Antisfen (m.a. 444-366)

Antisfen — m.a. V-IV asrlarda yashab o‘tgan yunon faylasufidir. U avvaliga faylasuf Xorgiyning shogirdi bo‘lgan. Keyinchalik Suqrotdan ilm o‘rgangan. Antisfen chekka Pireya shahrida yashasada, har kuni 40 stadiya (1 stadiya — 184,75 gaz) yo‘l bosib, Suqrotning huzuriga qatnagan. Keyinchalik Antisfen kiniklar maktabiga asos solgan. Faylasuf Diohen Antisfenning eng iqtidorli shogirdlaridan edi. Antisfen o‘limga hukm etilgan ustozi Suqrot bilan qatl oldidan hamsuhbat bo‘lgan. Antisfen birinchilardan bo‘lib qullar va ozod qashshoqlarga xos buyumlar hamda liboslarni o‘ziga ravo ko‘rdi. Shu yo‘l bilan o‘zi asos solgan kinik maktabining boshqalardan ajralib turishini ta’minladi. Kiniklar egnilariga kalta jomakor kamzul kiyib, qo‘llarida gadoylarning to‘rvasi va darbadarlarning tayog‘ini ko‘tarib yurganlar. Ehtiyojlarni har tomonlama chegaralamoq Antisfen hayotining mazmuni sanalgan. U o‘zini «zotsiz ko‘ppak» deb atagan. 77 yoshida o‘pka siliga chalinib, vafot etgan.

Antisfenning quyidagi asarlari ma’lum: «Haqiqat», «Fikr va bilim haqida», «Savol va javob haqida», «Sevgi, nikoh va farzandlarning dunyoga kelishi haqida», «Gerakl».

* * *

Antisfendan eng zarur ilm qaysi ekanligi xususida so‘raganlarida: «Ilmlarning eng zaruri nokerak narsalarni unutish ilmidir», — deb javob bergandi.

* * *

Falsafa menga o‘z-o‘zim bilan suhbat qurishni o‘rgatdi, — deydi Antisfen.

* * *

Yaxshi va yomon odamlarni ajratish layoqatini boy bergan hukumat halokatga mahkumdir.

* * *

Adolatli zotlarni tug‘ishganingizdan ham a’lo ko‘ring, — degandi Antisfen.

* * *

Donishmandlik maqomiga erishganlar keraksiz buyum va fikrlarga chalg‘imasliklari uchun boshqa ilmlarga qiziqmasliklari joiz.

* * *

Antisfenning o‘z shogirdlariga o‘ta qattiqqo‘lligi sababini so‘rashganda, u shunday javob beradi: «Hakimlar ham bemorlarga qattiqqo‘ldirlar».

* * *

Bir odam Antisfenga dedi:

— Seni ko‘pchilik maqtayapti.

Antisfen undan ajablanib so‘radi;

— Nima, biror noma’qul ish qilib qo‘ydimmi?

* * *

O‘zgalardan qo‘rquvchi kimsa, garchi o‘zi buni sezmasada, quldir.

* * *

Donishmand hech narsaga va hech kimga muhtoj bo‘lmaydi, chunki o‘zgalarga tegishli barcha narsalar unga ham tegishlidir.