Abdulla A’zamov. Kitob? Kitob! Kitob…

1. Odamzod paydo bo‘lishidan avval vaqt, kitob paydo bo‘lguncha odamzod bo‘lgan. Lekin kitob paydo bo‘lgandan so‘nggina zamon tarixga, jamiyat tsivilizatsiyaga aylangan.
2. Ong — tug‘ma qobiliyat emas, tarbiya bilan shakllanadi; kitobsiz tarbiyalangan ong ibtidoiy darajada qolib ketadi. XXI asrda ham. Barcha maishiy qulayliklari bor, eng zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan hashamatli turar-joylarda ham.
3. Albatta, kitobdan kitobning farqi bor. Shunday kitoblar borki, ming yillar davomida saralanib, yig‘ilib, insoniyat madaniyatining xazinasini tashkil etgan. Lekin…
4. Shunday kitoblar ham borki, ulardan eng katta naf — nosvoy o‘rab sotish — aks holda zarar keltirishi mumkin. Xullas…
5. So‘zlar, jumlalar, formulalar, illyustratsiyalar, axborotlar yig‘indisi shaklan kitob bo‘lishi mumkin, amaliy naf keltiradigan qo‘llanmalar ham ko‘p, ammo bu degani hali Kitob emas; Kitob — badiiy kashfiyot mahsuli, ruhiyat sabog‘idir.
6. Gulni alafdan nima ajratadi? Sezgi. Kitobdan Kitobni-chi? Tafakkur. (Qolgan pandlarda “kitob” deganda adabiyot bog‘ining “alaflari” emas, “gullari” nazarda tutiladi. Bunga urg‘u berish maqsadida “Kitob” deb bosh harf bilan yozamiz.)
7. Odam safiyulloh Kitob bilan hayotga yo‘llangan. Muhammad sallalohu alayhi vasallam o‘qish-yozishni bilmaganlar, ammo u zotga Kitob nozil qilingan. Demak, Kitobsiz odam komil emas, din — din emas.
8. Alloh taolo Rasulullohga “O‘qi!” deb buyurdi. Buni tushunish uchun endi yana shunday xitobni kutish — johillik.
9. Bugun informatsiya olishning zamonaviy vositalari, zavq olishning zamonaviy turlari ko‘p. Shunday zamonda kitob o‘qish shartmi? Shart! Zotan, Kitobning o‘rnini hech narsa bosolgan emas, bosolmaydi ham. Chunki Kitob — tilsim, u oddiy (texnik) informatsiya yig‘indisi emas, balki dastavval ruhiy informatsiya tashuvchi vositadir. Tarixdagi eng buyuk zotlarning ruhiyat saboqlari asosan Kitoblarda aks etgan — bu tilsimning bir qirrasi. (Misol uchun, biz Cho‘lponni Kitoblari va u haqdagi Kitoblar tufayli bilamiz.)
Ikkinchi qirrasi: kitob o‘qish tezligi bilan inson vujudining ruhiy informatsiyani qabul qilish qobiliyati o‘rtasida uyg‘unlik mavjud. Ana shu tufayli Kitob o‘qish jarayoni ilohiyona xususiyat kasb etadi. Bunday hodisa iste’dodli qorining tilovatini tinglaganda ham yuz beradi. Lekin tilovat bu — “Qur’on” o‘qish, “Qur’on” esa Kitob.
Mazkur hodisa, shuningdek, musiqa eshitganda, teatr, kino tomosha qilganda, kontsertda o‘tirganda ham ro‘y berishi istisno emas. Lekin faqat Kitob o‘qigandagina inson va Kitob yaxlit kompleksga, yaxlit xilqatga birlashadi, buning natijasida u yangilanadi, ma’naviy va ruhiy yuksalish pillapoyasida pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib boradi.
10. “Kitobning davri o‘tdi”. Bo‘lmag‘ur gap. Kitoblar televizor ekraniga termulgancha umrini sovurayotgan odamlarni istehzo bilan kuzatib turishibdi.
