Mahmud va baliq ovlovchi yosh bola hikoyati

Shoh Mahmud bir kun lashkardan ajralib, ot ustida yolg‘iz daryo bo‘yini kezib yurardi. Uzoqdan daryo qirg‘og‘ida bir yosh bola suvga qarmoq tashlab o‘tirganini ko‘rdi. Bola nihoyatda g‘amgin va tashvishli ko‘rinardi. Podshoh bolaga salom berib, yoniga kelib o‘tirdi. Podshoh bolaga qarab dedi:
– Ey o‘g‘il, nega g‘amgin va parishonsan, sen kabi munchalik motamzada kishini ko‘rgan emasman?
Bola dedi:
– Ey dilovar amir, biz oilada yetti go‘dakmiz, otamiz qazo etgan, onamiz esa to‘shakdan turolmaydigan bemordir. Qashshoqlikdan azobdamiz, ilojsizmiz. Biror rizqu ro‘zi topamanmi, deb sahardan shomgacha daryo yoqasiga kelib, qarmoq tashlab o‘tiraman. Birorta baliq ilinsa shod bo‘laman, chunki bizning bundan boshqa yeydigan narsamiz yo‘q.
Podshoh dedi:
– Ey g‘ayratli bola, agar xohlasang, senga sherik bo‘lib ko‘maklashaman.
Bola rozi bo‘ldi va shoh qarmoq olib suvga tashladi. Shunday qilib, go‘dakning qarmog‘i shohlik davlatiga erishdi (shoh qo‘liga o‘tdi) va ajoyibi shuki, o‘sha kuni yuzta baliq ovlandi. Bola bu qadar ko‘p baliqni ko‘rib, shuncha davlatim bormi, deb xursand bo‘ldi.
– Ey g‘ulom, ajab tole’ing borkim, shuncha baliq tuzog‘ingga (qarmog‘ingga) ilindi, – derdi ichida.
Shoh dedi:
– Ey, o‘g‘il, kam bo‘lma. Agar baliq ovlovchingning kimligidan xabar topsang, buning sirrini anglarding. Sening davlating mendandir, zero, sening baliqchi sheriging podshoh bo‘ldi.
Shoh bu gapni aytib, jo‘nash uchun otiga mindi. Go‘dak shohga qarab:
– O‘zingga tegishli qismini ajratib olmaysanmi? – dedi.
Shoh dedi:
– Bugungi ovning barchasi seniki, ertangi ov esa — meniki bo‘ladi. Agar sen xoxlasang, bizning ovimiz ertaga bo‘ladi, shuni ham bilki, men ovimni boshqaga beradiganlardan emasman.
Ertasiga shoh saroy ayvoniga chiqqanda, esiga o‘sha sherigi keldi. Bir sipoh borib daryo labidan bolani olib keldi, shoh sheriklik qoidasiga amal qilib uni o‘z o‘rniga taxtga o‘tqazdi.
Bir kaltafahm aytdiki:
– Ey shoh, bu bir gadovachcha-ku, taxtga o‘tirishga munosibmi?
Podshoh dedi:
– U kim bo‘lsa ham, bizning sherikdir, va’dalashganmiz va rad etmay bunga vafo qilamiz. Shunday deb, bolani o‘zi kabi sulton qildi.
Bir talabgor go‘dakdan so‘radi:
– Bunday izzat-ehtiromni qanday qilib qo‘lga kiritding?
Go‘dak dedi:
– Shodlik kelib, g‘am chekindi, chunki bir sohibdavlat mardning menga nazari tushdi — uning e’tiboriga musharraf bo‘ldim.

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.