tat’yananing maktubi qozoq oqini Abay qalbini qanchalik mutaassir qilgani Muxtor Avezov o‘z romanida xuddi kino- filmda namoyon bo‘layotganday ko‘rsatgan. Yoki qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov yaratgan “Jamila” asari frantsuz yozuvchisi Lui Aragon “jahondagi eng go‘zal sevgi qissasi” deb ta’riflagan. Ingliz dramaturgi Vilyam Shekspir asarlari, frantsuz romannavisi Onore de Balzak asarlari turil millat tomoshabinlari, o‘quvchilarini hayajonga soladi. Chunki ularda inson dunyosi, uning qalbidagi murosasiz kurashlar jarayoni namoyon qilinadi. Inson qalbidagi murosasiz kurashlar jarayonini ko‘rsatish jihatidan, ayniqsa, rus adibi Fyodor Dostoyevskiy asarlari alohida ajralib turadi. “Dostoyevskiy qahramonlari ichki kechinmalarida ikki odamning murosasiz munozarasini ko‘rsatadi. Bu munozara benihoya keskin kechganini ta’sirchan ifodalab beradi”, deydi faylasuf-adabiyotshunos M.Baxtin. U Fyodor Dostoyevskiyni haqiqiy polifoniyaning asoschisi sifatida e’tirof etadi. Polifoniya “ko‘p ovozlilik” degan ma’noni anglatadi. “Polifoniya” termini ko‘proq musiqiy asarlarga nisbatan qo‘llaniladi. Orkestrdagi turli musiqa asboblari yordamida ko‘p ovozli ohang yaratiladi. Turli musiqa asboblari ohangini o‘zaro uyg‘unlashtirish asosida kuylar, qo‘shiqlar hosil qilinadi. Odam qalbida ham turli-tuman o‘y-fikrlar kechadi, har bir odam o‘zi bilan o‘zi munozara, bahs qilib yashaydi. Ana shu ichki bahs-munozara keskinlashgan paytda odam nima qilishini bilmasdan, kayfiyati buzilib, asablari “o‘ynab” ketadi. Jahli chiqqani, vujudida ichki g‘alayon kechayotgani uning yuz-ko‘zidan ayon bo‘lib turadi. Ulug‘ rus adibi asarlarida inson qalbidagi “orkestr” ijro etadigan ana shu ohangli shiddatli ko‘p jarayonni tiniq ifodalab beradi. Turli taqdir, qismatli qahramonlari qalbidagi “orkestr”ning turfa-tuman sadolari polifoniyasi turli millat kitobxonlari qalbini junbushga keltiradi. Har bir qahramonda ikkita odamning o‘zaro munozarasini ko‘rsatish Fyodor Dostoyevkiy asarlarining asosiy xususiyati seziladi. Shu boisdan bu adib asarlaridagi aka-uka Karamazovlar, knyaz Mishkin, Raskolnikov, Sonya, Porfiriy, Svidrigaylov kabi qahramonlar xuddi tirik odamlarday tuyuladi.

Fotograf tomonidan ishlangan oq-qora rangli suratlarda insonning yuz-ko‘zi, qaddi-qomati, kiyim-libosi aks etadi. Bular uning tashqi olami hisoblanadi. Adabiyot asarlarida insonning ham tashqi, ham ichki olami gavdalantiriladi. Fotograf ishlagan olam ham qiziqarli. Ammo unga uzoq vaqt qarab bo‘lmaydi. Ko‘z toliqadi. Miya undagi “ifoda”ni bir zumda “hazm qilib” qo‘yadi. Ko‘z har qancha zo‘riqib tikilgani bilan suratdan miya ehtiyojini qondiradigan “ozuqa” ololmay qoladi. “Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar”, “Telba”, “Jinoyat va jazo” (F.Dostoyevskiy) yoki “Alximik” (Paulo Koelo) kabi asarlarda esa qahramonlar ichki olamidagi munozaralar maydoni ko‘rsatilgani bois, miya toliqib qolgunicha mushohada yuritish uchun “ozuqa” oladi. Kitobxonlar yozuvchi yaratgan qahramondan, uning ichki va tashqi olamidan ta’sirlanadi. Ularning qalbida, ongida adabiy asarlar qahramonlari ta’sirida turli o‘y-mulohazalar paydo bo‘ladi.

Har bir millatning turmush tarzi, ardoqlangan qadriyatlari albatta adabiyotida aks etadi. Chunki adabiyot asarlarida kishilar hayotining barcha jihatlari o‘z ifodasini topadi. Boshqa hech bir soha adabiyot asarlarichalik kishilar turmushini keng ko‘rsatib berolmaydi. San’atning adabiyotdan bo‘lak turlari hayotning muayyan bir jihatlari, ko‘rinishlarinigina gavdalantiradi. Bu hammaga ayon haqiqat.

Adabiyot asarlarining hayotni keng ko‘lamda ko‘rsatishi avvalo turmushni turli qarama-qarshiliklarda aks ettirishida namoyon bo‘ladi. Hayotda turli-tuman narsa-hodisalar muttasil harakat qiladi. Shu bois ular o‘rtasida qarama-qarshilik, o‘zaro to‘qnashuv yuzaga keladi. Bu to‘qnashuv turli tarzda, murosasiz kechadi. Shiddatli kurashlar natijasida g‘oliblar va mag‘lublar paydo bo‘ladi. Turli mayda mikroblar, bakteriyalardan tortib yirik jonzotlargacha yashash uchun kurashadi. Ular o‘z tevarak-atrofidagi muhit bilan, bir-biri bilan to‘qnashadi. Shiddatli harakat butun mavjudotni har jihatdan ulg‘aytiradi. Hayotning mana shu haqiqati og‘zaki va yozma adabiyot asarlarida ifodalanadi. Ertak, afsona, qo‘shiqlarda ham, doston, she’r, roman, qissa, hikoyalarda ham hayot qarama-qarshiliklari to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Qarama-qarshiliklar kurashi azal-azaldan adabiyot asarlarining asosiy, bosh mavzusi bo‘lib keladi. Tabiiyki, tabiatdagi har bir hodisa, undagi har bir o‘zgarish bevosita kishilarga daxl qiladi. Chunki odamlar ularni ko‘radi, kuzatadi, his qiladi. Eng muhimi — ulardan o‘z manfaatini ko‘zlaydi. Ana shu maqsad, niyat kishilarni har xil ko‘yga soladi, turli harakatlarga undaydi. Inson hayotda naf olish istagi bilan yashaydi. Ammo manfaat ilinjida yashaydigan inson, baribir, yaxshilikka, ezgulikka intiladi. U tabiatning nafosatidan, o‘zining, bir-birining nafis amallaridan, go‘zal xulqidan zavq oladi. Bu xususiyat har bir odam tabiatiga, vujudiga ilohiy tarzda singdirilgan.

Odamlar o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holda, tevarak-atrofdagi hodisalardan ta’sirlanadi. Ammo ularni hamma ham bir tarzda qabul qilmaydi. Kimdir ko‘proq, kimdir kamroq ta’sirlanadi. Tevarakdagi hodisalardan xulosa chiqarishda ham hammaning xayoliga har xil o‘y-fikr keladi. Bu har kimning yoshi, turmush tajribasi, bilimi darajasi, eng muhimi, unga xudo bergan ichki qobiliyat, imkoniyatdan kelib chiqadi. Xudo har kimni o‘ziga xos qiyofa-ko‘rinishu taqdir-qismat, rizqu nasiba bilan yaratgan. Shu boisdan kishilarning hayotni tushunish, mavjud bilim, tajribalarni o‘zlashtirish, kelgusini anglash darajasi har xil bo‘ladi. Bu borada salohiyati baland kishilar darhol boshqalar e’tiborini o‘ziga qaratadi. Ming-minglab kishilar bir kishini — aql-tafakkuri jihatidan boshqalardan baland turgan shaxsning so‘zini tinglaydi, unga itoat qiladi, ergashadi, taassub qiladi. Albatta, bu jarayon jo‘n, juda osonlik bilan kechmaydi. Har bir shaxs o‘zini tanitguncha, ibratga aylanguncha murakkab to‘siqlarga duch keladi, og‘ir azob, mashaqqatlar tortadi. Chunki har bir odam o‘zini aqlli, kuchli deb biladi, har bir odamning ko‘nglida kibr-manmanlik yashaydi. Manmanlik xuruji boshqalarni tan olishga monelik qiladi. Ichki bir vasvasa har bir odamga: “Boshqalardan aslo kam emassan, aksincha, hammadan sen zo‘rsan”, deya qutqu solib turadi. Shuning uchun odamlar payg‘ambar, nabiylarni ham, shayx, avliyo zotlarni ham, podshoh, sultonlarni ham, olim-ulamo, shoir-yozuvchilarni ham osongina tan olib, e’tirof etmaydi. Kishilar ko‘nglidagi kibr tufayli payg‘ambarlar, nabiylar, rasullar behad mashaqqat, uqubatlar tortgan. Suv yuziga qadam qo‘yib, daryodan o‘tgan, odamlarni falokatlardan ogoh qilgan avliyo zotlar tahqirlanganlar. Fir’avnlar, shohlar, podshohlar, sultonlar, xonlar, amirlar, beklar odamlarga o‘zlarini tan oldirish, itoat qildirish uchun qon to‘kishgan, fitnalar uyushtirishgan. Ammo odamlar fe’l-atvoridagi kibr — manmanlik, shuhratparastlik qanchalik kuchli bo‘lmasin, ular kimgadir havas qiladi, hasad qiladi. O‘shanday bo‘lishga intiladi, har bir harakatida kimgadir taassub qiladi. Bu har bir odam, istasa-istamasa, kimdandir ibrat olishga intilishidan dalolat beradi. Alloh odamlar qalbiga ana shu tuyg‘u, hissiyot, istak, ehtiyojni jo etgani tufayli ular orasidan har jihatdan ibrat bo‘ladigan zotlarni ham yaratib turadi. Payg‘ambarlarni, nabiylarni boshqalarga ibrat qilib yuboradi. Ularni mo‘jizalar ko‘rsatadigan qilib qo‘yadi. Avliyolarni karomatgo‘y qiladi. Shayxlarga beqiyos ilm beradi. Ba’zi kishilarga jismoniy kuch-qudrat ato etadi. Odamlar esa o‘zlaridan ustun bo‘lgan bu zotlardan ibrat oladi. Ularga ergashadi. Inson tabiatidagi ana shu xususiyat bois, san’at va adabiyotda azal-azaldan ibratli qahramonlar siymosi yaratib kelinadi. Haykaltaroshlar, rassomlar xudo, farishtalar, payg‘ambarlar, nabiylar, avliyolarni o‘z tasavvurlari asosida go‘zal qiyofada yaratishadi. Insonning xochga tortilgan holati aks etgan shakl-rasmni odamlar ardoqlab bo‘yinlariga taqib yurishadi. Payg‘ambarlarning haykaltarosh, rassom yaratgan suratiga qarab, toat-ibodat qilishadi. Undan najot so‘rab, tilak tilashadi. Ayrim kishilar shayxlar, avliyolarning qabri, maqbarasiga borib, qurbonlik qiladi. Mushkuli hal bo‘lishi, duolari mustajob bo‘lishini so‘rashadi. Turli dinlarga e’tiqod qiluvchi kishilarning har xil amal-harakatlari ularning qudratliroq kuchga e’tiqod qilish, uni o‘zlariga ibrat deb bilishidan kelib chiqadi.