11. Bolalarni kimgadir zarur bo‘lgani uchun emas, balki ular baxtli bo‘lishlari uchun kitob o‘qishga o‘rgatish kerak. Chunki, bir tomondan, adabiyot — san’atning bir turi, muhim turi. Umri davomida kuy va qo‘shiqdan, kino, teatr, tasviriy san’at, arxitektura asarlaridan, go‘zal manzaralardan, gullardan zavqlanmay o‘tgan odam kimu kitob o‘qib zavqlanmay o‘tgan odam kim? Ikkinchi tomondan, Kitob — tafakkur ozig‘idir.
Kitob saodat topish uchun o‘qilmaydi. Unutmaslik kerakki, kitob o‘qishning o‘zi — oliy saodat.
12. Kitob o‘qish boy qiladimi? — Moddiy ma’noda boyishga kafolat bermaydi, albatta. Lekin kitob o‘qimaslik ma’naviy qashshoq qilishi tayin.
13. Kitob — buyuk kashfiyot. Kitob — ulug‘ ne’mat. Lekin sichqon uchun u qadar mazali taom emas.
14. “Yuksak mavqelarga erishganlar orasida muntazam kitob o‘qiydiganlariga nisbatan deyarli o‘qimaydiganlari ko‘proq-ku?!” Mantiqsiz mushohada. Qiyos: ikki odamdan biri chekadi, ikkinchisi chekmaydi; chekuvchi 80 dan oshib, chekmagan esa 70 ga yetmay olamdan o‘tgan hollar oz emas. Bundan chekish umrni qisqartirmaydi, hatto uzaytiradi, degan xulosa chiqmaydi. Chunki, aslida, chekuvchi chekmaganida yana 10-15 yil yashagan, hayotining samarasiga samara qo‘shilgan bo‘lar edi, chekmagan chekkanida esa 60 ga ham bormagan bo‘lar edi.
15. So‘z — tan, joni — ma’no. Ma’no chuqur yoki sayoz bo‘lishi mumkin. Bu belgi suhbatdosh nutqida darhol seziladi: oz o‘qiganning nutqida so‘z ko‘p, ma’no sayoz, gap ko‘p, fikr yengil.
Amir Temur ko‘p o‘qiganlar suhbatidan maroqlangan.
16. Ey o‘qimaydiganlar, gap-so‘zlaringizdan o‘qimasligingiz sarimsoq chaynaganday anqib turishi o‘zingizga ma’lummi?
17. Faqat kasbga oid adabiyotni o‘qish bilan cheklanish “hayotning mazmuni yeb-ichishdan iboratdir” degan aqidaning bir turi.
18. Badiiy asardan bilim olish mumkin bo‘lgani singari, ilmiy asardan zavq olish ham istisno emas. Adabiyotning sifati va ahamiyatini uning turiga qarab emas, saviyasiga qarab baholash kerak. Adabiyot turlarini bir-biriga zid qo‘yish, birini o‘qish ikkinchisini o‘qishga sarflanadigan vaqtni o‘g‘irlaydi yoki boshqa mashg‘ulotlardan chalg‘itadi, deb hisoblash xato. G‘afur G‘ulom fizikaga oid kitoblarni sevib o‘qigani haqida xotiralar bor. “Eng kichik zarradan Yupitergacha, o‘zing murabbiysan, xabar ber, Quyosh” kabi o‘lmas shoh satrlar shu tufayli tug‘ilgan. Qolaversa, XX asr adabiyot turlari, janrlari, yo‘nalish va uslublarining o‘zaro chatishuvi, sintezi asri bo‘ldi. Masalan, Jerald Darrel kitoblari badiiymi yo safarlari haqida hisobotmi? Ozod Sharafiddinov esselari ilmiymi yoki nafis adabiyot namunalarimi?
