Fors maqollari (155 ta)

• Dushman uch xil bo‘ladi: o‘z dushmanlaring, do‘stingning dushmanlari, dushmaningning do‘stlari.
• “Agarda” va “nahotki” turmush qurishsa, “koshki” va “qaniydi”lar tug‘iladi.
• Iroda tarang tortilgan yerda chumoli ham sherni yengadi.
• Takabburlik, xasislik, shahvat va g‘iybat — badali qon bilan to‘lanadigan marazliklar.
• Pul har narsa qila olishi mumkin, lekin uning kuchi bilan qahramon jangchi, dono muallim, iste’dodli hofiz va mohir usta yetishtirib bo‘lmaydi.
• Johilga eng yaxshi javob — sukut.
• Rahmdillik bilan erishilgan ulug‘ ishlarga qilich va kamon kuchi bilan yetishib bo‘lmaydi.
• Oziga shukr qilish — katta boylik.
• Agar qalbingda adovat uxlab yotgan bo‘lsa, qo‘y, uni uyg‘otma.
• Agar tosh oltin piyolani sindirsa — toshning narhi oshmaydi, oltinning narhi kamaymaydi.
• Meva yo‘q yerda oshqovoq ham po‘rtaholdek baholanadi.
• Ahmoqqa maslahat berish sho‘rxok yerga g‘alla ekish bilan teng.
• Muhabbatsiz bosh — naslsiz oshqovoq.
• Qo‘ldagi chumchuq va’da berilgan tovusdan afzal.
• Och qolgan iymonni ham, dinni ham unutadi.
• Chayqovchi bojxonachi bo‘lib qolsa dardingni kimga aytasan?
• Tog‘ni igna bilan teshib bo‘lmaydi.
• Tomog‘ingga sig‘adigan ovqatni ye.
• Mehmon bilan suhbat asaldek shirin.
• Boylik mulkda emas, iste’dodda.
• Sendan qo‘rqqandan qo‘rq.
• Dushmaningga ham, do‘stingga ham kasalligingni bildirma — biri kulib, biri ezilmasin.
• Ayni bir so‘z kimgadir — davo, kimgadir — zahar.
• Agar eshakning shoxi bo‘lganida edi — hammaning qornini teshardi.
• Chumolining uyida shudring ham toshqin.
• Ikki bekasi bor uy — tizza bo‘yi kir.
• Mehnatsiz ulug‘likka intilgan odam qashshoq bo‘ladi.
• O‘z shahrida hamma — hokim.
• Zindonda dushmanlar do‘stga aylanadi.
• Ulug‘lik yoshda emas, aqlda.
• Shamol yomg‘ir keltiradi, hazil — janjal.
• Echkining og‘zida o‘t ham shirin.
• Bo‘rining ko‘rish — baxt, ko‘rmaslik — yanayam katta baxt.
• Savol osmon haqida — javob arqon haqida.
• Dushman bekorga maqtamaydi.
• Qiyinchiliksiz erishilgan har narsa bir zumda shamolga uchadi.
• Har qanday maslahat achchiq bo‘ladi.
• Novdani niholligida egib ol.
• Bo‘ron bor joyda suron ham bor.
• Atirgul qayerda unmasin, uning tikoni bo‘ladi.
• Kambag‘alni ranjitganni xudo jazolasin.
• Odam boylikni doim topa oladi, boylik odamni topa olmaydi.
• Beparvolik baxtu omadni halok etishi mumkin.
• Oldingda ulug‘ maqsad turgan bo‘lsa — mehnat senga dam beradi.
• Tama’gir doimo muhtojdir.
• Bir qinga ikki qilich sig‘maydi.
• Oshpaz ikkita bo‘lsa ovqat yo sho‘r bo‘ladi, yo bemaza.
• Dardingni faqatgina dard chekkanga so‘zla.
• Seni yig‘lashga majbur qilgan — do‘st, kuldirgan — dushman.
• Johil maqtovni sevadi.
• Agar xolamning soqoli o‘sganida u mening tog‘am bo‘lardi.
• Agar quvib yetolmasang, orqaga qayt.
• Agar eshak yukni ortmasa, uni o‘zing ortib qo‘y.
