Dildora Turdiyeva. Lotin amerikasi dahosi

2007 yilda u 80 yoshga to‘ldi. O‘sha yili Lotin Amerikasi va Ispaniyada «Markes yili» deb e’lon qilindi. «Yolg‘izlikning yuz yili» romanining yubiley nashri esa 500 ming nusxada bosilib chiqdi. Hammasi bo‘lib kitob 30 million nusxada chop etilgan. 2008 yilda uning asari asosida yaratilgan «O‘lat paytidagi sevgi» filmi namoyish etildi. Lotin Amerikasi dahosining eng optimistik romani ekranlashtirildi. Uning rafiqasiga bag‘ishlangan roman. Buyuk muhabbat haqida so‘ylaguvchi roman.
Bundan to‘qqiz yil avval shifokorlar unga hukm chiqarishgandi. Uning hamon biz bilan ekanligi mo‘jizaning o‘zginasi. Bu uning g‘alati, mistikaga yo‘g‘rilgan hayotining bir parchasi, xolos.
Barcha yaxshi narsalar to‘satdan paydo bo‘ladi.
Hayot haqidagi 12 hikmat yozuvchi bo‘lishni orzu ham qilmagan Gabriel Garsia Markes qalamiga mansub.
“Men seni senliging uchun sevmayman, balki sen bilan qanday inson bo‘lganligim uchun ham men o‘zimni sevaman.
Hech bir inson sening ko‘z yoshlaringga arzimaydi, yosh to‘kishingga munosib bo‘lgan kishi hech qachon seni yig‘latmaydi.
Sen xohlagandek sevishmasa, bu seni butun qalbi bilan sevishmaydi degani emas.
Haqiqiy do‘st – bu sening qo‘lingdan ushlab, yuragingni his etadigan kishi.
Birov haqida qayg‘urishning eng yomon usuli bu – uning yonida bo‘lib, hech qachon seniki bo‘lolmasligini anglash.
Hech qachon tabassum qilishdan to‘xtama, garchi senga juda og‘ir bo‘lsa ham. Chunki sening tabassumingga oshiq bo‘lishlari mumkin.
Ehtimol, bu dunyoda oddiy insondirsan, lekin birov uchun sen butun bir borliqsan.
Sendan vaqtini qizg‘anadigan odamga sen ham vaqt sarflama.
Ehtimol, Tangri o‘sha yagona insonni uchratmagunimizcha yo‘limizda har xil kishilarni duch qilaversa kerak.
O‘sha siz orzu qilgan ishning oxir-oqibat amalga oshishi uchun ham biz minnatdor bo‘lishimiz lozim.
Hech qachon yig‘lama, chunki bu o‘tib ketdi. Har doim tabassum qil, chunki bu bo‘lib o‘tdi.
Sening dilingni og‘ritadigan insonlar har doim topiladi.
Odamlarga ishonishda davom eting. Faqat ehtiyotkorroq bo‘ling.
O‘zing ham yaxshi bo‘lishga harakat qil, seni birov tushunishini xohlasang, o‘zing kimligingni angla.
O‘zingni hadeb o‘qqa-cho‘qqa uraverma, baribir, eng yaxshi narsalar to‘satdan sodir bo‘ladi”.
Eng so‘nggi hikmatni muallif o‘zi haqida yozgan. Shon-shuhrat ham unga tasodifan keldi. Chunki u hayotda nimagaki erishgan bo‘lsa, hammasiga qiyinchilik bilan yetishgan.

