Zulu maqollari (62 ta)

• Ojizlik beparvolik bilan egiz yuradi.
• Barcha chuqurlar tuproq bilan to‘ladi.
• Ba’zida zirapcha ham filni o‘ldiradi.
• Yashirin adovatdan ochiq o‘pka afzal.
• O‘liktik bo‘lsa, quzg‘un topiladi.
• Botirning o‘limi ham qahramonlarcha bo‘ladi.
• Och ko‘ppak yovvoyiga aylanadi.
• Beli bukri qo‘li qaltiroqdan kularkan.
• Xo‘roz bo‘lmasa ham tong otaveradi.
• Uzoqda yursang — qo‘msaysan, yaqinda bo‘lsang — beziysan.
• Ikki buqa bir joyda yasholmaydi.
• Daraxtni niholligida egib ol.
• Bolalar onalariga taqlid qiladilar.
• O‘tindan kul qoladi.
• Filga xartumi zarar qilmaydi.
• Hayot raqs emas — orqaga yo‘l yo‘q.
• Yo‘lda o‘sgan don hech qachon unmaydi.
• Tabib ham davoda adashishi mumkin.
• Hatto taxtakana ham haqirligini tan olmaydi.
• Jodugar jodugarni sehrlabdi.
• Tikanni tikan bilan chiqaradilar.
• Buqa burnini shoxi bilan asraydi.
• Dushmanni o‘z uyidan haydagandan dalada ushlagan afzal.
• Chiroyli anjirning ichi qurt bo‘ladi.
• Anjirning usti go‘zal, ichi chirik.
• Tabib o‘zini davolay olmaydi.
• Leopard echki bilan yotmaydi.
• Senga soya bergan o‘rmonni masxaralama.
• Kana o‘z sassig‘ini o‘zi sezmaydi.
• Vazir vazir bo‘lib tug‘ilmaydi.
• Ba’zida yaxshi boshlangan ish yomonlik bilan tugashi mumkin.
• Shudring quyosh bilan bellasha olmaydi.
• Mozorsiz tog‘ bo‘lmas.
• Toshqin payti daryoni kechib o‘tmaydilar.
• Nuqsonsiz qiz bo‘lmas.
• Xo‘rozning pixi o‘ziga og‘ir emas.
• Oyoq hech nimani ko‘rmaydi: uning ko‘zi yo‘q.
• Cho‘qqida birlashib, tog‘ etagida bo‘linib ketadilar.
• Yolg‘izlik o‘z egasini yemiradi.
• Bir qo‘l boshqasini yuvadi.
• O‘z zahringdan o‘lib qolma.
• Ovchi ovda o‘ladi.
• Tupuging og‘zingga qaytib tushmasin.
• O‘lmasdan oldin qabr qazma.
• Bir nigoh ikkinchi qarashga undaydi.
• Qush qo‘nmasdan ucha olmaydi.
• Yig‘lamaydigan bola onasining belida nobud bo‘ladi.
• Mening og‘zim — mening qalqonim.
• Bugun sen ustimdan kulasan, ertaga — mening navbatim.
• Fil qulashdan avval ko‘plarni nobud qiladi.
• O‘lim noma’lum burchakda pusib yotadi.
• Qo‘rquv — hech, mardlik — ustuvor.
• Yer ostida yashab, hech narsani ko‘rmaydigan ko‘rsichqon — eng baxtiyor.
• Qayerdadir uchrashgan kishilar qachondir yana ko‘rishib qoladilar.
• Katta ochilgan ko‘zgagina cho‘p kiradi.
• Bekorchini o‘z bekorchiligi yeydi.
• Birovning ishlarini bilgan o‘z ishlarini unutadi.
• Hurmat ikki tomonlama bo‘lishi zarur.
• Quloq yurakka gapiradi.
• Insonni o‘lganidan so‘ng maqtaydilar.
• Qora sigir ham oq, ham qora buzoq tug‘adi.
• Qachondir sodir bo‘lgan ish yana qaytalanadi.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Zulu (zuluslar; o‘zlarini amazulu deb atashadi) — xalq. Janubiy Afrika Respublikasida, shuningdek, Lesoto, Zimbabve, Mozambik va Svazilendda yashaydilar. Umumiy soni 12 million kishi, shundan JARda 11 million kishi (2015). Zulu tilida so‘zlashadilar. An’anaviy diniy e’tiqodlarga rioya qilishadi, shuningdek, turli tabiat kuchlari, narsalarga topinuvchilar ham uchraydi.