Xeroneyalik Plutarx (46-127)

Yunonistonlik adib, nasihatgo‘y-faylasuf Plutarx Beotiyaning Xeroneya shahrida tug‘ilib o‘sdi. Plutarx imperator bilan yaqin aloqada bo‘lgan aslzoda oilaning farzandi edi. U bolaligidanoq Afinada tahsil oldi. Voyaga yetgandan keyin esa shu yerdagi Akademiyaga doimiy ravishda qatnab turdi.

Plutarxni ko‘proq quyidagi mavzular qiziqtiradi:

— do‘st bilan xushomadgo‘yni ajratish;

— yosh bolalarga muhabbat;

— nikohga oid qo‘llanmalar;

— keksayganda davlat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lish yoki bundan voz kechish masalasi;

— o‘smirlarni she’riyat bilan tanishtirish usullari;

— Suqrotning ichki ovozi;

— ayollarning jasorati.

Plutarxning hammasi bo‘lib 227 ta asari ma’lum. Ularning deyarli yarmisi hozirgacha saqlanib qolgan.

* * *

Quyosh, Oy, Osmon, Yer va dengiz butun insoniyatga birdek tegishli. Insonlar xoh shimolda, xoh janubda yashasinlar, xoh yunon, xoh o‘zga yurtlik bo‘lsinlar, yagona Xudoga sig‘inadilar. Insonlar Yaratuvchini turlicha nomlar bilan atasalar-da, butun olamga yolg‘iz Xudo hokimlik qiladi. Hamma yerda ayni bir kuch hukmrondir. Faqat qalbni ilohiyot sari yo‘llovchi nomlar, timsollar va marosimlargina turlicha, xolos.

* * *

Borliq — harakatdir.

* * *

Eshitish qobiliyati inson qalbini barcha sezgilardan ko‘ra osonroq chalg‘itib, tezroq hayajonga soladi va aql-idrok bilan mulohaza yuritish qobiliyatidan mahrum etadi.

* * *

Insonning tabiati aslida o‘zgarmasdir. Ammo taqdir har xil yangi umidlar tug‘dirib, yangi tashabbuslar sari boshlaydi.

* * *

Urush yovuzlikdir. Adolatsizlik va zo‘ravonlik unga doimo hamroh. Ammo vijdonli odam urushda ham muayyan qoidalarga amal qiladi. U pastkashlik va jinoyat yo‘li bilan qo‘lga kiritiladigan g‘alaba ketidan quvmaydi.

* * *

Buyuk sarkarda boshqalar tomonidan sodir etiladigan sotqinlikka emas, o‘z kuchiga tayanib, jang olib borishni afzal deb hisoblaydi.

* * *

Yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, zarur narsani olishga ikkilangan kimsa qo‘rqoq va qat’iyatsizdir.

* * *

Kichik nuqsonlar, ayniqsa, hokimiyat ishonib topshirilgan zotlarda katta bo‘lib ko‘rinadi.

* * *

Tinch-xotirjam bo‘lishni istovchilar muhtojlikda yashashni o‘rganmoqlari lozim.

* * *

Eng zafarli harakatlarda ham ezgulik yoki axloqsizlik ochiq namoyon bo‘lavermaydi. Goho qandaydir arzimas bir qiliq, so‘z yoki hazil inson fe’l-atvorini o‘n minglab odamlar halok bo‘ladigan jangdagidan ko‘ra aniqroq va ro‘y-rost namoyon etadi.

* * *

Hamdardlik — o‘zgalarning baxtsizligidan aziyat chekish, hasad — birovlarning baxtini ko‘rib g‘amga botish.

* * *

Ichiqoralik — o‘zgalarning musibatidan lazzatlanish demak.

* * *

Hech bir aytilgan so‘z aytilmay qolgan so‘zchalik foyda keltirmagan.

* * *

Har qanday adashish halokatlidir. Ehtiros hamroh bo‘lgan adashish esa ikki karra halokatliroq.

* * *

Biz ko‘pincha javobga muhtojligimiz tufayli emas, balki o‘zgalarning ovozini eshitib, ularni o‘zimizga og‘dirib, suhbatga tortish uchun savol beramiz.

* * *

Kishining o‘ziga ortiqcha ishonib, ko‘hna e’tiqod va urf-odatlarni pisand etmasligi oqibatida xatoga yo‘l qo‘yganidan ko‘ra, ularga ehtiyotkorona amal qilish natijasida adashmoqligi afzaldir.

* * *

Menimcha dag‘allikning ham, jur’atsizlikning ham ildizi ilmsizlikka borib taqaladi.