Daniya maqollari (60 ta)

• Kichik baliq o‘lgunga qadar katta baliq bo‘lishni umid qiladi.
• Yaltoqlik uni yuta oladiganlar uchun lazzatli luqmadir.
• Musibatdan so‘ng o‘git berish o‘likka dori berish bilan baravardir.
• Va’dalar mamlakatida inson ochlikdan o‘ladi.
• Agar soqol kuch belgisi bo‘lganida, echki qo‘mondon bo‘lardi.
• Kar er bilan ko‘r xotin baxtli juft bo‘ladi.
• Och non istaydi, boy — ishtaha.
• Yolg‘onchiga bir martadan ko‘p ishonmaydilar.
• Hali pechdan chiqmagan nonni maqtama.
• Yomon fikrdan xalos bo‘lish qiyin: u pashshaga o‘xshaydi — bir joyingdan quvsang ikkinchi joyingga qo‘nadi.
• Mehnat — piyoda, shodiyona — yugurik.
• Qirg‘oqdan dengiz go‘zal, dengizdan — qirg‘oq.
• Yurak va hamyonni qulfda saqla.
• Aybdorni topish yo‘lida aybsizni ham urishga to‘g‘ri keladi.
• Qochib qutulishning imkoni bo‘lmasa, chidash afzal.
• Bir qop pul ikki qop haqiqatdan ham og‘ir keladi.
• Safsata va minnatdorlik hech qanday insonni boy qilmaydi.
• Sevgi yo‘llari hech qachon uzoq bo‘lmaydi.
• Eng yaxshisi — yetarlisi, ortiqchasi boshga balo bo‘ladi.
• Yaxshi asbob — ishning yarmi.
• Go‘shtni itning uychasida saqlab bo‘lmaydi.
• Boyvachcha bolakay kambag‘al onaning tizzasida o‘tiradi (ya’ni, ona farzandiga hamma narsasini beradi).
• Eng yaxshi maslahatni senga yostig‘ing beradi.
• Yil senga hech narsa ato qilmaydi — u boshlanadi va tugaydi, xolos.
• Qush boshing ustida uchsin, lekin u yerga uya qurishiga yo‘l qo‘yma.
• Haqiqiy do‘stning uyiga borar yo‘l uzoq emas.
• Yo‘qsillik ayb emas, ammo u bilan yashash mushkuldir.
• Taqdiridan rozi kishi vaziyatni yaxshilash uchun doimo yo‘l topadi.
• Boshqalarga o‘zingga gapirganingdan kamroq gapir.
• Dushmaning chumolidek ko‘rinsa ham uni fildek bil.
• Haqiqat uchun jon chekmak yolg‘on bilan to‘qchilikka erishgandan afzaldir.
• Orqaga qaytmaydigan suvlarga achinma
• O‘zini aldash — eng yomon aldov.
• Dazmolni qizig‘ida bos.
• Poyafzal to‘g‘ri kelsa, uni kiyish kerak.
• Qulaylik hech qachon vaqt tanlamaydi.
• Xo‘jayin yo‘q joyda tartibsizlik hukm suradi.
• O‘zingni isloh qilmaguningcha birovni tanqid qilma.
• Qo‘ldagi bitta qush havodagi o‘nta qushdan afzal.
• Hech qachon bo‘lmaganidan kech bo‘lgani afzal.
• Hurigan it tishlamaydi.
• Bir marta bo‘lgan voqea boshqa safar ham ro‘y beradi.
• Ilk kelgan mehmonga birinchi bo‘lib xizmat qiladilar.
• Uydagi qattiq non birovning barra go‘shtidan afzal.
• Xalqning ovozi — Haqning ovozi.
• Do‘zaxga olib boruvchi yo‘l o‘yin-kulgudan iborat.
• Kuch — bilimda.
• O‘rmonda adashib qolishingga daraxtlar sababchi emas.
• Shoir bo‘lib tug‘iladilar, notiq bo‘lish uchun tinmay mehnat qiladilar.
• Yaxshi nom barcha boyliklardan afzal.
• Puling yo‘q — shveytsar ham yo‘q.
• Tutunsiz olov yo‘q.
• Xudoyim, meni do‘stlarimdan asra, dushmanlarim bilan o‘zim kelishib olaman.
• Yaxshi boshlangan ish yaxshi tugaydi.
• Mardlikning yo‘qolgani — barcha narsaning boy berilgani.
• Taqdiri azal mardlarni xush ko‘radi.
• Vaqt va toshqin hech qachon kutib o‘tirmaydi.
• Yarqiragan har narsa oltin emas.
• Uch marta o‘lchab, bir marta kes.
• Yangi supurgi toza supuradi.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Danlar, daniyaliklar (o‘zlarini danskere deb ataydilar) — Daniyaning asosiy aholisi (4,98 mln. kishi, 2011) bo‘lgan xalq. Shuningdek, Shvetsiya, Norvegiya, Germaniya, AQSh, Kanada va boshqa mamlakatlarda yashaydilar. Umumiy soni 6,9 mln. kishi. Yevropeoid irqiga mansub. Dan tilida so‘zlashadi. Dindorlari, asosan, lyuteranlar, protestantlar, katoliklar ham bor.