Demokrit (m.a. 460-360)

Qadimgi yunon faylasufi Demokrit Abdera shahrida tug‘ilib o‘sgan. U badavlat oilaning farzandi edi. Ammo boylikdan kechib, butun umrini kambag‘allikda o‘tkazdi. Bor umrini donishsevarlikka bag‘ishladi. Misr, Eron, Hindiston, Habashistonga sayohat qilgan.

Demokrit shahar tashqarisida joylashgan yer ostidagi sag‘anada kechayu kunduz tinmay ijod bilan mashg‘ul bo‘lgan.

U ellikka yaqin asar yozib qoldirgan. «Inson tabiati to‘g‘risida», «G‘oyalar haqida», «Maqsad haqida» va boshqalar shular jumlasidandir. Pifagorning o‘g‘li Arimnest Demokritning ustozi bo‘lgan.

* * *

Ezgulik adolatsizlik qilmaslikkina emas, uni istamaslik hamdir.

* * *

So‘z — amalning soyasi.

* * *

O‘zida yo‘q narsalar uchun g‘am chekmaydigan, boridan quvonadiganlar aqlli kishilardir.

* * *

Demokritning yuz-ko‘zidan sira tabassum arimagan. Chunki odamlar bajarayotgan barcha jiddiy amallar unga kulgili tuyulardi.

Demokrit g‘ayrioddiy narsalarni darrov ilg‘ab olish va ulardan hayratlanishning hadisini olgan edi. Rivoyat qilishlaricha, Demokrit bir o‘tinchining sarjinlarni mukammal handasaviy shaklda taxlayotganini ko‘rib va bu ishni mutlaqo ongli ravishda, mustaqil bajarayotganini bilib hayratga tushadi. Taxminlarga qaraganda, bu o‘tinchi bo‘lg‘usi faylasuf Protagor edi.

* * *

Ne tongki, har qanday odam qancha qo‘yi borligini hech bir qiyinchiliksiz ayta oladi-yu, lekin hamma ham nechta do‘sti borligini sanab berolmaydi. Nahotki, do‘stlar shunchalik qadrsiz bo‘lsa?

* * *

Demokrit misdan yasalgan yaltiroq qalqonni quyoshga tutib, o‘z ko‘zlarini ko‘r qilgan.

Faylasufning bu qilmishini turlicha izohlaydilar. Masalan, ba’zi manbalarga ko‘ra, Demokrit Quyoshning tabiatini tadqiq etarkan, XIX asrda hayotini elektromagnit to‘lqinlarini o‘rganishga bag‘ishlagan Xenri Xers taqdirini takrorlagan. Boshqa bir rivoyatda aytilishicha, Demokrit olamni «nomukammal asboblar» yordamida ko‘rish imkonidan o‘zini atayin mahrum etib, tafakkur ko‘zini ochish uchun ko‘zlarini «darcha»ga aylantirgan. Sitseron esa aytadiki: «Demokrit o‘zini-o‘zi so‘qirlikka mahkum etdi. Chunki faylasuf ko‘zning aldamchi manzaralari va to‘siqlaridan xalos bo‘lgan ong vositasida fikr yuritib, tabiatni mushohada etish va anglash kishiga ko‘proq zavq bag‘ishlaydi, deb hisoblardi».

* * *

Nafaqat yovni yengganlar, balki o‘z nafsi ustidan hukmronlik qila olganlar ham marddirlar, — deb yozadi Demokrit. — Ba’zilar butun boshli shaharlarga hokimlik qilish barobarida ayolning quliga aylanadilar.

* * *

Bitta ilmiy isbotu dalilni qo‘lga kiritish men uchun fors saltanatiga hokimlik qilishdan a’loroqdir, — degandi Demokrit.

* * *

Hamma narsaning o‘rtamiyonasi a’lo. Mo‘l-ko‘lchilik ham, yetishmovchilik ham men uchun begonadir, — deydi Demokrit.

* * *

Yaqinlarining baxtsizligidan quvonuvchilar taqdir charxpalagi hammaga o‘z ta’sirini o‘tkazishini tushunmaydilar.

* * *

Haddan ortiq tilamoqlik go‘daklarga yarashadi. Erlarga emas.

* * *

Mardlik taqdir zarbalarini pisand etmaydi.

* * *

Bir kuni Demokrit tushlik chog‘ida asal isi ufurib turgan g‘oyat shirin anjirni yeya turib, o‘yga toladi: «Bu anjirlar nega haddan ortiq shirin?»

Faylasuf savoliga javob topish uchun tuyqusdan o‘rnidan turadi-da, anjir daraxti o‘sadigan bog‘ tomon yo‘l oladi. Xizmatkor ayol sohibining nogahon besaranjom tortishi sababini bilgach kulib, anjirlarni asalning idishiga solib keltirgani, shu bois ular haddan ortiq shirali ekanini ma’lum qiladi. Ayolning gaplarini eshitib, anjirni tadqiq etishga bel bog‘lagan faylasufning hafsalasi pir bo‘ladi va shashtini qaytargani uchun undan qattiq ranjiydi. «Bu yerdan ket, — deydi ayolga. — Sen mening ta’bimni xira qilding. Lekin bari bir bu hodisaning tagiga yetmaguncha tinchimayman». Shundan so‘ng chindan ham Demokrit asossiz va yolg‘on anjir hodisasini izohlashga qat’iy kirishadi.

* * *

Demokrit shunday degandi: «Koinotning ibtidosi — atomlar va bo‘shliqdan iborat. Qolgan barcha narsalar faqat fikran mavjuddir».

* * *

Bu olamda yo hech narsa chinakam emas, yoxud chinakam narsalarni biz ilg‘ay olmaymiz, — deydi Demokrit.

* * *

Bilishning ikki ko‘rinishi mavjud. Ularning biri tuyg‘ular vositasida bilish, ikkinchisi tafakkur ila bilishdir.

* * *

Baxt yaxshi kayfiyat, farovonlik, uyg‘unlik, mutanosiblik va vazminlikdir.

* * *

Demokritning donoligi, zukkoligi va o‘tkir bashoratchilik qobiliyati haqida ko‘plab rivoyatlar yaratilgan. Ulardan birida hikoya qilinishicha, Eron shohi Doroning sohibjamol va suyukli rafiqasi vafot etadi. Hukmdorning chuqur qayg‘uga botganini ko‘rgan Demokrit hamma aytganlarini so‘zsiz bajarish sharti bilan malikani tiriltirishga va’da beradi. Doro saroy a’yonlariga Demokrit istagan narsani muhayyo qilish haqida farmoyish beradi. Hamma aytganlari bajo bo‘lgach, Demokrit faqat birgina narsa yetishmayotganini, ya’ni malikaning qabriga hayoti davomida sira g‘am chekmagan uchta odamning ismini yozish kerakligini, shunda malika o‘sha zahoti tirilishini aytadi. Tabiiyki, qudratli hukmdor bitta ham g‘amsiz odamni topolmaydi. Shunda Demokrit odatdagidek kulib, Doroga qarata shunday deydi: «Ana shunaqa noshukur zot, g‘am-tashvish faqatgina sening boshingga tushgandek ertayu kech yig‘laganing-yig‘lagan. Axir, aqalli bitta ham g‘amsiz odamni topolmading-ku!»

* * *

Olamlar son-sanoqsizdir, — deb yozadi Demokrit. — Ular turlicha kattalikda bo‘lib, sarhadsiz bo‘shliqdan vujudga keladi, yashaydi va halok bo‘ladi. Ularning ba’zisida Quyosh ham, Oy ham yo‘q. Ba’zilarida esa Quyosh va Oy biznikidan kattaroq, ayrimlarida ularning soni bir nechtadir. Olamlar orasidagi masofa turlicha bo‘lib, ba’zi joylarda ular g‘uj-g‘uj, boshqa yerlarda siyrak joylashgan. Ba’zi olamlar o‘sish jarayonini, ayrimlari taraqqiyotining eng gullagan davrini kechirayotgan bo‘lsalar, boshqalari halokatga yuz tutganlar. Bir joyda olamlar tug‘ilsa, ikkinchi joyda g‘oyib bo‘ladi. Ular bir-birlari bilan to‘qnashib, halokatga uchraydilar. Ba’zi olamlarda jonzotlar ham, o‘simliklar ham, suv ham bo‘lmaydi.

* * *

Sarhadsiz fazoda men kabi sanoqsiz demokritlar mavjuddir.

* * *

O‘ta qo‘pol so‘zlayotgan bir odamni ko‘rib, Demokrit shunday degan ekan: «Bu odam so‘zlay olmaslikni uddalarkan-u, ammo sukut saqlashni eplay olmas ekan».

* * *

Bilimlar mo‘lligiga emas, fikrlar mo‘lligiga intilmoq joiz, — deydi Demokrit.

* * *

Ochiq-oydin so‘zlamoqlik — ozod ruhning sifatidir. Biroq uni bevaqt ijro etish xatarli.

* * *

O‘zgalar ustidan hukmronlik da’vo qiluvchi odam avvalo o‘zini boshqara bilmog‘i lozimdir.

* * *

Vijdonli va insofsiz odamlarni nafaqat bajarayotgan amallaridan, balki xohish-istaklaridan ham bilib olish mumkin.