Karnead (m.a. 212-129)

Faylasuf Karnead Yunonistonning Kiren shahrida tug‘ilib o‘sdi. U falsafa maktabiga rahbarlik qilib, haqiqatning mezonlari haqidagi ta’limotni ishlab chiqdi. Karneadning o‘ziga xos kuchli va jarangdor ovozi bor edi. U o‘ta mehnatkashligi, o‘tkir aql-farosati bilan zamondoshlarining tahsiniga sazovor bo‘lgan. Ayniqsa, notiqlik bobidagi mahoratiga hamma tan bergan. Haqiqatning mezonlariga oid fikrlarini dadil ayta olganiga qaramay, Karnead o‘limdan qattiq qo‘rqqan. Vaholanki, u doimo: «Tabiatning o‘zi yaratadi, o‘zi halok qiladi», — degan so‘zlarni takrorlashni xush ko‘rardi. Rivoyat qilishlaricha, Karnead Antipatr ismli bir tanishining zahar ichib, vafot etganini eshitib qoladi. Uning jasoratidan hayajonga tushgan faylasuf:

— Qani, menga ham keltiringlar! — deydi qat’iylik bilan.

— Nimani keltiraylik? — deb so‘rashganida Karnead kalovlanib qoladi va bir lahzalik sukutdan so‘ng:

— Asal qo‘shilgan mayni keltiring! — deb javob beradi.

* * *

Har qanday haqiqat — «nisbiylikka yo‘g‘rilgan ishonchdir. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, haqiqat — «ehtimollik»dir.

* * *

Ro‘y berayotgan hodisalarning hammasi ham taqdiri azal mevasi emas. Ularning ba’zi birlari bizning hukmimizdadir.

* * *

Mulohazadan tiyilish eng to‘g‘ri yo‘ldir.