Suyima G‘aniyeva. E’tiqod va irfoniy qarashlar (2006)

Zahiriddin Muhammad Bobur voqelikni nihoyatda nozik idrok etuvchi, his-hayajon bilan yashovchi, inson ruhiyatining barcha holatlarini ilg‘ab oluvchi, xotirasi o‘tkir, mulohazalari chuqur, mehri qaynoq, qahri qaviy, tavajjuh doirasi benihoya keng, vijdoniyati, oriyati g‘oyat mustahkam siymo bo‘lgan. Boburning Osiyodagi boshqa hukmdorlardan ijobiy farq qilishi haqida bizda ham, xorijda ham ko‘p yozganlar.
Boburning irfoniy qarashlari uning ijodiyotida ham, «Boburnoma», «Aruz risolasi», «Mubayyin», maktublari, hatto farmonlarida ham aks etgan. Boburdagi oriflik ilmga, hayotga, davlatga munosabatda ro‘yi rost ko‘rinadi. Ma’naviy barkamollik, ilm-ma’rifatga intilish Bobur munojotlarining ham, Bobur pandlarining ham, Bobur faoliyatining ham markazida turgan.
«Kim bor anga ilm — tolibi ilm kerak…» deb boshlangan ruboiydagi maqsad ayon, izoh talab qilmaydi. Bobur she’riyatida inson dilining latifligi, chehrasining go‘zalligi, ruhiy holati ta’riflari «irfonning eng baland maqomi ma’rifat va eng xushtar(lazizroq) holi irfondir» mezoni bilan chamalansa, o‘lchansa durust bo‘lur edi.
Uning irfoniy fikrlari ko‘proq ruboiylarida beriladi va an’ana talablari ham, zamona ehtiyoj va tazyiqlari ham shaxsiy kechinmalari bilan birlashib ketadi. Bobur she’riyatida sog‘inch, ruhiy isyonlar bilan yo‘g‘rilgan, yoddan chiqmas, yurak tubiga cho‘kib qoladigan o‘kinch, armonlar, pandlar, nasihatlar, o‘tinchlar nazm ipiga tortiladi, ohorli timsollar yaratiladi; serjilo badiiyat unsurlari—san’atlar istifoda etiladi.
«Boburnoma»da Boburning har bir voqea, hodisa, muloqot, musohabat mohiyatini yurakdan o‘tkazishga moyilligini uqsa bo‘ladi. Bu asarda aksar misollar, tafsillar muallifning e’tiqodi, irfoniy tavajjuhini yuzaga chiqaradi. Masalan: G‘azni kentlaridan biridagi salovot aytgach tebranuvchi mazor haqidagi, Istalif shahridagi (Bobur g‘oyat xush ko‘rgan shahar) «Xoja se yoron» chashmasi bilan mashhur joyda chinor, balut va arg‘uvon daraxtining (boshqa joylarda o‘smaydigan nav’ini) ektirishi, xalq orasida mo‘tabar sanalgan uch azizning karomati deb e’timod etilgani uchun bu yerni juda obod qilgani bejiz emas.1
Hindolning tug‘ilishi va Mohim begim hamda Hazrati Volida (Qutlug‘ Nigor xonim) tarbiyasiga berilishidagi tafsillar—«Bu munosabat bila Hindol menga ham ini va ham farzanddir», degan e’tirofimi?!
926, muharram oyi 22 chi kuni (1519 yil 16 dekabr) Kunar degan kentdagi norunjzor sayrida sharros yomg‘ir quyganda, Bobur o‘zi bilgan tilsimni to‘rt parcha qog‘ozga yozdirib, to‘rt tomonga ostirib qo‘yadi. O‘sha zamonoq yomg‘ir to‘xtaydi…
Shayboniyxonga qarshi kuch yig‘ish uchun Xurosonga borib, qaytayotganida, bo‘lasi Muhammad Mirzo Bobur izidan shiddat bilan quvadi. Bir chorbog‘da berkinganida Boburni tanimay soqchilar sardori Do‘st Saripuliy unga qilich soladi. Boburga hech zahmat yetishmaydi. Chunki, deydi u, «Men bu duoni o‘qub erdim, Tangri taolo bu mutavajjih bo‘lgan baloni daf’ qildi», deb yozadi:
«Bismillahir-rahmonir-rahim. Ollohumma anta rabbiy, la ilaha illa anta tavakkaltu alayka va anta rabbul-arshil-azim. Mashaollohu kana va ma lam yasha’ lam yakun va la havla va la quvvata illa billahil-aliyil-azim. Va innallaha ala kulli shayin qadir. Va innallaha qad ahata bikulli shayin ilman va ahso kullu shayin adadan.
