Vasiliy Vasilevich Rozanov (1856-1919)

Vasiliy Rozanov Rossiyaning Vetluga viloyatida kambag‘al, serfarzand oilada dunyoga keldi. U uch yoshida otadan yetim qolib, buvisi bilan yashay boshladi.

Rozanovlar oilasi og‘ir jismoniy mehnat bilan g‘aribona, mashaqqatli hayot kechirishgan. Vasiliy Rozanov gimnaziyaning ikkinchi sinfida o‘qiyotganda onasi vafot etadi va farzandlar tarbiyasi to‘ng‘ich o‘g‘il Nikolayning qo‘liga o‘tadi.

Vasiliy Rozanov 1882 yilda Moskva universitetining tarix-filologiya fakultetini tamomlaydi.

Keyin 13 yil davomida Bryansk, Yelts shaharchalaridagi gimnaziyalarda tarix va geografiyadan dars beradi.

Fikrlash tarzidagi achchiq tanqidiy uslub tufayli Rozanovning do‘stlari uncha ko‘p bo‘lmagan. Bundan tashqari uning o‘zi ham yolg‘izlikka moyil bo‘lgan.

V.Rozanov har bir narsa yuzasidan qarama-qarshi, parodoksal shaxsiy nuqtai nazarga ega bo‘lgan.

Og‘ir va nochor o‘tgan bolalik Rozanovni yashash uchun juda muhim bo‘lgan fikriy moslashuv, egiluvchanlikdan mahrum etgandi. Shu tufayli sevish uning uchun tanqid qilmoq va kurashmoq bilan teng edi.

1893 yilda Rozanov Davlat nazorati (aktsiz) idorasiga ishga o‘tadi va Peterburgga ko‘chib keladi.

1899 yili esa iste’foga chiqadi hamda «Novoye vremya» gazetasida ijodiy xodim bo‘lib ishlay boshlaydi va o‘zini butkul adabiy faoliyatga bag‘ishlaydi.

Oktyabr inqilobidan so‘ng u faylasuf va ilohiyotchi Pavel Florenskiy bilan Avliyo Sergey ibodatxonasida yashaydi.

1918 yili Rozanovning miyasiga qon quyiladi, uch oydan keyin esa vafot etadi.

Uning quyidagi asarlari ma’lum: «Anglash to‘g‘risidagi fanning tabiati, chegaralari va ichki tuzilmasini yaxlit ilm sifatida tadqiq qilish tajribasi» (1886), «Ma’rifatning mubham onlari», «Zulmat va mavhumlik saltanatida» (1904), «Cherkov devorlari tegrasida» (1906), «Yolg‘izlik» (1912), «Mavhum qiyofa: nasroniylik metafizikasi» (1911).

* * *

Yo‘llar – nekbinlar qismati.

* * *

Tabiat do‘stdir, ammo uni yeb bo‘lmaydi.

* * *

Har qanday metafizika tabiatni chuqur anglash demakdir.

* * *

Men ta’limotim keng yoyilishini istaymanmi? Yo‘q. Chunki bu juda katta hayajonlarga sabab bo‘ladi, men esa xotirjamlikni sevaman…

* * *

Faqat musibatgina bizga buyuklik va ilohiylik eshiklarini ochadi.

* * *

Dag‘allik va zo‘ravonlik 2 foiz muvaffaqiyat keltirsa, muloyimlik va hojatbarorlik 20 foiz muvaffaqiyatni ta’minlaydi. Yahudiylar bu haqiqatni hammadan avval anglab yetdilar.

* * *

Tahqir bir necha kun o‘tgandan so‘ng shunday ruhiy yog‘duga aylanadiki, unga hech narsa teng kelolmaydi. Ongning oliy darajadagi tiniqlashuviga tahqirsiz erishib bo‘lmaydi, degan fikrni aytib o‘tmaslik mumkin emas. Zero, komillik tahqir, mag‘lublik nimaligini bilmay doimo g‘alaba nashidasini surib, yuksakda yurganlarga bir umr nasib etmagan.

* * *

Shon-shuhrat nafaqat buyuklik, balki buyuklik inqirozining ibtidosidir.

* * *

Inqilob ikki o‘lchamga ega: uzunlik va kenglik. Ammo u uchinchi o‘lcham – teranlikdan mahrumdir. Ana shu sifat tufayli u hech qachon bo‘liq va mazali meva bermaydi, hech qachon «tugamaydi».

Inqilob o‘sib borib asabiylikka aylanadi. Va inson hech qachon: «Bas! Yetarli! Men baxtiyorman. Bugungi kunim shunday yaxshiki, menga erta kerakmas…» deyolmaydi. Inqilob doimo azobni yetaklab yuradi va faqat «ertangi» kundan umid qiladi…

Har bir ertangi kun uni dog‘da qoldirib, indinga aylanadi. Bu uzluksizlikdan hech qayerga qochib qutulib bo‘lmaydi.

Inqilobda quvonch yo‘q. Bo‘lmaydi ham.

* * *

Sotsializm xuddi nomutanosiblik kabi o‘tib ketadi. Har qanday nomutanosiblik o‘tkinchidir. Sotsializm — bo‘ron, yomg‘ir, shamol…

Bir kuni quyosh porlaydi va hamma narsani quritadi. Odamlar sotsializm to‘g‘risida qovjiragan maysa haqida gapirayotgandek: «Nahotki u (sotsializm) bo‘lgan edi?» «Va deraza oynalariga «birodarlik», «tenglik», «ozodlik» do‘llari kelib urilgandi?» – deb so‘raydilar.

— Eh, ha! Bu do‘l qancha odamlarga shikast yetkazgan!!!

— Voajab. G‘alati hodisa. Ishonging kelmaydi. U to‘g‘rida qayerda o‘qish mumkin?»