Yosh bolalar tosh bilan uradigan devona hikoyati

Bir yurak-bag‘ri ezilgan devona bor edi. Chunki ko‘chada yursa, yosh bolalar orqasidan tosh otib urardilar. Oxir bir hammomning gulxanxonasiga borib, bir burchakda daricha ostida o‘tirdi. Birdan havoni bulut qoplab, do‘l yog‘di va do‘l darchadan kirib devona boshiga urildi. Xona qorong‘i edi, daricha borligi ham sezilmasdi. Shu sabab devona do‘lni bolalar otayotgan tosh deb o‘yladi. Zero, u jala bilan toshni farqlay olmasdi. U nega meni shu yerda ham tinch qo‘ymadilar, deb nomaqbul so‘zlar bilan so‘ka boshladi.
Birdan shamol eshikni ochib yubordi va qorong‘i gulxanxona yorishib ketdi. Shunda devona boshiga tosh emas, do‘l kelib urilganini bildi va o‘zining so‘kishlaridan uyaldi. Dedi:
– Yo rab, bu gulxanxonam qorong‘i edi, xato qildim, kechir. Agar biror devona shunaqa vaysasa, sen itob etib jazolama. Bu yerda yotgan kishi ishqingda hushsiz, mastdir, kimsasiz, beqaroru bedil bir devonadir. Umri noxushlikda o‘tadi, har damda boshida ming g‘am. Sen uning ta’nasini afv et, devona oshig‘ingni jazolama. Agar qorong‘i kulbaaarga nazar tashlasang, barcha tavba qilganlarni ko‘rasan.

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.