Qotil va Habib ajamiy

Odam o‘ldirgan bir qotilni podshoh qatl etdi. O‘sha kecha uni bir so‘fiy tushida ko‘rdi: u jannatda shod-xurram yurardi.
So‘fiy dedi:
– Axir sen qotil, gunohkorsan, odamlarning qonini to‘kkansan. Qanday qilib sen bu martabaga erishding — jannati a’loga yetishding?
Qotil dedi:
– Podsho jallodi qonimni to‘kayotganda, qatlgoh yonidan buyuk so‘fiy Habib Ajamiy o‘tayotgandi. Soliklarning bu ulug‘ piri yashirincha menga bir qarab qo‘ydi. Ana shu bir qarash tufayli men bunday izzatu sharafga erishdim.
Kimgaki davlat ko‘zi tushsa, u saodat taxtiga o‘tiradi. Agar senga bir ulug‘ erning nazari tushmas ekan, sen o‘z vujudingni taniy olmaysan. Ming yil xilvatda yolg‘iz o‘tirsang ham, pirsiz yo‘l topolmaysan. Pirsiz yolg‘iz yo‘lga tushma, ko‘rlar kabi o‘zingni daryoga otma. Pir senga yo‘lboshchidir, barcha ishda sening suyanchig‘ing, panohingdir. Sen axir to‘g‘ri yo‘l bilan o‘nqir-cho‘nqirlar, quduqlarni ajratolmaydigan ko‘zi ojizsan, asokashing – rahnamong bo‘lmasa, yo‘lni bosib o‘tolmassan. Sening ko‘zing ko‘r, yo‘l esa uzoq, pir sen uchun qalavuz — yo‘lchidir. Kimki bir sohibdavlat soyasida bo‘lsa, yo‘lda xijolat chekmaydi, kimki bir davlatga bog‘lansa, qo‘liga tikan olsa ham, u guldastaga aylanadi.

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.