Qo‘rqoq yigit

Bir safarda, yigitlardan biri kichik guruhga yo‘lboshchilik qiladigan bo‘ldi. Yo‘lda qaroqchilar xatari bor edi. Yo‘lboshchi yigit qalqon o‘ynatar, yoy tortib, qurol aslahalaridan foydalanardi. Boshqalarga qaraganda baquvvat bo‘lib, o‘nlab yigitlar uning yoyini torta olmas edilar. Yer yuzining manman degan pahlavonlari ham kurashda unga bas kelolmasdilar. Ammo, bu yigitning kuchi faqat suratdangina iborat edi. Ilgari na karvonga yo‘lboshchilik qilib ko‘rgan, na hayot mashaqqatini tortgan edi. U hali yo‘ldagi xavflarga duch kelmagan edi; yigitlarning do‘mbira gumbirlatishi, qo‘shin maydonlarining na’ralari ham qulog‘iga yoqmas edi. Ko‘zi askarlarning qilich chaqnatganlarini ko‘rmagan; na dushmanga asir tushib ko‘rgan, na o‘q yomg‘iri ostida qolib ko‘rgan edi. Shunday qilib yo‘lboshlovchi oldinda, qolganlar uning ortidan yo‘lga chiqishdi. Yigit shunda ba’zi harakatlar qilib, oldidan chiqqan devorni bir zarbada qulatib ketar, qaysi daraxtni ko‘rsa, bir ko‘tarishda qo‘porib olar va havolanib shunday der edi:
–Qani fil? Kelsin-da, kim er ekanligini ko‘rsin! Sher qaerda? Yig‘ilgan panjasi qandayligini, bilib qo‘ysin!..
Safar shunday davom etarkan, qoya ortidan ikki qaroqchi ko‘rindi. Boshdan oyoq qurollanib olgan bu qaroqchilar yo‘lovchilarning yo‘lini to‘sdi. Qaroqchilar:
– Yo molingiz, yo joningiz? –deyishdi. Yo‘lovchilardan biri yo‘lboshchi
yigitga qarab:
–Nima deysan? –dedi. Kun bugun! Erligingni ko‘rsat, qancha kuching bo‘lsa chiqar o‘rtaga! Dushman, mozoriga o‘z oyog‘i bilan keldi, –dedi. Qaroqchilarning o‘tkir nigohlari bilan to‘qnashgan yigit, shu onda titray boshladi. Turgan joyida qotib qoldi. Boshi egilib qo‘lidagi o‘q-yoyi ham yerga quladi.
Qo‘rquvdan hech kim qimirlay olmadi. Qaroqchilar kelib, yo‘lovchilarning ust-boshlarini, silohlarini, nimaiki bo‘lsa hammasini yig‘ishtirib olib ketdilar. Yo‘lovchilar jonlarini saqlab qolishgach, yo‘lboshchi yigitga qarab shunday deyishdi: “Donolar, “Jussasi filday baquvvat bo‘lsa ham, qo‘rqoq odam dushman bilan yuzlashsa, qo‘rquvdan po‘stagi yoriladi. Shuning uchun ham urushni jang ko‘rgan odamlar biladi” deganlar. Haqiqatan, to‘g‘ri aytgan ekanlar…”

Hikmat

Biron ishda bilimi va tajribasi yo‘q kishining, u ishni me’yoriga yetkazib bajara olmasligi tabiiy holatdir.


“Guliston”dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi