Tojik maqollari (52 ta)

• Sayroqi qushlar yo‘q bog‘da qurbaqa ham bulbuldek.
• Do‘stu dushmaningni uch holatda sina: yo‘lda, musibatda, kasallikda.
• Otni eshakxona bog‘lab qo‘ysang u ham hangrab yuboradi.
• Dushman bilan kurashishga kuching yetmasa, yaxshisi, uning ko‘ziga ko‘rinma.
• Bolaning boyligi — ota-onasi.
• Dardingni dardi yo‘qqa ochma.
• Katta daryo tinch oqadi, dono ovozini ko‘tarmaydi.
• Chigirtkadan qo‘rqqan bug‘doy ekmaydi.
• Ba’zida uchqur ot borolmagan joyga eshak yetib keladi.
• Boshqa yurtda bizning sigir buzlqchaga aylanibdi.
• Qalbida sevgi bo‘lmaganning dardi ham bo‘lmaydi.
• Tuya otni bukri deb tasavvur qiladi.
• Sevganga Bag‘dod ham bir qadam.
• Bo‘ri qo‘yga do‘st bo‘lmas.
• O‘g‘ri o‘g‘rini qorong‘ida ham taniydi.
• Tulkining dushmani — uning dumi.
• Hammaga o‘z aqli — raso, o‘z farzandi — eng go‘zal.
• Yovuzlik urug‘ini ekkan o‘z o‘limi uchun eshik ochadi.
• Zilziladan tog‘lar, so‘zdan do‘stlik va sevgi yemiriladi.
• Mehmonning hurmati uch kun.
• Dushmaning chivindek bo‘lsa ham uni tog‘dek hisobla.
• Pul bersang — ozayadi, ilm bersang — ko‘payadi.
• Yaxshi ish uchun Qur’ondan fol ochish shart emas.
• Kun kundan tug‘iladi, bugun kechadan boshlanadi va kelajak bino bo‘ladi.
• Ahmoqning katta-kichigi bo‘lmaydi.
• Dunyo senga boqmasa, sen dunyoga boq.
• Chumolilar birlashsa, sherning terisini ham kemirishadi.
• Eshakni Makkaga olib borganing bilan eshakligicha qolaveradi.
• Yaxshidan sharofat yetadi, yomondan — kasofat.
• Yaxshi yorni yomon kunda sinamoq kerak.
• Bir yaxshi rahbar mol, pul va zardan afzal.
• Yaxshilik qiluvchilarni hamma xaloyiq do‘st tutar.
• Ulug‘lik asosi ilm ila adab, na naslu nasab.
• Oltin o‘tda, odam mehnatda sinaladi.
• Mehnat bilan inoqlashsang, tan og‘rig‘in ko‘rmassan.
• Aql inson boshining tojidir.
• Xiradmand — kamol tolibi, nodon — mol talabgori.
• Ozodlik — obodlik.
• Oqil kishi so‘ziga bino qo‘yar, nodon kishi o‘ziga bino qo‘yar.
• Vafodor yor bo‘lmasa, na umrda lazzat bor va na turmushda rohat.
• Er-xotin da’vosi yoz yomg‘iriga o‘xshaydi.
• Vahima-xavf — qo‘rqoqning do‘sti.
• Xasisga go‘r ham tor.
• Yaxshi xotin erning tinchligi, uyning obodligi va yaxshilik qilishga yordamlashuvchidir.
• Sabr bilan zafar eski do‘stdir, sabrdan keyin zafar keladi.
• Odam umrining lazzati — farzand.
• Uy farzand bilan obod, dala — odam bilan.
• Eru xotin urushiga uy ostonasi kular.
• Nozsiz xotin — yolqinsiz o‘tin.
• Rost yo‘lda xatar yo‘q, egri hamisha xatarda.
• Har kim qari bo‘lgan bilan ham tadbirli bo‘lolmas.
• Yaxshi xotin — turmushga qo‘shar husn.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Tojiklar — Markaziy Osiyodagi qadimiy xalqlardan biri. Tojikiston Respublikasining asosiy aholisi (6,37 million kishi, 2010). O‘zbekistonda (1 mln. 165 mingdan ortiq, 2000; asosan, Samarkand, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida), Afg‘onistonda (taxminan 8 million deya baholanadi), Xitoyning sharqida, Eron Xurosonida, Rossiya Federatsiyasida, Qozog‘istonda va Turkmanistonda, shuningdek, Pokistonda yashaydilar. Tojiklarning umumiy soni 20 millionga yaqin. Asosiy qismi tojik-dariy tilida so‘zlashadi. Tog‘li Badaxshon Muxtor viloyati hamda Yag‘nob aholisining asosiy qismi sharqiy eron tillari guruhi oilasiga kiruvchi maxsus shevalarda so‘zlashadi. Tojiklar, asosan, islom dinining sunniy mazhabiga, Badaxshon aholisining aksariyati esa shia mazhabining ismoiliya oqimiga e’tiqod qiladi.