Xan Fey (m.a. 288-233)

Qadimiy Xitoy faylasufi Xan Fey Xan saltanatining aslzoda xonadonlaridan birida dunyoga keldi. U bolalik chog‘idanoq duduqlanib gapirardi. Keyinchalik Syun-tszining qo‘lida tahsil olib, Shan Yan, Shen Buxay, shuningdek, daosizm (xitoycha «dao» — qonun demak) ta’limoti bilan qiziqqan.

Xan Fey o‘ziga qadar yashab o‘tgan ko‘plab yirik donishmandlar kabi legistik («legist» — lotincha «qonun» degan ma’noni anglatadi) dunyoqarash tarafdori bo‘lib, davlatni boshqarish muammolari bilan shug‘ullangan. «Qonunlar xalqning otasi va onasidir. Hukmdor va amaldorlar, oliy nasablilaru past tabaqadagilar — hamma qonunga birdek amal qilmog‘i lozim. Bu — buyuk boshqarish san’ati deb ataladi» degan g‘oyani yoqlagan.

Xan Fey qonunni birinchi o‘ringa qo‘ygan Shan Yan («Qonunlar va farmoyishlar — xalqning hayoti va boshqaruvning asosidir»), hukmdorlik san’atini birinchi o‘ringa qo‘ygan Shen Buxay («Hukmdor qo‘li ostidagi amaldorlarni ishlata biladi va harakatlarining natijasi bilan o‘zgalarni lol qoldiradi»), iyerarxiya (quyi mansabdagilarning yuqori mansabdagilarga bo‘ysunish tartibi) kuchini birinchi o‘ringa qo‘ygan Shen Dao («Axloqsizlarni itoatga keltirish uchun donishmandlikning o‘zi yetarli emas, ammo donishmandlarni egib olish uchun e’tiborli mavqening o‘zi yetarli») qarashlariga tayanib, boshqaruvning «uch quroli» va «ikki tayanchi» haqidagi ta’limotni ishlab chiqdi.

* * *

Qonunga rioya qilish, hokimiyatning amalda mavjudligi va boshqarish san’atidan foydalana bilish hukmdorning qo‘lidagi uch boshqaruv quroli bo‘lib, davlatdagi tartib-intizomning garovidir.

Ulardan bittasini ham e’tiborsiz qoldirish mumkin emas.

* * *

Har bir qonunning ikki tayanchi bo‘lib, biri jazo, ikkinchisi mukofotdan iboratdir.

* * *

Xan Feydan uchta qo‘lyozma asar qolgan, ulardan biri «Yolg‘iz odamning nolishi» deb ataladi. Faylasuf bu asariga quyidagi g‘oyalarni singdirgan.

Hech qachon hukmdor bo‘lmagan odamning shohga aql o‘rgatishi har kimga ham erish tuyulishi mumkin. Qani aytingchi, falakiyotshunos olim etikdo‘zning maslahatiga muhtojmi? Etikdo‘z maslahat berdi ham deylik, ammo uning aytganlari foydali va o‘rinli bo‘larmikan? Biroq boshqa tomondan olib qaraganda, «mushkulingni oson qiluvchi so‘zni hech qachon o‘zing uchun topib aytolmaysan», degan naql ham barchaga ma’lum-ku. Go‘yoki yorug‘ nurga yo‘g‘rilgan asl maslahatni faqat chetdan kutish mumkin. Xan Feyning bu ta’limoti bilan tanishgan aziz o‘quvchilarimiz o‘tkir zakovat sohibi Rustavelining: «Jangni chetdan turib kuzatgan har bir kishi o‘zini mohir lashkarboshi, deb xayol qiladi» degan so‘zlarini eslashayotgandir. Shuningdek: «Qanchalar uzoqlashsang, shunchalar yaxshi ko‘ra olasan», degan naql ham mavjud.

Xan Feyning ikkinchi kitobi «Besh tekinxo‘r», uchinchisi «Xan Fey-tszi» deb nomlanadi. Faylasuf o‘z asarlarida hukmdorlarga shunday maslahatlar beradiki, ular hozirgi kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan.

