Latish maqollari (58 ta)

• Pul gapirgan joyda haqiqat jim turadi.
• Qancha quyi egilsang, shuncha ko‘p kaltak yeysan.
• Qora ish — oq non.
• Ahmoq bilan kulishgandan oqil bilan so‘kishgan afzal.
• Qizil olmaning ichida qurt borligini ham unutma.
• Gunohlardan ilondan qochgandek qoch — ular senga yaqinlashsa, chaqib oladi.
• Yoshlik gunohlari qarilik yuzini bujmaytiradi.
• Og‘izga tushgan har luqmada belning og‘rig‘i bor.
• Xo‘jayin uxlaydi — o‘rmon o‘saveradi.
• It go‘shtni qo‘riqlolmaydi.
• Kambag‘alning bolasi ko‘p, boyning — chorvasi.
• Bo‘ri cho‘pondan ruxsat so‘rab o‘tirmaydi.
• Puli ko‘pning gapi to‘g‘ri.
• Tilla kalit bilan hamma darvozalar lang ochiladi.
• Olma yo‘q bo‘lsa, sabzini ham yeyaveramiz.
• Ochlikda qo‘ng‘iz ham — go‘sht.
• Pulni ko‘rsa alvasti ham o‘yinga tushib beradi.
• Pul sasimaydi.
• Cho‘ntak bo‘sh bo‘lsa, demak, aql puxta emas.
• Bo‘sh cho‘ntak bilan ko‘p narsaga erishish qiyin.
• Bir ishni qilayotganingda ikkinchisi aqlingda tursin.
• Kuching yetganicha ishla, qancha bersalar, shuncha ye.
• Qamchining qancha kuchli ursang, shuncha tez yuguradi.
• Ish quyon emas, sakrab qochib ketolmaysan.
• Yaxshi ish uchun yaxshi qamchi kerak.
• Egilgan sinmaydi.
• Kichik toyni hamma mingisi keladi.
• Qancha og‘ir ish qilsang, shuncha oson o‘lasan.
• Yuvosh to‘ng‘iz chuqur o‘ra qaziydi.
• Aqlli boshning kissasi to‘la.
• Ahmoqqa faqat ahmoqlar haq beradi.
• Arpa cho‘qiyotgan payt ko‘r tovuq ham baxtiyor.
• Merosni bo‘lishga kelganda aka — ukaga dushman.
• Musibatlar otda kelib, eshakda ketadi.
• Gunoh qilmasdan taqvodor bo‘lib bo‘lmaydi.
• Ho‘kizni shoxidan ushla, yigitning — so‘zidan.
• Loy poyafzalni kir qiladi, gunohlar — qalbni.
• Hatto bo‘ri ham har kuni go‘sht yeyolmaydi.
• Gunoh qilib, uni aytish — uyat.
• Uchqur otga niqtash shart emas.
• Yuristlar ikki xil bo‘ladi: biri qonunni biladi, ikkinchisi sudyani yaxshi taniydi.
• Hayotni sevgan qo‘rquv haqida o‘ylamaydi.
• Tinchlik non beradi, janjal — g‘am.
• Ko‘p kalla — ko‘p aql.
• Erkak va’da beradi, erkak bajaradi.
• Kemaga langar qanchalik kerak bo‘lsa, erkakka ham ayol shunchalik zarur.
• Oting bo‘lmasa piyoda yur — imperator qonuni.
• Unutilmagan gunoh — kechirilmagan gunoh.
• Ish bajarib bo‘lingandan so‘ng maslahat ortiqcha.
• Ko‘p eshitib, kam gapir.
• Bir bolani tarbiyalagandan butun boshli o‘rmon o‘stirgan osonroq.
• Ikki qulog‘ing bilan eshitib, ikki ko‘zing bilan yaxshilab qara.
• Gunohlaringni bolalaring eslab yurishmasin.
• Qo‘rqoq o‘z soyasidan ham qochadi.
• Har gunohning oqibati bor.
• Gunohi ko‘pning yostig‘i qattiq bo‘ladi.
• Temirchining qo‘li qora — noni oq.
• Yaxshi maslahat kutilmaganda keladi.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Latishlar (o‘zlarini latviyeshi deb ataydilar) — Latviya Respublikasining asosiy aholisi (1,3 million kishi, 2011) bo‘lgan xalq. AQShda (100 ming kishi, 2012), shuningdek, Irlandiya, Buyuk Britaniya, Litva, Estoniya, Belorussiya, Rossiya, Kanada, Shvetsiya va Avstraliyada ham yashaydilar. Umumiy soni 2 million kishi (2012). Latish tilida so‘zlashadilar. Dindorlari, asosan, xristian protestantlar, Latgaliyada esa xristian katoliklar.