FUSUNKOR REALIZM ChAShMASIDA

Gabriel Garsia Markes Magdalena daryosi sohilidagi kichkina Arakataka shaharchasida tavallud topdi. Atlantika okeani bahaybat to‘lqinlarining vahimali tovushi bilan birgalikda shamol ummonning zarrin suvlarini sochuvchi yoqimli shabadani Arakataka ko‘chalariga ham olib kiradi. Gabrielning otasi telegrafchi bo‘lib ishlar, oilasini boqish uchun ikki smenada ishlashga majbur edi. Shu boisdan u uyda juda kam bo‘lardi. Gabriel onasini jonu dili bilan yaxshi ko‘rardi. Biroq undan tashqari yana o‘nta farzandi bo‘lgan bechora onaning o‘g‘lini erkalashga vaqti yo‘q edi. Taqdir taqozosi bilan u bobosi va buvisining tarbiyasiga topshiriladi. Aynan mana shu insonlar unda yuksak ma’naviyatning shakllanishiga salmoqli hissa qo‘shishgan.
Buvisi Trankilina g‘ururli, axloqan sof va juda ham dono ayol edi. Keyinchalik buvisi uning ko‘pgina romanlarida bir avlod boshida turuvchi onalar obrazida namoyon bo‘ladi. Bobosi polkovnik, 1899-1903 yillardagi milliy-ozodlik urushi qatnashchisi bo‘lgan. Gabriel bobosini ham qattiq yaxshi ko‘rardi. Lekin u 8 yoshga to‘lganida bobosi dunyodan ko‘z yumadi. Sevimli bobosi Gabrielning har bir asarida qayta tirilardi. Ehtimol, u shu tariqa unga umrini baxshida etgan insonlar ruhini shod aylagandir. Bundan tashqari, bolakayga ularning arvohlar daydib yuradigan g‘alati uylari ham qattiq ta’sir o‘tkazgandi. Uning bolalik dunyosida sehrgarlik va ro‘yo tutashib ketgandiki, bu uning keyingi ijodida ham o‘z aksini topadi. Gabriel ulg‘aygach, yangi adabiy janr – fusunkor realizmga asos soladi. Makondo mamlakatini u Arakatakaning tor ko‘chalarida o‘ynab yurgan kezlaridayoq xayolida barpo etgandi.
Gabriel Sapakiri shaharchasidagi maktab-internatda o‘qiydi. Xuddi shu yerda u birinchi adabiy «tajribalari»ni amalga oshiradi. Buni kelajakda yozuvchi bo‘lish uchun emas, balki huquqshunoslik kasbini egallash uchun qilgandi. 1946 yilda U Bogota universitetiga o‘qishga kiradi. Gabrielning romantik she’rlaridan ko‘pchilik hayratga tushardi. 1947 yilda uning birinchi hikoyasi chop etiladi. Biroq Markes faqatgina huquqshunoslik karerasi tomon olg‘a intilayotgandi. Chunki Gabrielga tanlagan qiziga uylanishi uchun pul kerak edi. O‘shanda u 19, tanlagani 13 yoshda edi…