* * *

Hukmdor hokimiyatni hech qachon, hech kim bilan bo‘lishmasligi lozim. Agar u amaldorlarga zarracha hokimiyat bersa, ular o‘sha zahoti bir zarra hokimiyatni yuz zarra hokimiyatga aylantiradilar.

* * *

Haddan ortiq foyda olishga intilish tashvish keltiradi. Tashvish esa betoblikka sabab bo‘ladi. Betoblik donolikning kuchini qirqadi. Donolikning kuchi qirqilgach, me’yor hissi yo‘qoladi. Me’yor yo‘qolgach, harakatlar tartibsiz tus oladi. Tartibsizlik esa baxtsizlik va azob-uqubatlarni yetaklab keladi. Baxtsizlik va azob-uqubat yetib kelishi bilan betoblik insonning butun jismu jonini chulg‘ab oladi. Tashqaridan kelgan baxtsizlik g‘am-anduhga sabab bo‘ladi. Agar azob-uqubat va og‘riq ichki a’zolarga ham kirib borsa, insonni shafqatsizlarcha yaralaydi va azobli og‘riq kuchayadi. Shafqatsizlarcha yaralangan inson og‘riqqa dosh berolmay, o‘zini ayblab, o‘zidan o‘pkalaydi. Demak, ortga chekinish va o‘z-o‘zidan o‘pkalash foyda ortidan quvishning natijasidir. Shu bois: «Inson uchun shaxsiy manfaat ketidan quvishdan ortiqroq xavf-xatar yo‘q», deyiladi.

* * *

Dono hukmdor o‘z xatti-harakatlari sababini yashiradi, toki amaldorlar ulardan foydalanmasin. Hukmdor o‘zining donoligini pinhon tutib, iste’dodini past qilib ko‘rsatadiki, qo‘l ostidagilar uning bu sifatlarini ham sezolmasinlar. Donishmand hukmdor amaldorlarni hukmdor bo‘lish umididan mahrum etadi. U shunday yo‘l tutadiki, amaldorlarning o‘zlari hokimiyatdan yuz o‘giradilar.

* * *

«Har bir davlatning o‘z «tekinxo‘rlari» bor, — deb yozadi Xan Fey. — Ular besh toifaga bo‘linadi. Agar hukmdor bunday kimsalarni tag-tomiri bilan yo‘qotib, risoladagidek fuqarolarni tarbiyalay bilmasa, olamda halokatga mahkum davlatlar va sulolalar soni ko‘payaveradi. Davlatga tahdid soluvchi o‘sha besh toifa quyidagilar:

1. Avvalgi hukmdorlarning insonparvarligi va burch tuyg‘usiga sodiqligini ro‘kach qilib, ularning tutgan yo‘lini maqtovchi, ust-boshiga zeb berib, mahorat bilan so‘zlangan balandparvoz ma’ruzalari vositasida mavjud qonunlarga nisbatan shubha uyg‘otuvchi va hukmdorning qalbida ikkilanish tuyg‘usini tug‘diruvchi olimlar.

2. Turli bo‘lmag‘ur gap-so‘zlarni tashuvchi, tashqi kuchlarga tayanib, o‘zining shaxsiy manfaati yo‘lida istalgan saltanatning timsoli bo‘lgan yer mehrobi va don-dun uchun foydali barcha yumushlardan bo‘yin tovlagan vaysaqilar.

3. Beliga qilich taquvchi, olomon bo‘lib to‘planuvchi, nom chiqarish va oliy mansabdorlarning taqiqlarini buzish uchun o‘z sifatlarini ko‘z-ko‘z qiluvchilar.

4. Bor mol-mulkini amaldorlarga pora uchun sarflab, yalinish yo‘li bilan og‘ir mehnatdan va harbiy xizmatdan o‘zini olib qochuvchi, majburiyatdan qo‘rqib, uyga biqinib oluvchilar.

