Muqbil va Mudbir

Bir yo‘l aro ikki o‘rtoq ketib borardi. Ulardan biri yo‘lsiz, ikkinchisi esa tariqat bilimdoni edi. Biri nuqsonli, ikkinchisi esa komil sifatlar egasi bo‘lib, unisining oti Mudbir(baxtsiz), bunisining oti esa Muqbil(iqbolli) edi. Ulardan har birining ismi jismiga munosib bo‘lganidek, jismi ham ismiga mos edi. Muqbil iloh ahllari haqida, dindagi komil va ogoh kishilar to‘g‘risida so‘z aytsa, Mudbir esa butni vasf etuvchi kofirlarga o‘xshab faqat nuqson ahli haqida so‘z yuritardi. Unisi dardu o‘rtanishlardan gapirsa, bunisi yaltiroq tashqi ko‘rinishlar haqida valdirar edi. Shu tariqa ular bir-birlaridan hech bahra topmay, yo‘lda davom etishardi. Ular qarshisida bir go‘zal shahar namoyon bo‘ldi. Hamrohlar uni g‘animat bilib. tezda bir-birlaridan ajralib ketdilar. Muqbil faqrlar turadigun ko‘chaga, Mudbir esa ko‘ngilochar uy – fohishaxonaga yo‘l oldi.
Mamlakat shohi Muqbilga yuz hurmat va ehtirom ko‘rsatib, uni ko‘rgani keldi. Shoh u bilan suhbatlashib turganida yomon xulqli Mudbirni bir guruh odamlar sudrab kelishdi va uning qilmishidan arz etishdi. Aytishlaricha, bu kecha bir to‘da bezorilar ichib, ayshu ishrat qurishibdi. Ulardan biri Mudbirga “Sen badbasharasan” degan ekan, shu so‘zi uchun bu ablah o‘sha odamga xanjar urib, halok qilibdi.
Shoh buni eshitgach. odillik ko‘rsatib, Mudbirdan qasos olish haqida hukm chiqardi.
Kamtar kishi (Muqbil) ana shu tarzda shoh suhbatiga musharraf bo‘lib, oliy martabaga erishdi. Xudbiri(Mudbir) esa shu yanglig‘ jazosini topdi. Darhaqiqat, uchqun yuksak osmon sari ko‘tariladi. Yaltiroq chivin bo‘lsa axlat ustida qoladi.

Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr” asaridan.