Dastlab san’at va adabiyotda ilohiy kuchlar — farishtalar ibrat timsoli sifatida ko‘rsatilgan. Ular payg‘ambarlar — xudo yuborgan xabarchi sifatida ibratga aylangan. Payg‘ambarlar hayoti haqida turli afsona, rivoyatlar to‘qilgan, qissalar, hikoyalar yaratilgan, nabiylar, rasullar har jihatdan namuna olishga munosib zot sifatida ta’rif-tavsif qilingan. Hazrati Odam alayhissalom, Nuh payg‘ambar, Ibrohim alayhissalom, Dovud, Sulaymon, Muso, Iso, alayhissalom hayoti haqidagi hikoyalar ibrat-namuna sifatida ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelgan. “Qissasi Rabg‘uziy”dagi payg‘ambarlar hayoti haqidagi hikoyalar favqulodda o‘tkir dramatizmga boy syujeti bilan bugungi axborot asri kishisini ham hayratga soladi. Payg‘ambarlar har bir zamonning eng ilg‘or kishilari uchun ibrat sifatida taassurot qoldiradi. Payg‘ambarlar nafaqat Rabg‘uziy singari o‘tmish davr ijodkorlari, balki Chingiz Aytmatov, Mixail Bulgakov, Paulo Koelo kabi zamonaviy adiblar asarlarida ham ibratli qahramon sifatida ko‘rsatiladi. Ular metin irodasi, sabr-bardoshi, haq yo‘lda sobitligi, xudo ato etgan aql-zakovati, Allohga e’tiqodi, odamlarga mehribonligi bilan har qanday kishini lol qoldiradi. Ko‘nglida chin bir havas uyg‘otadi.

Adabiyotda payg‘ambarlar, rasullardan keyin avliyo zotlar, shayxlar komil inson sifatida ko‘rsatilgan. Sharqda, musulmon olamida Muhammad payg‘ambarning chahoryorlari, sahobalari hayotidagi hodisalar ibratli hikoyalarga aylantirilgan. Bu hikoyalar qadri zamonlar o‘tishi bilan oshib boravergan. Haq yo‘lida mashaqqat tortgan, o‘z nafsi halovatini emas, odamlar manfaatini o‘ylagan bu zotlar komillik namunasi bo‘lib ko‘rinavergan. Ularga havas kishilarni ezgu amallarga chorlagan. Qabohat, razolat, yovuzlik bilan kurashgan ezgu niyatli bunday kishilar dunyoning taraqqiyotini ta’minlagan.

“Avesto” singari qadimiy obidalarda ham olamda ikki kuch — Ezgulik va Yovuzlik kurashi mavjudligi, bu murosasiz ziddiyatda oxir-oqibat Ezgulik g‘alabaga erishishi ta’kidlangan. Ezgulikning yovuz kuchlar bilan kurashda g‘olib kelishi barcha dinlarning ilohiy kitoblarida ham e’tirof etilgan. Yovuz kuchlar bilan kurash oson kechmasligi barcha xalqlarning eng ko‘hna adabiy yodgorliklarida ham ko‘rsatilgan. Hindlarning “Ramayana”, “Mahobhorat”, slavyanlarning “Igor jangnomasi”, olmonlarning “Nibelunglar haqida qo‘shiq”, turkiylarning “O‘g‘uznoma”sida yovuzlik va ezgulik o‘rtasidagi ayovsiz kurash va unda yovuzlikning mag‘lub bo‘lishi, ezgulikning zafar qozonishi hikoya qilingan. Ulardagi ezgulik tarafdori bo‘lgan kuchlarga asrlar mobaynida barcha kishilar havas bilan qarab kelgan. Ram, Igor, Alpomish, Manas hozirgi zamon kishilari ko‘nglida ham havas va xayrixohlik uyg‘otadi.