Ollohumma inni auzu bika min sharri nafsi va min sharri g‘ayri va min sharri kulli zi sharrin va min sharri kuli dabbatin, anta oxaz binasiyatiha, innaka rabbil-arshil-azim». (Tarjimasi: «Mehribon va rahmli Ollohning nomi birlan. Ey Parvardigor, Sen mening Rabbimsen, Sendin o‘zga Iloh yo‘qtur, Sengagina umid qilurmen. Zero, Sen ulug‘ Arsh Rabbisisen, Sen xohlag‘on ish bo‘lur, xohlamag‘oning bo‘lmas. Barcha kuch-qudrat faqat O‘zingdadur. Sen oliy, buyukdursen. Barcha nimarsani ilming ila qamrab olursen va har nimarsaning hisobini juda yaxshi bilursen».)
Ey Parvardigor, men Sendin nafasimning yomonligidin, o‘zgalarning yomonligidin, har bir yovuz niyatli kishilar yomonligidin va qo‘l ostingda bo‘lg‘on har bir jonzotning yomonligidin panoh so‘raymen. Zero, Sen buyuk Arsh Rabbisindursen».
Boburning Xoja Ahrorga e’timodi ham, e’tiqodi ham g‘oyat baland edi. Boburning otasi Umarshayx iltimosiga ko‘ra uning ismini «Zahiruddin Muhammad» deb Xoja Ahror qo‘ygan edi.
Vatan taqdiri, o‘z qismatiga oid mashaqqatlar girdobida ekanida toliqqan Bobur namoz o‘qiyotib, munojot chog‘ida uyquga toladi. Tushida Xoja Yah’yo o‘g‘li Xoja Ya’qub oq-qora tusli otda yelib kelib, meni Xoja Ahror yubordilar, podshohlik masnadi sizga, fath va nusrat siz saridur, deydi. Shu asnoda Boburning xolasi Davlat Sulton begimning ko‘kaldoshi yetib keladi va, Xoja Ubaydulloh tushimda Boburni huzurimga keltir, masnad anga taalluq bo‘lubdur, deydi.
1528 yili Gvaliyarda Bobur og‘ir isitmalab qoladi. 1 oyu 40 kun bu xastalikdan qutulish niyatida «Volidiya» tarjimasini boshlaydi va tarjimani tugatmasdanoq xastalik chekinadi.
Yana bir ta’sirli misol: Sanbal hukmdori Humoyun qattiq betob bo‘ladi. Uni Dehliga keltiradilar. Bobur hoziq, tabiblarni yig‘adi. Ular «Ushmundoq dardlarga darmon budurkim, yaxshi nimarsalarni tasadduq qilmoq kerak, toinki Tangri taolo sihhat bergay…» deydilar. Bobur «Muhammad Humoyunning mendin o‘zga yaxshiroq nimarsasi yo‘q. Men o‘zum tasadduq bo‘layin… Uch qatla boshidin o‘chrulub, dedimkim, har ne darding bor, men ko‘tardim»
Gulbadan begimda «Xudoyo, jon o‘rniga jon bermoq mumkin ersa, menkim, Boburmen, umri jonimni Humoyunga bag‘ishlayman… Shu kunning o‘zidayoq jannatmakon Hazratning toblari qochib qoldi, Humoyun podshoh ersa o‘z boshlaridan suv qo‘yib, tashqariga chiqdilar», deb yozadi.
«Mubayyin»da Bobur e’tiqodi diniy yo‘nalishda bayon etiladi. Islom ruknlari haqida yozar ekan, Bobur yer-erida farzandlari Humoyun va Komron mirzoga pandu nasihatlarini aytadi. Bular irfoniy she’riyatning go‘zal namunalaridir.
Boburning o‘g‘li Humoyun ham ijodkor shaxs bo‘lgan. Mutribiyning «Nusxai zeboyi Jahongir» tazkirasida keltirilishicha, Iroq podshohlaridan biri «g‘oyat nazokatli va sharofatli bo‘lgan, bir necha risola majmu’i»ning nusxasini yuborsangiz degan iltimos bilan noma yo‘llagan edi. Bu Humoyun podshoh qalamiga mansub to‘rt risola edi. «Faqir Abdulloxon kitobxonasida ko‘rganman. Qo‘lyozmalar «muallifning Sharif xatlari bilan bitilgandir», — deb yozadi Mutribiy. Bular:
1. Islom aqidalari, imon sharoitlari, mo‘minlik ahkom va ruknlari haqida.
2. Ilmi nujum, yulduzlar sayri, oy va quyosh manzillari, to‘rt fasl, yer kurrasining ma’rifati, iqlimlar va rasad bog‘lash tariqlari haqida.
3. Musiqa ilmi, 12 maqom, 21 sho‘ba, ovoz va usullari haqida.
4. She’r ilmi, aruz, qofiya; bu fan mezonlari va mushkiloti haqida.
Bu to‘rt risola xati go‘zal kotibga ko‘chirtirilib, Iroqqa jo‘natilgan edi.
