Hotami Toyi va bir gadoning himmati

Hotami Toyi hikoyasikim, u himmat va saxovat kishilariga peshvo edi; uning mehmondorchiligiga ta’zim bilan bosh urmagan bir gadoning himmatini ko‘rib, Hotami Toyining u gadoga tan bergani

Hotami Toyiga bir ko‘ngli ochiq odam dedi:
– Ey, himmatda erkin tabiat kishi, saxiylik kaftingga odat bo‘lganidan buyon o‘zingga o‘xshagan kishini hech ko‘rdingmi?
U dedi:
– Bir kun men hamma uchun yig‘in qildim. Unga o‘sha cho‘ldagi odamlarning hammasini chaqirdim. Pishirish uchun yuzta tuya qurbon qilindi; so‘yilgan qo‘y-qo‘zilarning nam son-sanog‘i yo‘q edi. Bazm bo‘lib turgan vaqtda birpas havo olgim kelib, dasht tomonga chiqdim. Aylanib yurib, mehnatda ezilgan bir qari cholni ko‘rdim. U orqasiga bir quchoq tikon-o‘tin ortgan edi. Gavdasini u yuk egib, vujud uyiga hassadan ustun tirkagan edi. Har qadam tashlaganda, birpas to‘xtab, har dam olganda ma’lum bir fursat o‘tardi. U chekayotgan azob o‘ti ko‘nglimni yondirib, rahm-shafqat bilan unga shunday xitob qildim:
– Ey qaddini mashaqqat yuki bukkan, tanasida g‘am tikanlari o‘rnashgan odam! Dashtda yurib xabaring bo‘lmadimi? Nega Hotamning uyiga bormading. U hammani o‘zining uyiga chaqirib, yaxshi-yu yomonni bugun mehmon qilinoqda-ku. O‘tinni tashla, izzat gulshaniga bor, mashaqqat chekib o‘ltirmay, tur, chaqiriqqa bor!
U mening uning ahvolidan iztirob chekkanimni tushunib, bosh ko‘tarib kuldi-yu, shunday javob berdi:
– Ey, oyog‘ini ochko‘zlik band etgan, bo‘yniga g‘araz va qizg‘onchiqlik sirtmoq boylagan, ey g‘ayrat vodisida qadam bosmagan, himmat qal’asiga bayroq tikmagan odam, sen ham bu tikan tashish azobini tortib ko‘r. Hotami Toyi minnatini esa torta berma. Qiynalib, mashaqqat bilan bir tanga topish birov bergan xazinadan yaxshiroqdir.
Uning so‘zlari shunday o‘rinli ediki, shuning uchun ham uning himmati menikidan ortiq edi.

Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan