Hind maqollari (98 ta)

• Boshqalardan ustun bo‘lishimiz muhim emas. Asl muhim bo‘lgan narsa, kechagi holimizdan ustunligimizdir.
• Do‘stingizni tez-tez ziyorat eting, chunki ustida yurilmagan yo‘llar tikan va butalar bilan qoplanadi.
• Quvvatiga ishonib zaiflarni xor qilganning quvvati boshiga balo bo‘ladi.
• O‘g‘irlangan molni arzonga sotib olgan ham — o‘g‘ri.
• O‘zga yurtdagi butundan o‘z yurtingdagi yarim afzal.
• Ishsiz yurgandan birovga qaram bo‘lib mehnat qilgan afzal.
• Tuxum bo‘lsa, jo‘ja ham ochiladi.
• Tezda qilingan ish samarali bo‘lmaydi.
• Kuch — birlikda.
• Bir qinga ikki qilich sig‘maydi.
• Hunarning osoni yo‘q.
• Shinni qayerda bo‘lsa, pashsha ham o‘sha yerda.
• Gul qayerda bo‘lsa, tikan ham o‘sha yerda.
• Ahmoq qo‘rquv bilmaydi.
• O‘n pud sovun ham ko‘mirni oqartirolmaydi.
• Hadya qilingan buzoqning tishiga qarama.
• Daraxtni mevasidan biladilar.
• Yog‘och idish olovga bir marta qo‘yiladi, xolos.
• Bir otadan bo‘lgan farzandlar fe’li har xil.
• Ochga qattiq non ham moydek o‘tadi.
• Bitta guldan guldasta yasab bo‘lmaydi.
• Har ishning o‘z vaqti bor.
• Raja qanday bo‘lsa, qo‘l ostidagilari ham shunday bo‘ladi.
• Yong‘in o‘chgandan so‘ng quduq qazish befoyda.
• O‘lim yaqinlashganda it ham ibodatxonaga boradi.
• Ho‘kizga uning shoxi og‘irlik qilmaydi.
• Go‘zal yuzni hamma o‘pgisi keladi.
• Itning hurishi filni qo‘rqitmaydi.
• Ot hech qachon eshak bo‘lmaydi.
• Moy bilan olovni o‘chirib bo‘lmaydi.
• Sukut — yarim rizo.
• O‘z ko‘chasida it ham — yo‘lbars.
• Toza joyda kir juda xunuk ko‘rinadi.
• Kirga oyoq qoqsang changgi yuqadi.
• Eshitganingga emas, ko‘rganingga ishon.
• Tashqi ko‘rinishiga qarab baho berma.
• Kutilmagan hadya juda yoqimli bo‘ladi.
• Chaqirilmagan mehmon iltifotga qaramaydi.
• O‘z tanu joningga jabr qilmasdan turib, osonlik bilan baxtli bo‘lish mumkin emas.
• Beg‘araz — hamisha xushbaxt.
• Hasadchi hamisha birov shodligiga g‘amgin bo‘ladi.
• Olmos ohaktoshdan farq qilganidek odam ham odamdan farq qiladi.
• Bitta baliq butun ko‘lni loyqalatishi mumkin.
• Tilladan bo‘lgan taqa ham og‘irlik qiladi.
• Baxtni kim ham inkor eta olardi?
• Shoshmashosharlik — aqlsizlik.
• Haqiqat olovdan qo‘rqmaydi.
• Kasallikning oldini olish uni davolashdan osonroq.
• Odatlar fe’l-atvorga aylanadi.
• O‘z ishing uchun narigi qirg‘oqqa ham suzib o‘ta olasan.
• Bir qo‘l bilan sochib ikki qo‘l bilan yig‘.
• Hech kim o‘z farzandining qiyshiqligini aytolmaydi.
• Birovning boyligi va o‘z aqling doim oshirib gapiriladi.
• O‘zi qilgan ovqatni kim ham sho‘r derdi?
