Buryat maqollari (164 ta)

• Yuqoriga ketgan yo‘l, pastga ham tushadi; musibat ortidan baxt ham keladi.
• Tutilmagan baliq doim katta bo‘ladi.
• “Shirin, shirin” deganing bilan og‘zing shirin bo‘lib qolmaydi, bolangni “aqlli, aqlli” deganing bilan boshiga aql kirib qolmaydi.
• Yaxshi otni tog‘ yemiradi, yaxshi odamni — aroq.
• Itlar yo‘q joyda cho‘chqa ham huriydi.
• Kitobsiz uy ko‘zsiz odamga o‘xshaydi.
• Kurash bo‘lmagan paytda polvonlar ko‘payadi.
• Chavandoz beshikdaligidan ma’lum.
• Musibat va kulfat olti kunda, baxt va xursandlik yuz kundan so‘ng keladi.
• Kambag‘al doim yordam beradi, yetim doim dalda bo‘ladi.
• Tutundan qochib o‘tga tutildi.
• Tejamkorlik hayot uchun foyda, ehtiyotkorlik — badan uchun.
• Befahm bosh qo‘lga ozor beradi.
• Yaqindagi ho‘kiz uzoqdagi qayiqdan afzal.
• Boy boylikdan, botir kurashdan to‘ymaydi.
• Birlik doim g‘alaba qozonadi.
• Katta ishlar kichik narsalardan boshlanadi.
• Katta toshni kichigi bilan yo‘nadilar.
• Katta ayiq kuchliroq baqiradi.
• Omon bo‘lsang mulk topiladi.
• Yugurik daryo dengizga yetib borolmaydi.
• Ochlik zamonida echkining boshi ham davlat, to‘qlik zamonida qo‘yning boshi ham axlat.
• Mehmondo‘st oilada odam yig‘iladi, suvo‘tlariga boy daryoda — baliq.
• Ochko‘zning oshqozoni toshni ham hazm qiladi, itning oshqozoni suyakni eritadi.
• Sevgining ko‘zi yo‘q.
• O‘zga yurtning itlari ham boshqacha huriydi.
• Tuyaga egriligi ko‘rinmaydi, odamga — badxulqlari.
• Vino va tamaki — yaqin qarindosh.
• Oshiq toshbaqa dengizdan ham suzib o‘tadi.
• Bo‘ri va qo‘zi birga yasholmaydi.
• Qarg‘a cho‘lda ham, vodiyda ham qora.
• Vaqt har narsadan qimmat.
• Qimmatbaho toshlarning kichigini, nonning kattasini ol.
• Tanlab-tanlab ko‘riga uchradi, tekshirib-tekshirib kirga o‘tirdi.
• O‘t-o‘lan o‘ssa — yerning ko‘rki, qariyalar yig‘ilsa — to‘yning.
• Qarg‘a qayerda bo‘lsa ham lochin kabi ucholmaydi.
• Galasidan ayrilgan qush, onasidan ayrilgan uloqcha yirtqichlarga yem bo‘ladi.
• G‘azab insonni, tog‘ otni sinaydi.
• Baqiroq it tishlamaydi.
• Davlat qonun bilan tik turadi.
• So‘z berdingmi — bajar, boshladingmi — oxirigacha ishla.
• Sershox daraxt tog‘ning ko‘rki, chiroyli qiz — uyning.
• Uzun nutq — safsata, qisqasi — donolik.
• Aql bilan kirolmagan joyga ko‘z bilan borolmaysan.
• O‘lja kechikmaydi, bola tug‘ish hech qachon kech emas.
• Uzun etak oyoqni chalg‘itadi, uzun til bo‘yinni kesadi.
• Osmonga tosh otma, boshingni yoradi.
• Berishsa — ol, haydashsa — ket.
• Olov bo‘lmasa tutun ham bo‘lmaydi.
• Kech qolsang ko‘p narsani yo‘qotasan, oshiqsang baxtli bo‘lasan.
• Agar seni qo‘y so‘yib kutib olishgan bo‘lsa, sen ularni ho‘kiz so‘yib mehmon qil.
• Musibat ko‘rmagan o‘zgalarning aziyatini bilmaydi.
• Asal bor joyda pashsha ham bo‘ladi, qiz bor joyda — kuyov.
• Ochko‘zga podani ishonib bo‘lmaydi, xasisga — ovqat tayyorlashni.
• Echkining shoxi osmonga, tuyaning dumi yerga yetishini kutish shart emas.
• Aybing uchun o‘zing javob ber.