19. Kitob o‘qimaganmisiz? Yo‘q? O‘qing. Biror kitobni qayta o‘qiganmisiz? Yo‘q? Unda umuman o‘qimang.
20. Maymun kitob o‘qimaydi. Lekin aft-angori plastik operatsiya bilan epaqaga keltirilgach, u yaxshilab dressirovka qilinib, sahnaga chiqarilsa, popsa top-reytingida nechanchi o‘rinni egallar edi?
21. Umr har davrining o‘z kitoblari bor. Savod endi chiqqan paytda o‘qiladigan kitoblar bor — o‘qimagan bolalik kemtik, umr shomida o‘qiladigan kitoblar bor — o‘qimagan keksalik zulmat.
22. Farzandini kitob o‘qishga o‘rgatmagan ota-ona aslida uni savodsiz qilib tarbiyalagan bo‘ladi.
23. O‘quvchilariga o‘qiganini o‘qitadigan o‘qituvchi — chin murabbiy emas, o‘qishni o‘qitadigan o‘qituvchi chin murabbiydir.
24. Savodxonlik har xil bo‘lishi ma’lum. Savodsizlik ham shunday: alifbe o‘qimagan — oddiy savodsiz, ona tili darsligini o‘qimagan — savodsiz savodsiz, “Qur’on” o‘qimagan — omi, badiiy asar o‘qimagan — madaniy savodsiz, Konstitutsiyani o‘qimagan — huquqiy savodsiz va h.k.
25. Kitob o‘qish — Kitobni qo‘lga olishdan boshlanadi. Shunday Kitoblar borki, balki ularni endi o‘qirsiz yo o‘qiy boshlagandirsiz, yoki bir necha marta o‘qib chiqqandirsiz, baribir, qo‘lga olishingiz bilan ruhiyatingizda o‘sha zahoti o‘zgarish ro‘y beradi. Agar siz bu hodisaga yo‘liqmagan bo‘lsangiz, bilingki, hali Kitob o‘qimabsiz.
26. “O‘tkan kunlar”ni o‘qib, Kumushning vafotiga yetgandagi hayajonga tushish — insoniylikdan bir belgi.
27. Kitob o‘qish mobaynida har hayajonlanganda qalb silkinib, gardlari qoqiladi, ko‘zlar har safar namlanganda esa yuvilib poklanadi.
28. Jak Iv Kusto akvalang ixtiro qilib, suv ostiga tushdi va okeansiz yashay olmaydigan bo‘ldi. Okean ham unga o‘z tilsimotlarini ochdi, uning hayotiga mazmun bag‘ishladi va ruhiy yuksakliklarga ko‘tardi. Qani endi Navoiy ijodining okeaniga tushish imkonini beruvchi akvalang ixtiro qilinsa…
29. “Navoiyni o‘qish qiyin”. Nega? Teleskopsiz ham yulduzli osmondan zavq ola bilish mumkin-ku.
30. Tarixda buyuk zotlar ko‘p o‘tgan. Hech ular bilan zamondosh bo‘lmaganingizdan, ular bilan uchrashish, suhbatidan bahramand bo‘lish imkoniyati yo‘qligidan afsus qilganmisiz? Afsuslanishga hojat yo‘q: ularning kitoblarini, ular haqidagi kitoblarni o‘qing. Sizga suhbatdosh bo‘lishmasa, men kafil.
31. Bir odam umrida nechta kitob o‘qishi mumkin? Gap sonda emas, gap — kitob o‘qishday saodat o‘rniga umr nimalarga sarflanayotganida.
32. Kitob mutolaasisiz ijod imkoniyati cheklangan. Ijodning turi ko‘p. Badiiy asarlar o‘qimay badiiy ijod bilan shug‘ullanish — kulgili, oqibati esa achinarli. Ilmiy asarlarni o‘qimay ilmiy ijod bilan shug‘ullanish — qalbakilik, oqibati — umr zoye bo‘lishi.
Soddaroq holatni, masalan, gulchilikni olaylik. Buning uchun o‘qish shartmi, ko‘rib o‘rganish ham mumkin-ku? Yo‘q. Ko‘rib o‘rganish kishini taqlidga moyil etadi, o‘qib o‘rganish esa — ijodga. O‘qib o‘rganish va ko‘rib o‘rganish bir-birini to‘ldirganda eng yaxshi samara beradi.