PENELOPA HAMON KUTMOQDA

Gabriel Garsia Markes astrologiyaga juda ishonadi. U 1927 yil 6 mart kuni Baliq burji ostida tug‘ilgan. Shuning uchun ham 1932 yil 6 noyar kuni Chayon burji ostida tug‘ilgan qiz uning yagona muhabbati, rafiqasi, do‘sti va bir umrga yo‘ldosh bo‘lishi lozim deb hisoblardi.
Mersedes Barchani u 1945 yilda Sukre shaharchasiga yozgi ta’tilga kelgan paytida uchratdi. Ularning ota-onalari bir-birlarini yaxshi tanishardi. Tanishish navbati endi ularning farzandlariga kelgandi. Beso‘naqay Gabo charos ko‘zli nozikkina qizaloq Mechening qo‘lini jentelmenlarga xos o‘pdi. O‘pdi-yu, bir qarashdayoq va bir umrga sevib qoldi. «Men hozirgina shuni tushundimki, shu paytgacha yozgan she’rlarimning barchasi sizga bag‘ishlangan ekan, – dedi Gabo Mechening qo‘lini qo‘yib yubormasdan. – Menga turmushga chiqing!».
Juletta ham xuddi shu yoshda edi. Biroq XX asrda hatto, Kolumbiyada ham bu yosh sevgi va nikoh uchun ta’qiqlangandi. Keyinchalik uning romanlarida mana shu mavzu juda ko‘p bora ko‘tariladi. 1945 yilda Meche Barcha Gabo Markesning ko‘zlariga boqib shunday dedi: «Men rozi. Faqat maktabni tamomlab olishimga ruxsat bering…»
Sevishganlar juda ko‘p kutishdi. Yo‘q, Markesning «O‘lat paytidagi sevgi» romanidagidek emas, albatta. Asardagi bosh qahramon Florentino Ariza sevgilisi Fermina Dazega abadiy sevgisini izhor qilgach, ellik uch yil, yetti oy va o‘n bir kundan keyin uylanadi…
Meche Gabosini o‘n uch yil kutdi. U sevgilisining dastlab yurisprudentsiya, so‘ngra jurnalistika sohasida muvaffaqiyatli karera yasashini sabr ila kutdi. Necha yillar orziqib kutilgan kun yetib kelganida Gabriel 31, Mersedes esa 25 yoshda edi. Bu paytga kelib, Mersedesning orqasidan «qari qiz», «Penelopa» deb ataydigan bo‘lishdi. Chunki u ham o‘z «Odissey»ini sabr-toqat bilan kutgandi. Lekin ularning farqi shunda ediki, Penelopa Odisseyning qonuniy rafiqasi bo‘lgan, Mersedes bilan Gabriel esa hatto, unashtirilmagan ham edilar.
«Biz shunchaki taqdirimizda borini sabr-toqat va qanoat bilan kutdik, – deya xotirlaydi keyinchalik Markes. – Turmushimiz davomida biz biror marta ham jiddiy gap talashmaganmiz. Ehtimol, bunga biz hamma narsaga nikohdan oldingi nigoh bilan qaraganimizdir. Oilaviy hayot – har kuni boshidan boshlanadigan juda mashaqqatli ish. Shu tariqa umr o‘tadi. Doimiy zo‘riqish ostida yashaymiz, ba’zida bundan charchab, zerikamiz… Shunday bo‘lsa-da, hayot, yashash bunga arziydi!»
Mersedes ikkita farzandini dunyoga keltirib, ularni o‘rab turgan nochorlikni ham sabr-bardosh bilan yengardi. Aynan mana shu qaddi-qomati kelishgan, go‘zal tabassumli ayol tufayli Markes buyuk yozuvchi bo‘ldi.

80 PESO EVAZIGA ADABIY INQILOB

Gabriel Garsia Markesni butun dunyoga tanitgan «Yolg‘izlikning yuz yili» romanining paydo bo‘lishida aynan Mersedesning xizmati yuksak bo‘ldi. Markes negadir, 40 yoshida buyuk asar yaratib, dunyoga tanilishiga ishonardi. U mashinasini sotib, o‘n sakkiz oyga ish kabinetiga qamalib oldi. U hatto, oilasi bilan ham muloqot qilmadi. U butkul Makondo mamlakatiga ko‘chib o‘tgandi… Bu vaqt mobaynida Mersedes duch kelgan ishni bajarib, oila boquvchisiga aylandi.
Qo‘lyozmani Buenos-Ayresdagi nashriyotga yuborish vaqti kelganida, Mersedes qalin va og‘ir papkani ko‘tarib, pochtaga o‘zi ravona bo‘ldi. Banderol 80 peso turardi. Ammo Mersedesda atigi 40 peso bor edi. U qo‘lyozmalarning yarmini yuborib, uyga qaytib keldi. Elektroisitgich, fen va mikserni garovga qo‘yib, qo‘lyozmalarning qolganini ham jo‘natib yubordi.
Mersedes Gabriel bilan nochorlikda ham, azob-uqubatda ham birga bo‘ldi. Genial asar muvaffaqiyatidan keyingi shon-shuhratni ham u bilan birga munosib qarshi oldi. 1967 yilda dunyo yuzini ko‘rgan «Yolg‘izlikning yuz yili» romani adabiyotda «adabiy to‘ntarish»ni yuzaga keltirdi va Gabriel Garsia Markesni tirik klassika afsonasiga aylantirdi. Asar millionlab nusxada chop etilar, dunyoning 35 tiliga tarjima qilingandi. 1970 yilda romanning rus tilidagi nashri chop etildi. Hozirda «Yolg‘izlikning yuz yili» jahon durdona asarlari yigirmataligiga kiritilgan.
Shundan keyin omad Markes bilan yonma-yon yurdi. Uning har bir romani, qissasi, hikoyasi va esselari muxlislar va tanqidchilar tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olinardi. Markes erishgan barcha yutuqlari rafiqasiga tegishli ekanligini tushunardi. «O‘lat paytidagi sevgi» romanini u «Albatta, Mersedesga bag‘ishlanadi. Bu joylar o‘zining tojdor qirolichasini topdi…» deguvchi so‘z boshi bilan boshlanadi. Bu joylar uning tasavvuri mahsulidir. Makondo dunyosi. Afsungarlik va realizm uyg‘unlashgan mamlakat. Uning qahramonlari navnihol qizlarga oshiq bo‘lishadi. Ular ham to‘y kunlarini o‘n yillab kutishadi. Markes ham go‘yoki aynan mana shu mamlakatdan hayotga kelib qolgandek edi. Mersedes ham doimo uning yonida. 1972 yilda Romulo Galegos nomidagi xalqaro mukofotni qo‘lga kiritdi. O‘n yildan so‘ng yozuvchi Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