• Qalbni berib qo‘ygan bo‘lsang qaytarib ololmaysan.
• Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘ygan bo‘lsang, devorni Zuhro yulduzigacha ko‘tarsang ham qiyshiqligicha qoladi.
• Agar aql va xuyorlik seni tez tark etsa, bilgilki, u seniki emas.
• O‘zingni horg‘in his qilsang, do‘stingni o‘lgan hisobla.
• Molingni do‘sting bilan bo‘lishmasang, ularni tabibga sarf etasan.
• Aql bo‘lmasa, hayot — azob-uqubat.
• Sariq it — shoqolga aka.
• Har pasayish ortidan ko‘tarilish keladi.
• Xasisdan non olguncha osmondan yulduz olasan.
• Fisq-fasod dushmanlikka olib keladi, dushmanlik — musibatga.
• Ilon ovlovchi ilon zahridan o‘ladi.
• Ilon uxlayotgan odamni chaqmaydi.
• Bilim — boshdagi toj.
• Bilim — daraxt, ildizlari — halovat, mevalari — xotirjamlik.
• Ilm bilan mingta qilichni bo‘ysundirish mumkin, lekin qilich bilan boshga ilm kirgizib bo‘lmaydi.
• Eng yaxshi ot ham ba’zida qoqiladi.
• Eng baland tog‘ ortida ham tekislik bo‘ladi.
• Hatto gadoy ham bir kun shoh bo‘lishi mumkin.
• Qaltis o‘yin yaxshilik bilan tugamaydi.
• Bo‘ridan cho‘pon chiqmaydi.
• Tinch borsang manzilga yetasan.
• Chuqurdan chiqib quduqqa quladi.
• Ortiqcha maqtov haqoratdan yomon.
• Hamma o‘zi haqida o‘ylaydi, soqoli yo‘q — soqol haqida.
• Hamma o‘zini qo‘shnisidan aqlli deb o‘ylaydi.
• Odamlarga qaysi ko‘z bilan qarasang, senga ham shunday boqishadi.
• Qaysi qo‘l bilan bersang, o‘sha qo‘l bilan olasan.
• Toshni tosh bilan yo‘nadilar.
• Ilon qarisa, qurbaqa uni minib yuradi.
• Omadsizlik kelganda atala ham tishingni sindiradi.
• Binoning asosi sabr bo‘lsa, unga zilzila qo‘rqinchli emas.
• Qiyshiq chizg‘ich bilan to‘g‘ri chiziq chizolmaysan.
• Qo‘shnisining tushligiga umid qilgan och qoladi.
• Qush qafasdan chiqib qayerga uchmasin — jannat.
• Qayerga borsang ham osmonning rangi bir xil.
• Dori ba’zida zahardan xavfli; kasalliklar ba’zida zaharni davolaydi.
• Kulfatga olib keluvchi yolg‘on dushmanlik tug‘diruvchi haqiqatdan afzal.
• Baxtsizlikni boshdan kechirish undan qo‘rqishdan yaxshiroq.
• Vaqtida kulmagandan yig‘lagan yaxshiroq.
• Marvarid xasisning cho‘ntagiga kirganidan ko‘ra, uni dengizga sochgan afzal.
• Sevgi — olov: yonmasa — har yer qorong‘i, yonsa — kuydiradi.
• O‘likka qon quymaydilar.
• O‘tkirlanmagan qilich zanglaydi.
• It daryodan suv ichgani bilan undagi suv harom bo‘lib qolmaydi.
• Aqlli bilganini mustahkamlash uchun so‘raydi, nodon bilgandek sanalish uchun so‘ramaydi.
• Xudoga tavakkul qil, lekin tuyangni bog‘lovsiz qoldirma.
• Kim do‘st, kim dushmanligini boshingga tashvish tushganda bilasan.
• Qora bulutdan va ko‘p gapiruvchi hamrohdan qo‘rqma, oq bulut va indamasdan qo‘rq.
• Har bir yarqiragan narsa oltin emas.
• Har soqolli kishi ham boboy emas.
• Men o‘ylaganimdek bo‘lmadi, Alloh xohlaganidek bo‘ldi.
• Baxtsizlik ko‘rmasdan baxtga erishib bo‘lmaydi.
• Yetti boshli ajdardan qo‘rqma, ikki tilli odamdan qo‘rq.
• Gilamingdan uzoqqa oyog‘ingni uzatma.
• Qalampir kichkina ekan deb o‘ylama, totib ko‘r — achchig‘ini bilasan.
• Birovlar so‘zini qaytaradigan to‘tiqush kabi bo‘lma, o‘z xonishidan zavq oladigan bulbul kabi bo‘l.
• Bir qo‘lda ikki tarvuzni tutib bo‘lmaydi.
• Hordiqsiz mehnat yo‘q, ishladingmi, dam olishni ham bil.
• Bir zaif arab oti ham bir to‘da eshakdan afzal.
• Yomon do‘st soyaga o‘xshaydi: quyosh chiqqanda — yoningda, havo ayniganda — yo‘q.
• Zina bilan osmonga chiqolmaysan.
• Tuyani taqalashsa burga ham oyog‘ini uzatarmish: “Meni ham taqalanglar!”.
• Nafas bor ekan, umid so‘nmaydi.
• Aqlli ko‘prik izlaguncha aqlsiz daryodan o‘tib bo‘ldi.
• O‘zing tayyorlagan sirka birov va’da bergan holvadan afzal.
• Yomg‘irdan so‘ng yomg‘irpo‘sh kiymaydilar.
• Shoshilish — shaytonning ishi.
• Kuchli jaladan keyin havo ham tozaradi.
• Ba’zan jinni ham haq so‘zni gapirib qoladi.
• Besh barmoq aka-uka, lekin ular bir xil emas.
• Bekor yurgandan bekorga ishla.
• Javobi topilgan topishmoq oson tuyuladi.
• O‘lar darajada yaralangan arslonga ham tashlanadi.
• Hayvondan — hayvon, qushdan — qush, yaxshidan — yaxshi, yomondan yomon tug‘iladi.
• Sham o‘z ostini yoritmaydi.
• Egilgan boshni qilich kesmaydi.
• Ko‘r ko‘rni topadi, suv — pastlikni.
• So‘zdan so‘z tug‘iladi.
• O‘lim yoshu qarini tanlamaydi.
• O‘lim — devor, o‘lmaguncha devor ortidagi haqiqatni anglolmaysan.
• Shoshilish — yomon, lekin yaxshi ish uchun shoshilish — fazilat.
• Er-xotinning urushi — jaziramadagi yomg‘ir.
• Yuz nafar do‘st — oz, bitta dushman — ko‘p.
• Yaxshi odamning qahridan qo‘rq.
• O‘q tanani yaralaydi, so‘z — qalbni.
• Ustozning so‘kishi otaning erkalatishidan afzal.
• Baxt havodan kelmaydi, unga mehnat bilan erishiladi.
• Sabr — achchiq, lekin shirin mevalar beradi.
• Shoshilgan bir ishni ikki marta qiladi.
• Uch narsa kishining ahmoqligini belgilaydi: takabburlik, manmanlik va pastkash odamga ishonish.
• Ota qadrini ota bo‘lganingdan so‘ng bilasan.
• Aql — insoonning ko‘rki, vazminlik — aqlning hamrohi.
• Marhumni yig‘i bilan hayotga qaytarolmaysan.
• Aqlli odam xatolari uchun o‘zini so‘roq qiladi, nodon — boshqalarni.
• Odamni bilmoqchi bo‘lsang, u bilan safarga chiq.
• Qilich bilan bajarib bo‘lmaydigan ishlarni aql va so‘z bilan bajarsa bo‘ladi.
• Hunarsiz kishi — yaproqsiz daraxt.
• Inson ikki marta o‘lmaydi.
• Inson o‘z so‘zlari ortiga yashirinadi.
• Idish qancha toza bo‘lsa, undagi kir shuncha yaqqol ko‘rinadi.
• Qora kigizni oq sovun bilan ham oqartirolmaysan.
• Toshdan qattiq kim? Odam! Guldan nozik kim? Odam!

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Forslar (o‘zlarini eroniy deb atashadi) — Erondagi xalq (49,3 mln. kishi, 2011). Fors tilida so‘zlashadi. Dindorlari — shia musulmonlari.