Sayroqi qush ovoziga oshufta bo‘lgan obid hikoyati

Tunu kun ibodat bilan shug‘ullanib, haq saodatiga erishgan obid bor edi. Xalqdan ajralib, uzlatda o‘tirar, Haq bilan parda ortidan roz aytar edi. Uning hamnafsu suhbatdoshi Haqning o‘zi edi, agar nafasi tinsa ham Haqning birgaligi kifoya edi. Boshida bir daraxt soya solardi. Daraxt shoxida bir qush in qurib, xushovoz bilan sayrardi. Uning ovozida ajib sirlar yashiringanday yoqimli edi. Obid qushning ovozini yoqtirib, berilib tinglardi. Haq subhonahu o‘sha zamon payg‘ambariga vahiy yuborib dedi:
– Ul obidga yetkazingkim, kecha-kunduz qilgan toatlaring Menga yoqardi. Yillar davomida Mening shavqimda yonarding, oxiriga kelib Meni bir qushga sotding (almashtirding). O‘zing kamol ichra ziyrak qush bo‘lsang-da, biroq bir qush nolasi seni qopga (tuzoqqa) tushirdi.
Men seni sotib olib, o‘zimga o‘rgatgan edim, sen esa noahillik qilib, meni sotding. Do‘stlik va ulfatchilik uyini kuydirding. Bunday «vafodorlik»ni kimdan o‘rganding? Sen bunaqa arzon sotuvchi bo‘lma, hamdaming Bizmiz, hamdamu hamnafassiz qolma.

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.