KO‘ChIRIB OLINGAN FINAL

1999 yilda shifokorlar Markesga dahshatli tashxis qo‘yishdi: limfatik tizim saratoni. «Dunyoviy ishlari»ni tugatib olishi uchun unga bir necha oy, ehtimol, bir yil muhlat berishdi. Lekin Gabriel va Mersedes taslim bo‘lishmadi. Yozuvchining omadi bor ekan. Yoshi katta odamlarda kasallik unchalik tez rivojlanmas ekan.
Markes umuman yozmaslikka so‘z bergandi. Biroq 2004 yilda «Men bilgan oyimchalarning xotiralari» («Ma’yus xonimchalarning xotiralari») romani chop etildi. Asar bosh qahramoni umrida biror marta ham sevmagan, faqatgina yengiltabiat ayollar «xizmati»dan foydalangan kishidir. Lekin u to‘qson yoshida 14 yashar qizaloqni sevib qoladi. Yana o‘sha sevgi qissasi… U so‘nggi deb o‘ylagan kitob misralarida buyuk muhabbatini yana bir bor tilga oladi.
Roman chop etilishiga bir oy qolganida qo‘lyozmani nashriyotdan o‘g‘irlab ketishadi va asar aql bovar qilmaydigan nusxada chop etiladi. Markes hech kim kutmagan javob yurishini qildi. U romanning yakuniy qismini ko‘chirib olib, kitob qilib chiqardi. Rasmiy sotuvga chiqqan roman butkul boshqacha yakunga ega edi. Bu asar ham tez fursatda millionlab nusxada chop etildi. «Xotiralar»dan so‘ng Gabriel Markes boshqa yozmasligini ta’kidladi. Bu safar u so‘zida turdi. 2006 yilda bergan intervyusida u shunday degandi: “O‘tgan yili umrimda birinchi marta bir misra ham yozmadim. Mendagi tajriba bilan yana bitta roman yozishning hech bir qiyin joyi yo‘q. Lekin muxlislarim unga yuragimni, qalbimni baxshida etmaganligimni darhol payqashardi…”.
Biroq Gabriel Markes muxlislari undan hamon ajoyib asarlar, hech bo‘lmaganda o‘sha va’da qilingan memuarlarni kutib qolishadi. Shundan so‘ng yozuvchi «Hayotni so‘ylash uchun yashash» xotiralar kitobini yozib tugatdi.