Kishilar ko‘nglida ezgulik hislarini uyg‘otadigan qahramonlar obrazini yaratish hamisha ijodkorlarning bosh muddaosi sanaladi. Firdavsiy “Shohnoma” dostonida Rustamni, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy o‘z “Xamsa”larida Layli va Majnunni, Xusrav, Farhod, Shirinni, Dilorom, Iskandarni kishilarni ezgulikka undovchi qahramon sifatida ko‘rsatadi. “Xamsa”ning ilk dostonlarida esa bevosita shoirlarning o‘zi bosh qahramon sifatida namoyon bo‘ladi. Bu dostonlarda turli hikoyalar bayon qilinsa-da, albatta xotimada shoir obrazi maydonga chiqadi. U ezgulik tarafdori sifatida o‘quvchilarini yaxshilikka da’vat qiladi. Jumladan, Navoiy haqiqiy odam o‘z qo‘l kuchi, aqli, bilimi, mablag‘i, maslahati, shirin so‘zi bilan el-yurtga foyda yetkazishini ta’kidlar ekan:

Naf’ing agar xalqqa beshak durur,
Balki bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur, —

deydi. Agar kishi o‘zgalarga yomonlik qilsa, bu bilan u, birinchi navbatda, o‘ziga yomonlik qilgani xususida:

Ulki zarar shevasini tavr etar,
Elga demakim, o‘ziga javr etar, —

deydi. “Farhod va Shirin” dostonida esa Farhod obrazini yaratib, uni shuhratparast, toj-taxtni egallash uchun bir-biri bilan qirpichoq bo‘lib yotgan xudbin shahzodalarga ibrat qilib ko‘rsatadi. Shu maqsadda Farhodning tug‘ilishidan to o‘limigacha bo‘lgan hayotini naql qiladi. Farhod ilm o‘rganish va mehnat qilish ishtiyoqi tufayli har jihatdan havas qilsa bo‘ladigan komil inson darajasiga erishganini mahorat bilan she’riy misralarda ifoda qiladi. “Xamsa” mualliflari halollik, mehnatsevarlik, o‘z nafsini yengish, o‘zgalar manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yish, kamtarlik kabi insonni ulug‘laydigan fazilatlarni komillikka erishishi asosi deb biladi. Navoiy o‘z dostonida Farhod obrazini romantik pafos bilan yaratgan bo‘lsa-da, uning faoliyatida, xalq-odobida oddiy odamlar ham, shahzoda, sultonlar ham erishishi mumkin bo‘lgan fazilat-xususiyatlarni ko‘rsatadi. El-yurt manfaati, mamlakat tinchligi, osoyishtaligini o‘ylagan shoir jamiyatda Farhod va unga o‘xshash kishilar ko‘p bo‘lishini, hamma ulardan ibrat olishini orzu qiladi. Haqiqiy inson xuddi Farhod kabi bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.

Navoiy ushbu dostonida komillikka aqli, irodasi, ilm va hunar o‘rganishi, halol mehnat qilish orqali erishishiga alohida e’tibor qaratadi. Shoir ilgari surgan bu g‘oyalar kelgusi zamonlarda ham o‘z qadr-qimmatini saqlab qoladi. Farhod mehnati, chin dildan qilgan xizmati tufayli boshqa yurt kishilari mehrini qozonadi. Dilidagi chin pokiza muhabbati tufayli o‘zga elning malikasi sevgisiga sazovor bo‘ladi. Navoiy xudbinlik xurujini yengish insonga sharaf keltirishini Farhod timsolida ko‘rsatadi.

Sharq va g‘arb adabiyotida yorqin qahramonlardan biri bo‘lib kelgan Iskandar obrazida ham ijodkorlar haqiqiy inson, adolatli hukmdor haqidagi orzu, qarashlarini ifoda etishgan. Firdavsiy “Shohnoma”da Iskandarni adolatli podshoh sifatida ko‘rsatadi. Iskandarni adolat posboni sifatida gavdalantirish “xamsa”navislar uchun ham an’anaga aylandi. Chunki turli saltanatlar o‘rtasida, katta-kichik hukmdorlar orasida muttasil qirg‘inbarot urushlar yuz berib turgan zamonlarda adolatli, odil, dono podshoh bo‘lishini orzu qilish tabiiy edi. Ilohiy kitoblarda ham, shoirlar yaratgan dostonlarda ham, Rabg‘uziyning “Qissasul anbiyo”siga o‘xshash asarlarda ham Iskandar dunyoni zabt etgan, o‘z saltanatini g‘oyat adolat bilan boshqargan, mazlumlarning dardiga malham bo‘lgani, insoniyatni balo-ofatlardan saqlab qolgani, dushmanlari, raqiblariga ham benihoya bag‘ri kenglik bilan munosabatda bo‘lgani, ammo butun dunyoni zabt etgan ana shunday zot ham oddiy odamlar singari kasallikka chalinib, olamdan o‘tgani aytiladi. Navoiy dostonida Iskandar kasal bo‘lib qolganida onasi, aniqrog‘i, uni boqib tarbiyalagan ayol Bonuga farzandlik vazifasini munosib ado etolmaganidan o‘kinib, xat yozgani va vafot etganida bir qo‘lini tobutdan chiqarib qo‘yishni iltimos qilgani bayon qilinadi. Iskandar o‘z o‘limi bilan ham odamlarga pand berib, ibrat bo‘lgani barcha dostonlar xotimasida keltiriladi.

Iskandar, Herakl, Alpomish, Ram, Manas, singari o‘nlab qahramonlar o‘zining jasorati, shijoati, adolat yo‘lidagi kurash, halolligi bilan havaslan-tirgan bo‘lsa, nega dunyoda urushlar, mojarolar ro‘y bergan? Nega toj-taxt talashlaridan millionlab begunoh kishilar qoni daryo bo‘lib oqqan? Mol-dunyo, hokimiyat uchun aka va ukalar, ota va bolalar o‘rtasida muntazam mojaro kechgan? Nima, odamlar Iskandar qissasini, Xisravu Farhod to‘g‘risidagi dostonlarga befarq bo‘lishganmi? Afsuski, o‘z-o‘zidan tug‘iladigan bunday og‘riqli savollarga “ikki karra ikki to‘rt bo‘ladi” degan aniq javob berib bo‘lmaydi. Chunki qonli mojarolar, vayronagarchilik keltiruvchi urushlar boshida turgan hukmdorlar, lashkarboshilar ham, hayot-mamot janglarida ishtirok etgan, bir-biriga qilich ko‘tarib, tig‘ sanchgan kishilar ham Rustam haqidagi doston-dan, bir qo‘lini tobutdan chiqarib qo‘yishni vasiyat qilgan Iskandar qismati hikoyatidan xabardor bo‘lishgan. Rustamday qudratli, jasur bo‘lishni orzu qilishgan. Iskandar pandidan benihoya mutaassir bo‘lishgan. Ammo… hukmdorlar, oddiy odamlar ibrat bo‘lib yashab o‘tgan payg‘ambarlarga, shayx, avliyolarga, shoirlar xayoli va ilhomi yaratgan Rustam, Farhod, Alpomish, Manasga havas qilishgan-u, amalda esa bunga erisha olmagan. Ular o‘z vujudlaridagi shayton qutqusini yengolmagan. Kibrga berilib, manmanlik, shuhratparastlik qilishgan. Tabiiyki, Firdavsiy, Nizomiy, Dehlaviy, Navoiy yaratgan Iskandar, Rustam, Farhod kabi qahramonlar kitob sahifalaridan chiqib, hech bir sultonga “Urush qilma. Tinchlikni, xalqning osoyishtaligini o‘yla. Bo‘lmasa, o‘zing ham, farzandlaring ham halok bo‘ladi” deb turmagan. Payg‘ambarlaru adabiy qahramonlar shunday qilishi amalda mumkin ham emas. Chunki har bir odam — o‘ziga xos bir olam, har bir kishi tevarak-atrofidagi hodisalardan o‘zicha ta’sirlanadi, ibrat oladi, o‘z istagicha harakat qiladi. Odam tabiatining mana shu murakkabligidan turfa-tuman chigalliklar, kutilmagan ziddiyatlar, mojarolar kelib chiqadi. Shuning uchun mamlakatlar o‘rtasida urushlar, ota bilan bola orasida kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Sevgi-muhabbat mojarolari, oila nizolari ham bir-biriga yon berishni istamaslikdan, tushunmovchilikdan paydo bo‘ladi.

Asrlar o‘tishi bilan odamlar payg‘ambarlarga, Iskandar, Rustam, Farhod singari favqulodda aqlli, qudratli ilohiy zotlarga har qancha havas qilgan bilan yetib bo‘lmasligini, ular orzu cho‘qqisi ekanini anglashgan. Ong, dunyoqarashda yuz bergan ana shu o‘zgarish ta’sirida adabiyotda shu zamin, shu zamon odamlari hayotini ko‘rsatish boshlangan. Yozuvchilar, shoirlar, odatda, hayot voqealarini qalamga olish orqali, halol, kamsuqum, mehnatkash, kishilarning ibratomuz obrazini yaratishga intilishgan.

Albatta, insoniyat tarixi bir tekis kechmagani singari milliy adabiyotlarda ibratli qahramonlar obrazini yaratish jarayoni ham uzluksiz zanjir hosil qilmagan. O‘zbek adabiyotida Navoiy Farhodni ibratomuz qahramon qilib ko‘rsatgan. Navoiydan keyin Bobur, Mashrab, Turdi, Uvaysiy, Nodira, Ogahiy, Muqimiy, Furqat singari ulkan iste’dodli ijodkorlar yetishib chiqqan. Biroq turli davrlarda yashagan bu ijodkorlardan birortasi yorqin ibratli qahramon yaratolmagan. Aksincha, ularning asarlarida davrdan nolish, hukmdorlardan shikoyat qilish asosiy o‘rin olgan. XX asr boshlarigacha o‘tkan salkam to‘rt asr davomida o‘zbek adabiyotida birorta havas qilishga arziydigan adabiy qahramon siymosi yaratilmagan. Boshqa turkiy xalqlar adabiyotlar tarixida va hayot o‘rtasidagi murakkab bog‘lanishning e’tibordan chetda qolib kelayotgan jihatlarini anglash imkonini beradi. Adabiyot tarixini kuzatish shundan dalolat beradiki, adabiyotda ibratomuz qahramonlar jamiyat hayotida keskin burilishlar ro‘y berganda yuzaga keladi. Ma’naviy-axloqiy barkamol, muayyan g‘oyaga sidqidildan berilgan, bu yo‘lda har qanday qiyinchilik, mashaqqatlarni yengib o‘tish uchun o‘zida kuch, iroda topa oladigan, el-yurt manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yadigan adabiy qahramonlar siymosini ko‘rsatish orqali ma’lum bir mafkura targ‘ib-tashviq qilinadi. Bu davrda kishilar ongiga muayyan g‘oyani singdirish asosiy maqsad qilinib qo‘yiladi. Adabiyotdan barcha davrlarda ham siyosiy maqsadlarda foydalaniladi. Bu Sharqda ham, G‘arbda ham kuzatiladi. Firdavsiy “Shohnoma”sida ham, “Xamsa”larda ham, hindlarning “Mahobhorat”, “Ramayana”sida ham o‘z davrining eng muhim muammolariga e’tibor qaratiladi va muayyan g‘oyalar ilgari suriladi. Turkiy xalqlarning “Alpomish”, “Manas” kabi dostonlarida ham urug‘-qabilalarini birlashishiga, o‘zaro hamkorlik qilishga chaqirish g‘oyasi asosiy o‘rin tutadi. Chunki bu dostonlar yaratilgan va undan keyingi zamonlarda ham ushbu g‘oya g‘oyat dolzarb muammo bo‘lgan.

XVIII asrdan boshlab, barcha xalqlar adabiyotida hukmdorlar, amaldorlar, boy-mulkdorlar zulmiga qarshi kurashuvchi qahramonlar obrazini ko‘rsatish yo‘nalishi yuzaga kelgan. Bu davrda katta yer egalari, fabrika-zavod xo‘jayinlari, korxona sohiblari, sudxo‘rlar, amaldorlar tomonidan xo‘rlangan, qashshoq, kambag‘al kishilar obrazini yaratish jahon adabiyoti manzarasining muayyan jihatini belgilab bergan. Frantsuz adiblari Balzak, Mopassan, rus yozuvchilari Ivan Turgenev, Fedor Dostoyevskiy, Lev Tolstoy o‘z asarlarida amaldorlar, katta mulk egalari, boylar, sudxo‘rlar hayotini ko‘rsatib, mamlakatda ming-minglab kishilar ularning xudbinligi, manfaatparastligi tufayli xor-zor bo‘layotganiga e’tibor qaratishgan. Amaldorlar, boy, mulkdorlarni jamiyatdagi barcha illatlar aybdori sifatida gavdalantirish barcha xalqlar adabiyotiga xos umumiy tamoyilga aylangan. Lekin boshqa hodisalar singari adabiyotdagi bu tamoyil ham dabdurustdan, o‘z-o‘zidan emas, muayyan zamin asosida yuzaga kelgan. Ma’lumki, jamiyatda kishilar o‘rtasida keskin tabaqalanish paydo bo‘lganida, ma’lum bir guruh kishilar behad boyib, maishatda yashab, aksariyat aholi chor-nochor kun kechirganida asta-sekinlik bilan boy-amaldorlarga adovat, nafrat kuchayib boradi. Hayotdagi ana shu hodisa adabiyotga ham ko‘chib o‘tadi. Chunki, shoir, yozuvchilar, ijod ahli ko‘rib, kuzatgan voqealariga asoslanadi.

Hukmdorlar, amaldorlar, boy-badavlat mulkdorlarning johilligi, insofsizligi, maishatparastligi doimo jamiyatda aynish, buzilishlar kuchayishiga olib keladi. Barcha xalqlar og‘zaki mulkdorlarga qarshi kurash, boylarni yo‘qotish, mulkni umumlashtirish g‘oyasi yuzaga kelishi va uni ma’lum mamlakatlarda amalga oshirish-sotsializm barpo etish harakati boshlanishiga avvalo boy-badavlat kishilarning haddidan oshishi, insofsizligi, boshqalarni tahqirlab, zulm o‘tkazishi sabab bo‘lgan. Tojik adibi Sadriddin Ayniyning “Qullar”, “Doxunda”, “Odina”, qozoq yozuvchisi Muxtor Avezovning “Abay”, “Qarash-qarash”, o‘zbek yozuvchisi Oybekning “Qutlug‘ qon” kabi asarlarida boy mulkdorlar tomonidan boshqalarning xo‘rlangani gavdalantirilgan. Bu asarlarda o‘sha davr hayoti, davr hayoti hodisalari, turmushda ro‘y bergan real voqealar qalamga olingan. Sho‘ro siyosati boylarga nafrat g‘azabini sochib turgan bir paytda yozilgan ushbu asarlarda kambag‘al kishilar ayb-gunohlardan xoli, hatto, xayolida ham yomonlikni o‘ylamaydigan, “musichai beozor” qilib gavdalantirilganki, mana shu jihat haqiqatga mos kelmaydi. Sho‘ro davrida yaratilgan asarlarda “Boylarni — yomon, kambag‘allarni — yaxshi” qahramon sifatida ko‘rsatish inson tabiati murakkabligini hisobga olmaslikdan kelib chiqqan. Kishining yaxshi-yomon bo‘lishi faqat uning boy yoki kambag‘alligiga bog‘liq emas. “Odamning tabiatini bir chekkaga yig‘ishtirib, mantiqning o‘zi bilan ish ko‘rib bo‘lmaydi! Mantiq bilan hodisaning sirtqi tomonini ko‘rish mumkin, inson tabiati esa millionlab ko‘rinishlarga ega” — deydi ulug‘ rus adabi Fyodor Dostoyevskiy. “Inson tabiatining millionlab ko‘rinishlarga ega” ekanligi, ya’ni kishi kayfiyat, kechinmalari, xatti-harakatining muntazam o‘zgarib turishi kambag‘al-qashshoqni ham, boy-badavlat kishini ham aynan bir qolipdagi “yaxshi” yoki “yomon” qilib ko‘rsatish asossizligidan dalolat beradi. Aynan “yaxshi” yoki uning aksi bo‘lgan adabiy qahramon haqiqiy hayot kishisi sifatida taassurot qoldirmaydi. Sho‘ro davrida yozuvchilari “ijobiy” va “salbiy” degan yasama qolipga solingan o‘nlab adabiy qahramonlar orbazini aks ettirishdi. Sho‘ro mafkurasi g‘oyalariga aldangan ming-minglab kishilar Nikolay Ostrovskiy yaratgan Pavel Korchagin obraziga ishondilar. O‘zbek o‘quvchilari Oybek romanidagi Yo‘lchi, Gulnorni ibrat olgulik adabiy qahramon deb qaradilar. Ammo aksariyat kitobxonlar Korchagin, Yo‘lchi, Gulnor hayotdagi odamlar singari fikr yuritmasligi, o‘zining xato, nuqsonlarini o‘ylab ko‘rmaganini anglamadilar. Aslida Korchagin, Yo‘lchi, Gulnor singari oddiy odamlargina emas, mutafakkir, donishmandlar ham xato qiladi, gunoh ishlarga qo‘l uradi, yanglishadi. Sho‘ro adabiyotida kommunistlar hech qachon yanglishmaydigan, har qanday mashaqqat, uqubatni mardonavor yengib o‘tadigan qahramon sifatida ko‘rsatildi.