33. O‘z ustingizda tajriba qilib ko‘ring: umringizning kuzini ko‘z oldiga keltiring. (Agar buni uddalay olmasangiz, ya’ni tasavvuringiz sustlik qilsa, demak, sizda tasavvur qobiliyati yaxshi rivojlanmay qolib ketgan — bu aynan bolaligingizda ertak kitoblarni o‘qimaganingizdan.) Besh sahifa hajmda o‘z hayotingiz haqida yozib qoldirishingiz kerak bo‘lsin. Yozing. Yozgach, ichkariroqqa taxlab qo‘ying. So‘ng bir yil davomida tafakkur klassiklarining o‘z hayoti haqida yozib qoldirganlarini topib o‘qing. (Bunday asarlar ko‘p. Taniqli amerikalik yozuvchi Lyuis Sinkler hatto o‘zining vafotiga, nimhazil ohangda, to‘rt sahifali “ta’ziyanoma” yozib qoldirgan.) Shundan so‘ng o‘z hayotingiz haqida qaytadan yozing. So‘ng avvalgisi bilan qiyoslang. Bu tajriba hozirgacha fizika, kimyo, biologiyadagi tajribalar kabi aniq natija bergan: har qancha iste’dodli bo‘lgani bilan o‘qimagan odamning yozgani bilan o‘qigan odamning yozgani orasida katta farq bo‘ladi.
34. Kitob o‘qimasdan ijod qilayotgan odam bug‘doy solmay un tortayotgan tegirmonchiday gap.
35. Chop etilgan kitobning muallif xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan, lekin uning taqdiri bilan bog‘liq muhim xususiyati bor — kitob endi muallifning iste’dodi borligiga ham, yo‘qligiga ham muhr bosadi, haqiqatini ham, yolg‘onini ham saqlaydi, muallif sifatida halolligiga ham, qo‘li egriligiga ham shohidga aylanadi.
36. Manfaat uchun yozilgan kitob manfaat keltirishi mumkin, shuhrat uchun yozilgan kitob shuhrat keltirishi mumkin. Ammo ular Kitoblarning oltin xazinasidan joy ololmaydi — baribir “misi chiqadi”.
37. Hozirgi zamon fani isbotlaganiga ko‘ra, tirik mavjudot vujudidagi hal qiluvchi unsur — DNK molekulasi. Bu molekula esa — kitob. Tom ma’noda kitob — harflari A, G, T, S deb belgilanadigan nuklein kislotalar, muallifi — olim uchun tabiat, fozil uchun — Xoliqul Xalloq. Ajabo: tirik mavjudotning har bir hujayrasiga kitob joylangan.
38. Jordano Bruno o‘tda yona boshlaganda “Oh” demadi, lekin kimdir kitobini olovga tashlaganda chiday olmadi.
39. Ijod qilolmaydigan tsivilizatsiya ko‘lmak suvday ayniydi. Kitob o‘qimaydigan tsivilizatsiya oqishi mumkin. Lekin oqava ham oqadi.
40. Bir kun kelib Quyosh so‘nadi, Yerda hayot tamom bo‘ladi, o‘shanda insoniyatdan koinot uzra tarqalgan Kitoblar qoladi.
41. Vallohu a’lam, jannatdagilarning ko‘pchiligi Kitob o‘qiganlar bo‘lsa ajab emas, ularning sevimli mashg‘uloti ham Kitob o‘qish bo‘lsa ajab emas.
42. Bu Kitoblarni o‘qiganmisiz? — Ofarin. Siz bilan bahslashmayman, chunki siz haqsiz. Bu Kitoblarni o‘qimaganmisiz? Afsus. Siz bilan bahslashmayman, chunki siz haqiqat nima ekanligidan g‘ofilsiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 4-sonidan olindi.