• Yozda yig‘ilgan qishda foyda.
• Qarilikda olingan ilm — kulga yozilgan bitik, yoshlikdagi bilim — toshga o‘yilgan yozuv.
• Oltinni tozalasang yanada yorqin bo‘ladi, ko‘mirni tozalasang yanayam qorayadi.
• Quyoshning ham dog‘i bor, yaxshi odamning ham kamchiligi bo‘ladi.
• Po‘lat pichoqni mayda narsalar sindiradi.
• Qarzi bor boyimaydi, tirraqi echki semirmaydi.
• Sharafni bir umr izlab, bir kunda yo‘qotadilar.
• Och bo‘lsang, moy — xazina, kasal bo‘lsang, dori — xazina, sovuqotsang, po‘stin — xazina.
• To‘qligingda qo‘yning dumbasi ham qattiqlik qiladi, ochligingda bug‘uning shoxi ham yumshoq.
• Otning to‘rtta oyog‘i bo‘lgani bilan u ham qoqiladi.
• Sigir shakarning ta’mini bilmaydi.
• Sigirga egar yarashmaydi, ayolga — vino.
• Itning og‘ziga tushgan suyak butun chiqmaydi.
• Astoydil qidirgan odam doim topadi.
• Musibat chekmagan baxt qadrini bilmaydi.
• Qo‘shnisidan umid qilgan ovqatsiz qoladi, boshqalardan umid qilgan — pulsiz.
• Ignani o‘g‘irlagan biyani ham o‘g‘irlaydi.
• Temirni qaynoqligida bos.
• Qari itning hurishi — ertalabgacha, qariyaning aytgani — bir umrga.
• Aytish oson, bajarish qiyin.
• Dangasa o‘tirib charchaydi, mehnatsevar ishlab yayraydi.
• Tulki tushida ham tovuq sanaydi.
• Chuchmal ta’mdan achchiq yaxshi.
• Yuz go‘zalligidan qalb chiroyi afzal.
• O‘n marta va’da bergandan bir marta bajargan afzal.
• Ko‘p yeyish — salomatlik uchun zarar, ko‘p uxlash — ish uchun.
• Sukut — rozilik alomati.
• Xotinsiz er — soqolsiz taka.
• Hammani birdek rozi qilib bo‘lmaydi.
• Quduq ostida baliq bo‘lmaydi, maqolda yolg‘on bo‘lmaydi.
• Temirda zang bo‘lganidek qarindoshlar orasida nodoni ham bo‘ladi.
• Dengizda darg‘a, quruqlikda sarbon kerak.
• Xatolar o‘rgatadi.
• O‘zga yurtning bahori ham qora, o‘z yurtingning qishi ham yashil.
• Lapashang bo‘rini qo‘zichoq ham masxaralaydi.
• Yoqqan yomg‘ir tinadi, kelgan mehmon ketadi.
• Aytgan so‘ziga emas, qilayotgan ishiga ishon.
• O‘zingni kiyim bilan emas, ilm bilan beza.
• Ko‘r ho‘kizni quduqqa yaqinlashtirma, mastga aroqni ko‘rsatma.
• O‘g‘ri oy nurini yomon ko‘radi, yomon — yaxshini.
• Tomirsiz o‘t o‘smaydi.
• Qarilar ustidan kulma, sen ham qariysan.
• Hali tug‘ilmagan bolaga temir beshik yasama.
• Qarz yo‘qligi — boylik, salomatlik — baxt.
• O‘z bolangdan ham shirin narsa yo‘q.
• Ilmdan ortiq boylik yo‘q.
• Olov va suv — katta musibat.
• Bitta uchqun butun o‘rmonni kul qilishi mumkin.
• Kuzgi osmon — yuganlangan ot, bahor osmoni — yuganlanmagan ot.
• Eshakni qulog‘idan taniydilar, ahmoqni — so‘zidan.
• Ho‘kizdan sut olib bo‘lmaydi.
• Chirigan o‘tinning tutuni ko‘p, shalviragan aravaning — g‘ichir-g‘ichiri.
• Yomon urug‘dan katta hosil kutma.
• Inson mehnatdan yosharadi.
• Cho‘chqadan qunduz tug‘ilmaydi, ahmoqdan yaxshi gap chiqmaydi.
• Xatolar pushaymonlikka olib boradi.
• Yo‘qolgan sigirning suti mo‘l.
• Piyoda otliqqa o‘rtoq emas.
• Nodon yegani haqida, dono ko‘rgani haqida gapiradi.
