Nepal maqollari (58 ta)

• Bilim qaytarish bilan tirik, yer — mehnat bilan.
• O‘zing tushadigan chuqurni kovlama.
• Qarz olishdan avval uni qaytarishni o‘yla.
• Ahmoqlar mashvaratida janjal uchun sabab doim topiladi.
• Umid qil, lekin to‘la ishonib qolma.
• Dangasaning tomi — yulduzlar, devori — qamishlar.
• O‘g‘rining yuragi doim vahimada.
• Xohish bor joyda imkon topiladi.
• Hatto shoqolning ham bolasi shirin.
• Ochko‘zning qorni doim bo‘sh.
• Ko‘rinishi xarob, lekin tili filning tishini sindiradi.
• Har laqmaning o‘z qallobi bor.
• Cho‘pon sutga yolchimaydi.
• Bekorchining tili sababga to‘la.
• Qancha yashasang, shuncha umid qilasan.
• O‘lish — qiyin, lekin yashash ham oson emas.
• Xasisning boyligini yuz marta sanash kerak.
• Azim daraxt quyoshdan ham, seldan ham asraydi.
• Ochlikda donni avayla, to‘palonda — boshni.
• Kambag‘alning uyiga kalamush ham mehmonga kirmaydi.
• Kiyim to‘la uy sohibi — yalang‘och.
• Echkining og‘ziga oshqovoq tiqib bo‘lmaydi.
• Bir ko‘zlilar mamlakatida ikki ko‘zi g‘ilay ham sohibjamol.
• O‘g‘rilik, xiyonat va baliq ovi insonni yo‘ldan ozdiradi.
• Buyuklarning ishlari ham buyuk bo‘lishi kerak.
• Ish uchun yoqutni ham sindir, bekorchilikda tuzni ham maydalama.
• Ot va eshakka — yugan, ahmoqqa — qamchi.
• Ahmoqqa ishonish — xo‘rozning tuxum qo‘ygani.
• Boshqalarga o‘rgatadi, o‘z ayblari ko‘rinmaydi.
• O‘lim seni unutgan bo‘lsa, Moranga bor (Moran — Nepaldagi pasttekislik. Bir zamonlar o‘sha yerda bezgak tarqalgan).
• Bo‘nak olish — bo‘yinga sirtmoq osish.
• Baxtsizlar musibati — baxtlilar uchun dars.
• Baliq tutish uchun ham zehn kerak.
• Ko‘rga shamdan ne foyda?
• Har elatning o‘z libosi bor.
• Hech nima yo‘qligida chumolining to‘yi ham bayram.
• Ahmoqning qarmog‘i, g‘ayratlining to‘ri, botirning to‘g‘oni — baliqqa o‘lim.
• Ko‘zani tomchi bilan ham to‘ldirsa bo‘ladi.
• Oqilga bir so‘z ham kifoya.
• Dangasaning yo‘lida doim tikanli buta.
• Qulni nasihat bilan yo‘lga solib bo‘lmaydi.
• G‘am ko‘rmasdan baxtning qadrini bilmaysan.
• Mis idish olmasdan sopol idishni sindirma.
• O‘ylab so‘zlasang — chora topiladi, o‘ylamasang — boshing ketadi.
• Sigirdan — sut, akadan — madad.
• Xatoni bir kishi qiladi, kasrini oila tortadi.
• Suyakni yutishdan avval halqumingni tekshir.
• Raqibingni mardlik bilan kutib ol.
• Qorong‘ida ishlash — sharshara ostida kuylash.
• Yara qayerdaligi yaradorga ma’lum.
• Bekorchining og‘zi doim maqolga to‘la.
• O‘z qo‘ling — dunyolar hokimi.
• Ko‘rlar orasida bir ko‘zli ham — roja.
• Devor va ustunlar uyni asraydi.
• Haqiqiy do‘st musibat payti bilinadi.
• Ilinmagan baliq doim katta.
• Daryoni timsohga minib suzib o‘tmoqchi (besamar, tuturiqsiz ishlar haqida).
• Jo‘ja tovuqdan aqlli emish.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Nepallar (kxaslar, o‘zlarini — nepali deb atashadi) — Nepalning asosiy aholisi (20 million kishi, 2010) bo‘lgan xalq. 4,2 million kishi Hindistonda yashaydi. Nepal tilida so‘zlashadi. Dindorlari — hinduizmga e’tiqod qiladi.