Eng yaxshi va yomon a’zo

Luqmonning xojasi jonliq qurbonlik qilib, so‘yilgan qo‘yning eng yaxshi a’zosini pishirib kelishni buyuribdi. Luqmon qo‘y yuragi va tilidan taom tayyorlab kelibdi. Ertasiga xojasi unga endi qo‘yning eng yomon a’zolarini pishirib kelishni aytibdi. Luqmon bu gal ham uning oldiga pishirilgan yurak va tilni qo‘yibdi.
— Aytganim yodingdan ko‘tarilganga o‘xshaydi, — achchig‘i chiqibdi xojasining. — Nega menga yana qo‘yning kechagi a’zolarini pishirib kelding?
— Yo‘q, nima buyruq qilganingiz yaxshi esimda, — javob qilibdi Luqmon. — Yurak bema’ni fe’l-atvorga izn bermasa, nojo‘ya so‘z tilga olinmasa, ulardan yaxshi a’zoni topa olmaysiz. Agar buning teskarisi bo‘lsa bulardan-da yomon a’zo yo‘q..