SO‘NGGI MISTIFIKASIYa YoXUD YoZUVChINING SO‘NGGI MAKTUBI

2000 yilda, kasalligi avj olgan pallada Markes insoniyatga atab yozgan so‘nggi maktubini qog‘ozga tushirdi. Maktub «Men ketayapman…» deb boshlanardi.
«Agarda Tangri menga yana ozroq umr berganida edi, men xayolimga kelgan har bir so‘zni aytmagan bo‘lardim, ehtimol, men gapirishdan oldin ko‘proq o‘ylab ko‘rardim.
Men har bir narsaga uning qiymatiga qarab emas, balki ahamiyatiga qarab baho bergan bo‘lardim.
Kam uxlab, ko‘proq orzu qilardim, yumuq ko‘zlarning har bir daqiqasi oltmish soniyali yorug‘ dunyodan mahrum bo‘lish demakdir.
Boshqalar tik turganda, men yurardim, boshqalar uxlaganda, men uyg‘onardim, boshqalar gapirayotganda men tinglardim.
Shokoladli muzqaymoqdan to‘yib-to‘yib yegan bo‘lardim.
Tangri menga yana ozgina umr berganida, men oddiygina kiyinardim, quyoshning ilk nuridan uyg‘onardim, tanamni, qalbimni oftobga berardim.
Yo, Tangrim, qaniydi yana ozgina vaqtim bo‘lganida edi, men nafratimni muzga aylantirib, quyosh chiqishini kutardim.
Men Van Gog kabi yulduzlar shu’lasida surat chizardim, Benedetti she’rlarini o‘qib, orzu qilardim.
Men atirgul tikani og‘rig‘idan g‘unchalarini ko‘z yoshlarim bilan yuvardim, gul barglaridan bo‘sa olardim.
Yo, Tangrim, mening umrimni ozgina uzaytirganingda, sevimli kishilarimga ularni yaxshi ko‘rishimni aytish uchun biror kunni ham o‘tkazmagan bo‘lardim. Men qariganda odamlar sevishdan to‘xtaydi, degan gaplarning yolg‘onligini isbotlab berardim. Aksincha, odamlar sevishdan to‘xtasa, qariy boshlaydi.
Bolaga qanot in’om etgan bo‘lardim, o‘zim unga parvoz qilishni o‘rgatardim.
Qariyalarga o‘lim qarilikdan emas, unutilib yuborilishdan kelishini tushuntirardim.
Axir, men ham ko‘p narsani sizlardan o‘rgandim.
Har bir kishi tog‘ cho‘qqisida bo‘lishini, lekin haqiqiy baxt uni qiyalikda kutib turishini tushundim.
Yangi tug‘ilgan chaqaloq jajji qo‘lchalari bilan ota barmog‘ini ushlaganida, uni bir umrga tutib qoladi.
Har bir kishi boshqaga, tepadan pastga tomon qarashga haqli, chunki oyoqqa turishida uning yordami tegishi mumkin.
Men sizlardan juda ko‘p narsani o‘rgandim. To‘g‘risini aytsam, bundan ne naf, bilimlarim sandig‘ini to‘ldirib, o‘zim ketayapman…»
Lotin Amerikasi dahosining so‘nggi maktubi Kolumbiya, Argentina, Peru nashriyotlariga tarqatildi. Bir zumda butun dunyo tillariga tarjima qilindi. Uning ijodiga oshiq muxlislar ko‘ziga yosh qalqdi. U ketayapti, u biz bilan xayrlashayapti! Bu orada Markesning ahvoli yaxshilandi. Shunda o‘zining hassosligidan uyalib, bu so‘zlar muallifligidan bosh tortdi: «Men uyat va alamda qoldim. Chunki meni sidqidildan yaxshi ko‘rib, e’zozlovchi muxlislarim bunday «bemaza insho»ni mening asarim deb o‘ylashsa-ya! Aynan mana shu bemaza insho depressiya va tushkunlik holatida bo‘lgan kishilarni hayotga boshqacha nigoh bilan qarashga majbur etgan. Bunday xayrlashuv maktubini Gabriel Markes nomli dahodan boshqa hech kim yozolmas edi. Biroq adabiyot ahli o‘rtasida hanuz bahs, tortishuvlar bo‘ladi. So‘nggi maktubning haqiqiy muallifi kim ekan aslida? Markes ijodi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar, maktubni uning o‘zi yozgan, deyishadi. Faqat Markes buni tan olishni istamaydi. Chunki murojaat juda sodda, samimiy, muloyim tilda yozilgandi. Hozirda Gabriel Markes maktubni Argentinaning Perudagi elchisi yozgan deb ta’kidlamoqda. Elchi qo‘rquvdan titrab, u yozuvchi emasligini, bunday jumlalar tuzolmasligini qayta-qayta takrorlardi. Shusiz ham hammasi ayon edi. Bu dahoning so‘nggi afsonasi bo‘lsa-chi? Ehtimol, so‘nggisi emasdir. Ha, u ketayapti. Lekin u hali tirik. Inson tirik ekan, u hali yaratishga qodir bo‘ladi. Holbuki, bu insonning nomi Gabriel Garsia Markes!

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 11-12-sonidan olindi.