Har bir kishining hayotida, harakat-intilishlarida albatta qandaydir kamchiliklar bo‘ladi. Chunki uning ham nafsi, vujudining tabiiy ehtiyoj, istaklari bor. Qolaversa, kishining ishi, maqsad-muddaosiga erishish faqatgina uning o‘ziga bog‘liq emas. Odamlarning kundalik hayoti, taqdir-qismati ko‘rinmas rishtalar orqali bir-biriga bog‘lab qo‘yilgan. Kimningdir sustroq harakati, boqibeg‘amligi yoki boshqa bir sabab birovning necha yillik mehnati, intilishlarini yo‘qqa chiqaradi. Yoki odamning o‘zi ham hissiyotlariga aldanib, ehtiroslariga qul bo‘lib, kutilmaganda oilasiga, do‘stlariga, sevgilisiga xiyonat qiladi. Rus adibi Gogol “Taras Bulba” asarida dushman tomonidan bo‘lgan qizni bir ko‘rishda sevib qolib, safdoshlariga, yurtiga xiyonat qilib, qochib ketgan sotqin yigitning o‘z otasi tomonidan otib tashlanganini tasvirlaydi. “Alpomish” dostonida Tovka oyim shoh otasi dushman sanab, zindonga tashlagan Alpomishga:

Sizni eshitib mehnat tortib kelaman.
Otim Tovka, shohning qizi bo‘laman.
To o‘lguncha senga xizmat qilaman,
Zindondan chiqarsam nimam bo‘lasan?
Davlatim bor, sholi shaldam o‘rayin,
Jamolim balx urib senga qarayin,
Seni loyiq ko‘rsa qodir xudoyim,
Menday oyim senga cho‘ri bo‘layin.
Zindondan chiqarsam nimam bo‘lasan?—

deb yolvoradi. Ko‘ngilda kechgan bir lahzalik o‘zgarish ta’sirida o‘zi anglamagan holda aka ukaga, farzand otaga, do‘st o‘z birodariga raqib, dushmanga aylanadi. Bu — odamning dabdurustdan qilib qo‘ygan xatosi va ichki bir o‘jarlik ta’sirida yon berishni istamasligi, murosa-madora qilishga bo‘yin yor bermasligi tufayli kelib chiqadi.

Shu boisdan farishtasifat qilib ko‘rsatilgan adabiy qahramonlar tezda unutiladi. Ular sun’iy gul singari diqqatni bir fursatgina band qiladi va xotiradan o‘chib ketadi. Sharqu g‘arbda uzoq asrlardan beri Shayx San’onning e’tiqodi yo‘lida intilishlari, adashishlari, azoblanishlari, tortgan mashaqqatlari, muridlariyu boshqalarning ixlosini qaytarishi, tarso qizning shartlarini bajarib, cho‘chqalarning go‘ngini kurab tozalashi bilan bog‘liq voqealar hozirgi zamon kishisini ham hayratga soladi. Bu qissani o‘qish davomida shu narsa ayon bo‘ladiki, adabiy qahramonning jozibadorligi, ta’sirchanligi uning xatolarsiz, pok-pokiza yashashidan emas, balki dramatik voqealarga to‘la taqdiri, qismat yo‘llarida tinimsiz intilishi, o‘z maqsadiga yetguncha to‘xtovsiz harakat qilishidan kelib chiqadi. Hayotda ham harakatchan, tinib-tinchimas kishilar ko‘proq e’tiborni tortadi. Ular hech bir narsaga beparvo, loqayd qaramaydi. Hamma narsaga qiziqadi, qo‘l uradi, tavakkaliga harakat qiladi. Muvaffaqiyatlarga ham erishadi, yanglishib xatolarga ham yo‘l qo‘yishadi. Bir qarasang — boy-badavlat, do‘ppisi yerga tushib ketsa, pul berib oldiradi, bir qarasang — kambag‘al-faqir, ust-boshi bir ahvolda, nochor, birovdan pul so‘rab turadi. Yana sal vaqt o‘tmasdan o‘zini o‘nglab oladi. Adabiy asar qahramonlari ham o‘zining izlanishi, xato-kamchiliklari, yanglishishlari, intilishi bilan qiziqarli bo‘ladi, yodda saqlanib qoladi. Sho‘ro davri adabiyotida Chingiz Aytmatov yaratgan Tanaboy obrazi o‘zida insonga xos jamiki sifat-xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtirgani bilan ajralib turadi. Tanaboy-kommunist, u sho‘ro siyosati g‘oyalariga benihoya fidoiy. Tanaboy o‘z manfaatini emas, mamlakat manfaatini o‘ylab mehnat qiladi. Dunyoqarashi, fe’l-atvori har xil odamlarga duch keladi. Ular bilan to‘qnashib, iztirob chekadi, qiynaladi. Kommunist bo‘lib yurishni sharaf deb biladi. Buning uchun hayotini bag‘ishlaydi. Ammo o‘z kelinidan ham: “Butun umringiz cho‘ponlikda, yilqichilikda o‘tar ekan, partiyaga kirishning nima hojati bor edi sizga? Baribir oxirida haydabdilar. Shu vajdan o‘g‘lingizga ham yo‘l yo‘q endi. U endi yuz yilgacha bir lavozimda yuraveradi. Sizlar u yoqda, tog‘da, o‘z uyingizdasiz, siz keksalarga bundan ortiq nima kerak! Bizlar bo‘lsak, mana, kasofatlaringizga qolayapmiz” deb ta’na, malomat eshitadi.

