Ozg‘in shahzoda

Ozg‘in, ko‘rimsizgina bir shahzoda bor edi. Buning ustiga inilari uzun bo‘yli va xushsuratli go‘zal yuzli edilar. Kunlardan bir kun, hammasi ichida podshoh otasi uni eng past va xor ko‘rishini payqab qoldi. Shahzoda otasini ko‘rgach, ne xayolga borishini fahmlab shunday dedi:
–Ota, dedi. – Uzun bo‘yli va xushsurat bir johildan, ozg‘in va ko‘rimsiz bo‘lsa ham aqlli inson yaxshiroqdir. Baland bo‘yli va gulbadan narsaning har doim hammadan ustun bo‘lishi mumkin emas. Ilmi kuchli bir zaifning, semiz ahmoqqa qarab: “Arabi ot zaif bo‘lsa ham, shu holatida egari yuklangan eshakdan afzaldir”, – deganini eshitmaganmidiz?
Otasi kuldi, davlat arboblari ham uning so‘zlarini ma’qul topishdi. Faqatgina inilari bu gapdan qattiq norozi bo‘lib, ichlarida xafa bo‘lishdi. Oradan ko‘p o‘tmay, podshohga qarshi chetdan dushman bosh ko‘tardi. Dushman qattiq turib oldi, oxirida ikki tomon qo‘shini urush maydonida to‘qnash keldi. Podshoh, ozg‘in shahzoda va uning inilari ham urush maydonida turishardi. Jang boshlanganida, dushmanga qarshi chiqib otini shohning oldida qoldirgan ozg‘in shahzoda bo‘ldi. U sultonga qarab shunday dedi:
–Mana endi mening kimligimni ko‘rasiz! Tuproq va qon ichra bir bosh ko‘rsangiz o‘sha men bo‘laman! Zero, janggohda urushgan o‘z qoni ila, undan qochgan qo‘shinining qoni ila o‘ynaydi.
Bu so‘zlarni aytar aytmas dushman askarlariga hujum qilibdi. Va dushmanning eng ilg‘or askarlaridan bir qanchasini yer bilan yakson qildi. Orada otasi huzuriga keldi. Salom berib shunday dedi:
–Ey, meni haqir va nimjon deb bilgan ota, bo‘yi bastni fazilat sanamang! Janggohda boquvdagi ho‘kiz emas, ingichka belli ot ishga yaraydi.
Bularni aytib yana jangga kirib ketdi. Dushman qo‘shini bir necha marta ko‘p edi. Podshoh qo‘shini kam bo‘lib, jangchilar qocha boshladi. Shunda ozg‘in shahzoda askarlariga qarab:
–Ey, yigitlar, g‘ayrat qilinglar!!! Ayollarga o‘xshab qochmanglar, – deya hayqirdi.
Shahzodaning gaplarini eshitib, suvoriylarning jasorati ortdi va hamma birgalikda boshqatdan hujumga o‘tdi. Nihoyat, dushmanga g‘olib keldilar. Voqealarni bir chetda turib kuzatgan podshoh, ozg‘in shahzodaning mardligi qarshisida lol qoldi. Darhaqiqat, uning boshqalardan ko‘ra ko‘proq foydasi tekkan edi. Urush tugashi bilan podshoh ozg‘in shahzodani bag‘riga bosib, yuz-ko‘zlaridan o‘pdi. Shundan so‘ng unga bo‘lgan ishonchi va hurmati oshdi. Shahzodani o‘ziga valiahd etib tayinladi.
Ammo inilari shahzodaga hasad qilishdi. U haqida yomon fikrlarga borib, bir fitna o‘ylashdi. Shahzodaning ovqatiga zahar qo‘shildi. Singlisi bu ishdan xabar topib, sirdan valiahdni ogoh etdi. Shahzoda vaziyatni o‘rganmagunicha ovqatga qo‘l urmadi.
Bo‘lib o‘tgan voqealardan xabar topgan podshoh zudlik bilan valiahd shahzodaning inilarini chaqirtirdi. Fitna qo‘zg‘aganlari sabab ularni jazoga buyurdi. Ammo ozg‘in shahzoda himmat ko‘rsatib, shohdan ularning gunohini so‘rab oldi. Podshoh chiqaverishida, mamlakatning eng olis go‘shalaridan ularga hissa ajratdi va hammasini o‘sha yerlarga yubordi. Shu tariqa, noroziliklarga barham berilib, anglashilmovchiliklarga o‘rin qolmadi.

Hikmat

Har narsaning tashqi ko‘rinishi bilan birga ichki ko‘rinishi ham bordir.
Bir narsaning zohiri go‘zal, botini xunuk; yoki zohiri xunuk, botini go‘zal bo‘lur. Bunda zohirga qarab hukm chiqarmoq insonni aldaydi.

“Guliston”dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi