Arab maqollari (237 ta)

• Aybiga iqror bo‘lganni avf et.
• Yigit urushda, do‘st dardda, komil inson g‘azabi kelganda ma’lum bo‘ladi.
• Tiling bo‘yningni kesishidan ehtiyot bo‘l.
• Yo mustaqil yasha, yo o‘l.
• Tirik eshak o‘lik faylasufdan afzal.
• Garchi u ayiqqa o‘xshasa ham sen sevaveradigan inson — haqiqiy do‘st.
• Vaqt — eng yaxshi ustoz.
• Olim jannatga tushmagunicha ilm olishdan to‘ymaydi.
• Ilmni yozish bilan mustahkamlang.
• Uyat yo‘qolganida balo bostirib keladi.
• Har go‘zallikning bir nuqsoni ham bo‘ladi.
• Ikki narsaning qadri u qo‘lingdan ketgandan so‘ng bilinadi: yoshlik va salomatlik.
• Qo‘rqsang — gapirma, gapirdingmi — qo‘rqma.
• Vaqtida kelgan o‘lim ham — ne’mat.
• Agar inson o‘z fikr va hislarini tili bilan ifoda eta olmaganida edi, uning gung hayvon va devordagi suratdan farqi qolmasdi.
• Agar shamol bo‘lmasa, yelkanning oddiy matodan farqi qolmaydi.
• Ba’zida sukut ham munosib javob bo‘ladi.
• Agar akangdan yolg‘on va xushomad bilan biron narsa so‘rashga o‘tgan bo‘lsang, demak u senga aka emas.
• Huzuringda seni o‘zingda bo‘lmagan sifatlar bilan maqtagan odamdan ehtiyot bo‘lginki, u seni o‘zgalar oldida yomon sifatlar bilan gapirishga ham qodir.
• Agar itga ishing tushsa, unga “akajon” deb murojaat qilaver.
• Agar sabablari ma’lum bo‘lsa, barcha dard uchun dori topiladi.
• Oz ye — ko‘p yashaysan.
• Buqani shoxidan, odamni tilidan bog‘laydilar.
• Badaviyni faqat bir marta aldash mumkin.
• Yo qirol bilan, yo dengiz bilan qo‘shni bo‘l.
• Ilmni qaytarishda foyda ko‘p.
• Kulfat — tilning mahsuli.
• Insonning omonligi tilining shirinligida.
• Oqlik — yarim go‘zallik.
• Xotinni uzoqdan, bog‘ni yaqindan tanla.
• Mevasiz daraxtga tosh otmaydilar.
• Nimadir sotish haqida esa, sotib olish haqida qayg‘ur.
• Foydasiz so‘zni gapirma, foydalidan yuz o‘girma.
• Ezgulik yomonlik ichidan yetiladi.
• Sen yaxshilik qilgan odam senga zulm qilishidan qo‘rq.
• Ko‘p gapirish pushaymonga olib keladi.
• Ko‘pgina aqliy urushlar ehtiros to‘lqini bilan olovlanadi.
• Senga chin dildan maslahat beruvchi — aka.
• Tilingga ehtiyot bo‘lsang — u seni saqlaydi, erkin qo‘ysang — seni sotadi.
• Dindoshlaring bilan samimiy, yo‘ldoshlaring bilan xushmuomala bo‘l.
• Yaxshi ishning dumi bo‘l, lekin yomon ishning boshi bo‘lishdan ehtiyot bo‘l.
• Ba’zida bir onadan tug‘ilmagan boshqa bir inson senga akalik qiladi.
• Buqa burnini shoxi bilan himoya qiladi.
• Umumiy kulfat payti xusumatlar unutiladi.
• Qardoshlik kulfat payti bilinadi.
• Bir sallaga ikki kalla sig‘maydi.
• Hattoki yomonlikda ham xayr bo‘ladi.
• O‘zga yurtda hatto quyon ham farzandingga zarar beradi.
• Insonning buyukligi uning hurligida.
• Kamtarlik — inson toji.
• Insonning iymoni uning qasamidan bilinadi.
• Tuya oltin tashigani bilan o‘zi tikan yeydi.
• Bolaning nigohi u nima demoqchiligini anglatadi.
• Sinovlar payti inson yo hurmat, yo nafratga sazovor bo‘ladi.
• Urush bu — yolg‘on.
• Katta farzandni o‘qit, tarbiyala, kichigi o‘zi o‘rganadi.
• Oqilning dushmanligi nodonning do‘stligidan afzal.
• Sababsiz dushmanlik bo‘lmaydi.
• Xudo har ishda yengillikni sevadi.
• Har ishning o‘z vaqti va joyi bor.
• Yo‘ldoshni yo‘lga chiqishdan avval tanla.
• Xalqning rahbari — ularning eng baxtsizi.
• Sevishganlar jahli bahor yomg‘iriga o‘xshaydi.
• Xudoyim! Qisqa muddatga kelgan mehmonni o‘zing yorlaqa!
• Ko‘ngil — sirlaring uchun keng makon.
• Ba’zida ashaddiy yolg‘onchi ham haq so‘zni gapirishi mumkin.
• Itni semirtirsang seni ham yeydi.
• Yo‘lga chiqilgan kun — yarim sayohat.
• Pul — yaxshi xizmatkor, ammo yomon xo‘jayin.
• Tarbiyasiz bolalar yetimdan battar.
• Ba’zida dirham musulmonlarni bo‘lib yuboradi.
• Uzun til — umr zavoli.
• Har aytilgan so‘z uchun eshituvchi quloq topiladi.
• So‘zning ko‘rki qisqaligida.
• Ahmoq suhbatdosh topolmaydi.
• Agar do‘stlik bo‘lmaganida insonlar qirilib ketardi.
• Agar aytib tushuntira olmasang — ko‘rsatib tushuntir.
• Olimning adashgani — dunyoning buzilgani.
• Bir ko‘zlilar qirolligiga tushib qolsang sen ham bir ko‘zingni yum.
• Agar sen shamol bo‘lsang, men — bo‘ronman.
• Sen yaxshilik qilsang — yashir, senga yaxshilik qilishsa — gapir.
• Agar sherdan zo‘rg‘a omon qolgan bo‘lsang, uni ov qilishni bas qil.
• Agar xo‘jayin do‘mbira chalishni xush ko‘rsa, xizmatkorlar raqs tushishiga to‘g‘ri keladi.
• Yaxshilik tilash uni qilish bilan baravar.
• Ba’zilar uchun to‘y bir oylik rohat va bir umrlik qayg‘udir.
• Uyatsiz ayol — tuzsiz taom.
• Tirik it o‘lik sherdan afzal.
• Hasadchi yuqori mansabga chiqolmaydi.
• Hasadchini hasad o‘ldiradi.
• Hasad — davosiz dard.
• Ikki kishiga yetgan uch kishiga ham yetadi.
• Qurg‘oqchilik ocharchilik emas.
• Ilon o‘z zahridan o‘lmaydi.
• Tikandan gul o‘sadi.
• Darg‘a ko‘p bo‘lsa, kema cho‘kib ketadi.
• Ba’zida ko‘zlar til aytolmagan ko‘p narsalarni so‘zlaydi.
• Ba’zida yomon o‘qchi ham nishonga to‘g‘ri uradi.
• Ba’zida sukut so‘zdan afzal.
• Da’vogarlar rozi bo‘ptiyu, qozi rozi bo‘lmabdi.
• Haqiqat — ochiq, yolg‘on — qorong‘i.
• Har narsaning o‘z qiymati bor.
• Qanday hukm qilsang senga ham shunday hukm qilishadi.
• Sevganing qo‘lidagi tosh olmadek tuyuladi.
• Aql tamom bo‘lganda so‘z topilmay qoladi.
• Sher qarisa shoqollar uning ustidan kularkan.
• Tiling — sening tulporing: uni asrasang — seni asraydi, bo‘sh qo‘ysang — yerga qulatadi.
• Dalil-isboti yo‘qning tili uzun bo‘ladi.
• Tilning suyagi yo‘q, lekin suyakni yemiradi.
• Til — dil tarjimoni.
• Bu dunyo — ko‘prik.
• Iqtisod — turmushning yarmi.
• Ko‘p hazil obro‘ni tushiradi.
• Ajnabiy — ajnabiyning do‘sti.
• “Hech nima”dan “nimadir” yaxshiroq.
• Holvadan shirin nima? — Dushmanlikdan keyingi do‘stlik.
• Jigarga foydali narsa qorajigarga zarar.
• Tog‘ang tosh bersa ham ol.
• Tarbiyasiz kishi — qalbsiz tana.
• Ko‘pincha rizodan ko‘ra rad qilish foydaliroq bo‘ladi.
• Ko‘pincha urushlar birgina so‘zdan alanga oladi.
• Ko‘pincha hazilning ostida jiddiylik yashirin bo‘ladi.
• Iffat — yengilmas qo‘shin.
• Eng yaxshi nutq — qisqa nutq.
• Itning dumini dasta bilan tekislaganing bilan u qayrilganicha qolaveradi.
• O‘g‘rini o‘g‘rilamasdan avval ushla.
• Ilmini o‘rgatmaydigan olim yomg‘irsiz bulutga o‘xshaydi.
• Yoshlikdagi ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir.
• Oqil mehnat samarasiga, nodon quruq orzuga ishonadi.
• Ayolning aqli — uning go‘zalligida, erkakning go‘zalligi — aqlida.
• Ko‘zdan yiroq — ko‘ngildan yiroq.
• O‘zingni hurmat qilsang, hurmatli bo‘lasan.
• Senga dars bo‘lgan zarar — daromad.
• Har boshning o‘z og‘rig‘i bor.
• Har bir tirik jonning o‘z muhlati bor.
• Har daraxtning o‘z soyasi bor, har diyorning o‘z odati bor.
• Qamoq garchi bog‘ bo‘lsa ham qamoqligicha qolaveradi.
• Taklifsiz kelgan yostiqsiz uxlaydi.
• Sabr — yengillik kaliti.
• Sir — sening asiring: agar uni qo‘yib yuborsang, o‘zing uning asiriga aylanasan.
• Birovlarning xatosidan xulosa chiqargan — baxtli.
• Qo‘rquv — omadsizlik kaliti.
• Ko‘rlar orasida bir ko‘zli — sulton.
• Xachirdan so‘radilar: “Sening otang kim?” U javob berdi: “Ot — mening tog‘am”.
• Tildan adashish oyoqdan qoqilishdan xavfliroq.
• Avval qo‘shni, keyin uy.
• Tush va orzu — opa va singil.
• Oqilning boyligi — ilmida, nodonning boyligi — pulida.
• Xudodan qo‘rqadigan inson bilan maslahat qiling.
• It hurishi bilan bulut to‘xtab qolmaydi.
• Uyat o‘limdan kuchli.
• G‘oliblik toti sabr achchig‘ini yuvadi.
• Shirin qatiq g‘azabni yumshatadi.
• Xasis boy qo‘li ochiq kambag‘aldan faqirroq.
• Alloh yashirganini sen ham yashir.
• Ahmoqni qancha o‘qitganing bilan ertalab esidan chiqib ketadi.
• Yaramas xotin — temir kishan.
• Qattiq qo‘rquv og‘riqni oladi.
• Qayerdan joy ko‘rsatishsa, o‘sha yerda o‘tir.
• Ahmoqning qalbi — tilida, dononing tili — qalbida.
• Yurak ko‘zdan avval ko‘radi.
• Bugungi tuxum ertangi tovuqdan afzal.
• O‘zga yurtda inson uchun eng qimmatli narsa — Vatan.
• Eng yoqimsiz ozg‘inlik otda va ayolda bo‘ladi.
• Oliyjanob odamning qo‘li — tarozi.
• Sukutdagi pushaymonlik aytilgan so‘zdagi pushaymonlikdan afzal.
• Birovlarning kamchiligini gapirish — qusur.
• Oy odamdan yashirina olarmidi?
• Kamchiliklarimni yuzimga aytgan insonni Alloh yorlaqasin!
• Suvsiz quduq shudring bilan to‘lmaydi.
• Kechirimli bo‘l, seni ham kechirishadi.
• Laqablar osmondan tushadi.
• Sendan darajasi yuksak odamdan ham, past odamdan ham maslahat ol, so‘ng o‘z fikringga suyan.
• Senga zarar keltiruvchi haqiqat foydali yolg‘ondan yaxshiroq.
• Yo‘qotish topishga o‘rgatadi.
• Qasr qurdi, lekin butun shaharni vayron qildi.
• Shoshqaloqlik afsusga, ehtiyotkorlik xayrga olib boradi.
• Maqol — nutqning tuzi.
• Eng zotdor ot ham ba’zida qoqiladi.
• Do‘stingga hech bo‘lmasa ovozing bilan yordam ber.
• Kuchsizlar ustidan g‘alaba mag‘lubiyat bilan teng.
• Yomon odat qarzdan battar.
• Manmanlikning mevasi — hasad.
• Xo‘rozga “qichqir” dedilar. U “har narsa o‘z vaqtida yaxshi” deb javob berdi.
• It sherlar orasida o‘sgani bilan itligicha qolaveradi.
• Avval o‘lcha, keyin kes.
• Oshpaz ko‘paysa osh kuyib ketadi.
• Ayiqdan qochib, quduqqa tushib ketdi.
• Qarg‘adan lochin tug‘ilmaydi.
• Dinning asosi — ilm.
• Xatolar asosi — ochko‘zlik va nafrat.