• Aytilgan so‘z begonaga aylanadi.
• Ko‘r it hurimaydi.
• Ayolning so‘zi qat’iy bo‘lmaydi.
• Avval ishla, keyin talab qil.
• Avval o‘yla, keyin so‘zla.
• Qushlar orasida yashasang, qushlar tilida gapir.
• Qari to‘tiga hech narsani o‘rgatib bo‘lmaydi.
• Qo‘rquv va sevgi bir yurakka joylasholmaydi.
• Baxtliga hamma baxtlidek ko‘rinadi.
• Yo‘lbars ham, echki ham bir qirg‘oqdan suv ichadi.
• O‘z ishini shoshilmasdan, puxtalik bilan bajarganga omad yor bo‘ladi.
• Bug‘doyi bo‘lmagan arpaga ham xursand bo‘ladi.
• Mo‘tadillik — katta boylik.
• Parhez yuzta tabibdan afzal.
• Parhezkor doim sog‘lom.
• Oqilga — ta’zim, nodonga — ta’zir.
• Charchagan tuya karvonsaroyga oshiqadi.
• Yaxshi boshlanish — yarim muvaffaqiyat.
• Inson qadri u o‘lganda bilinadi.
• Inson faqatgina ibodatxonaga borgani bilan yaxshi bo‘lib qolmaydi.
• Shoqol sher terisini yopigani bilan sher bo‘lib qolmaydi.
• Tanchadagi cho‘g‘ bir arava o‘tindan afzal.
• Til o‘tkir qaychiga o‘xshaydi.
• Aqlli inson aqlsiz eng so‘ng qilgan ishni avval bajaradi.
• Oq bo‘lgan har narsa ham sut emas.
• Qushlar donni yeb ketgandan so‘ng achinishning nima foydasi bor?
• G‘azabning ko‘zi yo‘qdir.
• Aqlli va fidokor insonlar bilan eshlik et — fazilat qozonasan.
• Yolg‘onchining chin do‘sti bo‘lmas.
• Abadiy yaxshilikka intilmovchi va faqat xudbinlik qiluvchi kishi afsusga sazovordir.
• Hayotni yeb-ichish, uxlash va lazzatdan iborat deb bilgan kishining hayvondan farqi yo‘q.
• Sut va nasl bermas sigirning kimga keragi bor?
• Dengiz to‘lib-toshsa ham daryo suviga muhtojdir.
• Hosil ko‘pligidan daraxt shoxi egiladi, mard kishi ko‘p vaqt azob-uqubatga duchor bo‘ladi.
• Sen qanchalik o‘z hayotingni ehtiyot qilsang, boshqa kishilarning hayotini ham shunchalik ehtiyot qila bil.
• Baxt o‘tkinchi, hayot o‘tkinchi, kishining tani va yoshligi ham o‘tkinchi; ammo oliyhimmatlik va shuhrat abadiydir.
• Birlashib kurashsalar ojizlar ham g‘alaba qilishi mumkin.
• Inson sharofati avf va ehson fazilati bilan ziyoda bo‘ladi.
• Baxt chuqur mulohazani talab qiladi.
• Qoshiq sho‘rvaning lazzatini bilmaganiday nodon oqil bilan yursa ham hech narsa o‘rganmaydi.
• Boshqalarga yaramagan aql sohibiga zarar beradi.
• Daraxt o‘qlar va boltalar bilan ham yaralansa o‘z holiga qaytadi, ammo til yarasi bitmaydi.
• Bir eshik yopilsa, ikkinchisi ochiladi.
• Bir bergan ming oladi.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Hindlar, hindustoniylar — etnik guruh, Hinduston tarixiy viloyatining asosiy aholisi (255 mln.dan ziyod). 1 millionga yaqini Hindistondan tashqarida yashaydi. Ko‘pgina mahalliy guruhlardan iborat. Hind tilida so‘zlashadi. Dindorlari, asosan, hinduizmga e’tiqod qiladi.