5. Qo‘pol va beo‘xshov, qalbaki narsalarga ruju qo‘ygan, o‘z uyida behisob zaxiralarni yig‘ib olib, dehqonlarning foydasini tortib olish uchun payt poylagan, qish faslida yoki qahatchilik chog‘larida mahsulotlarni olib-sotish bilan mashg‘ul bo‘lgan savdogar va hunarmandlar».

* * *

«Bugungi kunda qattiqqo‘l va ishonchli odamlarning soni o‘ntaga ham bormaydi. Ammo mamlakatdagi amaldorlik lavozimlari yuzdan ortadi. Shu bois barcha lavozimlarga qattiqqo‘l va ishonchli kishilarni tayinlashning imkoni yo‘q. Amaldorlik lavozimlarini to‘ldirish uchun loyiq odamlar yetishmasligi oqibatida esa tartibni saqlab, himoya qiluvchilar kamayib, el-yurt orasida fitna uyg‘otuvchilar ko‘payadi. Ma’rifatli hukmdor bundan qutilish uchun aqlli kishilarni izlab ovora bo‘lmay, yagona qonun joriy etishi, qo‘l ostidagi ishonchli amaldorlar bilan faxrlanib yuravermasdan, boshqaruv san’atini puxta egallab olmog‘i lozim. Ana shunda qonunga zarar yetmaydi, yovuz va yolg‘onchi amaldorlarga barham beriladi».

* * *

Mamlakatda aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar ko‘payib ketsa, qonun buziladi. Qo‘l mehnati bilan band fuqarolar kamayganda esa, mamlakat qashshoqlikka yuz tutadi.

«Buyumlar eng so‘nggi nuqtaga yetib borgandan so‘ng albatta ortiga qaytadi. Agar biror narsaga qattiq tikilib qarasangiz, ko‘zlar xira tortadi; agar quloqlar haddan ortiq ding bo‘lsa, aniq eshitolmay qoladi; agar me’yoridan ortiq o‘yga tolib, ko‘p fikr yuritilsa, bilimlarda tartibsizlik paydo bo‘ladi».

Bizningcha, Xan Fey bu fikri orqali butun insoniyatga xos sifatlardan birini ifoda etgan. Chindan ham bizda, amallarimizda botinan shafqatsiz va muqarrar bir narsa borki, zo‘r berib bir maqsad sari intilganimizda ko‘pincha, negadir umuman teskari natijalarga erishamiz. Bunga Ilya Ilfning kundaligidagi mana bu qaydlar ham misol bo‘la oladi: «Imlo xatolardan qutilish uchun nashriyotga 20 ta musahhih yolladik. Biroq shunga qaramay, kitobning birinchi betida «Britaniya entsiklopudiyasi» degan yozuv turardi».

* * *

Agar insonning boshiga kulfat tushsa, uning qalbi dahshat va qo‘rquv bilan to‘ladi. Yurak dahshat va qo‘rquvga to‘lgach, amallarimiz to‘g‘ri, fikrlarimiz esa yetuk bo‘ladi. Fikrlar yetuklashgach, ishning mohiyatiga yetish uchun yo‘l ochiladi. Amallar to‘g‘ri bo‘lsa, kulfat va zararli oqibatlar barham topadi. Kulfatlar va zararli oqibatlardan xalos bo‘lgan inson bemalol yoshini yashab, oshini oshaydi. Ishning mohiyatiga yetgan odam muvaffaqiyatga erishadi. Yoshini yashab, oshini oshagan inson tinchlik-xotirjamlikda uzoq umr ko‘radi. Yutuqlarga erishgan odam, albatta, boylik va aslzodalikka noyil bo‘ladi. Tinchlik-xotirjamlik va umruzoqlik, boylik va aslzodalik baxt deb ataladi. Biroq baxtning poydevori baxtsizlikning ustida qad ko‘taradi. Shu bois: «Eh, baxtsizlik! U baxtning tayanchidir», deyiladi.