Shu o‘rinda boburiy shahzodalardan Shoh Jahonning to‘ng‘ich o‘g‘li Muhammad Doro Shukuh Bobur an’analarini davom ettirgani, orifona asarlar yozgani, Boburning tarjima sohasidagi ishlarini ham davom ettirgani haqida to‘xtalmoq joizdir. Shoh Jahon og‘ir xasta ekanida davlat ishlarini boshqarib turgan Muhammad Doro Shukuh saltanat-taxt talashgan birodarlari fitna-fujuri, o‘zaro nizolarini bosa olmagan. Uning yuragida ijod shamchirog‘lari yoniq bo‘lib, harbiy ishlaru hukmdorlikka tavajjuhi bo‘lmagan.
1658 yili ukasi Avrangzebning hiyla va xiyonatli xatti-harakatlari natijasida Ogra yaqinidagi jangda Doro Shukuh mag‘lubiyatga uchraydi. Shoh Jahon hibsga olinadi, ukasi Murodbaxsh zindonband etiladi. Muhammad Doro Shukuh qochqin bo‘lib, bir vaqtlar o‘zi hayotini saqlab qolgan Belujiston Sultoni Malik Javondan panoh istab boradi. Lekin bu Sulton xiyonat qiladi. 1658 yil o‘rtalarida bemorlikdan zaiflashgan Shoh Jahonga Doro Shukuhning kesilgan boshini tabaqda kiritadilar. Avrangzeb o‘zining qonxo‘rligi, toshyurakligini namoyon etib, onasi Arjumandbonu begim(Mumtoz Mahal)ga oq marmardan qurilgan muhtasham Tojmahal maqbarasi tufayli xazinani bo‘m-bo‘sh qilib qo‘ygan otasidan ana shunday dahshatli o‘ch olgan edi.
Tarixga nazar tashlansa amin bo‘linadiki, shohlar kelar ekan, shohlar ketar ekan. Qaysi biridan yaxshi nom, bunyodkorlik obidalari, yaxshi asarlar qolar ekan, qaysisidan esa qora ko‘lanka, cho‘kik qabr qolar ekan.
Muhammad Doro Shukuhdan 10 nomda irfoniy, tasavvufiy asarlar yetib kelgan.
1.    «Safinat ul-avliyo» — irfoniy adabiyotning yorqin namunasi. Qodiriya, junaydiya, naqshbandiya, kubraviya, chishtiya va boshqa mashoyixi va orifa, soliha ayollar holatlariga oid asar;
2.    «Sakinat ul-avliyo» — Shayx Abdulqodir Giloniy, Minju xulafolari manoqiblari;
3.    «Haqnoma» — irfon va tasavvuf masalalariga oid asar;
4.    «Hasanot ul-orifiyn» («Shatxiyot» ham deyiladi) — Ibrohim Adham, Boyazid Bistomiy, Robiya Adaviya, Mansur Xalloj shatxiyotlari, ularning davomchilari haqida;
5.    «Majma’ ul-bahrayn» — islomiy va hindu mazhablaridagi umumiy va o‘ziga xos jihatlar haqida(1185—1771-72 yili arab tiliga tarjima qilingan);
6.    «Sirri Akbar» yo «Sirr ul-asror» — 50 upanishodning sanskritdan forsiyga tarjimasi;
7.    Doro Shukuh devoni. U qodiriya tariqatiga mansub bo‘lgani uchun «Qodiriy» taxallusini olgan. Ogra kitobxonasida saqlanayotgan devonda 133 g‘azal va 28 ruboiy jamlangan. Doro Shukuh she’rlari so‘fiyona va orifona mazmunda yozilgan deyiladi «Suhufi Ibrohim» tazkirasida. Devon Mashhadda 1944 yili nashr qilingan;
8.    Irfoniy nomalar. O‘z zamondoshlariga tasavvuf masalalari bo‘yicha (savol-javob xatlar) sanskrit va fors tillaridagi nomalar majmuasi;
9.    «Tariqat ul-haqiqat» («Maorif» ham deyiladi) — muqaddima va 3 manzil, har biri yana 30 manzillarga bo‘lingan bu risolada tariqatning turli bosqichlari yoritiladi. Unda Sa’diy, Amir Xusrav va Jomiy she’rlari keltiriladi;
10.    Savolu javob risolasi. «Muhokama» — suhbatlashish deb ham yuritiladi. Muhammad Doro Shukuhning hind fuqarolaridan Bobo Lol Dosga hindu mazhablar, hind falsafasi xususidagi savollari va olgan javoblaridan iborat. Risolada Jaloliddin Rumiy, Nizomiy, Hofiz va boshqa shoirlarning she’rlari keltirilgan.
Muhammad Doro Shukuh 60 ming baytdan iborat sanskritda yozilgan «Jo‘g» tarkibidagi ba’zi hikoyatlarni ham tarjima qilganligi haqida ma’lumotlar bor.
Ko‘rinadiki, Muhammad Doro Shukuh ulug‘ ajdodi Zahiriddin Muhammad Boburning, bobosi Akbarshohning irfoniy qarashlarini davom ettirgan va ularning hind tili, madaniyati hamda qadriyatlariga hurmatda bo‘lish an’analarini rivojlantirgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 6-sonidan olindi.