• Olish oson, berish qiyin.
• Boshqalarga yordam bersang senga ham yordam berishadi.
• Yordam bersang — unutadilar, zarar bersang — esdan chiqarmaydilar.
• Haqiqat suvda cho‘kmaydi, o‘tda yonmaydi.
• Haq gap — sherdan kuchli, adolatli inson — oltindan qimmat.
• Haqiqatdan qo‘rqib bo‘lmaydi, yolg‘on so‘zdan qo‘rqish kerak.
• Qattiq momoqaldiroqdan so‘ng yomg‘ir yog‘maydi.
• Qo‘rqoq ot o‘z soyasidan ham cho‘chiydi.
• Og‘iz ombor emas, qulflab bo‘lmaydi.
• Kuchli bilan kurashma, boy bilan tortishma.
• O‘zingning bitta yomoning birovning ikkita yaxshisidan afzal.
• O‘zingning suving birovning moyidan afzal.
• Ko‘r g‘ilayning ustidan kulgan ekan.
• So‘z so‘zni tug‘adi, sigir — buzoqni.
• Kattalarning maslahatiga quloq sol — hayotda yiqilib qolmaysan.
• O‘limga olib boruvchi kasallik bildirmay boshlanadi.
• Odamga o‘z hidi bilinmaydi.
• Ko‘rlar orasida ko‘zingni qis, cho‘loqlar orasida oyog‘ingni ko‘tarma.
• Qari bo‘rini aldab bo‘lmaydi.
• Eski do‘st yangisidan afzal.
• Birlashgan qirq boshli to‘da alohida ov qilayotgan yo‘lbarslardan kuchli.
• Qurigan daraxt — o‘rmon uchun ortiqcha, yomon qiz — oila uchun dardisar.
• Tinch yursang uzoqqa borasan.
• Faqatgina ahmoq o‘zini maqtaydi.
• Dunyodagi eng tez narsalar uchta: inson fikri, otilgan o‘q va nigoh.
• Mehnat — baxt.
• Qo‘rqoq o‘n marta o‘ladi.
• Yaxshi otning egasi ko‘p bo‘ladi, yaxshi odamning — do‘sti.
• Yolg‘onchining doim guvohlari bo‘ladi.
• Yolg‘onning oyog‘i qisqa.
• Boshqalarni hurmat qilgan o‘zini ham hurmat qiladi.
• Aql qarilikda emas, ko‘rgan, eshitgan va o‘qilgan ilmda.
• Suvga yiqilganga yomg‘ir qo‘rqinchli emas.
• Otni qo‘yib yuborsang — ushlab olasan, aytilgan so‘zni tutib bo‘lmaydi.
• Yaxshi do‘st tosh devordan mustahkam, yaxshi ot — lochindan tez.
• Ho‘kizning qulog‘iga suv ham, moy ham quyib ko‘r — u baribir molligicha qolaveradi.
• Tana qarigani bilan, qalb qarimaydi.
• Ko‘pga ulgurmoqchi bo‘lsang, kamdan boshla.
• Odamning yomoni shomon bo‘ladi, otning yomoni — ayg‘ir.
• Odam ikki marta o‘lmaydi.
• Qarzdorlikda yashagandan faqirlik afzal.
• Yuzta moling bo‘lgandan yuz nafar do‘sting bo‘lsin.
• Ko‘p gapirgandan ko‘ra ko‘p yegan yaxshiroq.
• O‘z nomingni bulg‘agandan suyaging singani afzal.
• Bekorchi suhbatdan sukut afzal.
• Xondan so‘ragandan qorovuldan so‘ragan yaxshiroq.
• Birovning xotini bulbuldek, o‘zingniki qarg‘adek tuyuladi.
• Birovning aqli bilan uzoqqa borolmaysan.
• Zaharni zahar bilan bosadilar, dushmanni qurol bilan yengadilar.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Buryatlar (o‘zlarini baryaat deb ataydilar) — Rossiya Federatsiyasidagi xalq. Buryatiya Respublikasining asosiy aholisi (286 ming kishi, 2010). Buryatlar Mongoliyaning shimolida (45 ming kishi) va Xitoyning shimoli-sharqida (40 ming kishi) ham yashaydilar. Umumiy soni 620 ming kishi (2010). Mongoloid irqiga mansub. Buryat tilida so‘zlashadi. Buryatlar orasida asosan budda — lamaizm, shuningdek xristianlik (pravoslaviye) tarqalgan, eng qadimgi diniy e’tiqodlar (shamanizm) ham saqlangan.