Tay maqollari (60 ta)

• Xasislik bir eshikdan kirsa, baxt ikkinchisidan chiqib ketadi.
• Timsohlar mamlakatida kaltakesakdan kulishadi-yu, mushukni yo‘lbarsning jiyani deb o‘ylashadi.
• Agar it seni tishlab olsa, qasos olaman deb sen ham uni tishlama.
• Dengiz chuqurligini o‘lchash mumkin, lekin inson ko‘nglining chegarasi yo‘q.
• Qiyshiqlar mamlakatida qiyshayib yur.
• Uylanish bir qal’a kabidir. Tashqaridagilar unga kirish uchun, ichkaridagilar undan chiqish uchun urinadilar.
• Toshni tuxum bilan cho‘qishtirish befoyda.
• Puli ko‘pligidan sanamaydigan ham, bilimni faqatgina kitobdan oladigan ham boy emas.
• Urush tuxumga o‘xshaydi: undan tovuq yoki xo‘roz chiqishi noma’lum bo‘lganidek, jangning g‘alaba yoki mag‘lubiyat bilan tugashi ham ma’lum emas.
• Yo‘lbars, timsoh va ilon bolasini tarbiyalash — qo‘yningda xoinni opichlash.
• Qushsiz daraxt — zerikarli daraxt.
• O‘nta til ko‘ruvchi bitta ko‘zga, o‘nta ko‘z sezuvchi bitta qo‘lga teng kelmaydi.
• Yomg‘irlar mavsumi ertaroq boshlanishi ham mumkin — tomingni ta’mirlab qo‘y.
• Sayoq kezmasa — zerikadi, yotag‘on yotmasa — kasal bo‘lib qoladi, kambag‘al boyligi bilan maqtanmasa — siqilib qoladi.
• Yashirsang, oxirigacha yashir.
• Sekinroq ye — qorning og‘rimaydi.
• Osmon ostida yashab, yomg‘irdan qo‘rqish ne ajab?
• Agar sigir yo‘qolgan bo‘lsa, darvozangni yaxshilab yop.
• Buqani so‘ydingmi, oshko‘klarni ayama.
• Sayrga bir o‘zing chiqma.
• Sehrni o‘rganish bilan yaqinlaringni o‘limdan asrolmaysan.
• Jungliga borishdan avval pichog‘ingni tekshir.
• Baliq tutsang boshidan yaxshilab ushla.
• Qirollik qonini, olov va ilonni nazar-pisand qilmay bo‘lmaydi.
• Yaxshi nomni qurbon qilishdan pulni qurbon qilgan afzal.
• Birovni masxara qilishni yaxshi ko‘rsang, sening ustingdan ham kulishlarini unutma.
• Sevgi — ittifoqqa, yolg‘on halokatga olib boradi.
• Uy ishlarini tashqariga olib chiqma, g‘iybatni uyga olib kirma.
• Yoshlikda boylik orqasidan quvma.
• Yong‘inga o‘tin bo‘lma.
• Senga orom bergan daraxt soyasini kirlama.
• Do‘stingdan o‘zi sevgan narsasini so‘rama.
• Daraxtni o‘zingga qulaydigan qilib kesma.
• Bir vaqtning o‘zida ikki xo‘jayinga birdek xolis xizmat qilib bo‘lmaydi.
• Osmonda — yurib, suvda — yugurib, yer ostida sayohat qilib bo‘lmaydi.
• O‘ylanmay qo‘yilgan qopqonga o‘zing tushasan.
• Qarg‘aning eng chiroylisi ham oqqushday bo‘lmaydi.
• Aql yo‘q bo‘lsa, ko‘z ham yordam bermaydi.
• O oqqush! Sening qo‘shig‘ing shirin, lekin tuxuming nordon ekan (Ushbu maqol nomunosib sovg‘a keltirganlarga nisbatan ishlatiladi. Uning paydo bo‘lishiga ushbu rivoyat sabab bo‘lgan ekan. Bir kishi xolasining tug‘ilgan kuniga sovg‘a sifatida noyob bo‘lgan taom — oqqush tuxumi o‘rniga baribir bilmaydi-ku, deya limon olib borgan ekan. Ayol sovg‘ani paypastlab, uning tuxum ekanlinini anglagach, xursand bo‘lib yeyishni boshlabdi-yu, keyin xafsalasi pir bo‘libdi. O‘shanda u yuqoridagi maqolni aytgan ekan).
• Yolg‘iz daraxt baland o‘sadi.
• Filni bir o‘q bilan o‘ldira olmaysan.
• Xotin tanlashda adashsang — umring oxirigacha, uy qurish uchun yanglish joy tanlasang qulaguncha azoblanasan.
• Dushmaning bilan xushmuomala bo‘l.
• Singan toshni qayta butlolmaysan.
• Bemaza ovqatdan — tuzning, sichqon kemirgan kiyimdan mushukning qadri bilinadi.
• Yonarqurt olov bilan raqobatlasholmaydi.
• Dushmanning kuchini so‘z bilan yengillatolmaysan.
• Usta tujjorning so‘zlaridan ming yil yashaydigandek bo‘lasan, ruhoniy bilan so‘zlashib, kuniga ming marta o‘lasan.
• To‘q sigir o‘t-o‘langa qaramaydi.
• Qiyin ishni oldinga, osonini keyinga sur.
• Yo‘lbarsdan qochib timsohga, daraxtga chiqib ari uyasiga tutilasan.
• Tirishqoq boy bo‘ladi, dangasa qashshoqligicha qolaveradi.
• Ustozni — yuziga, do‘stni — o‘zi yo‘qligida, xizmatchini ishdan keyin maqtaydilar.
• Sovuq tog‘ va yerlarni qoplaydi, lekin yurakni zabt etolmaydi.
• Yaxshi otni belini silab ham bilsa bo‘ladi.
• Qizni bilish uchun uning onasini ko‘r, yaxshiroq bilish uchun buvisini ko‘r.
• O‘nta fikr bitta tajribaga teng kelolmaydi.
• Tikanni tikan bilan chiqaradilar.
• Qirolning g‘azabiga qahr bilan javob qaytarma.
• Tikanzorda yalangoyoq yurma.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Taylar — Hindixitoy, Janubiy Xitoy va Shimoli-sharqiy Hindistondagi xalqlar guruhi (siamlar, chjuan, lao, bui, shan, tay va boshqalar). Umumiy soni 90 mln. kishi. Taylandning asosiy aholisi (64,2 mln. kishi, 2015). Shuningdek, AQSh (250 ming kishi), Laos (180 ming kishi), Avstraliya (150 ming kishi), Xitoyda (110 ming kishi) yashaydilar. Tay guruhiga mansub tillarda so‘zlashadi. Dindorlari buddizm (txeravada)ga e’tiqod qiladi.