Chingiz Aytmatov asarlari qahramonlarining hayotiyligi bilan diqqatni jalb etadi. Adibning Jamila, Duyshen, Tanaboy, Mo‘min chol, Edigey, Bo‘ston singari qahramonlari hayotdagi odamlar kabi taassurot uyg‘otadi. Ularning shaxsiy hayoti, davrning ijtimoiy-ma’naviy muammolari to‘g‘risidagi o‘y-kechinmalari turli millat kitobxonlarida qiziqish uyg‘otadi, qalbini to‘lqinlantiradi. Chunki Chingiz Aytmatov qahramonlari timsolida yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilgari suradi. Insonni ulug‘lash, uni tushunish, anglash esa chegara, to‘siq bilmas hodisa sanaladi. Adabiy qahramonni insonparvarlik nuqtai nazaridan ko‘rsatish shu boisdan ham inson qalbini har jihatdan tahlil etishni, uning turfa kechinmalari ichidagi holatini teran ifodalashni taqozo etadi.

Dunyo adabiyotida kishilarga ibrat bo‘ladigan adabiy qahramonlar yaratish borasida katta tajribaga erishilgan. Herakl, Ram, Rustam, Alpomish, Manas kabi ko‘hna adabiyot qahramonlari, Sharq shoirlari ko‘rsatgan Farhod, Xusrav, Shirin, Layli, Majnun, g‘arb ijodkorlari yaratgan Tatyana (“Evgeniy Onegin”), knyaz Mishkin (“Telba”), Grigoriy Melexov (“Tinch Don”) singari o‘nlab adabiy qahramonlar hamisha kishilarga ma’naviy-ruhiy quvvat berib keladi. Agar ular bo‘lmaganida, insoniyatning hayoti kemtik, ma’naviy-axloqiy dunyosi g‘arib ko‘rinadi. Ular o‘zlarining ko‘rinmas ulug‘vor ta’sir kuchi bilan kishilarni johillikdan to‘sib, yovuzlikdan qaytarib turibdi. Insoniyat o‘tgan davr ma’naviy-axloqiy jihatdan qay darajada ulg‘aygan bo‘lsa, shubhasiz, bunga ibratli qahramonlar ta’sirida erishgan. Ular payg‘ambar, shariat, tariqat, ma’rifat bosqichidan o‘tib, haqqa erishgan shayx, avliyo, jangu jadalda jasorat ko‘rsatgan pahlavon yoki kamsuqum, oddiy bir odam sifatida kishilar qalbida ezgulikka intilish uyg‘otgan. Odamlarga oqibat ko‘rsatishga, hayotga muhabbat bilan qarashga rag‘batlantirgan. Insonning ibrat olish istagi esa hayotning bardavomligini, taraqqiyotini ta’minlagan.

Shu boisdan shunday xulosaga kelish mumkin: adabiy-badiiy asarlar o‘z qahramonlari orqali diqqatni jalb etadi; ichki va tashqi olami har jihatdan tahlilu taftish qilingan Dostoyevskiy asarlaridagi kabi qahramonlar o‘zining murosasiz mushohadalari bilan turli millat kishilari qalbini hayajonlan­tiradi; har bir milliy adabiyotning mavqei undagi adabiy qahramonlar obrazi bilan belgilanadi; milliy adabiyotning har bir davrdagi bo‘y-basti, undagi o‘sish-o‘zgarishlar yaratilgan qahramonlar qiyofasiga qarab belgilanadi; inson dunyosi har jihatdan yorqin va ta’sirchan ifodalangan qahramonlar siymosi turli millat kitobxonlari ongu saviyasiga ta’sir ko‘rsatadi, ma’nan, ruhan ulg‘aytiradi. Umuman, adabiy qahramonlar har bir milliy adabiyotning insonshunoslik darajasini, uning olamni ko‘rsatish ko‘lamini belgilashning mangu mezoni sanaladi. Herakl qadim yunon adabiyotining, Rustam ko‘hna Eron adabiyotining, Ali bobo, Marjina singari “Ming bir kecha” qahramonlari arab adabiyotining, Alpomish, Manas turkiy xalqlar adabiyotining ulug‘vor­ligini namoyon etib turadi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 9-son