Yoqutning husnixat

Yoqutning husnixat tufayli podshohlar oldida ham, darveshlar oldida xam hurmati ortgani va mamlakat yozuviga hurmat ahllari o‘z belgisini uning bitgan sahifasi bo‘yicha tortgani

Fano bog‘ining gul tupida o‘ltirib shuhrat qozongan kishining gulshani Suxravard edi . U nafsu havo deviga yo‘l bermaslik uchun osmonning haqiqat avjidagi uchar yulduzi bo‘lgan edi. Bir kuni u xalifaning saroyi tomon bordi. Bu Haq rahmatining ofatga qarshi borganiga o‘xshardi. Hijoz aholisi Ka’baga e’tiqod qilgani singari xalifa Musta’sim ham unga nisbatan ko‘p hurmat bildirdi. Uni taxtga chiqarib o‘ltirg‘izib, so‘ng o‘zi o‘ltirdi. Go‘yo quti bittayu gavhar esa ikkita edi, yoki burj bittayu ustida ikkita yulduz turganday. Shayx adab bilan so‘zlamoqda edi, xalifa esa yerga ko‘z tikib, jim turardi. Atrofda ne-ne odamlar oyoq ustida xizmatda, ne-ne odamlargina emas, hatto shahzodalar ham.
Shu payt Shayx odamlarga qaragan edi, ko‘ziga Yoqut ko‘rinib qoldi. U birdan xayajonlanib, o‘rnidan turib ketdi; xalifa hayratlanib, unga shunday xitob qildi:
– Ey, ne-ne tushungan odamlar oyog‘ining changi bo‘lgan odam, shohlar ham senga qullik qilib, bu bilan faxrlanadilar. Bunday oliy martaba unga qaerdan kelganki, sen unga bu xilda extirom ko‘rsatmoqdasan?
Shayx dedi:
– Qaysi bir hurmat va martaba Xudo unga bergan hurmat va martabadan yuksak bo‘lishi mumkin? Uning ishi doim «Qur’on» ko‘chirish bo‘lib, hech kim u singari ko‘chira olmaydi. U Xudoning so‘zlariga ziynat bergani uchun uni hurmat qilish bizga vojibdir.
Tushungan odamlarning boshlig‘idan Yoqutni bilgach, shoh unga o‘z majlisiga kelib o‘ltirishni buyurdi. U qo‘li pok odam xatining yaxshiligi sharofatidan mamlakat podshohi bilan hamsuhbatlikka muyassar bo‘ldi.

Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan
_____________
Yoqut – arablar orasida shuhrat topgan kotib (1268- y. da vafot etgan). U Bag‘dodda abbosiy xalifa Musta’sim davrida yashagan. «Qur’on»ni ko‘chirishda yagona hisoblangan.