• Eshak o‘ziga shox qidirgani borib, quloqsiz qaytibdi.
• Bir shoxni egsang o‘ntasi shitirlaydi.
• Bir qo‘l bilan yuzni yopib bo‘lmaydi.
• Birgina uchqun butun boshli mahallani kul qiladi.
• Bitta daryo butun boshli dengizni loyqalatolmaydi.
• Birodarlardek muomala qiling, begonalardek ishlang.
• Kasal bo‘lmasdan avval tabibga ko‘rin.
• Tun — qochoqning qalqoni.
• Oyoqlar yurak xohlagan yergagina olib boradi.
• Maslahatdan hech kim o‘lgan emas.
• Hech kim orqamni o‘zimdek qashlay olmaydi.
• Ilmsizlik — tiriklar o‘limi.
• Ba’zida yolg‘on ham g‘alaba qozonadi, lekin uzoq turmaydi.
• Yetimga yig‘lashni o‘rgatma.
• Soqolingni ikki kishi orasida qisqartirma. Biri uzun desa, biri qisqa deydi.
• Yopishga kuching yetmaganlarga eshikni ochma.
• Yo‘lbars terisini yopingan hamma ham botir emas.
• Harakatsiz umid — mevasiz daraxt.
• Qo‘ylarning ko‘pligi qassobni qo‘rqitmaydi.
• Sukut — oqilning libosi va nodonning niqobi.
• Ko‘p so‘zlash — omadsizlik kaliti.
• Arslonni ko‘p ko‘rgan undan kamroq qo‘rqadi.
• Odamlar tuyaga o‘xshaydi: yuztadan bittasi poygaga yaraydi.
• Sevgi — ko‘rlikning dugonasi.
• Shirinni sevsang achchiqqa ham chida.
• Ishlarning yaxshisi — o‘rtachasi.
• Yomon suhbatdoshdan yolg‘izlik afzal.
• Eng yaxshi sadaqa — so‘z sadaqasi.
• Arslon qafasda ham arslonligicha qolaveradi.
• Hunarini tashlagan baxtini yo‘qotadi.
• Agar sen bo‘ri bo‘lmasang, bo‘rilarga yem bo‘lasan.
• Ko‘p kulgan odamlar orasida hurmatini yo‘qotadi.
• O‘z bolasini sevgan yetimlarga ham muruvvatli bo‘ladi.
• Qurolini tashlaganni o‘ldirmaydilar.
• Qirollar xalq ustidan hukmronlik qiladilar, olimlar — qirollar ustidan.
• Kishilarga muhabbat — eng yaxshi davlat.
• Gunohlarning dorisi — tavba qilmoqdir.
• Uch narsa umrni uzaytiradi: keng uy, yaxshi ulov, mehribon xotin.
• Oqil o‘ziga o‘zi soqchilik qiladi.
• Kishilar adolat bilan harakat qilganlarida edi, qozilar dam olgan bo‘lar edilar.
• Kesib tashlash qo‘lingdan kelmagach, u qo‘lni o‘pmay ilojing yo‘q.
• Ko‘p pul odamni ko‘r qiladi.
• Adl binosi hech qachon xarob bo‘lmaydi.
• Baxilning kulfati uning baxilligidadir.
• Dunyo moliga haris bo‘lmagan kishi himmatlidir.
• Qo‘rquv-vahimani jilovlayolmagan kishi, o‘z maqsadlariga erisholmaydi.
• Bitta non bilan to‘yadigan kishi yarimta non bilan ham to‘yaveradi.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Arablar, al-arab — G‘arbiy Osiyo va Shimoliy Afrikadagi arab mamlakatlarida yashovchi xalqlar guruhi. Umumiy soni 350 mln. kishi (2014). Arablar, asosan Afrika va Osiyo mamlakatlarida: Misr, Sudan, Liviya, Tunis, Jazoir, Marokash, Livan, Suriya, Iroq, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Yaman va boshqa yerlarda yashaydi, bu mamlakatlar aholisining qariyb 80% ini tashkil qiladi. Katta yevropeoid irqiga mansub. Arab tilida so‘zlashadi. Arablarning ko‘pchiligi sunniylar. Bundan tashqari, arablar ichida musulmon dinining bir qancha mazhablari mavjud; shialar — Iroq, Yaman, Suriya va Livanda; ibodiylar — Shimoliy Afrikada; zaydiy va ismoiliylar — Shimoliy va Sharqiy Iroqda, Livanning tog‘li tumanlarida yashaydilar. Misr, Livan, Suriya va Iordaniyada yashovchi arablarning bir qismi xristian diniga e’tiqod qiladi.